Axloqiylik mehvari


(Japan: Profile of a Nation. Tokyo: Kodansha International Ltd., 1994, p. 202.)


Download 95.09 Kb.
bet3/3
Sana21.01.2023
Hajmi95.09 Kb.
#1107953
1   2   3
Bog'liq
Axloqiylik mehvari

(Japan: Profile of a Nation. Tokyo: Kodansha International Ltd., 1994, p. 202.) Yaponiyada nikoh marosimlari shintoistlar ibodatxonasida o‘tkazilsa, dafn marosimlari buddizm odatlariga muvofiq tashkil qilinadi. Xulq-atvor konfutsiychilik ta'limotiga muvofiq tartibga solinadi. Omad va omadsizlik haqidagi tasavvurlar esa daosizmdan kelib chiqqan (O‘sha asar, 203-bet). Yaponlar e'tiqod qiladigan dinlarda somiy dinlarida (yahudiylik, xristianlik, islom) bo‘lgani kabi o‘zida ilohiy buyruqlarni jamlagan, itoatsizlik uchun jazodan ogohlantiruvchi, gunoh va savob uchun ajrimdan so‘z yuritadigan, yakka, qudratli Xudo g‘oyasini ifodalagan yagona ilohiy kitob mavjud emas (ularni ma'lum ma'noda xudosiz dinlar deyish ham mumkin), qolaversa, yaponlar diniy aqidalarni “kitob ahli” kabi qabul qilmas ekan, qaydan keldi o‘z xulqu atvori bilan o‘zgalarning olqishiga sazovor bo‘layotgan millat! Xudodan qo‘rqish, narigi dunyo azoblaridan qochish istagi kishilar axloqini ma'lum maromda ushlab turgani uchun din va axloq ajralmas unsurlardir desak, nafaqat Yaponiya, balki butun sharqiy va janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining aksari axloqsizlik domiga tushib, u yerlarda shakllangan madaniyat va sivilizatsiyalar allaqachon yo‘q bo‘lib ketishi lozim edi. (Ipsos Mori omma fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovda “Din XXI asrda axloqiy va umuman ma'naviy qadriyatlar uchun birlamchi asos bo‘la oladimi?” degan savolga 29 foiz yapon respondenti ijobiy javob bergan bo‘lsa, “Muhtojlarga mablag‘ va vaqt ajratishda diniy e'tiqodingiz turtki beradimi?” degan savolga ularning 15 foizi ijobiy javob qaytargan. Dinga ishonuvchanlarning atigi 7 foizi o‘z e'tiqodlarini eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblashini bildirishgan, xolos.)
2006 yili avgust oyida ro‘y bergan Katrina to‘foni oqibatida AQShning Luiziana shtati Nyu-Orlean shahrida yuz bergan voqealar esa Yaponiyadagi holatning mutlaqo aksi bo‘ldi. Shaharning 80 foizini suv bosgach boshlangan sarosima va uning ortidan kelgan tartibsizliklar AQShdek rivojlangan davlatni emas, boshqa qandaydir qoloq “uchinchi dunyo” davlatini eslatardi. Odamlar supermarketlar oynalarini sindirib ichkaridagi bor narsani olib chiqib keta boshlagan, har zamonda nimanidir talashib ikki talonchi bir-birining boshini urib yorgan, tartib saqlash uchun esa politsiya kuchlari yetishmagan, odamlar uyini o‘g‘rilar “shilib” ketishidan xavotirda kechayu kunduz poyloqchilik qilgan (Qarang: http://www.foxnews.com/story/0,2933,167653,00.html). Bu voqea aholisining 73 foizi dinni hayotiy muhim qadriyat deb biladigan, 53 foizi esa haftada kamida bir marta cherkovga borishni kanda qilmaydigan shtatda sodir bo‘lgan (Pew Research Center hisoboti. Qarang: http://www.mainstreet.com/slideshow/lifestyle/most-religious-states-america). Bu mamlakatda evolyutsiya nazariyasi dinga to‘g‘ri kelmagani uchun maktab o‘quv rejalaridan chiqarib tashlanishi kerak degan da'voda qariyb to‘qson yildan buyon sudlashuvu bahslar davom etadi. Birorta ham nasroniy davlatida AQShdagichalik radikal diniy sektalar keng yoyilmagan. Xo‘sh, nima uchun odamlarning diniy e'tiqodi Nyu-Orleandagi tartibsizliklarning oldini ololmadi? Axir nasroniylik bu kabi ishlar uchun narigi dunyoda azoblar muqarrar ekanini uqtiradi-ku! Mantiqan olganda ashaddiy talonchilar amerikaliklar emas, yaponlar bo‘lishi kerak emasmi? Muqoyasa qilishni davom ettirsak, hakamning ko‘zini shamg‘alat qilib jarima ishlab olish ilinjida maydonda yotib olib o‘zini har maqomga solayotgan arab futbolchisi va turtkilashlariga parvo ham qilmay, muvozanatni saqlab bor kuchi bilan oldinga intilayotgan ingliz futbolchisiga e'tibor qilganmisiz? Ularning o‘yinidagi g‘irromligi yoki halolligi kishilar o‘rtasidagi real munosabatlarga ko‘chib o‘tmaydi deya olmaymiz. (Ayting-chi, dunyoviyroq shvedlar yoki nemislar biznesda ishonchliroq hamkormi yoki dindor turklarmi?)
Ko‘pgina musulmon davlatlarida islomiy qonunlar rasmiy (ijrosi davlat tomonidan ta'minlanadi) yoki norasmiy (ommaning shaxs diniy e'tiqodini nazorat qilishi) shakllarda amalga tatbiq etiladi. Pokiston, Saudiya Arabistoni, Eron kabi mamlakatlarda dindan qaytganlar (albatta, islomdan) rasman sud qilinib qatl etiladi, hatto nisbatan taraqqiy etgan Malayziya va Indoneziyada ham turli bosimlar (murtadlar nikohi bekor qilinishi, bolalaridan ajratib olish, ishdan haydash, ommaning nafrati) orqali diniy e'tiqoddagi sobitlik nazoratda tutiladi. Nega mazkur mamlakatlarda yolg‘onchilik, poraxo‘rlik uchun bu qadar og‘ir jazolar qo‘llanmaydi-yu, kimdir aqlu tafakkuri ixtiyor etgani uchun e'tiqodini o‘zgartirganini samimiy tan olsa, ta'qib qilinadi? Dinda haddan oshish shakllar bilan ovora bo‘lib asl mohiyatni unutishga, o‘zgalarni qanday kiyinishi, xotini o‘ranganmi-yo‘qmi, taomni qaysi qo‘lda yeydi, tahoratda oyog‘iga mash tortadimi yoki yuvadimi, ro‘zada ovqat yeb qo‘ymayaptimi kabi mayda sabablarga ko‘ra baholab, sen u mazhabdansan, sen bu mazhabdansan, sen bizdanmassan, ulardansan deya g‘avg‘o chiqarishga sabab bo‘ladiki, bunday sharoitda axloqni rivojlantirib bo‘larmikan?
Yuqorida keltirilgan mulohazalar “dinga qarshi targ‘ibot” deb qaralmasligi lozim. Biz har kim bir oz diqqat qilish bilan ilg‘ab olsa bo‘ladigan real holatga o‘quvchi e'tiborini tortmoqchimiz, xolos. XXI asr sharoitida din jamiyat axloqini yuksaltirishning ishonchli vositasi bo‘la olmaydi. Bu fikrga e'tiroz bildirishlari mumkin:
O‘z qilmishlari uchun narigi dunyoda azoblanishdan qo‘rqish insonlarni o‘z hoyu havaslaridan tiyilishga majbur qiladi, binobarin, din oddiy omma xulq-atvorini nazorat qilishning eng ishonchli vositasidir.”
Biroq yuqorida keltirilgan faktlar bunday o‘ylash xato ekanini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, jannatdagi rohat-farog‘at ilinjida, do‘zax azobidan qo‘rqqani uchun kimgadir yaxshilik qilish yoki imkon bo‘lsa-da, o‘zgalarni aldamaslikning o‘zi axloqdanmikan? Ikkinchi tomondan, o‘z yovuz qilmishlarini din nomi bilan oqlaydiganlar kammi? Dindan ezgu maqsadda ham, yovuz maqsadda ham foydalanish mumkin. Bu insonning qanchalik insonparvar va ezgu niyatli ekaniga bog‘liq. Narkotik moddalarni yetishtirib sotish harom ekanini tolibon bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Biladi va to‘g‘ri ish qilyapmiz deb ishonadi ham. O‘z qilmishini oqlash uchun yana dinni dastak qiladi:
Biz narkotik moddalarni g‘ayridinlarga sotish orqali, bir tomondan, ularning jamiyatini ichdan yemiramiz, ikkinchi tomondan esa, kelgan foydaga qurol sotib olib ularga qarshi to Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirmagunlarigacha jang qilamiz. Kim Olloh yo‘lida jang qila turib halok bo‘lsa, u jannati bo‘ladi”
va hokazo. Ya'ni, Qur'on oyatlarini o‘z manfaatiga moslab talqin qilib ketaveradi. Biz qavmimizdan bo‘lgani uchun musulmonlardan misol keltirdik. Aslida bu kabi muammolar barcha dinlarga xos.
Chinakam axloqli inson dindor bo‘lgani yoki do‘zaxdan qo‘rqqani uchun emas, aksincha, aynan axloqli bo‘lgani uchun ham Yaratganning ko‘rsatmalariga amal qiladi. Dindan mutlaqo bexabar, biroq “din himoyachisiman” deydiganlardan ming chandon axloqliroq insonlarni kuzatganimizda ulardagi axloq dindan emas, boshqa bir asosdan kelib chiqayotganiga amin bo‘lamiz. Bunday insonlarni musulmonlar, nasroniylar, buddistlar, yahudiylar, ateistlar orasidan ko‘plab topish mumkin.
Xo‘sh, din jamiyat axloqini yaxshilay olmasa, u holda nima bu vazifani bajaradi? Bunga javobimiz juda oddiy – to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta'lim va qonunlar ijrosining qat'iy ta'minlanishigina vaziyatni o‘nglashi mumkin. Bir tomondan mustaqil, tanqidiy fikrlay oladigan shaxsni tarbiyalashni bosh maqsadga aylantirgan dunyoviy ta'lim tizimi va adolat tamoyillariga sodiq ijroiya va sud hokimiyati. Ana shu ikki shart bajarilgandan keyingina din jamiyatda ijobiy rol o‘ynay boshlaydi, kishilarning ma'naviy-ruhiy ozuqasiga aylanadi. Islom davlatlarida esa vaziyat buning aksi. Davlat o‘zining eng muhim funksiyasi – qonun ustuvorligini ta'minlay olmaydi, yetarlicha dunyoviy ta'lim ko‘rmagan omma esa dunyoviy qonunlar va hukumatni tan olmaydigan radikal voizlarning itoatkor somelariga aylanib qolgan. Vaholanki, bunday radikal voizlar boshqa dinlarda ham bor. Biroq ularning ta'siri biz musulmonlardagichalik emas. Nima uchun? Shuning uchunki, ularning somelari bizlardagichalik ishonuvchan emas. Ishonuvchanlari ham basharti haddidan oshsa, qonun ularning joyi qayerda ekanini ko‘rsatib qo‘yadi. Yuqorida AQShda radikal diniy sektalar ancha faol ekanini aytgan edik. Buning sababi, bizningcha, u yerda maktab ta'limi yetarli darajada qoniqarli emas. (Iqtisodiy Hamkorlik va Rivojlanish Tashkilotining 2010 yilgi hisobotiga ko‘ra, AQSh bu sohada rivojlangan davlatlar orasida 23-o‘rinni egallaydi. (Qarang: OECD Factbook 2010. International Student Assessment – http://www.oecd-ilibrary.org/docserver/download/fulltext/3010061ec065.pdf?expires=1331968286&id=id&accname=freeContent&checksum=D921748014B1F11726CF045D45D42A9D) Nufuzli universitetlar va ba'zi xususiy maktablargina xorijliklar e'tiborini o‘ziga jalb eta oladi. U holda nega o‘sha sektalar ijtimoiy tartibsizliklar keltirib chiqarib, xavfsizlikka taxdid sololmaydi? Buning sababi oddiy – u yerda konstitutsiya va qonunlarni buzganlar jazodan qochib qutula olmaydi.
Mavridi kelganda bir masalaga to‘xtalib o‘tish joiz. Avval dunyoviy ta'lim berish kerakmi yoki diniy, degan mavzuda bahslar bo‘lib turadi. Bu savolga javob qilishda avval diniy ta'lim ko‘rganlar ko‘proq ekstremizmga moyilmi yoki dunyoviy ta'lim olib so‘ng din bilan qiziqqanlarmi – mana shunga e'tibor qaratishimiz lozim.
Xudo, narigi dunyo, jannat, do‘zax, gunoh kabi tushunchalarni endi ta'lim olishni boshlayotgan, dunyo va insonlar to‘g‘risida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmagan bolaning ongu tafakkuri qabul qilishga qodir emas. Ular bola aqlini, ta'biri joiz bo‘lsa, falaj ahvolga solib qo‘yadi. Oqibatda esa erkinlikdan, erkin va tanqidiy fikrlashdan qo‘rqadigan, dunyoviy fanlar borasida esa quruq yodlashdan narigi o‘tmaydigan chalamullalar paydo bo‘ladi. Chunki din tafakkurga emas, balki avtoritetga so‘zsiz ishonish va itoat etish ko‘nikmasini avval-boshdanoq shakllantirib qo‘yadi. Erkin tafakkur salohiyati esa hali bo‘y ko‘rsatmasdanoq yanchib tashlanadi. Bunday ta'lim ko‘rganlar keyinchalik ham e'tiqodiga zid yoki o‘zgacharoq fikrga duch kelsa, o‘sha zahoti undan xalos bo‘lishga intiladi. Undagi ijodkorlik qobiliyati cheklanib qoladi. Demak, diniy ta'lim faqat yuqori sinf o‘quvchilariga berilishi, shunda ham dars targ‘ibot maqsadida emas, bilim berish uchun, xulosa chiqarishni o‘quvchining o‘z aqlu tafakkuri ixtiyoriga qoldirgan holda o‘tilishi, dinlar o‘zaro qiyosiy o‘rganilayotganda xolislik va tanqidiylik tamoyiliga rioya etilishi, bizningcha, maqsadga muvofiqdir.
Din yetarlicha dunyoviy ta'lim ko‘rgan jamiyatda ijobiy rol o‘ynasa, buning aksi bo‘lgan vaziyatda ahvol o‘zgacha tus oladi. Axloqning asosi puxta o‘ylangan ta'lim tizimi va qonun ustuvorligining ta'minlanishidir.
****
Din ma'naviy va moddiy qadriyatlar, qo‘yingchi, banibashar tamadduni beshigini tebratgan buyuk kashfiyotdir. Shoirlar, bastakorlar, rassomlar undan ilhom olgan, faylasuflar uning aqidalarini asoslash yoki inkor etish yo‘lida ter to‘kkan. U ma'naviy yuksalishni ta'minlagan bunyodkor kuch edi. Dinning insoniyatga keltirgan beqiyos nafini (u sababli kelib chiqqan turli salbiy oqibatlarni faromush qilmagan holda) tan olmaslik mumkin emas. Shunday bo‘lsa-da, har bir davr kishisining ruhiyati o‘ziga xos bo‘lishini yoddan chiqarmaslik lozim. Qachonlardir din insonlar xulqini tartibga solib turuvchi, muayyan maqsad sari eltuvchi ulkan mayoq bo‘lgandir, ammo fan-texnika taraqqiyoti yaratgan bugungi muhitda voyaga yetgan shaxs quruq nasihatlarga quloq bermaydi; u shubhaparast, ertangi ehtimoliy jazodan bugungi rohat-farog‘atni afzal biladi. Uning uchun uzoq kelajakdagi ehtiyojlarning qondirilishi emas, bugungi real manfaatlar uchun kurashish muhimroq. Dinlar va madaniyatlarning o‘zaro tanishuvi kuchaygan bugungi kunda hech bir din axloq masalasida monopol mavqega ega bo‘lolmaydi. Axloqiylikni birgina din omili bilan bog‘lash o‘ta murakkab muammoning sodda biroq ishonchsiz yechimini qabul qilishdan o‘zga narsa emas. Axloqsizlikning sababini dindorlikdan ham, daxriylikdan ham emas, balki tafakkur so‘qirligi va jaholatdan izlash kerak.
04.07.2014
https://t.me/khurshidyuldosh
Download 95.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling