Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida
Download 1.79 Mb.
|
Falsafa Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar
Bilish nazariyasi. Bilishning asosi, dunyo haqidagi bizning bilimlarimizning manbai, his-tuyg‘u a'zolari vositasida qo‘lga kiritilgan, hissiy bilimlardir.
Beruniy har bir his-tuyg‘u turini tasvirlaydiki, u tufayli hayvonlar tashqi dunyoda ma'lum yo‘nalishga ega bo‘lib, atrof muhitdagi sharoitlarga moslashadilar. Insonning his-tuyg‘u a'zolari ham shu maqsadga xizmat qiladilar, ya'ni ular uning tashqarisida sodir bo‘layotgan hodisalardan unga ma'lumot berishlari lozim. Har bir his-tuyg‘u muayyan bir turdagi qo‘zg‘atuvchidan ta'sirlanmog‘i lozim, shunisi ham borki, ushbu qo‘zg‘atuvchilar moddiydirlar, negaki, faqat shundaylargina sezish uyg‘otishlari mumkin. Inson, hayvonlardan farqli o‘laroq, aqlga egadirki, shuning o‘zi insonning his-tuyg‘usini hayvonnikidan farqlaydi. Beruniy bilimlarni kasb etish va ularni tekshirish uchun tajribani qo‘llashni talab qildi. Beruniy uchun tajriba amalan faqat bilimlarni kasb etish vositasigina emas, balki haqiqatni, uning mezonini aniqlashning hal qiluvchi quroli edi. Masalan, zumradning ilon ko‘ziga ta'siri haqida to‘xtalib, go‘yo agar bu qimmatbaho toshga ilon qarasa, ko‘zi buzilishi haqidagi rivoyatga munosabat bildirib, Beruniy yozadi: «Ammo hikoya qiluvchilarning yakdil fikrlariga qaramasdan, buning haqiqatligi tajriba orqali tasdiqlanmadi»68. Jamiyat. Beruniy fikricha, aql kuchining o‘zi insonga hal qiluvchi imtiyoz bera olmaydi. Buni jamiyatgina ta'minlashi mumkin, jamiyatni paydo bo‘lishi asosida esa – odamlarning moddiy ehtiyojlari yotadi: «Inson o‘zining yalang‘ochligi va zaifligi tufayli, o‘zining (himoya) organlarining yo‘qligi tufayli, boshqalar tomonidan sinovlarga duchor bo‘lib, doimiy ravishda o‘zini himoya qiladigan va uning ehtiyojlarini qondiradigan zaruriyatni his qildi»69. Himoyalanish zaruriyati hamda boshqa ehtiyojlarni qondirish, odamlarni, birgalikda yashashga majbur qiladi. «Ehtiyojlar xilma-xil va ko‘p sonli bo‘lib, faqat bir necha kishilarning birlashmasi ularni qondirishi mumkin. Buning uchun odamlar shaharlarni barpo qilishga ehtiyoj sezadilar».70 Demak, Beruniy jamiyat hayotida o‘ziga xos shartnomali ibtido zarurligini tan oladi. Kishilarning o‘zlari jamiyat barpo qiladilar, birgalikdagi hayotni tashkil etadilar. Shunga muvofiq ravishda u insonning burchi, jamiyatdagi uning vazifasini qarab chiqadi. Insonning eng asosiy majburiyatlaridan biri – mehnatdir, chunki «xohlangan maqbul narsa, mehnat sarflash orqali qo‘lga kiritiladi»71. Beruniy pulning kelib chiqishini, avvalo, mehnat taqsimoti bilan bog‘ladi. «Ehtiyojlarning oshib borishi va ularni turli vaqtlarda paydo bo‘lishi, shuningdek, biri vaqt bo‘yicha boshqada bo‘lgan narsaga ehtiyoj sezmasligi, - bularning barchasi kishilarni alohida olingan holdagi turli teng qiymatlik narsalar o‘rniga baholash uchun umumiy o‘lchov qidirishga olib keldi. Buning uchun odamlar shunday narsani tanladilarki, o‘z ko‘rinishi va yaraqlashi bilan ko‘zni quvontiradi, kam uchraydi va uzoq vaqt saqlanib qoladi»72. Uning ta'limotiga ko‘ra, odamlar o‘rtasidagi bilimga muvofiq pul sifatida ishlatiladigan oltin va kumush, o‘z o‘zicha qimmatga ega bo‘lmasdan, insonning hyech qanday ehtiyojini qondira olmaydi. Faqat ayrboshlash vositasidagina pul umumiy o‘lchov sifatida, teng qiymatlilik (ekvivalent) ahamiyatini qo‘lga kiritdiki, uning asosiy vazifasini tashkil etdi. Kishilar ehtiyojini qondirishga yordam beradigan hamda adolatlilikka rioya etilayotganligini nazorat qilish maqsadida, jamiyatdagi tartiblarni qo‘llab-quvvatlash uchun unda hokimlik mansabi joriy etiladi. Jamiyatni boshqarishni Beruniy hukmdorning jamiyatga xizmati deb tushunadi: «Idora qilish va boshqarishning mohiyati – zulmdan azob chekuvchilarni ezuvchilardan himoya qilish uchun o‘z oromidan kechishdir»73. Beruniy Mag‘rib shaharlaridan biridagi tartiblar to‘g‘risida gapirib ma'lumot keltiradiki, undagi boshqaruv navbatma-navbat «er egalari va aslzodalar orasida» biridan ikkinchisiga o‘tadi. O‘sha vaqtda boshqaruvning mohiyatini shunday tushunish va unga xayrixohlik bildirish katta jasorat talab qilar edi. Podsho ayniqsa shunday kishilar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi kerakki, ular «er ishi bilan bandlar», chunki «dunyo dehqonchilikka tayanadi, yer ishlash esa, hokimiyat tufayli mavjuddir va ularning biri ikkinchisisiz bo‘la olmaydi»74. Odil hukmdorning asosiy vazifasi sifatida Beruniy «yuqoridagilar bilan pastdagilar orasida adolatni va kuchlilar bilan zaiflar o‘rtasida tenglik»75ni o‘rnatish, deb hisoblaydi. Mamlakat ravnaqi ilm-fanning ahvoli va ularning gullab–yashnashi bilan belgilanadi. Insonning oliy baxti – bilimdadir: «Haqiqiy lazzatni faqat shunday narsa beradiki, inson unga ega bo‘lgan sari, unga intilish yanada ko‘proq oshib boraveradi. Va inson ruhining holati ham, u ilgari bilmagan narsasini bilib olsa, shunday bo‘ladi»76. Insonning oliy qadr-qimmati – uning boshqalar va ayniqsa kambag‘al odamlar to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Beruniy xalqlar o‘rtasida o‘zaro to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatishga halal beradigan milliy va diniy cheklanganlikka qarshi chiqdi. U shunday kishilarni mahkum etdiki, ularning ishonchiga ko‘ra «er – bu ularning yeri, odamlar – bu faqat ular mansub bo‘lgan xalqning vakillari, podsholar – faqat ularning hukmdorlari, din – faqat ularning aqidasi, ilm – faqat, o‘shalarda bor bo‘lgan ilmdir»77. Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) (980-1037) ilmiy- tabiatshunoslik va ijtimoiy-falsafiy fikrlar taraqqiyotiga juda katta hissa qo‘shgan, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkiridir. Tasodifiy emaski, u «Shayxur rais» - «Olimlar ustozi» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan edi. Ibn Sino Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. U Buxoroda ta'lim oldi, astronomiya, riyoziyot, mantiq, fizika, metafizika, huquq va boshqa fanlarni o‘rgandi. Yoshlik yillaridayoq o‘zining davolash san'ati bilan mashhur bo‘ldi. 999 yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan bosib olingan vaqtda, Ibn Sino Urganchga qochdi. Bu yerda Xorazmshoh Ma'mun saroyi huzuridagi Beruniy rahbarlik qilgan Akademiyada Ibn Sino juda ko‘p mashhur olimlar bilan tanishdi va o‘z bilimini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xorazmni g‘aznaviylar tomonidan bosib olinishi xavfi ostida Ibn Sino Eronga qochdi. 1037 yilning 18 iyunida Hamadonda saroy tabibi va vazir bo‘lib ishlayotgan vaqtida vafot etdi. O‘limi oldidan u barcha mol-mulkini xizmatkorlari va kambag‘al kishilarga bo‘lib berdi. Ibn Sinoning dunyoqarashi uning zamonining madaniyatini aks ettiradi. Uning dunyoqarashi Hindiston tabiatshunosligi va Yunoniston falsafasi ta'siri ostida shakllandi. Ibn Sino Buqrot (Gippokrat), Jolinus (Galen), yevklid, Arximed, Pifagor, Arastu, Porfiriylarning asarlari bilan yaxshi tanish edi. Ibn Sinoga Ar-Roziy va Forobiylar juda katta ta'sir o‘tkazishdi. Ibn Sino 260 nomdan ko‘proq boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. Bizgacha uning 160 asari yetib kelgan. Ular ichida eng yirigi 22 jilddan iborat «Kitob ash-shifo» («Ruhni davolash kitobi») bo‘lib, o‘z ichiga mantiq, fizika, riyoziyot va metafizikani qamrab oladi. Uning boshqa asarlari «Qonun fit-tib» («Davolash ilmi qonuni»), «Kitob an-najot» («Najot topish kitobi»), «Donishnoma» («Bilimlar kitobi») va boshqalardir. Ibn Sino qalamiga quyidagi badiiy asarlar ham mansub: «Risola at-tayr», «Solomon va Ibsol», «Hay ibn Yaqzon». Download 1.79 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling