Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Ongning kelib chiqishi


Download 1.55 Mb.
bet19/38
Sana23.10.2020
Hajmi1.55 Mb.
#135962
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   38
Bog'liq
Falsafa (AXMЕDOVA M.A.). doc


3-§. Ongning kelib chiqishi
Ongning kelib chiqishi muammosi bo‘yicha quyidagi falsafiy-nazariy yondashuvlar tarixan tarkib topdi.

Diniy yondashuv. Diniy nuqtai nazardan ong (jon) Xudo tomonidan yaratilgandir, ya'ni u ilohiy xilqatdir.

iudaizmda ham, nasroniylikda ham, islomda ham birday e'tirof etilgan Tavrotda jonning ilohiy xilqatligi qo‘yidagicha tasvirlangan: «Xudoyi taolo odamni yer gardidan yaratdi va uning yuziga hayot nafasini purkadi va odam tirik jonga aylandi»307. O‘z navbatida bu syujetning ildizlari qadim-qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Xudoning nafasi orqali odam jonining kelib chiqishi haqidagi bunday tasavvurlar ibtidoiy jamiyat va uning parchalanishi bosqichlarida turgan ko‘pgina xalqlarning mifologiyasida keng yoyilgan. Xususan, ular Yangi Zelandiyadagi maorilar qabilasida, Avstraliya aborigenlarida, Taiti orollari aholisida, qadimgi hind mifologiyasida, Shimoliy Amerika hindulari va boshqa xalqlarda mavjud bo‘lganligi aniqlandi308.



Idealistik yondashuv. Idealizm ideal narsaning, ruhiy mohiyatning moddiy voqyelikdan tashqarida va ungacha mavjud bo‘lganligini e'tirof etadi. Turli idealistik tizimlarda ongning kelib chiqishi turlicha talqin qilinadi. Bir xil tizimlarda u – xuddi dindagi kabi – ilohiy xilqatdir. Boshqa tizimlarda – dualizmda, gilozoistik ta'limotlarda – ong abadiy yashaydi, buning boisi bu ta'limotlarga binoan ruhiy substansiyaning mustaqil yashashi yoki tabiatning umumiy jonlanishidir. Masalan, Teyyar de Sharden falsafasida hamma narsalar o‘zining go‘yo «ichki» tomoniga ega. yerning «ichki» tomoni haqida gapirar ekan, Teyyar de Sharden bunday deb yozadi: «Bu ibora bilan ... men kosmik to‘qimaning avval boshdanoq yosh yerning kichkinagina o‘lchamlari bilan cheklangan qismining «psixik» tomonini ifodalayman. Yulduzlar moddasining bu ajralib chiqqan parchasida – universumning hamma yeridagi singari – narsalarning tashqi tomoni muqarrar ravishda tegishli ichki dunyo bilan birga bo‘ladi»309. Teyyarning fikricha, «aslida har qanday energiya psixik tabiatga ega»310. Uchinchi xil tizimlarda (Xegel falsafasidagi singari) odamning ongi allaqanday azaliy ruhiy mohiyat (Absolyut Ideya, Olam Ruhi) rivojining muayyan bosqichida paydo bo‘ladi.

Materialistik yondashuv. Materializm doirasida ham ongning kelib chiqishiga turlicha yondashuvlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Ba'zan vulgar materializm deb ataladigan fizikalizm va radikal reduksionizm idealni tamomila moddiydan, fizik reallikdan iborat qilib qo‘yib, ongni materiyaning muayyan turi deb talqin qiladi. Ongni fizikalistik talqin qilish antik falsafadayoq paydo bo‘lgan. Masalan, Demokrit jon alohida atomlardan iborat, deb hisoblagan. XIX asrda Byuxner, Fogt, Moleshott va boshqalar fikr miya ajratib chiqaradigan alohida moddadir, deb hisoblaganlar. XX asrda fizikalizm «ilmiy materializm»da o‘z aksini topdi, unga ko‘ra «Tabiiyotning, xususan fizikaning metodlari inson mohiyatining mukammal ta'rifini bera oladi»311. Moddiylik bilan ideallikni qorishtirib yuboruvchi fizikalizmda moddiydan mutlaqo farq qiladigan idealning kelib chiqish muammosi amalda olib tashlanadi. Biologiyalashtirilgan yondashuv inson ongi bilan hayvon psixikasini sifat jihatdan farqlantirmasdan, ongning kelib chiqishini faqat biologik evolyusiya omili bilan bog‘laydi.

Ongning kelib chiqishi muammosi eng murakkab muammolardan biridir. Uni hal qilishning qiyinligi ikki omil bilan bog‘liq. Birinchidan, so‘z bizning zamonamizdan ancha ilgari, bundan yuz ming yillab avval bo‘lib o‘tgan jarayonlar va voqyealar to‘g‘risida boradi. Ikkinchidan, so‘z ideal hodisa kabi fenomen to‘g‘risida, ya'ni o‘zida moddiylikdan asar ham bo‘lmagan hodisa to‘g‘risida borayotganligi sababli, tadqiqot ob'ekti – ongning arxaik shakl va faktlari – bizga bevosita berilgan emas. Ongning kelib chiqishini tarixan qayta tiklash fanlararo ilmiy muammo bo‘lib, uni faqat kompleks yondashuv asosidagina hal qilish mumkin.

Inson ongining kelib chiqishini tushunib olish kaliti, bu – uning biologik tuzilishi (eng avvalo, miyaning g‘oyat murakkab tuzilishi va funksiyasi) hamda shakllanayotgan odamning tabiatni va o‘zini o‘zgartirib borgan faoliyatidir. Insonning amaliy faoliyati mohiyatini tushunmay turib ongning kelib chiqishini tushunish mumkin emas. Hayvondagi in'ikos shakllari bilan odamdagi in'ikos shakllari o‘rtasidagi tub farqning sababi ular faoliyatining xarakteridadir. Hayvonlarning instinktiv-biologik, adaptatsion-moslashuvchanlik faoliyati odamning mehnatidan qanchalik farq qilsa hayvonlarning psixik faoliyati ham odamning ongidan shunchalik farq qiladi.

Hayvonlarning psixikasi ularning biologik faoliyati negizida tug‘iladi va ishlaydi. Ma'lumki, maxsus tajribalarda antropoidlar (odamsimon maymunlar) turli predmetlardan foydalanishga, ularni qayta ishlash va tayyorlashga qobil ekanliklarini ko‘rsatdilar. Antropoidlar o‘zining tabiiy hayotida ham ana shunday qobiliyatga ega ekanligini ko‘rsatadi: yong‘oqni tosh bilan chaqadi; termit va asal chiqarib olish uchun ingichka navdalardan foydalanadi; termitlarning uyasidagi teshiklarni kengaytirish uchun tayoqlardan foydalanadi va hokazo312. Biroq «qurolli faoliyat» ko‘rsatish hollari antropoidlarda g‘oyat kam va ahyon-ahyonda uchraydi, bunday faoliyatning o‘zi esa biron-bir tarzda biologik ehtiyojni qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan instinktiv-biologik, adaptatsion-moslashuvchanlik faoliyatidir. Ko‘p hollarda «qurolli faoliyat», odatda, eksperimental vaziyatda ko‘rinadi313. Bunda hayvon foydalanadigan predmet faqat shu vaziyatda va ayni shu paytda qurollik ahamiyatiga molik bo‘ladi. Ulardan tashqari vaziyatlarda hayvon uchun u qurol bo‘lmaydi.

Antropoidlarda reflektiv (beixtiyor) faoliyat va psixika asosida tafakkur kurtaklari paydo bo‘ladi. Bular maymunlarning murakkab bo‘lmagan vazifalarni hal qila olishida, eng oddiy xulosalar chiqarish, abstraktlashtirish, turkumlash, analiz va sintez qilish qobiliyati va hokazolarda ko‘rinadi. Hayvonlarning elementar (ibtidoiy) tafakkuri biologik mexanizmlarning rivojlanishi natijasi bo‘lib, o‘zgarib turuvchi vaziyatga moslashish funksiyasini, plastik harakat funksiyasini bajaradi. Hayvonlarning fikr qilishi – qurolli harakati singari – tasodifiy bo‘lib, eng avvalo, mushkul vaziyatlarda (odatda, yangilik unsurlarini o‘z ichiga olgan vaziyatlarda) biron-bir hayotiy muhim maqsadga erishish (ehtiyojni qondirish) uchun paydo bo‘ladi va amalga oshadi. Hayvonlarda analiz, sintez, abstraktlashtirish va xulosa chiqarish mavhum-ideal shaklda bo‘lmaydi. Ular hamisha vaziyatga bog‘liq va faqat hayvonning harakatlarida ko‘rinadi. Hayvonlar tafakkuri harakatdagi tafakkurdir314.

Hayvonlarda analiz va sintezning faol (amaliy) turlari sezish, idrok va tasavvur qilish asosida amalga oshadi. Hayvonlarning tasavvurlari zaif, o‘zgaruvchan obrazlardir. Ular o‘rtasida g‘oyat zaif assotsiativ aloqa paydo bo‘lishi mumkin. Bu aloqaning biroz murakkablashuvi, unga qo‘shimcha oraliq bo‘g‘inlarning kirib qolishi uni osongina buzib yuborishi mumkin.

Oliy primatlarning keyinchalik inson ongining paydo bo‘lishida hal qiluvchi rol o‘ynagan muhim kognitiv potensiali – unga xos murakkab kommunikatsiyalar usuli va uning rivojlanish imkoniyatidir. R. va B. Gardnerlar va R.Futsning shimpanze va orangutanglarni amslenga (kar-soqovlar tiliga) o‘rgatish bo‘yicha, D.Premak va D.Rumboning shimpanzeni jeton-simvollardan jumla tuzishga o‘rgatish bo‘yicha, F.Pattersonning gorillani kompyuter orqali tilga o‘rgatish bo‘yicha o‘tkazgan tajribalari oliy antropoidlarning inson tilini o‘rganish darajasi turli baholarga ko‘ra 1,5-5 yoshli bolalarning til bilish darajasiga yetishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ehtimol, eksperimental o‘rgatish vaziyatida hozirgi hayvonlarda amalga oshiriladigan bu imkoniyat ilk gominidlarda evolyusion taraqqiyot sari qo‘yilgan qadam sifatida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgandir.

Bundan 1,5-5 mln. yil oldin yashagan qazilmalari topilgan tik yuruvchi primatlar – avstralopiteklar (ilk odamlardan avvalgi primatlar) timsolida hayvonot dunyosi rivojlanishining eng yuqori nuqtasiga erishgan. Turli tabiiy predmetlardan foydalanish avstralopiteklar turmush tarzining eng muhim qismiga aylangan. Eng qadimgi odamlar paydo bo‘lishidan avval yashab o‘tgan avstralopiteklarning eng rivojlangan shakllari toshdan eng oddiy buyumlar yasashni bilganlar. Bundan 2,6-1,8 mln. yil avvalgi davrga oid bu buyumlar ko‘p hollarda ikki-uch urib notekis, kesuvchi qirrali, qo‘pol, beo‘xshov sun'iy yaratilgan qurolga aylantirilgan oddiy shag‘al-tosh bo‘laklaridan iborat. Tadqiqotlar bunday eng oddiy qurollarni tayyorlash texnikasi shartli reflektiv faoliyat doirasida mumkin ekanligini ko‘rsatadi315.

Odamlarning (avstralopiteklar kabi) bevosita hayvon ajdodlari yoki odam arafasidagilar o‘z psixik rivojlanishiga ko‘ra oliy hayvonlar (hozirgi va qazilma antropoidlar) uchun xarakterli bo‘lgan in'ikos darajasi doirasidan chiqmaydi. Odam arafasidagilar psixik obrazlarining harakat sxemasini, xuddi hayvonlardagi singari, mavjud amaliy vaziyat taqozo etgan. Bunda muayyan maqsadga yo‘naltirilgan, rejalashtirishga layoqatli bo‘lgan tafakkuriy faoliyat hali mavjud emas. Hayvonlarga nisbatan, odam arafasidagilarda tasavvurlar barqarorlashib va umumlashib borgan, ular o‘rtasidagi assotsiativ aloqalar tobora ko‘payib va mustahkamlanib borgan.

Hayvonlarning reflektiv harakatlaridan farqli o‘laroq, eng qadimgi odamlar (arxantroplar) faoliyatining dastlabki mahsulotlariyoq ulardan o‘z mehnati natijalarini anglab olishlarini talab qiladi. Masalan, eng qadimgi mehnat qurolini – qo‘l rubilosini yasash uchun bir qator barqaror tasavvurlar, bo‘lg‘usi qurol shaklining ideal obrazi mavjud bo‘lishi, tafakkurda eng oddiy sabab-oqibatli aloqalar aniqlab olinishi talab qilinadi. Ana shu bosqichda eng sodda nutq ham paydo bo‘ladi: arxantroplarning endokranlarida (bosh miya ichki bo‘shliqlari nusxasida) miyaning hozirgi odamlarda nutq faoliyati bilan bog‘liq qismlarining tez o‘sib borganligi qayd etilgan. Bunda nutq hali kerakli axborotni to‘la hajmda bera olmagan, shuning uchun fikrlar asosan imo-ishora, intonatsiya, mimika orqali anglatilgan. Bir ma'noni bir so‘z bilan ifodalash hali bo‘lmagan. Eng qadimgi odam bildirmoqchi bo‘lgan barcha fikrlar faqat konkret vaziyat konteksti bilan bog‘liq holda tushunib olingan. So‘z (gap) aytish va u bilan ma'no bildirish doim konkret harakat bilan birga amalga oshirilgan.

Mehnatning yanada murakkablashuvi, maxsus qurollar va yangi faoliyat turlarining paydo bo‘lishiga ehtiyoj, ibtidoiy odam podasining butun ijtimoiy hayotining tabaqalashuvi va xilma-xillashuvi shakllanib borayotgan kishilar miyasi va ongi yanada takomillashuvining manbai bo‘lib xizmat qildi. Paleoantroplar (qadimgi odamlar) bosqichida, chamasi, umumlashgan tasavvurlar, eng oddiy muhokama va xulosalar paydo bo‘ladi. Shu davrda diniy va estetik tasavvurlarning kurtaklari paydo bo‘ladiki, neandertal odamlar ko‘milgan joylardagi topilmalar va paleoantroplar manzilgohlarida oxradan foydalanish bundan dalolat beradi.

Inson tafakkurining vujudga kelishi, fanlararo tadqiqot ma'lumotlari tasdiqlaganidek, quyidagi yo‘nalishlardan: aniq-ta'sirli tafakkurdan konkret-obrazli tafakkur orqali og‘zaki-mantiqiy tafakkur tomon borgan. Bizning uzoq ajdodlarimiz tafakkurining vujudga kelishi to‘g‘risida gapirganda shuni aytib o‘tmoq zarurki, u hozirgi zamon odami tafakkuridan farq qilgan va hozirda mavjud bo‘lmagan arxaik shakllarda amalga oshirilgan. Ko‘pgina tadqiqotchilarning fikricha, antropogenezning ilk bosqichlarida «tafakkurning protoformasi» mavjud bo‘lgan va u hozirgi zamon odamining tafakkuri shakllaridan (tushunchalar, mulohazalar, xulosalardan) farq qiladi. Shakllanayotgan odamning ongi konkret-hissiy va bevosita amaliy vaziyat bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. U hali yetarlicha mustaqil bo‘lmagan va odamlarning moddiy faoliyati va moddiy hayoti bilan chirmashib ketgan edi. Faqat bir yarim million yildan ortiq vaqt davomida amaliyot o‘zlashtirila borgan sari amaliy harakatlar mantiqi asta-sekin fikrlar harakati mantiqiga aylanib borgan.


4-§. Ongning biologik va ijtimoiy omillari
Ong jumbog‘ini hal etish ongning moddiy manbai bo‘lgan bosh miya faoliyatining ilmiy tahlili bilan bog‘liqdir. Bosh miya bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan 14 milliarddan ortiq neyronlardan – asab hujayralaridan – iborat murakkab funksional tizimdir. Hozirgi zamon fanida odam miyasi neyronlarining bu majmuasi qanday qilib ong va tafakkurning paydo bo‘lishiga, tushunchalarning shakllanishi va yechimlar qabul qilinishi jarayonlariga, murakkab, ongli harakat qilishga, o‘rganish, xotirlash, prognozlashga olib kelganligi hanuzgacha ochiq muammoligicha qolmoqda. Odamning ongi, psixikasi, tafakkuri, miyaning, umuman inson organizmining, qurshab turgan tabiiy va ijtimoiy olam bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan sub'ektning funksional integral xossasi sifatida, ya'ni sub'ekt-ob'ekt tizimining fundamental xossasi sifatida mavjuddir.

Miyada va asab tizimida sodir bo‘layotgan fiziologik jarayonlarni priborlar yordamida qayd etish va o‘lchash mumkin, chunki bu jarayonlar fizik-ximik tabiatga ega. Lekin ongning o‘zi ular bilan cheklanmaydi. Bu yerda fizik signal yordamida uzatiladigan, lekin o‘z mazmuniga ko‘ra signalning fizik xossalari bilan cheklanmaydigan axborot bilan bevosita o‘xshashlik bor. Nobel mukofotining laureati R.Sperri bosh miyaning yarimsharlararo asimmetriyasi hodisasini kashf qildi: so‘l yarim shar – mantiqiy, abstrakt tafakkur bazasi, o‘ng yarim shar – konkret-obrazli tafakkur bazasi ekan. Insonda tushunchali yoki obrazli tafakkurdan qaysi birining ustunligi yarimshardan qaysi biri – so‘limi yoki o‘ngi, mantiqiysimi yoki emotsionali – ko‘proq rivojlanganligiga bog‘liq. R.Sperri kashfiyoti odam ongi va intellektining garmonikligi va sistemaliligi prinsipi asosida yotadi. Bu prinsipning vazifasi binokulyar ko‘rishning vazifasi singaridir: ma'lumki, faqat ikki ko‘z bilan ko‘rishgina dunyoning hajmga egaligi, yaxlitligi va ko‘p o‘lchamliligini sezdiradi. Obrazli va belgili-simvolik, intuitiv va mantiqiy-diskursiv tafakkur birikmasi ham predmetli, operativ, nazariy, ijodiy, konstruktiv-evristik, shaxsiy-nazariy tafakkur shakllanishi uchun o‘xshash tarzda zarurdir.

Miyaning neyronli tuzilishi va unda kechadigan jarayonlar, bir tomondan, va shaxsning ruhiy dunyosi, ikkinchi tomondan, bir-biri bilan bog‘langan, ammo bir-biridan jiddiy farq qiladigan hodisalardir. Bular bir-biriga nisbatan narsa va uning xossasi, organ va uning funksiyasi, jarayon va uning natijasi kabidir. Ular orasidagi farq shundan iboratki, miyaning neyrodinamik jarayonlari moddiydir, ular tug‘diradigan ruhiy hodisalar, sezgilar, fikrlar, kechinmalar, emotsiyalar idealdir. Ong ilmiy tadqiqotlarning g‘oyat murakkab ob'ektidir. Inson psixikasining kam o‘rganilgan, oxirigacha tushunib olinmagan va fanga noma'lum bo‘lgan tomonlari va xossalari bor. Ammo fan ong sirlarini o‘rganish sari qadam-baqadam ilgarilab bormoqda.

Miyaning ko‘pgina bo‘limlari, uchastkalari va zonalarining muayyan fikrlash protseduralari, emotsiya, xotira uchun «differensiyalashgan mas'uliyati» aniqlandi. Masalan, miyaning gipotalamus deb atalgan qismida ijobiy va salbiy emotsiyalar uchun mas'ul bo‘lgan markaz aniqlandi. Ko‘rish signallari miyaning ensa zonasiga, eshitish signali miyaning chakka, peshona zonasiga kelib tushadi. I.P.Pavlov tajribalari shaxs mijozi, temperamentining irsiy, biologik kelib chiqishini ko‘rsatdi. Miyasiz ong bo‘lishi mumkin emas. Bir butun, sog‘lom, normal ishlovchi miyaning bo‘lishi ongning zarur shartidir. Boshqa, eng muhim sharti – ijtimoiy muhitdir, chunki odam biopsixosotsial mavjudotdir, ya'ni bir vaqtning o‘zida ham biologik, ham sotsial mavjudotdir.

Atrofdagi voqyelikka mos va muvofiq bo‘lgan, faol, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan amaliyot, hamda odamlarning bir-biri bilan muloqoti, aloqalari bizning uzoq o‘tmishdagi ibtidoiy ajdodimizning aqlli odamga aylanishiga yordam bergan ijtimoiy sharoitlardir. Odamlarning sotsiumdagi o‘zaro ta'siri, ularning birgalikdagi mehnat faoliyati jarayonidagi aloqasi ayrim individning ham, butun sotsiumning ham ongi paydo bo‘lishi, mustahkamlanishi va rivojlanishiga yordam berdi. Odamlarning mehnat quroli tayyorlash jarayonidagi aloqalari boshqalarning fikrini tushunishga va o‘zining boshqalarga tushunarli bo‘lishga ehtiyoj tug‘dirdi. Axborot olish, uni berish, saqlash va undan butun sotsiumning foydalanishi ijtimoiy zaruriyatga aylanadi, shuning uchun ong va mehnat zaminida zaruriyat tufayli odamda aniq nutq, insoniy til paydo bo‘ladi va rivojlanib boradi.

Xuddi shu sharoitlar hozirgi zamondagi odamning yosh bolasi uchun ham zarurdir. Agar bola vaziyat taqozosi bilan jamiyatdan tashqarida o‘ssa u aqlli mavjudotga ham, ijtimoiy mavjudotga ham aylana olmaydi. Demak, fikrlash faoliyati asosida paydo bo‘lgan va shakllangan inson ongi o‘z shakli bo‘yicha individual, lekin mohiyati bo‘yicha ijtimoiy, sotsial hodisadir. Inson ongining fiziologik asosi miyadir. Lekin bu yerda miya o‘z-o‘zicha fikrlamasligini, balki miya yordamida odam fikrlashini tushunib olish muhimdir. Ongning paydo bo‘lishida asosiy ijtimoiy rolni mehnat o‘ynaydi, chunki mehnat odamni shaxs sifatida shakllantiradi, uning ijodiy potensiali, imkoniyati va qiziqishlarini, qurshab turgan dunyoni tushunishga, uning tarkibida o‘z o‘rnini tanlashga, uni o‘z maqsad va vazifalariga bo‘ysindirishga, inson uchun foydali qilishga intilishlarini rivojlantiradi.

Ong paydo bo‘lishining yana bir eng muhim omili tildir. Til odamlarning ijtimoiy tajribalarini ifodalab beradi, insoniyatning tarixiy taraqqiyotida tafakkurning uzluksizligini ta'minlaydi. Inson fikri, g‘oyalari, tasavvurlari so‘zlarda ifodalanadi, shakllanadi, shuning uchun til, bu – fikrni, ongni ifodalashning universal vositasidir, kishilarning aloqa qilish, axborot almashish vositasidir. Til va ong birgalikda, lisoniy-mantiqiy birlikda mavjuddir, bunda til fikrlarni belgilar bilan ifodalovchi bo‘lib chiqadi, ularni so‘zlar bilan ifodalaydi, boshqa kishilar uchun tushunarli qiladi. Kishilik jamiyati rivojlana borgan sari til ham takomillashib boradi. Mehnat va til – ong rivojining asosiy ijtimoiy omillaridir, ammo birdan-bir omili emas. Inson hayotining, demak tafakkurining ham ijtimoiy asosi ko‘pgina boshqa komponentlarni, masalan, siyosiy, huquqiy, axloqiy, tashkiliy, gnoseologik va hokazo komponentlarni o‘z ichiga oladi.

Inson ongi boshqa kishilar ongining, butun sotsium ijtimoiy ongining, ijtimoiy guruhlar (milliy, diniy, kasbiy, yosh bo‘yicha va hokazo guruhlar) ongining, madaniyat, fan, mavkura, ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyaning ta'siri ostida bo‘ladi va ular bilan faol o‘zaro ta'sirda bo‘ladi. Xuddi shular orqali odam o‘zining kundalik hayotida shaxsga, ijtimoiy mavjudotga, insoniy madaniyat sohibiga aylanadi.


2-bob. ONGNING TUZILIShI
1-§. Psixika va ong
Shaxsning asosiy tuzilmaviy elementi psixikadir. Ongning o‘zi esa psixikaning oliy ko‘rinishidir, chunki oliy hayvonlarda materiya tuzilishining biologik darajasida vujudga kelgan psixikaning o‘zi murakkab tuzilishga egadir va tadrijiy evolyusiya natijasida borliq tuzilishining sifat jihatidan boshqacha, ijtimoiy darajasida ongni keltirib chiqaradi.

Oliy hayvonlar psixikasi darajasida juda murakkab xatti-harakat, tashqi sharoitga moslashuv, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat ifodalanadi, taxminiy-tadqiqiy faoliyat elementlari shakllanadi, aql-idrok elementlari va boy, rivojlangan xotira paydo bo‘ladi. Agar murakkab psixikali oliy hayvonlarda atrofdagi muhit bilan o‘zaro ta'sir usuli, asosan, ularning tana tuzilishi, fiziologiyasi va anatomiyasi bilan aniqlansa, odamning ongi - psixika ko‘rinishining oliy shaklifaqat odamning o‘ziga o‘xshaganlar bilan aloqasi natijasida, ya'ni bevosita inson borlig‘ining ijtimoiy tashkiloti ta'siri ostida rivojlanadi. Odamning psixikasi shaxsning psixik tuzilishini, uning xarakterini, temperamentini, qobiliyatlarini, qadriyat mo‘ljallarini, o‘zini-o‘zi tahlil qilish va baholashini, individual fikrlash uslubi va turmush tarzini belgilab beradi. Inson psixikasi ongni ham, inson ichki dunyosining ong nazoratidan tashqarida bo‘lgan qatlamini, ya'ni ongostini ham o‘z ichiga oladi.

Inson ongi shaxsning ichki ruhiy dunyosi, sub'ektiv reallik sifatida murakkab ichki tuzilishga, bir-biri bilan uzviy bog‘langan tiplar, darajalar va shakllarning bir butun ierar-

xiyasiga egadir. Umuman ongning tuzilishi shaxs ruhiy dunyosining amaldagi murakkab tizimidir. Odam individining ruhiy hayotidagi hissiy, irodaviy, mantiqiy, emotsional jarayonlarning majmui kabi elementlarni ong tuzilishiga kiritmoq kerak. Ong shaxs ma'naviyatini, uning emotsiyalari, kechinmalari, tashvish va orzu-umidlarini, fantaziya va xayollarini, insonning sub'ektiv, ichki borlig‘i dunyosini, uning ruhini keltirib chiqaradi va shakllantiradi.

Ong yaxlit bir tizim, murakkab tuzilma sifatida gnoseologik (bilish jarayoniga oid), aksiologik (qadriyatlarga oid), irodaviy va kommunikativ (ya'ni ijtimoiy) elementlar birligidir. Haqiqatda ong tuzilmasining bironta ham elementi o‘z-o‘zicha amal qilmaydi, hammasi qolgan elementlar bilan o‘zaro bog‘langan, ular bilan va umuman butun ong tizimi bilan o‘zaro ta'sirda bo‘ladi. Masalan, tafakkur xotira, emotsiya va idroklarning normal ishlashini ta'minlaydi. Kishining, aytaylik, biron-bir voqyeani boshidan kechirishi esa uning taqqoslashini, o‘ylashini, ideallashtirishini, abstraktlashtirishini, chalg‘ishini, ya'ni tafakkur amaliyotidan foydalanishini bildiradi.

Ongga, birbutun bog‘langan tizim sifatida, uning sezgi, fikr, emotsiya, iroda va xotira kabi ajralmas elementlari kiradi. Birbutunlik ongning tizimiy sifati bo‘lib, ong fenomeni mohiyatining o‘ziga xosligi uning tarkibiy qismlarining har qandayiga nisbatan mutlaqo zarurligini bildiradi.



Sezgi. Inson sezgilari tashqi dunyo haqidagi axborotlarni asosiy yetkazib beruvchilardir. Ko‘rib, ushlab, hidlab, eshitib va ta'mga qarab sezishlar sub'ektga dunyoni bilishga, o‘zini qiziqtirgan ob'ektni topishga, u turgan joyni aniqlashga, uning rangi, hidi, ta'mi, qattiq yo yumshoqligi, xarorati va boshqa sifatlari haqida axborot olishga imkon beradi.

Idrok. Ibn Sino idrok haqida bunday deb yozgan: «Odamning xususiyati shundayki, u kamyob narsalarni idrok qilganida unda ajablanish degan refleks paydo bo‘ladi, shundan keyin kulgi keladi. Zararli narsalarni idrok qilish esa qo‘rquv deb atalgan refleksni keltirib chiqaradi, shundan keyin yig‘i keladi... Demak, odam umumiy qarash qobiliyatiga egadir hamda ayrim narsalar haqida: u foydali yoki zararli narsani qilishi lozimmi yoki lozim emasligi, bu xavflimi yoki xavfsiz, yaxshimi yoki yomon ekanligi haqida o‘ylab ko‘rish qobiliyatiga egadir»316.

Idroksub'ektning axborotni qayta ishlashida sezgidan keyingi bosqichdir. Bu bosqich davomida ob'ekt, uning zamon va makoniy tavsifi yaxlit holda anglab olinadi va ideal obraz unga taalluqli moddiy ob'ektning o‘zi bilan, ya'ni idrok ob'ektining o‘zi bilan taqqoslanadi. Tafakkur tufayli sezgi va idrok natijalariga ma'no va mazmun beriladi, munosib va tushunish qulay shakl izlab topiladi.



Emotsiya. Ong tuzilishining emotsional komponenti hodisalar va voqyealarga ijobiy yoki salbiy munosabat (umid, quvonch, qo‘rquv, umidsizlik va sh.k.) yoki loqaydlikni keltirib chiqaradi. Shaxsni baxslashish, tashvishlanish, emotsional shok, affekt holatida bo‘lishga (rashq qilish, nafratlanish, yomon ko‘rishga) undaydi, uning stress yoki frustratsiya (gangirab qolish, ruhiy ezilish) holatida bo‘lishiga, quvonishi yoki g‘azablanishiga sabab bo‘ladi. Kechinmalar va emotsiyalarning axborot jihatidan muhim tomoni sub'ektning ob'ektga bergan bahosidan iborat (yaxshi - yomon, yaxshiroq - yomonroq va hokazo).

Iroda. Emotsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish sub'ektning irodasi bilan uzviy bog‘liqdir. Sub'ekt faoliyat ko‘rsatayotgan ob'ektiv sharoit bilan uni amalga oshirishning sub'ektiv imkoniyatlari tafovut qilib qolganda sub'ekt faoliyatini iroda yordamida tiklash, tartibga solish zarur bo‘ladi. Shaxs avval yechim tanlab, qaror qabul qilib, so‘ngra uni amalga oshirishi zarur bo‘lib qolgan hayotiy vaziyatda iroda ishga solinadi. Irodaning ishtirokisiz ong hyech bir ish qilolmaydi, iroda odamning xatti-harakatini tartibga solib turadi, uni istalgan maqsadga erishishga yo‘naltiradi. Bu yerda sub'ektning ishning ko‘zini bilib qaror qabul qila olishi alohida rol o‘ynaydi, bu esa iroda erkinligini bildiradi.

Xotira. Ong tizimida xotira tajribaning integral yig‘uvchisi va ifodachisi bo‘lib xizmat qiladi. Xotira - kishining yoki kishilik jamiyatining o‘zining yoki o‘zganing o‘tgan zamondagi faoliyatini hozirgi zamonda saqlab qolish va tiklash layoqatidir. Xotira shunday bir yo‘naltiruvchiki, u tufayli sub'ekt vaqtda ham, makonda ham muvaffaqiyatli yo‘nalish oladi, bu esa uning faoliyat rejalari, sxemalari va dasturlarini tuzishida ifodalanadi. Xotiraning boshqa bir funksiyasi – o‘tmishdagi voqyelikni tafakkuriy qayta tiklashdir. Xotira insonga tarixiy o‘tmishni va istiqbolni ko‘rishga, kelajakni oldindan ko‘rishga imkon beradi.

Tafakkur. Tafakkurning o‘zi emas, balki odam fikrlaydi. Odamning tafakkuri hamisha g‘oyat shaxsiy va individualdir va sub'ektning qurshab turgan dunyodagi ob'ektiv aloqalar va munosabatlarni muayyan maqsadni ko‘zlab, umumiy va vositali tarzda bilishini, sub'ektning ijodiy, bunyodkorlik faoliyatini, sodir bo‘layotgan hodisalar va voqyealarni aks ettirishdan oldin prognoz qilishni, yangi g‘oyalar, qarashlar, farazlar va nazariyalar yaratishni o‘z ichiga oladi. Tafakkur odamning dunyoqarashini, uning dunyoni his qilishi va idrok etishini, odamning o‘z borlig‘iga, o‘z qilmishlariga, orzu-umidlariga o‘zi bergan bahoni doimo kengaytirib boradi. Odamning tafakkuri murakkab va faol jarayondir, u abstraktlashtirish va umumlashtirish, analiz, sintez, taqqoslash, o‘xshatishni, o‘zining murakkabligi, xarakteri va mazmuni jihatidan g‘oyat xilma-xil bo‘lgan vazifalarni oqilona o‘rtaga qo‘yish va hal etishni o‘z ichiga oladi. Fikrlovchi odam mantiqiy natija va xulosalar chiqarishga, hayotiy tajribaga, mehnat va kasb malakasi va mahoratiga ega bo‘la oladi, u biron-bir masala bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini isbotlashga, dalillar bilan asoslab berishga va himoya qilishga layoqatli bo‘ladi.
Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling