Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


Download 1.43 Mb.
bet167/235
Sana05.01.2022
Hajmi1.43 Mb.
#216220
1   ...   163   164   165   166   167   168   169   170   ...   235
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org

4-§. Axloq falsafasi
Har bir olingan shaxs va jamiyat qadriyatlari tizimida axloы muhim o‘rin tutadi. Ijtimoiy falsafada axloq ijtimoiy ongning shunday shakli sifatida tushuniladiki, unda ayrim olingan kishilar, ijtimoiy guruhlar va umuman jamiyatning axloqiy tasavvurlari, odamlar xatti-harakatining me'yorlari va baholanishi o‘z ifodasini topadi.

Axloq mohiyatini tushunishda ushbu tushunchaga ma'no jihatdan yaqin bo‘lgan, ammo ba'zi belgilari bilan farqlanadigan – «odob» va «etika» tushunchalarining nisbatini aniqlash juda muhimdir. Agar axloq tushunchasi ostida ko‘pincha ijtimoiy ong shakli (ya'ni anglangan me'yorlar va qoidalar) anglashilsa, odob xushxulqlik me'yorlar va qoidalar amal qilishining jonli sohasini o‘zida mujassam ettiradi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, odob doirasi kishilar orasidagi o‘zaro munosabatda ularning voqyey hayotdagi aloqalarini tashkil etadi. Etika deb shunday falsafiy sohani aytishadiki, u inson faoliyatining, odobi va axloqiy me'yorlarini o‘rganadi.

«Axloq», «odob» va «etika» tushunchalarining farqi yetarli darajada oshkordir. Ammo kundalik hayotda, har kungi aloqalarda mazkur tushunchalar ko‘pincha sinonimlar sifatida qo‘llaniladi. Masalan, birgina xatti-harakatni «axloqsizlik», «badxulqlik», «adabsizlik» deb aytish mumkin.

Axloq, odob, etika haqidagi falsafiy tasavvurlarning tarixiy taraqqiyotida juda ham xilma-xil nazariy va uslubiy yondoshishlarni topish mumkin.

Axloq eng qadimgi ijtimoiy hodisalardan biridir. Uzoq vaqtlar davomida u jamiyatda yagona tartibga solib turuvchilik vazifasini bajarib keldi.

Axloq qaysi vaqtda shakllanganligi haqida turli tuman nuqtai nazarlar mavjud. Nima bo‘lganda ham, u ibtidoiy jamiyatdayoq paydo bo‘lgan. Axloq shu vaqtda paydo bo‘ldiki, unda inson nima bor-u, nima bo‘lishi kerakligini farqiga borgan edi. Eng qadimgi zamonlardan boshlab barcha falsafiy ta'limotlar ko‘proq yoki ozroq darajada tartibga keltirilgan axloqiy qarashlar tizimini albatta o‘zida mujassamlashtirgan edi.

Axloq va odob haqidagi ta'limot Sharq falsafasining ko‘pchilik maktab va yo‘nalishlarida muhim o‘rin tutadi. Masalan, Zardushtiylik o‘zida shunday axloqiy talablarni mujassamlashtirganki, unga binoan kishilar bir-birlari bilan tinchlik va osoyishitalikda ahllik bilan yashashlari, o‘z yaqinlariga xayrixohlik kursatishlari, zaruriyat va xavfli vaziyatlarda bir-birlariga yordam berishlari, yomonlik, shafqatsizlik, mag‘rurlik, zo‘ravonlik, o‘zboshimchalik, hasad va tuhmatga qarshi kurash olib borishlari, g‘azab va hokazolarga berilmasliklari lozim bo‘lgan.

Axloq masalalariga xitoy va hind falsafasida ham katta e'tibor qaratilgan. Masalan, konfutsiychilikda axloqiy qoidalar, me'yorlar va boshqarishni tartibga solib turishga asosiy e'tibor qaratilgan. Qat'iy axloqiy talab manbalari quyidagi so‘zlarda o‘z ifodasini topgan: «har bir kishini o‘zingni hurmat qilgandek, hurmat qil, o‘zingga nimani ravo ko‘rishni xohlasang, boshqalarga ham shuni ravo ko‘rki, ular ham bizga shunday munosabatda bo‘lsinlar, bundan yuksakroq hyech narsa yo‘q» (Konfutsiy).

Vedalar falsafasi nuqtai nazaricha, eng muhim narsa – bu ezgu ishlar, to‘g‘ri xulq-atvor, kamtarona hayot tarzidir. Faqat shundagina yuksak axloqli kishi o‘zining karmasini o‘zgartirishi mumkin. Buddaviylik insonning bosh maqsadini azob-uqubatdan qutilish deb e'lon qildi, bunga esa, shundagina erishish mumkinki, agar to‘g‘ri xatti-harakatni, to‘g‘ri gapirishni, to‘g‘ri hayot kechirishni va hokazolarni o‘z ichiga olgan «to‘g‘ri yo‘l»dan og‘ishmay borilsa. Ana shu hind axloqiy falsafiy an'anasini bilish orqaligina buyuk mutafakkir M.Gandining quyidagi so‘zlarini tushunish mumkin: «qachon harakat qilishni va qachon xatti-harakatlardan tiyilib turishni bilmoq lozim. bunday sharoiitlarda harakat va faoliyatsizlik bir-biriga qardosh bo‘lib, bir-biriga hyech ham qarama-qarshi turmaydi».

Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur, Mark Avreliy, Seneka va boshqa qadimgi dunyo mutafakkirlari axloq falsafasi rivojiga muhim hissa qo‘shdilar. Suqrot fikrcha, axloq asosini u yoki bu axloqiy ko‘rsatmalarga tashqi tomondan rioya etish emas, balki ularning zarurligini tushunish tashkil etadi. Chuqur bilimlarga ega bo‘lish va o‘z-o‘zini bilish insonga xushxulq bo‘lish imkoniyatini beradi. Ana shu yerdan Suqrot shiorining manbasi kelib chiqadi: «O‘z-o‘zingni bil».

Aflotun va Arastu axloq falsafasining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan baxt-saodat va ezgulik haqidagi ta'limotni ishlab chiqdilar. Aflotun falsafasiga ezgulik kishilik dunyosida o‘z xususiyatini ezgulik tushunchasiga nisbatan oliyroq bo‘lgan, g‘oyalar dunyosidan orzudagi mohiyatlar ihromining cho‘qqisida turgan baxt-saodat g‘oyasidan cho‘michlab oladi. Arastu esa ezgulikni insonning o‘z ruhiga xos bulgan xususiyat sifatida qarab chiqadi. Ezguliklarni tabaqalashtirishda Aflotun eng yuksak o‘rinni adolatga ajratadi: «Adolat – bu ulug‘ ruhlarning ezguligidir», «jasorat va kamtarinlikdan uchinchi ezgulik bo‘lgan adolat kelib chiqishi mumkin».

Epikur ajoyib axloqiy-falsafiy ta'limot yaratdi. Bu ta'limotda bosh o‘rinni inson baxt-saodati mavzusi egallaydi. Epikur inson baxt-saodatning asosi sifatida huzur va lazzatni asoslashga qaratilgan «gedonizm» nazariyasining ijodkoridir. Bunda huzur va lazzatlanish biologik ehtiyojlarini va havaslarni qondirishdangina iborat emas. Faylasuf doimo qayd etgan ediki, agar inson oqilona, axloqan va adolatkorona yashamasa, u baxtli bo‘lishi mumkin emas.

Axloq falsafasi tarixida muhim o‘rinni Musulmon sharqi mutafakkirlarining g‘oyalari tashkil qiladi. Forobiy uchun axloq – bu insonning jamiyat a'zosi sifatidagi axloqiy xatti-harakatlari to‘g‘risidagi bilimdir. Axloq, odoblik jamiyatni takomillashtirish va baxt-saodatga erishish, ravnaq va umumiy ezgulikka erishish garovidir. Beruniy adolatni bosh ezgulik hisoblab, qayd etgan ediki, «tenglik joriy etilgan joyda ochko‘z hissiyotlar va g‘am-alam barham topadi»394. Sharqning axloqiy-falsafiy ta'limotida muhim o‘rinni Yusuf Xos Xojibning «Qutadg‘u bilig» asari egallaydiki, u turkiy tilda o‘rta asrlarda yaratilgan eng yirik dunyoviy adabiyot yodgorliklaridan biridir. U axloqiy-tarbiyaviy, ya'ni axloqiy nasihatlar xususiyatiga ega. Kitobning o‘zini nomini «Baxt-saodatga eltuvchi bilim» deb tarjima qilish mumkin. Asosiy diqqat-e'tiborni Yusuf inson ma'naviy kamolotiga qaratadi. U qayd etgan edi: «Kimning xatti-harakati yaxshi va fe'lu-xuyi to‘g‘ri bo‘lsa, u o‘z maqsadiga erishadi va unga baxt-saodat kulib boqadi»395.

Jahon axloq falsafasidagi haqiqiy burilish yevropada Uyg‘onish davrida yuz berdi. «Uyg‘onish davri falsafasi axloqiy me'yorlarning paydo bo‘lishi masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Shuning uchun birinchi o‘ringa ilgarigidek, ezgulik nima degan masala emas, balki boshqasi, axloqiylikning o‘zi nima va u qanday maqsadlarga xizmat qiladi, degan muammo qo‘yiladi»396. Ko‘pchilik mutafakkirlar bu masalalarga o‘z javoblarini berishga harakat qildilar. P.Beyl (1647-1706) fikricha, axloq asosida tabiiylik yotadi: «aql qoidalariga asoslangan va insonning yaxshilikka bo‘lgan tabiiy ishtiyoqidan kelib chiqadigan axloqdan boshqa, axloq yo‘qdir». B.Paskal (1623-1662) axloq asoslarini inson tafakkuridan qidirishni tavsiya etadi: «Bizning barcha obro‘-e'tiborimiz shundaki, biz fikrlashga qodirmiz. Shunday ekan, to‘g‘ri fikrlashga harakat qilishimiz kerak: axloq asosi esa ana shundadir». Bu yerda yana bir muhim jihat shundaki, ko‘pchilik mutafakkirlar axloqni siyosatdan ajratishga bo‘lgan urinishni zarurli ekanligini tushundilar: «Dunyoda qachonlardir yo‘l qo‘yilgan eng holakatli xato – bu siyosiy fanlarni axloqiy fanlardan ajratishdir».(P.Shelli), «Siyosatda yaxshi bo‘lgan narsa, axloqda yomon bo‘la olmaydi» (I.Bentam).

Axloq falsafasi haqidagi asosiy ta'limot I. Kantning ijodiy merosi, ayniqsa uning «Sof aqlni tanqidi», «Amaliy aqlning tanqidi» kabi asarlaridir. O‘lmas falsafiy hikmatlarga aylangan ko‘plab o‘z ifodasini topgan fikrlar aynan Kantga taalluqlidir: «Shunday qilginki, sening shaxsiy xatti-harakating boshqalar fe'lu atvori uchun qoidaga aylansin», «Axloq biz o‘zimizni baxtli hisoblashimiz lozimligi haqidagi ta'limot emas, balki, biz qanday qilib baxt-saodatga loyiq bo‘lishimiz to‘g‘risidagi ta'limotdir», «Axloq ishonch falsafasidir».

Kant uchun har bir alohida olingan ozod inson, kimlardir tomonidan o‘rnatilgan me'yorlarga ko‘r-ko‘rona ergashuvchi, oddiygina axloq ob'ekti emas. Inson – axloq sub'ekti bo‘lib, tanlash erkinligiga, axloqiy kamolotga, xulq-otvordan xohlaganini qabul qilishga qodir bo‘lgan zotdir. Ammo ozodlik hamma vaqt burch hissi bilan qo‘shib olib borilishi lozim.

XIX-XX asrlardagi falsafiy ta'limotlardan axloqiy muammolarga eng ko‘p e'tibor qaratganlar personalizm, «hayot falsafasi», ekzistensializm va boshqalar edi. Personalizm nuqtai nazaricha, shaxslarning o‘z-o‘zlarini axloqiy kamolot sari yo‘llashi to‘la ijtimoiy uyg‘unlikka olib kelishi mumkin. Nemis personalizmi asoschilaridan biri M.Sheler (1874-1928) fikricha, insonda ikki bir-biriga qarshi bo‘lgan ibtidoning kurashi: axloqiylik va «hayot kuchi» yuz beradi. Inson birinchisiga yoki ikkinchisiga intilishi mumkin. Muammo shundaki, inson qanchalik axloqiy, ma'naviy jihatdan boy bo‘lsa, u shunchalik «hayotiy kuch» jihatidan zaif bo‘ladi.

F.Nitsshe «hayot falsafasi» ning eng yorqin vakillaridan biridir. Shelerdan farqli o‘laroq, u o‘zining butun kuchi va oshkoraligi bilan «hayot kuchi» (vitalizm)ni targ‘ib qilib, ma'naviy qadriyatlar va axloqsizlikka mensimaslik bilan qaraydi.

Ekzistensializm ta'limoti amalan butunlay axloqiy muammoga bag‘ishlangan. Bu ushbu falsafiy yo‘nalishning kelib chiqish davri bilan bog‘liqdir: birinchi jahon urushining oxiri va ikkinchi jahon urushining arafasi. Insoniyatning barcha muammolarining keskinlashuvi (ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va hokazo) axloqiy masalalarda o‘z ifodasini topmasdan iloji yo‘q edi. Ekzistensializm o‘z manbasini shu yerdan olib, hayot ma'nosi, vino, xavfxatar, haqiqat, adolat, bema'nilik, isyon, ozodlik va boshqa shu kabi muammolarga katta qiziqish bilan yondashadi. Ekzistensializmda axloqiy tanlash muammosi haqiqatan ham har tomonlama xususiyat kasb etdi. Yirik fransuz ekzistensialisti J.P.Sartr (1905-1980) yozgan edi: «Mavjud bo‘lish uchun inson biror narsani tanlashi lozim, ichki tomondan ham, tashqaridan ham unga biror narsa kelmaydiki, uning uchun uni qabul qilishgina qolgan bo‘lsin. Inson butunlay va qaytarilmas darajada shunga mustahaq etilganki, u o‘z mavjudligini eng mayda juz'iy qismlarigacha juda ham zaruriy tarzda o‘zi yaratishi kerak».

XX-XXI asrlar orasi faqat siyosiy, bilish va boshqa jihatlardangina emas, balki ma'naviy-axloqiy muammolardagi yangi yo‘nalish va yondoshishlarning shakllanishi jihatidan ham haqiqatan burilish nuqtasi bo‘ldi. Jumladan, biologik axloq, tabiat axloqi, ekologik axloq va shu kabi yo‘nalishlar shakllandi. Shunday qilib, axloqiy mas'uliyat doirasining kengayishi yuz berdi. Masalan, biologik axloq ta'limotining asoschilaridan biri bo‘lgan ingliz faylasufm R.Atfild hyech bir istesnosiz barcha yirik mavjudotlarni axloqiy maqomga ega qilib qo‘yadi. «er yuzi axloqi» ta'limotining asoschilaridan biri O.Leopold undan ham o‘zib ketadiki, uning fikricha, faqat biologik ob'ektlargina emas, balki ekologik tizimlar ham, biosfera, yer yuzi ham yo‘laligicha axloqiy maqomga egadirlar.

Axloq falsafasida yangi yo‘nalishlarning shakllanishi, hali unda an'anaviy ma'naviy-axloqiy muammolarga qiziqishning barham topishi ma'nosini anglatmaydi. Ezgulik va illatlar, hayot va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, to‘g‘rilik va egrilik, ulug‘vorlik va pastkashlik, altruizm va xudbinlik – bu va boshqa ko‘plab masalalar asrlar davomida insoniyatning eng asl aql egalarini, faqatgina faylasuflarnigina emas, doim qiziqtirib kelgan.

Mustaqil O‘zbekistonning milliy g‘oyasini shakllanishi va rivoji do‘stlik, xayrixohlik, mehr-shafqat, mehnatsevarlik, poklik, kattalarga hurmat, bag‘ri kenglik, ma'rifatparvarlik kabi axloqiy qadriyatlar bilan bog‘liqdir397. Jamiyatning haqiqiy gullab-yashnashi, taraqqiyoti faqat shundagina mumkinki, agarda unda ma'naviy-axloqiy asos mustahkam o‘rnatilgan bo‘lsa.

Ushbu paragrafni A. Eynshteyning so‘zlarini keltirish bilan tugallash maqsadga muvofiqdir: «Oxir oqibatda insoniy qadriyatlarning barchasini asosida axloqiylik yotadi».


Download 1.43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   163   164   165   166   167   168   169   170   ...   235




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling