Dasturiy mahsullarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash
Axborotlashtirish mahsullarining raqobat qobiliyatini ta’minlash va uning sifatiga davlat ta’sirini kuchaytirish, shuningdek ichki bozorni himoya qilish maqsadida ana shunday mahsullar ekspertizadan o‘tkaziladi va sertifikatsiyalanadi.
Dasturiy mahsullarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash Dasturiy mahsullarning davlat reyestri va Ma’lumot bazalari davlat reyestri asosida amalga oshiriladi.
Dasturiy mahsullar davlat reyestrining, Ma’lumot bazalari davlat reyestrining me’yoriy-texnik bazasi, ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash qoidalari xalqaro me’yorlar va bitimlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Axborotlashtirish sohasidagi faoliyatni rag‘batlantirish va davlat tomonidan tartibga solib borish
Davlat boshqaruv organlari axborot texnologiyasi, axborotlashtirish sanoati yaratuvchilarini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydilar, ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarishning ustuvor yo‘nalishlari rivojlantirilishini rag‘batlantiradilar, axborot mahsullarining raqobat qobiliyatini oshirishga ko‘maklashadilar, mutlaqo yangi yechimlarni patentlashni va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishni ta’minlaydilar.
Qonunda belgilangan hollarda davlat organlari muayyan axborot texnologiyalari, mahsullari va axborot xizmatlarining eksporti va importini, ularning ichki bozorda sotilishini cheklashga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar zimmasiga standartlashtirish va sifatning zarur darajasini ta’minlash vazifasini yuklashga haqlidirlar.
Davlat mulki bo‘lgan axborot resurslarini shakllantirish va ularni foydalanuvchilarga berish ishlarini tashkil etish ana shunday axborot resurslariga doir ishlarni bajarishi lozim bo‘lgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari zimmasiga yuklatiladi.
Davlat mulki qatoriga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan axborot turlari va axborot resurslarining tarkibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |