Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Fazo va vaqt – borliqning tuzilishi sifatida


Download 1.55 Mb.
bet18/38
Sana23.10.2020
Hajmi1.55 Mb.
#135962
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   38
Bog'liq
Falsafa (AXMЕDOVA M.A.). doc


2-§. Fazo va vaqt – borliqning tuzilishi sifatida
Borliq tuzilishga ega, ya'ni u strukturali. Borliqning asosiy tuzilishi shakli (strukturaviy shakli) uning fazo va vaqtda mavjudligi bilan izohlanadi.

Inson o‘zining kundalik hayotida «masofa», «uzunlik», «joy», «o‘rni», «ko‘lami», «miqyosi», «makoni», «balandligi», «eni», «bo‘yi», «baland», «past», «yuqori», «quyi», «ichi», «tashqarisi», «o‘ng»,«chap», «oldi», «orqasi», «o‘ngi», «teskarisi», «chuqur», «sayoz», «tubi», «yuzasi», «satxi», «osti», «usti», «yoni», «tevarak atrofi», «yaqin», «uzoq» singari fazoga oid, «lahza», «payt», «davr», «zamon», «fasl», «kecha», «bugun», «ertaga», «indin», «o‘tgan payt», «oldin», «hozir», «shu payt», «shu on», «keyin», «endi», «o‘tmish», «kelajak», «davomiylik», «erta», «kech», «azaliylik», «abadiylik», «mangulik» kabi vaqtga oid tushunchalarga duch keladi. Bu tushunchalar voqyea va hodisalarga nisbatan qo‘llaniladi. Fanda hodisa deb fazo va vaqt nuqtasiga, ya'ni «shu on» va «shu joy»ga aytiladi. Shu jihatdan dunyo «shu joy» va «shu on»lar majmuasidan iborat. Fazo - vaqtning muayyan lahzasida bu dunyoni tashkil etgan nuqtalarning o‘zaro joylashish tartibini ifodalasa, vaqt esa - fazoning har bir nuqtasida ro‘y beruvchi hodisalarning ketma-ketligi, davomiyligi tartibini ifodalaydi301. Shu tarzda fazoni vaqt bilan, vaqtni fazo bilan belgilash mumkin.



Fazo va vaqt - borliqning umumiy yashash shakllari bo‘lib, fazo dunyoni tashkil etuvchi ob'ektlar va ularning tarkibiy nuqtalarining o‘zaro joylashish tartibi, ko‘lami va miqyosini ifoda etadi, vaqt esa dunyoda sodir bo‘luvchi hodisa va jarayonlarning ro‘y berish ketma-ketligi tartibi va davomiyligini ifodalaydi. O‘zbek tilidagi adabiyotlarda arab tilidan kirgan makon va zamon atamalari ham ishlatiladi. Fazo va vaqtning tabiati va mohiyati haqida qadimdan faylasuflar xilma-xil nuqtai nazarlarni ilgari surib kelishadi. Ularni umumlashtirib, ikki yirik konsepsiyaga ajratish mumkin. Bu konsepsiyalar substansial va relyasion konsepsiyalar deb ataladi.

Substansial konsepsiyada fazo va vaqtning absolyut jihatlari, relyasion konsepsiyada esa ularning nisbiy jihatlari absolyutlashti­riladi. Substansial konsepsiya tarafdorlari (Demokrit, Aflotun, Eronshahri, Zakariyo ar Roziy, Beruniy, Patritsiy, Kampanella, Gassendi, Nyuton, Eyler, Mopertyui va boshqalar) fikricha, fazo - materiya va moddiy aloqadorliklardan tashqarida, ularga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan mustaqil substansiyadir; fazo - moddiy ob'ektlar uchun joylashish makoni, u absolyutdir. Vaqt esa borliqqa, fazo va harakatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi; vaqt munosabatlari absolyutdir, ya'ni vaqt hamma hisob sistemalarida bir xilda o‘tadi. Fazo va vaqtni ular mustaqil substansiya deb hisoblaganliklari tufayli bunday yondashuv substansial konsepsiya deb fanga kirgan.

Relyasion konsepsiya vakillari(Arastu, Avgustin, al-Kindiy, Ibn Sino, Nosiri Xisrov, Faxriddin Roziy, Nasriddin Tusiy, Dekart, Leybnits, Toland, Boshkovich, Yum, Fixte, Kant, Xegel)ning fikricha, fazo - moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishi tartibining namoyon bo‘lishi, jismlarning o‘zaro joylashish o‘rinlari va moddiy narsalarning mavjudligi tartibini ifodalaydi. Fazo - juz'iy holda ham, umumiy holda ham moddiy dunyoning holatiga bog‘liqdir; materiya fazoning mavjudligi uchun asosiy vositadir; fazo - nisbiydir. Vaqt esa materiyaning atributi (ajralmas xususiyati), u materiyadan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas, vaqt munosabatlari nisbiydir, vaqtning davomiyligi moddiy ob'ektlarning o‘zaro aloqadorligiga, hisob sistemasiga bog‘liqdir. Hozirgi zamonda borliqning turli tashkiliy struktura darajalariga aloqador bo‘lgan fizik, ximiyaviy, geologik, biologik, fiziologik, ijtimoiy (sotsiologik), psixologik fazo va vaqt haqidagi konsepsiyalar ham yaratilmoqda. Bunday konsepsiyalarda olamning tuzilishi jihatdan xilma-xilligi va birligi, ko‘p qirraliligi va cheksizligi, murakkabligi va nihoyasizligi asoslanmoqda. XX asr oxiri va X1X asrning boshlarida nazariy fizika, topologiya, chiziqli algebra, kvant fizikasi, qora tuynuklar fizikasi, relyativistik kosmologiya fanlarining rivojlanishi fazo va vaqt haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ayniqsa, konseptual fazo (vaqt)ni informatsion texnologiya vositalarida modellashtirish yo‘llari osonlashgach, fazo va vaqtning turli-tuman modellarini tadqiq etish imkoniyatiga keng yo‘l ochildi. Bu tadqiqotlar olamdagi yagona, eng umumiy, universal va fundamental aloqadorlik - bu fazo - vaqt aloqadorligidir deb xulosa chiqarishga to‘liq asos berdi.
3-bob. HOZIRGI ZAMON FANLARI MODDIY DUNYoNING TUZI­LIShI VA EVOLYuSIYaSI HAQIDA
1-§. Materiya (modda) falsafa va tabiiyotshunoslikning kategoriyasi sifatida
Kishilar dastlab voqyelikning moddiy shaklla­riga duch keladilar. Ilk materializm taraf­dorlari olamda hamma narsaning boshida tur­gan va hamma narsalarni keltirib chiqargan, hamma narsaning tarkibiga kiruvchi bosh sabab «pramateriya»ni, ya'ni materiyaning bobokalonini izlashgan. R.Dekartning fikricha, bunday «pramateriya» rolini efir egallaydi. Sharq falsafasida materiya dunyoning asosida yotuvchi moddiy sabab, ilohiy sababning hosilasi sifatida qaraladi. Al-Kindiy fikricha materiya Allohning amri bilan yo‘qdan bunyod bo‘lgan302. Forobiy, Ibn Sino, Tusiy va boshqalar materiyani har doim bo‘lgan (daxr - mangu) deb hisoblagan. Islom falsafasida mangulik sifati faqatgina Allohgagina xos sifatdir deb hisoblanadi. Jism, modda o‘tkinchidir. Bir payt paydo bo‘ladi va boshqa paytda yo‘qoladi. Ruh yaratilgan, ammo u abadiy yashaydi deb talqin etiladi. Shu sababli islom falsafasida materiyaning manguligini isbotlashga urinuvchi faylasuflarni daxriylar (daxr - mangulik) deb atashgan.

Materiya moddiy ob'ektlarni birlashtiruvchi tushuncha. Xususan olinganda materiyaning o‘zi yo‘q, balki dunyoda materiyaning ay­rim predmet yoki biror konkret buyum shaklidagi ko‘rinishlari uchraydi. Materiya esa materiyaning hamma kon­kret ko‘rinishlariga xos bo‘lgan barcha universal xu­susiyatla­rini aks ettiruvchi umumiy tushunchadir. Bu dunyoda «umuman odam» bo‘lmasdan, ayrim odamlar uchrashiga o‘xshash fikrdir. Umuman odam - bu ayrim odamlarga xos umumiy belgi­larni aks ettiruvchi abstraksiyadir. Shunga o‘xshash materiya tushun­chasi ham abstraksiyadir. U mavjud bo‘lgan butun ob'ektiv re­allikni qamrab oluvchi falsafiy kategoriyadir. Materiya on­g­dan mustaqil ravishda va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘ladi. Materiyaning falsafiy tushunchasi barcha narsalar voqyeligi, moddiy voqyelikni o‘ziga qamrab oluvchi, yalpi umu­miylik (universallik) belgilariga egalik qiluvchi, butun ob'­ektiv reallikni ifodalovchi kategoriyadir.

Materiya to‘g‘risidagi falsafiy ta'limotning asosiy to­monlari quyidagilardan iboratdir:

- materiya kategoriyasining universalligini, yalpi umu­miyligini tan olish;

- materiya kategoriyasining falsafiy abstraksiya ekan­li­gini tan olish;

- materiya va moddiy sistemalarning ob'ektivligini tan olish;

- materiyaning rivojlanishini va moddiy sistemalar­ning evolyusiyasini tan olish;

- materiya va moddiy sistemalarning nihoyasizligini, bitmas-tuganmasligini, cheksizligini tan olish.

Materiyaning tuzilish

darajalari

Materiya va moddiy ob'ektlar xilma-xil ko‘rinishlarda va shakllarda uchraydi. Moddiy sistemalar tuzilishga ega, ya'ni u strukturali - turli xil strukturaviy elementlardan tashkil topgan bo‘ladi. Bunday elementlar va ulardan tashkil topgan moddiy ob'ektlar rivojlanishga egadir.

Materiya va moddiy sistemalar, ob'ektiv du­nyoning tu­zilishi xususiyatlariga ko‘ra, turli xil strukturaviy dara­jalardan tashkil top­gan bo‘ladi. Bunday darajalarni moddiy sis­temalarning tashkiliy tuzilishi va miqyosiy tuzilishiga qarab: a) tashkiliy-struktura darajalari va b) miqyosiy-struktura darajalariga ajratish mumkin.

Materiyaning tashkiliy-struktura darajalari. Mate­riyaning tashkiliy-struktura darajalari moddiy sistema­lar­ning tashkiliy jihatdan uyushganligi va faolligiga qarab bir-biridan farq qiladi. Bu darajalar fazo-vaqt strukturasining sifatiy xususiyatlari bilan ajralib tu­radi. Ular: noorganik daraja («notirik tabiat»), organik daraja («tirik tabiat») va sotsial daraja («jamiyat») deb ataladi. Sifatiy jihatdan eng quyi darajada uyushgan va eng passiv (inert) daraja noor­ganik darajadir. Bu dara­jada atom yadrosi, yadro, atom va mole­kulalar majmuasi, mo­lekulyar birikmalar, jismlar, yer shari, osmon jismlari, Quyosh sis­temasi va boshqa planetar sistema­lar, yulduzlar to‘pi, Gallaktika, metagalaktika va koinotning quyi darajada uyushgan fazo-vaqt aloqadorliklari namoyon bo‘ladi. Bunga nisbatan uyushganroq va faolroq fazo-vaqt sis­temasi orga­nik daraja deyiladi. Unga organik molekulyar sis­temalar, tirik organizmlarning xilma-xil ko‘rinishlari, bir hujayrali suv o‘tlari va sodda jonivorlardan tortib, mu­rak­kab tuzilgan umirtqalilargacha, sodda hayvonlardan to maymun­lar va odamlargacha kiradi.

Odamlardan tashkil top­gan turli murakkablikdagi ijtimoiy sistemalar sotsial da­rajaga man­subdir. Bu darajada ongga, fikrga ega bo‘lgan in­sonlar faoliyat ko‘rsatganligi sababli u eng uyushgan va faol daraja hisoblanadi. Yuqorida aytilgan tashkiliy-struk­tura (tuzilish) darajalari bir-biridan moddiy aloqadorliklar sifati va miqdoriga ko‘ra, unda yetakchilik qiluvchi harakat shakliga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, noorganik darajada mexa­nik, fizik, ximiyaviy va geologik harakat shakllari faoliyat ko‘rsatsa, organik dara­jada yuqoridagi harakat shakllariga biologik harakat qo‘shiladi va u mazkur darajada yetakchilik qiladi, sotsial da­rajada yana bir harakat shakli ijtimoiy harakat faoliyat ko‘rsatib, u ushbu darajada yetakchilik qiladi303.



Materiyaning miqyosiy-struktura darajalari. Bu mod­diy sistemalarning bir-biridan mazkur sistemada hukmronlik qiluvchi fundamental kuchlar bilan farq qiluvchi darajalar­dir. Ular: mikrodunyo, makrodunyo va mega­dunyo deyiladi.

Mikrodunyoda kuchli va kuchsiz yadroviy o‘zarota'sir kuch­lari hukmronlik qiladi304. Bu kuchlarning ta'sir doirasi atom yadrosi va atom o‘lchovi bilan chegaralangandir. Kuchli yadroviy o‘zarota'sirlar atom yadrosining tarkibiy qismlari bo‘lgan proton va neytronlarning yaxlitligini, kuchsiz yadroviy o‘zarota'sir kuchlari esa atom strukturasining yaxlitligini ta'minlaydi. Bu kuchlar tufayli mikrodunyo o‘zining struktu­raviy yaxlitligini saqlaydi. Makrodunyoning strukturaviy yax­litligi esa elektromagnit o‘zarota'sirlari bilan saqlanadi. Elektromagnit o‘zarota'sir kuchlari atomlar va molekulyar brikmalarning, moddiy jismlarning struktura­viy yaxlitli­gini ta'minlaydi. Shu kuch tufayli yerda hayot mavjud, yorug‘lik mavjud. Megadunyo - bu gravitatsion o‘zarota'sirlar kuchi bilan chegaralangan eng katta moddiy ob'ekt - koinotdir. yer shari va uning atrofida Oyning ay­lanishi, sayyoralarning Quyosh atro­fida aylanishini ta'min­lovchi, Gallaktikamizning muayyan tu­zilishga egaligiga, butun Koinotning fazo-vaqt strukturasi tartibining mavjudli­giga gravitatsion o‘zarota'sir kuchlari mas'uldir. Bu kuchlar bo‘lmaganda edi dunyodagi hozirgi tartib va munosabatlar ham bo‘lmagan, mikro-, makro- va megadunyolar ham shakllanma­gan bo‘lar edi.

Xullas, materiya va moddiy ob'ektlarning strukturaviy yaxlitlikka ega bo‘lishida harakat va fazo-vaqt shakllarining, ularning asosida yotuvchi o‘zaroaloqadorlik kuchlarining roli hal qiluvchi ahamiyatga egadir.



Materiyaning ko‘rinishlari

Hozirgi zamon tabiyotshunoslik fanlari olamning tu­zilishining o‘ta murakkabligini, dunyoning xilma-xilligini ta'kidlash bilan bir qatorda, ob'ektiv dunyodagi moddiy ob'­ektlarning ham xilma-xilligini, turlicha ko‘rinishlarda uch­rashini isbotla­moqda. Hozirgi paytda materiyaning modda­simon va nomoddasi­mon ko‘rinishlarining mavjudligi aniqlangan305. Ob'ektiv re­allikning butun bizga ko‘rinadigan qismidagi Koinot qa'ridan tortib, to mitti elementar zar­rachalar va antizarra­chalargacha (elektronlar, pozitronlar, protonlar, antiprotonlar, neytronlar va hakozo) materiya­ning moddasimon ko‘rinishiga mansubdir. Elektron va proton modda hisoblansa, pozitron va antiproton antimodda hisoblanadi. Hamma zarrachalar - modda, hamma antizarracha­lar - antimoddadir. Materiyaning nomodda­simon ko‘rinishiga turli xil fizik maydon va nurlanishlar kiradi. Modda bi­lan antimodda to‘qnashganda materiyaning an­nigilyasiya (lot. annihilatio - yo‘qolishi, hyech nimaga aylanishi) hodisasi sodir bo‘ladi, ya'ni materiya moddasimon ko‘rinishdan nomodda ko‘rinishiga – maydon va nurlanishga ay­lanadi. Fi­zik vakuumdagi elektromagnit maydonini muayyan intensiv­likdagi nurlanishlar bilan bombardimon qilinganda mazkur vakuumda zarracha va antizarrachalar hosil bo‘ladi, ya'ni ma­teriyaning maydon ko‘rinishi modda ko‘rinishiga aylanadi. Bu hodisalarnining mohiyatini mexanistik dunyoqarash asosida izohlashning iloji yo‘q, buning uchun yangicha logika va dialektik dunyoqarash lozim bo‘ladi.


V Bo‘lim. ONG FALSAFASI
1-bob. ONG: KeLIB ChIQIShI VA MOHIYaTI
1-§. Ong – falsafiy tahlil ob'ekti
Ong – falsafaning sub'ektiv reallikni ifodalovchi g‘oyat keng kategoriyasidir; odamning, uning miyasi va psixikasining tashqi dunyoni ideal aks ettirishidir;

insonning ma'naviy dunyosidir, o‘zining dunyoda borligini anglab yetishidir; uning tashqi dunyoga munosabatidir.

Odam – fikr yurituvchi, ongga ega mavjudotdir. Ong yordamida odam tashqi dunyoda faol harakat qiladi, uni biladi, u bilan sub'ekt-ob'ekt munosabatda bo‘ladi. Ong tufayli shaxsning ma'naviy dunyosi, uning emotsiyalari, kechinmalari, tashvish va istaklari, orzu-umidlari, fantaziyalari mavjud. Xuddi shu ongi tufayli inson hayvonot dunyosidan farq qiladigan aqlli mavjudot sifatida mavjuddir. Insonning barcha hayvonlardan farqlantiruvchi xususiyati bo‘lgan ong to‘g‘risida gapirar ekan, o‘rta osiyolik atoqli faylasuf al-Farobiy bunday deb yozgan edi: «Inson o‘zining alohida xususiyatlari bilan barcha hayvonlardan farq qiladi, chunki unda jon bor, undan tana a'zolari vositasida ta'sir etuvchi kuchlar paydo bo‘ladi, bundan tashqari, unda tana a'zolarining vositasisiz ta'sir etuvchi kuch ham bor; bu kuch aqldir»306.

Odamning ongi, inson ongining ichki dunyosi insonlar to‘g‘risidagi bir qator fanlarni: psixologiya, sotsiologiya, pedagogika va oliy asab faoliyati fiziologiyasini o‘rganish ob'ektidir. Bunda ong bilishga oid (gnoseologik), qiymatga oid (aksiologik), iroda va aloqaga oid (sotsial) parametrlari birligida namoyon bo‘ladi.

Ong borliqning sotsial, ijtimoiy shaklining natijasi va tarixiy mahsulidir. Ongni tushunish kaliti – inson, insoniyat sotsiumi tarixidadir. Zero ong borliqning ijtimoiy shaklining faol, ijodiy xarakterini keltirib chiqaradi, insoniyat tarixiga o‘z-o‘zidan harakatga kelish xossalarini baxsh etadi. Alohida individning ongini ijtimoiy ongning rivojlanishisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi va inson ongi undan ajralmasdir.

Fan va falsafada ong muammosi – bu, pirovardida, psixologik, fiziologik va sotsial holatlarning o‘zaro nisbati, munosabati masalasidir: agar inson aqli materiya evolyusiyasining natijasi bo‘lsa, fikr fikrlovchi materiyaning, inson bosh miyasining, miya katta yarim sharining oliy xossasidir.

Inson ongi til bilan uzviy bog‘liqdir. Til fikrning moddiy ko‘rinishidir, shaklidir. Odam fikrning mazmunini turli lisoniy tizimlar: og‘zaki nutqlar va yozma matnlar, hozirgi zamon informatikasining sun'iy tillari yoki turli simvollar, kodlar, shifrlar, formulalar va hokazolar orqali bilib oladi.



Ong fenomenini falsafiy tahlil qilishga materializm, idealizm, dualizm, gilozoizm, panteizm kabi falsafiy oqimlarda turlicha yondashuvlar mavjud.

Materializm namoyandalarining ko‘pchiligi ongni in'ikosning alohida shakli deb biladi. Materialistik nuqtai nazardan in'ikos harakatlanuvchi, rivojlanuvchi, o‘zgaruvchi materiyaning atributlaridan biridir, ong – tashqi dunyoning inson miyasidagi in'ikosining oliy shaklidir, jonli tabiat evolyusiyasining yakunidir, bu – bugungacha ma'lum bo‘lgan moddiy tuzilmalardan eng murakkabining – inson miyasining – qurshab turgan dunyoni ideal obrazlar shaklida aks ettirish layoqatidir.

Idealistik falsafa ongni, ruhiy, ideal hodisani, moddiylikka bog‘liq bo‘lmagan, undan oldingi va hatto uni tug‘diradigan omil deb biladi. Idealizm ideal, ruhiy hodisalarni moddiylik sababli kelib chiqqan va ular o‘zaro bog‘liqdir deb bilmaydi, balki hatto buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri inkor etadi, uni sub'ektiv kechinmalar, assotsiatsiyalar, fikrlar va g‘oyalarga to‘liq bo‘lgan biqiq, o‘ziga mustaqil dunyodir deb biladi, uningcha bu g‘oyalar yo moddiy dunyo bilan birga yashaydi, yoki tashqi dunyoning demiurgi, yaratuvchisidir.

Ob'ektiv idealizm vakillarining fikricha, go‘yo nomukammal, illyuzor moddiylikdan farqli o‘laroq, ideal narsa haqiqiy, abadiy, mukammal borliqdir. Ruh, aql, ideal narsa materiyadan avval bo‘lgan yoki u bilan birga yashaydi. Aflotunning «g‘oyalar dunyosi», Xegelning «absolyut g‘oya»si ana shunday. «G‘oyalar dunyosi», «absolyut ideya» faoldir; materiya, tabiat - passiv, turg‘undir. Aristotelning fikricha, faol ruh inert, amorf, turg‘un, o‘z mavjudligiga loqayd materiyani shakllantiradi, ruhlantiradi, unga tegishli tus beradi, ichki shakl, demak mohiyat va ma'no ato etadi.

Boshqa bir falsafiy yo‘nalish – sub'ektiv idealizm tarafdorlari ong muammosini birmuncha boshqacha hal qiladilar. Ularning fikricha, sub'ektning irodasi, ongi va aqliga bog‘liq bo‘lmagan holda ob'ektiv reallik mavjuddir degan tezis to‘g‘ri emas, aksincha, odam yashab turgan dunyo fikrlovchi sub'ektning sezgilari, tasavvurlari, kechinmalari, kayfiyatlari, ta'surotlari kompleksidir, yig‘indisidir. Sub'ektiv idealizmning eng yirik namoyondalari – D.Berkli, I.G.Fixte, D.Yum. Hozirgi vaqtda neopozitivizm, tanqidiy ratsionalizm, eksistensializmning ayrim tarafdorlari mazkur oqimga yaqinroq pozitsiyada turadilar.

Sub'ektiv idealizmning eng uchiga chiqqan shakli solipsizm nomini olgan falsafiy oqim bo‘lib, u faqat odamning, uning sub'ektiv dunyosining, ongining mavjudligiga asoslanadi, ob'ektiv dunyo, barcha predmetlar, odamlar, individni qurshab turgan hodisalar esa, uningcha, faqat odamning ongida mavjuddir. XIX-XX asr chegaralarida solipsizmning sub'ektiv-idealistik g‘oyalari immanent falsafa maktabining Germaniyadagi (E.Max, R.Avenarius), Rossiyadagi (N.O.Losskiy) va yevropaning boshqa mamlakatlaridagi vakillari tomonidan rivojlantirildi.

Eng yirik vakili R.Dekart bo‘lgan dualizm kabi falsafiy yo‘nalish ong masalasida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Dualistlar borliq asosida ikkita mustaqil, tenghuquqli boshlang‘ich nuqta – modda va ruh mavjud deb da'vo qiladilar. Ong fenomenini gilozoizm deb atalgan falsafiy oqim o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. U jonli tabiat bilan jonsiz tabiat o‘rtasidagi chegarani inkor etadi, butun materiya biron-bir darajada jonlidir, jonlantirilgandir, unga sezgi, psixika, ruh ato etilgandir, deb biladi.



Panteizm falsafasining vakillari gilozoizmga yaqin pozitsiyada turadilar. Ular «Xudo», «tabiat», «ruh» tushunchalarini maksimal darajada bir-biriga yaqinlashtiradilar. Panteizm g‘oyalari ilk sufizm oqimiga yaqin turadi. O‘rta asr Sharqining atoqli mutafakkiri al-G‘azzoliy shu oqimning yorqin vakili edi. Panteizm g‘oyalarini Jordano Bruno va Benedikt Spinoza yangi zamonning yevropadagi falsafiy an'anasi asosida rivojlantirdilar. Hozirgi, postklassik falsafaning ko‘pdan-ko‘p oqimlari ongni tahlil qilishga zo‘r e'tibor bermoqdalar. Masalan, Z.Freyd, K.Yung, E.Fromm nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan psixoanaliz falsafasi ongsizni, uning sub'ektning ma'naviy borlig‘idagi rolini, shaxsning ongi va xulq-atvoriga ta'sirini o‘rganishga katta e'tibor beradi.

Neotomizmhozirgi zamon katolitsizmi falsafasi – butun mavjudotning ilohiy yaratilishi konsepsiyasiga asoslanadi. Neotomizm insonning yashashdan maqsadi ilohiy kashfiyotni kuzatishdan iborat deb biladi. Neotomizm kishi ongini individ tanasiga yangi shakl beruvchi shaxsning asosi deb biladi. Hozirgi zamon «yashash falsafasi» – ekzistensializm - ongni qiziq talqin qiladi. Masalan, nemis faylasuf-ekzistensialisti K.Yaspersning nazarida, ongning muayyan ko‘rinishi, borliqning ma'nosini odamning fikri, aqli bilan izlashni aks ettiruvchi inson fantaziyasi falsafa markazida yotadi. Fransuz ekzistensialisti J.P.Sartrning fikricha, ong psixik holatning «borliq mezoni» dir, shaxsning o‘z mavjudligini anglashidir, «o‘z borlig‘ining guvohidir».

2-§. Ong in'ikos sifatida
Tabiatdagi in'ikos turli moddiy tizimlarning, ob'ektlarning o‘zaro ta'siri bilan uzviy bog‘liqdir. U borliq tarkibining barcha tuzilmaviy darajalarida moddiy o‘zaro ta'sirlar bilan belgilanadi. In'ikos o‘zaro ta'sir etuvchi ob'ektlar tuzilmasida o‘zaro ta'sir natijalarining takrorlanishidir. In'ikos aks etuvchi bilan, aks ettiruvchining faol o‘zaro ta'sir jarayoni va natijasidir. In'ikos etishda o‘zaro ta'sir qiluvchi moddiy tizimlar o‘z izini, bir-birlari to‘g‘risidagi xotirani qoldiradi va keyinchalik faqat «o‘zi o‘zida» emas, balki «boshqada» ham yashaydi.

Jonsiz tabiatda in'ikos ko‘p tomonlama xarakterga ega: materiya tarkibining har bir tuzilmaviy darajasiga o‘zaro ta'sirlarning o‘zi uchun xarakterli turlari va tiplari xosdir, demak unga in'ikos shakllari – mexanik, fizik, ximik shakllar ham xosdir. yerda hayot paydo bo‘lishi bilan o‘zaro ta'sirning sifat jihatdan o‘ziga xos yangi turi – jonli organizmning atrof muhit sharoitiga moslashishi – yuzaga keladi. Jonli organizmlarning moslanuvchanlik, adaptatsion xossalari asosida in'ikosning o‘zi ham takomillashib boradi. Jonli tabiatdagi in'ikos, bu – ancha murakkab darajadagi in'ikosdir, chunki u organizm xatti-harakatini, uning tashqi muhitdagi faolligini tartibga soluvchilik rolini o‘ynaydi. Bu yerda in'ikos passiv emas, balki faoldir, maqsadga muvofiqdir, organizmning muntazam funksiyasini ta'minlaydi. Biologik darajadagi in'ikos jonli organizmning maqsadlari bilan belgilanadi hamda tanlash qobiliyati va informatsion boyligi bilan farqlanadi.



Informatsiya voqyelikning turli-tuman hodisalarining maqsadga muvofiq tarzda tartibga solingan in'ikosidir, bunday in'ikos aks ettiruvchi tizimning maqsadlari bilan belgilanadi, bu in'ikos ayni vaqtda shu maqsadlarga erishish uchun ham zarurdir. Shuning uchun hozirgi zamon fanida materiya tuzilishining biologik darajasidan boshlab informatsion in'ikos mavjudligi to‘g‘risida gapirish rasm bo‘lgan. Informatsion in'ikos jonli organizmning kibernetik qaytarma aloqa prinsipiga muvofiq adaptatsion, moslashuv harakatini ta'minlaydi. Bu aloqani N.Viner tizimning o‘z kelajagini o‘tmishdagi harakati bilan tartibga solishga imkon beruvchi xossasi deb tavsiflaydi.

Biologik darajadagi in'ikosning birinchi shakli – ta'sirchanlik – organizm tashqi muhitning biologik jihatdan foydali yoki zararli omillari bilan bevosita aloqaga kirishganida ularning ta'siriga javoban eng oddiy ta'sirlanish qobiliyati. Ta'sirchanlik barcha jonlilarga: o‘simliklarga ham, hayvonlarga ham xosdir. Ta'sirchanlik asosida sezuvchanlik, ya'ni jonli organizmning muhitning bevosita biologik ahamiyati bo‘lmagan o‘zgarishlariga javoban ta'sirlanish qobiliyati shakllanadi. Sezuvchanlik eng oddiy amyobalardan tortib to asab tizimi yuksak darajada rivojlangan hayvonlargacha keng ko‘lamdagi jonli biologik tizimlar uchun xosdir. So‘ngra, bosh miya, markaziy asab tizimi va sezgi a'zolari asosida in'ikosning psixik shakli vujudga keladi.

Yuqori darajada rivojlangan hayvonlarning markaziy asab tizimi (MAT) maxsus in'ikos etuvchi apparat bo‘lib, hayvonlarda uzoq davom etgan evolyusiya jarayonida vujudga kelgan va retseptorlar va miya markazini o‘z ichiga oladi. Miya markazi faoliyati jarayonida tashqi dunyo haqidagi signallarni, axborotlarni qabul qiladi va qayta ishlaydi, shuningdek ularni organizmning keyingi faoliyati uchun saqlab qolish – xotira, vazifasini bajaradi. Psixik jarayonlarning paydo bo‘lishi hayvonlarning predmetli faoliyati bilan bog‘liq, bu faoliyat jonli organizmning tashqi dunyodagi hayotiy muhim, biogen omillari bilan munosabatiga vositalik qiladi va psixikaning tuzilishi va ob'ektiv mazmunini belgilaydi.

Predmetli faoliyat ikki darajada rivojlanadi: hayvonlarning yashash uchun zarur vositalarni topishga qaratilgan bevosita harakati va kishilarning qurol vositasida insoniyatning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiatni o‘zgartirishga qaratilgan amaliyoti.



Ong – insonning ruhiy faolligining oliy darajasi va reallikni hissiy va fikriy obrazlar shaklida aks ettirishning oliy shaklidir, bu esa odamning barcha hatti-harakatlariga, amaliyoti va qilgan ishlariga ma'noli, muay-

yan maqsadga qaratilgan xarakter beradi.

Ong, tafakkur, psixika – bu materiyaning eng asosida, negizida yotgan aks ettirish layoqatining muqarrar oqibatdir. Insonning ijtimoiy-tarixiy faoliyati sifatida amaliyotning paydo bo‘lishi bilan in'ikosning faqat odamzotga xos bo‘lgan oliy, psixik shakli – ong ham paydo bo‘ladi. U ijtimoiy-tarixiy sub'ektning predmetli qurolli hatti-harakatini tushunchalar vositasida ideal, tafakkuriy shaklda takrorlaydi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling