Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


-mavzu.Madaniyatning mazmun-mohiyati va funksiyalari


Download 1.76 Mb.
bet10/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

3-mavzu.Madaniyatning mazmun-mohiyati va funksiyalari.
Reja:
1.Madaniyat tushunchasi va uning ta’riflari.
2.Madaniyat ijtimoiiy hodisa sifatida.
3.Madaniyatning asosiy funksiyalari.(olamni o‘zlashtirish va
o‘zgartirish vazifasi; himoya-moslashuv vazifasi;
signefikativ vazifa; axborotlarni yaratish va yig‘ish
vazifasi; kommunikativ vazifasi; me’yoriylik vazifasi;
ruhiy mo‘tadil muhit yaratish vazifasi.)
1.Madaniyat tushunchasi va uning ta’riflari. Madaniyat insonni
hayvondan, jamiyatni esa tabiatdan farqlaydigan sifatiy belgi bo‘lib, faqat insonga va jamiyatgagina xos bo‘lgan, insonning xatti-harakatlari, faoliyati va mehnati natijalari namoyon bo‘ladigan bilimlar, tajribalar, ko‘nikmalar, majmuasidir.
Madaniyat – ajdodlardan avlodlarga genetik (irsiy) yo‘l bilan o‘tuvchi jarayon emas, balki ajdodlar tomonidan to‘plangan hayotiy tajribalarning keyingi avlodlar tomonidan qabul qilinishi, o‘zlashtirilishi, boyitilishi hamda an’anaviy ravishda o‘zidan keyingi avlodga meros qoldirilishidir. Insoniyat madaniy boyliklarni yaratish jarayonida turli-tuman vaziyatlarni hisobga olishga majbur bo‘lganligi bois, u tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar shaklan va mazmunan aynan bir-birini takrorlamaydi. Ularning vazifasi bir xil bo‘lsa-da, lekin turli-tuman ko‘rinishlarda mavjud bo‘lib kelgan. Madaniy boyliklarning shaklan bir xil bo‘lmasligiga asosiy sabab, kishilarning turli mintaqalarda, turli shart-sharoitlarda, turli-tuman vaziyatlarni boshdan kechirishiga bevosita bog‘liq bo‘lganligidir. Masalan, yer sharining turli qit’alarida istiqomat qiluvchi kishilar madaniy boyliklarni yaratish jarayonida, albatta o‘sha joyning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishi shart bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, madaniy boyliklarni yaratishda geografik muhitning hisobga olinishi o‘ta muhim ahamiyat kasb etgan.
Ikkinchi tomondan, kishilar bir xil (yagona) biologik xususiyatlarga ega bo‘lganliklari bois, eng avvalo o‘zlarining moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi madaniy boyliklarni – oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, turli xil ishlab chiqarish qurollari va vositalarini yaratadilar, ularni ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘ladigan o‘ziga xos munosabatlarini tarkib toptiradilar, lekin ular o‘zlari ishlab chiqargan moddiy boyliklarni yuzaga keltirish, ularni ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanishi jarayonida o‘zi bilan birgalikda mehnat qilayotgan, bir-birlariga yordam berayotgan, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlayotgan, birgalikda turmush kechirayotgan hamda ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiiy munosabatlari, o‘zaro hamkorligi ma’naviy-madaniyatning, ma’naviy-ruhiy kechinmalarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Aynan, insonning ijtimoiiy mavjudotga aylanishi jarayoni moddiy-madaniy boyliklarni yaratish jarayonida hosil bo‘ladigan turli xil vaziyatlar va sharoitlarda vujudga keladi.
Insoniyat tomonidan vujudga keltirigan madaniy boyliklarga chuqurroq nazar tashlansa, uning ko‘zga ko‘rinmas ichki o‘zak – yadro qismini insonning ruhiy kechinmalari bilan bog‘liq urf-odatlar, diniy e’tiqodlar, estetik tasavvurlar, axloqiy me’yorlar, musiqiy ohanglar, ta’lim-tarbiyaga oid tajribalar, turli tuman g‘oyalar, mafkuraviy qarashlar, amaliy san’atga oid tasavvurlar va boshqalar tashkil etishini his qilamiz. Uning ichki tuzilishi nihoyatda turg‘un, o‘zgarmas va takrorlanmas xarakterga, ikkinchi tomondan esa, harakatlanuvchan va o‘zgaruvchan jarayonlardan iborat ekanligini anglab yetish mumkin.
Tashqi ko‘rinishlari esa moddiy shaklda, ya’ni insonning ko‘ziga tashlanib turadigan predmetlar, buyumlar, ramzlar, belgilar, xatti-harakatlar shaklida mavjud bo‘ladi.
Madaniyatga asos bo‘luvchi elementlar ham ikki ko‘rinishga – moddiy va ma’naviy elementlardan iboratdir. Moddiy elementlarning yig‘indisi moddiy, ya’ni insonning moddiy e’tiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan, uning jismoniy faoliyati natijasida vujudga keluvchi madaniy boyliklar ko‘proq ko‘zga tashlanib tursa, madaniyatning yadrosini tashkil etuvchi elementlar, ya’ni insonning ma’naviy faoliyati natijasida vujudga keluvchi, ma’naviy ehtiyojlarni qondiruvchi elementlari esa ko‘zga yaqqol tashlanib turmaydi, lekin moddiy boyliklarda mujassamlashib kelgan taqdirdagina ko‘zga tashlanishi mumkin.
Ammo madaniyatning moddiy va ma’naviy elementlarga bo‘linishi shartli bo‘lib, vujudga kelishi va yaratilishi jarayonida uning moddiyligi ham ma’naviyligi ham o‘zaro chambarchas, bir-birlari bilan uyg‘unlashib keladi.
“Madaniyat” tushunchasining turli xil ma’nolarda ifodalanishi, ya’ni muayyan ta’rif va tafsiflarga egaligi quyidagicha ko‘rinishlarda ko‘zga tashlanadi. 1.Qadriyatlar sifatidagi tushunchasi, 2.Me’yoriylik va namunaviylik nuqtai nazaridan tavsiflanishi. 3.Atrof muhitga moslanuvchanlik xususiyati. 4.Ko‘nikma hosil qilish, muvofiqlashuvchanlik xususiyati. 5.Ijtimoiy-tarixiylik, ya’ni ijtimoiiy tajriba va malakalarning yig‘indisi sifatidagi ko‘rinishi. 6.Ma’naviy-ruhiy (psixologik) ma’noga egaligi. 7.Muayyan ma’no-mazmunni ifodalashi. 8.Madaniyatning aloqa bog‘lashlik xususiyati., 9.Turmush tarzini ifodalashi.
Shuningdek, madaniyat o‘z tarkibining murakkabligi bilan ham quyidagi tuzilishdan iboratdir. 1.Ilmiy madaniyat. 2.Diniy madaniyat. 3.Badiiy madaniyat. 4. Texnik (texnologik) madaniyat. 5.Odatiy madaniyat. 6.O‘rganish bo‘lib qolgan madaniyat 6.Ommaviy madaniyat. 7.Elitar madaniyat. 8.Kasbiy madaniyat. 9.Submadaniyat. 10.Qarama-qarshi madaniyat. 10.Me’yoriylik, ya’ni muayyan tartib-qoidalarga amal qilish madaniyati (mansablar, oilaviy munosabatlardagi, yosh xususiyatlariga oid va b.q). 11.Diplomatik madaniyat va boshqalar.
2.Madaniyat ijtimoiiy hodisa sifatida. Madaniyatning o‘ziga xos konsepsiyasi taniqli rus sotsiologi Pitirim Aleksandrovich Sorokin (1889 - 1968) tomonidan yaratilgan va ishlab chiqilgan.
P.Sorokinning “Ijtimoiy tabaqalanish va harakatchanlik”, “Ijtimoiy-madaniy dinamika” kabi tadqiqotlarida ta’kidlanishi-cha, har qanday jamiyatni faqat unga xos “ma’no, me’yorlar, qadriyatlar” tizimlari orqali tasvirlash va tushunish mumkin, ushbu tizimgina ma’lum bir davrning madaniy sifatini belgilab bera oladi.
P.Sorokinning ta’kidlashicha, madaniyat so‘zning keng ma’nosida jamiyat taraqqiyotining u yoki bu bosqichida yaratilgan yoki tan olingan madaniy boyliklarning yig‘indisi mujassamlashib keladi. Jamiyatning rivojlanishi va yuksalishi jarayonida mazmun jihatidan ancha farqlanib turuvchi diniy, axloqiy, estetik, huquqiy va boshqa madaniy tizimlar yaratiladi. Insoniyat tomonidan yaratilgan barcha madaniy tizimlarning asosiy xususiyati, ularning yagona tizimga birlashishga moyilligidir. O‘zaro moyillikning yuksala borishi esa, oldingilariga nisbatan ancha mukammallikka ega bo‘lgan yangidan yangi madaniy tizimlarning vujudga kelishiga olib keladi.
Madaniyatning o‘zgaruvchanlik, mazmunan mukammallikka erishish va muayyan tizimga birlashishga bo‘lgan moyilligi, bir-biridan farqlanib turuvchi madaniy tizimlarni vujudga keltiradi P.Sorokin ta’kidlaganidek, “har qanday buyuk madaniyat shunchaki turli hodisalarning yig‘indisi emas, balki bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, lekin o‘ziga xususiyatlarini saqlab qoluvchi madaniyatlar yig‘indisidir”. (Sorokin.P.Chelovek, sivilizatsiya. Obщestvao. M., 1992. S.319) P.Sorokin ijtimoiy jarayonlarning xarakteridan kelib chiqib, yuqori madaniy taraqqiyotga erishgan ijtimoiiy tizimlarni quyidagi uch turga bo‘lib ko‘rsatadi. U birinchi tipga – o‘rta asrlar yevropa madaniyatini kiritadi. Mazkur madaniy tipning asosiy xususiyati va qadriyati Xudo hisoblanadi. Chunki, bu davr madaniyatining mazmunida, masalan, arxitektura (me’moriy) va haykaltaroshlik san’atlarida ilohiylik, ya’ni “toshdagi Bibleya” g‘oyasi ustunlik qilgan. Tasviriy san’at asarlari ham turli tuman ifodaviy vositalar orqali Bibliya mavzularini yoritib bergan. Aynan ana shu davr falsafasining markazini ham din va diniy e’tiqodlar birligi tashkil etgan. Oila esa ilohiy nikohga asoslangan.
Shunday qilib, O‘rta asrlar madaniyatining barcha tarkibiy qismlari bir butun bo‘lib, cheksizlik, o‘ta sezgirlik, Xudoning o‘ta aql-zakovati eng yuqori madaniy tamoyilni ifoda etgan. P.Sorokin bunday super tizimni g‘oyaviy deb atadi. Uningcha, mazkur g‘oya nafaqat o‘rta asrlardagi G‘arbiy Yevropada, balki adimgi Hindistonda brahmanlik va buddaviylik madaniyatida ham, miloddan avvalgi VIII-VI asrlar yunon madaniyatida ham mavjud edi.
XII asr oxiriga kelib, G‘arbiy Yevropada bu tizim parchalana boshladi. Natijada, «Sezgi a’zolarimiz orqali ko‘radigan, eshitadigan, his qiladigan hamda idrok etish mumkin bo‘lgan, haqiqiy aniq ma’no-mazmunga ega bo‘lgan madaniyat tizimi vujudga keldi”, deb yozgan edi P.Sorokin (Yuqorida ko‘rsatilgan asar. 329- bet.).
“Taxminan XVI asrdan boshlab, G‘arbiy Yevropada yangi tamoyilga, ya’ni madaniyatning zamonaviy shakli - hissiy, empirik, dunyoviy va bu dunyoga mos keladigan shakli vujudga keldi”, deb ta’kidlaydi Sorokin. Uningcha, bu madaniyatning asosiy xususiyatlari dunyoviylik va utilitarizm (foyda olishga intilish)dir. Aynan madaniyatning ana shu xususiyati Xudo g‘oyasini mag‘lub etdi va uning asosida hissiy deb atash mumkin bo‘lgan yangi madaniyat paydo bo‘ldi. Lekin u inqirozni boshdan kechirmoqda. Chunki u, yangicha ko‘rinishdagi urushlar, inqiloblar va qon to‘kishlar bilan birgalikda vujudga keldi. Yigirmanchi asrda madaniyat boshidan kechirayotgan inqiroz uning tarixiy mavjudligini tugatish degani emas. Ammo bu butun insoniyat madaniyatining oxiri yaqinlashmoqda degani emas, inson tirik ekan, madaniyat yo‘qolmaydi, deb ta’kidlaydi.
G‘arbiy Yevropalik olimlarning madaniyatning ijtimoiy hodisa ekanligi to‘g‘risidagi konsepsiyalari bir-biridan farqlanib turadi. Masalan, I.Xeyzing, Ortega-i-Gasset va G.Gesslarning dunyo madaniyati konsepsiyasi; madaniyatning lingvistika, matematika va kibernetika ta’siri ostida shakllanishi to‘g‘risidagi Levi-Strosning struktural-antropologik konsepsiyasi (mazkur oqim vakillari narsa va hodisalarning strukturaviy xususiyatlarini bilish uning ob’ektiv mohiyatini bilishga yordam beradi, deb hisoblaydilar); madaniyat sotsiologiyasi to‘g‘risidagi M.Veber, A.Mol va boshqalarning konsepsiyalari mavjuddir.
Levi Stross va Fukolar bilishda strukturaviy usulning ahamiyatini mutlaqlashtiradilar. Mazkur oqim vakillari narsa va hodisalar, shu jumladan inson faoliyatining mahsuli madaniyatning ham tuzilishga egaligini aniqlash, uning ob’ektiv mohiyatini bilishga yordam beradi, deb hisoblaydilar.
3.Madaniyatning asosiy funksiyalari. Yuzak qaraganda go‘yoki ma’naviy boyliklarni yuzaga keltirishdan asosiy maqsad – jamiyat va inson ma’naviy faoliyatini tartibga solishdek ko‘zga tashlanadi. Lekin madaniyat masalasiga, mazkur atamaning asl mohiyatiga e’tibor bilan qaralsa, madaniyatning funksiyasiga beriladigan ta’rif uning asl mohiyatini ifodalab beraolmaydi.
Madaniyatning vazifalarini klassifikatsiya qilish eng avvalo ma’naviy ishlab chiqarishning barcha sohalarini qamrab oladi. Quyida biz madaniyatning bir qator funksiyalariga qisqacha ta’rif beramiz.
1.Ma’naviy faoliyatning me’yoriylik, madaniy boyliklar, qadriyatlar, bilimlar va malakaviy ko‘nikmalarni yuzaga keltirish funksiyasi. Madaniyatning mazkur funksiyasi chuqur ma’no va mazmunga ega bo‘lgan bilimlarni, ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, tashqi dunyoga, jamiyatga va insonga bo‘lgan ma’naviy munosabatlarni yuzaga keltirishni nazarda tutadi. Amaliy tajribalar, badiy ijod va fanning oldingi davrlarga nisbatan mukammal ko‘rinishga ega bo‘lishi, inson va jamiyat ehtiyojlarini qondirishga qaratilganligi, mukammal ijod, ham yaratuvchanlik faoliyatining innovatsiyalarga asoslanishi yotgan.
2.Madaniy boyliklarni to‘plash(saqlash), ularni asrab-avaylash, keyingi avlodalga yetkazib berish funksiyasi. Insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar o‘tmish xotiralari va boyliklarini o‘zida mujassamlashtiruvchi asosiy manba bo‘libgina qolmay, ularni saqlash, asrab-avaylash, shuningdek, keyingi avlodlarga yetkazib berish vazifasini ham o‘taydi. Chunki, madaniy boyliklarda o‘tmish ajdodlarning xotiralari mujassamlashib keladi. Natijada bugungi avlod o‘zlarining o‘tmish ajdodlari, ular yaratgan madaniy boyliklarning qay shaklda yaratilganligi, qanday vazifalarni bajarganligi, ularning hayoti va turmushida qanday rol o‘ynaganligi, qanday qilib asrab-avaylab kelganligi to‘g‘risida ma’lumot beradi, madaniy xotirlarni to‘plovchilik vazifasini bajaradi.
3.Madaniyatning kommunikativ - aloqa bog‘lashlik funksiyasi. Madaniyat individ va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni tarkib toptirish hamda ular o‘rtasida vujudga keluvchi munosabatlarni shakllatirishda muhim rol o‘ynaydi. Madaniyat kishilar bilan kishilar, kishilar bilan jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni vujudga keltiribgina qolmay, ularning o‘zaro aloqa bog‘lashlariga ham yordam beradi. Mazkur vazifani amalga oshirishda nafaqat moddiy madaniyatning elementlari, balki, ma’naviy madaniyatning siyosat, til, san’at, fan, diniy e’tiqodlar kabi ko‘plab ko‘rinishlari muhim rol o‘ynaydi.
4.Madaniyatning ijtimoiylashtirish vazifasi. Ma’lumki, insonam biologik, ham ijtimoiiy mavjudot hamdir. Kishilar muayyan jamiyatda yashar ekanlar o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishmasdan, jamiyat tomonidan belgilab berilgan muayyan me’yorlar va talablarga bo‘ysunmasdan istiqomat qilaolmaydi. Chunki, jamiyat mavjud ekan, jamoa bo‘lib yashash talab qilinar ekan, insonning o‘zi tomonidan yaratilgan muayyan me’yorlar, tartib-qoidalar va talablarga bo‘sunib yashashga majbur. Madaniyat qanchalik darajada mukammallashib borsa, kishilarning ijtimoiylashuvi darajasi ham shunchalik yuqori bosqichga ko‘tarilib boradi.
Ijtimoiy-moslashuv – shaxs tomonidan muayyan madaniyat an’analariga xos bo‘lgan faoliyat va xulq-atvor me’yorini o‘zlashtirish, qadriyatlar va tartib-qoidalarni anglash jarayoni hisoblanadi. Shaxsning ijtimoiy-madaniy muhitga moslashuvi deyarli butun hayoti davomida amalga oshadi. Ijtimoiy moslashuvda shaxsning jamiyatda o‘rnatilgan tartib intizomni o‘z imkoniyatlari va ijtimoiy muhit talablari bilan muvofiqlashtirishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Madaniyatning ijtimoiylashtiruvchilik funksiyasi kishilardan nafaqat jamiyatda mavjud bo‘lgan me’yorlar va talbalarni bajarishini, shuningdek, qo‘ygan talablarni so‘zsiz bajarib borishni, ana shu talablarning mazmun-mohiyati va vazifalaridan muntazam ravishda xabardor bo‘lishni ham talab qiladi.
Albatta, bu jarayonlarning asl maqsad va vazifalarini to‘liq anglab borish uchun ijtimoiylashuv talablarini to‘liq anglab olish hamda ularga so‘zsiz bo‘ysunishi zaruratga aylanadi. Buning uchun esa, jamiyatda mavjud bo‘lgan ijtimoiy qatlamlar tomonidan qabul qilingan madaniy me’yorlardan xabardor bo‘lishi o‘ta muhim ahamiyatga ega.
5.Madaniyatning muvozanatni to‘ldirish vazifasi. Madaniyat insonda vujudga keladigan ma’naviy-ruhiy tangliklarni, hayotiy muammolarni yengillashtiradi. Masalan, kishilar san’at asarlari yordamida, ya’ni badiiy asarlarni o‘qish, musiqani tinglash, kinofilm va spektakllarni tomosha qilish orqali o‘zida paydo bo‘lgan ma’naviy muvozanatni tiklaydi, to‘ldiradi, mo‘tadillashtiradi. Ma’naviy-ruhiy toliqishlarni bartaraf etiladi.
6.Madaniyatning o‘yin funksiyasi. O‘yinlar, madaniyatning eng qadimgi ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, ular orqali kishilar nafaqat jismonan chiniqadilar, tanadagi ortiqcha zo‘riqishni bartaraf etadilar, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish zarurligini, xolislikni anglab yetadilar. Shuningdek, o‘yinlar tomoshaviylikni, oliyjanoblikni, o‘zaro musobaqalashuvni, bir-birini qo‘llab-quvvatlashuvni shakllantiradi.
7.Madaniyatning begonalashuvni bartaraf etish vazifasi. Madaniyat kishilarni o‘zaro begonalushuvdan qutqaradi, jamiyat tomonidan belgilangan tartib-amallar asosida hayot kechirishga, jamiyatning, muayyan jamoaning, oilaning ma’naviy-ruhiy muhitga moslashib yashashiga yordam beradi, kishilarning begonalashuvini bartaraf etadi. Ma’lumki, tabiatning ko‘zga ko‘rinmas hodisa hamda jarayonlari insonning xohish-irodasiga bo‘ysunmaydi. Masalan, bugungi kundagi ekologik vaziyatni olib qarasak, insonning ekologik o‘zgarishlariga moslashinuvini talab qiladi. Natijada, kishilar aynan ana shu kutilmagan vaziyatlarga moslashish uchun zarur bo‘lgan madaniyatning yangidan-yangi ko‘rinishlarini yaratadi. Madaniyatning ushbu vazifasini amalga oshirishda kishilar ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatning yangidan yangi ko‘rinishlarini shakllantiradi.
Ikkinchi tomondan, jamiyat tomonidan bajarilishi shart qilib qo‘yilgan ayrim tartib-qoidalar, qonun va qonun osti hujjatlari kishilarning yashasha tarziga ta’sir ko‘rsatib, ularning turmush kechmishlari murakkablashtirib qo‘yishi ham, jamiyatdan, jamoadan, oiladan begonalashuviga ham olib kelishi mumkin. Ana shuday holatlarda madaniyat kishilarning ruhiyatini mo‘tadillashtirish vazifasini bajaradi.
8.Tashqi olamni o‘zlashtirishga yordam berish vazifasi. Madaniyatning mazkur vazifasi kishilarni tashqi tabiatni o‘zlashtirishga majbur qiladi. Chunki, inson tashqi tabiat kuchlarini o‘ziga bo‘ysundira olmaydi. Buning birdan bir yo‘li kishilarning – o‘zlari anglab yetishi qiyin bo‘lgan hodisa va jarayonlarning kelib chiqish sabalarini aniqlab olishi to‘g‘risida yangicha qarashlar va yondoshuvlarni egallashi talab qilinadi. Madaniyat orqali, ya’ni ilm-fanning yangidan yangi qirralarini yaratish orqali kishilar, tashqi tabiatning hali o‘zlari uchun noma’lum bo‘lgan voqea va hodisalari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘ladilar, ularni baataraf etish yoki ularga moslashish yo‘llarini anglab boradilar.
9. Birlashtirish vazifasi. Madaniyat kishilarni eng muhim hayotiy vazifalarni bajarishi yo‘lida o‘zaro birlashishlariga yordam beradi. Mazkur vazifani bajarishda madaniyatning quyidagi shakllari – til, qadriyatlar, marosimlar, diniy e’tiqod, axloqiy me’yorlar talablarini bajarish va amal qilish yo‘llari bilan amalga oshiriladi.
10.Axborot berish (uzatish) – funksiyasi. Madaniy boyliklarni yaratishga qaratilgan jarayonlar hech qachon to‘xtab qolmagan, va qolmaydi ham. Yangidan yangi madaniy boyliklarning yaratilganligi to‘g‘risida xabarlarni uzatishda nafaqat yakka shaxslar, shuningdek, guruhlar, etnik birliklar, mamlakatlar o‘rtasida sodir bo‘lib turadigan axborot almashinuvi natijasida sodir bo‘lib turadi.
Axborot uzatishning to‘xtashi – umumijtimoiy jarayonnning, yangidan yangi madaniy boyliklarni yaratishning, bilim, malaka va ko‘nikmalarning to‘xtab qolishidan darakdir, Agar madaniyatning axborot uzatish jarayoni yangidan yangi vositalaridan foydalanmasa, ular boyib va mukammallashib bormasa, madaniyatning murakkab va zamonaviy ko‘rinishlarini yaratish jarayoni ham joyida qotib qoladi, izdan chiqadi va butunlay o‘z faoliyatini amalga oshira olmay qoladi.
11.Ramzlar, belgililik funksiyasi. Madaniyat – bu turli ramzlar, belgilar, alomatlar yig‘idisidan iborat. Nimaiki insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar muayyan ma’no-mazmunni ifodalamas ekan, uning insoniyat uchun hech qanday ahamiyati qolmaydi. Faqatgina insoniyat tomonidan muntazam ravishda yaratiladigan madaniy boyliklarni ifodalovchi ramzlar, belgilar orqaligina biz olamni, undagi barcha narsalar hamda jarayonlarning ahamiyatini, ularning bajaradigan vazifalarini anglab yetamiz
12.Madaniyatning tartibga solish funksiyasi. Madaniyat kishilarning xatti-haraktalarini tartibga solib boradi, ularning muvozanatini ma’lum bir me’yorda saqlab turadi. Madaniyatning mazkur vazifasi ijtimoiy me’yorlar: huquqiy, axloqiy, turli rasm-rusum, odatlar, irim-sirim, marosim va an’analarda o‘z ifodasini topadi.
13.Aksiologik funksiyasi. Madaniyat kishilarning hatti-harakatlarini, ya’ni nimaning yaxshi, nimaning esa yomon, nima ahamiyatli yoki nima ahamiyatsiz, nima go‘zal, nima xunuk, nima haqqoniy yoki nimaning adolatsiz ekanligini belgilab beradi, ya’ni nima qadrli va nimaning qadri yo‘qligini aniqlab beradi. Natijada nimaiki qadrli ekan, ularni o‘zlaridan keyingi avlodlariga yetkazib berish zarur ekan, ularni asrab-avaylash muhim ekan, kishilar ularni qadrlaydi, asrab-avaylaydi, ularni ehtiyotlash choralarini ko‘radi.
14. Qayta o‘zgartirish (takomillashtirish) vazifasi.
Ma’lumki, kishilar tashqi dunyodagi barcha narsalarni, o‘zlari uchun zarur bo‘lgan madaniy boyliklarni, shu jumladan o‘zlarining ma’naviy dunyosini boyitadigan, hayot kechirishi uchun zurur ekan, nafaqat ularni asrab-avaylaydilar, shuningdek, ularni takomil darajasiga ko‘tarishga yordam beruvchi bilimlari, malaka va ko‘nikmalarini o‘zgartirib, mukammallashtirib borishga astoydil kirishadilar. Demak, madaniyatning ushbu funksiyasi kishilarni qurshab turgan barcha narsalarni o‘zgartirib, murakkablashtirib borishiga ta’sir ko‘rsatadi, talab qiladi.
15. Insonning ma’naviy va jismoniy kuch-quvvatini qayta tiklash vazifasi. Ma’lumki, inson nafaqat yashashi uchun, balki o‘zining ma’naviy takomili uchun zarur bo‘lgan bilim, tajribasi, va hatto, o‘zining ma’naviy-jismoniy ruhiy holatini va kuch-qudratini nafaqat tiklashga, balki ularni yanada mustahkamlashga harakat qiladilar. Madaniyat insonning ana shu intilishlari, hatti-harkatlarini qondirish vazifasini bajaradi.
16.Madaniyatning insonparvarlik vazifasi. Madaniyat ijtimoiiy-madaniy ongli mavjudot hisoblanuvchi insonning ijtimoiylashuvi va madaniylashuviga, ya’ni insonparvarlik qiyofasiga ega bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi, boshqalar bilan birgalikda jamoa bo‘lib yashashigayordam beradi, ko‘maklashdi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Madaniyatning vazifalari to‘g‘risida turlicha qarashlar va yondo-shuvlar mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari umummadaniyat masalasiga tegishli bo‘lsa, ayrimlari ma’naviy madaniyatga, ayrimlari esa moddiy madaniyatga tegishli ekanligi ko‘zga tashlanadi.
Madaniyatning yuqorida sanab o‘tilgan vazifalari umummadaniyat- ga tegishli vazifalar hisoblanadi. Quyida sanab o‘tiladigan vazifalar esa, ma’naviy madaniyatga tegishli vazifalar bo‘lib, mazkur vazifalarda chegaralanmaganlik ko‘zga tashlanadi: a) an’anaviylikni saqlab qolish; b) me’yoriylik funksiyasi; v) baholash funksiyasi; g) muayyan maqsadga muvofiq kelishi ; d) bilish funksiyasi; ye) muayyan ma’noni anglatish funksiyasi. (Masalan, Odam - ongli, nutqqa ega jonzot).
Shuningdek, ma’naviy madaniy boyliklarni yaratish jarayonining o‘zi ham birqator vazifalarni bajaradi: a)yangi bilimlarni, me’yorlar, qadriyatlar, yo‘nalishlar, mo‘ljallarni, muhim ahamiyat kasb etuvchi ma’naviy madaniy boyliklarni yaratish funksiyasi; b)yaratilgan va mavjud bo‘lgan bilimlarni, me’yorlar, qadriyatlar (boyliklar) va ahamiyatli boyliklarni to‘plash (jamlab borish), saqlash va yoyish funksiyasi; s)ajdodlardan vorisiylik asosida qabul qilib olingan madaniy-ma’naviy jarayonni nafaqat saqlash, shuningdek ularni yanada rivojlantirish hamda yuksaltirish vazifasi; d)madaniyatning tarkibiy qismlarini davr ruhi bilan boyitib borish vazifasi.
Quyidagilar madaniyatning jamiyat hayotini (ijtimoiylik xarakterini) yanada mukammallashtirish, ya’ni jamiyat hayotini ma’naviy yetuklik darajasiga olib chiqish uchun asos bo‘luvchi vazifalar hisoblanadi. Chunki, ijtimoiylik – inson tomonidan kishilik madaniyatining, xususan milliy madaniyat an’analari o‘zlashtirib borilishi jarayoni sifatida talqin etiladi. Madaniy muhitga moslashuv jarayoni sifatida ijtimoiylashuv insonning butun umri davomida davom etaveradi. Quyidagilar, kishilarning o‘zaro bahamjihat yashashi va hamkorlik qilishi jarayonida nafaqat ularning individual, shuningdek umumiy manfaat va ehtiyojlarini qondirishi, o‘zaro hamkorlikda hayot kechirishi (istiqomat qilishi) natijasida, mehnat qilishi, ijtimoiiy munosabatlarga kirishishi jarayonida vujudga keluvchi talab, istak va ehtiyojlarini qondirishi, tashqi dunyoni o‘zlashtirishi jarayonida vujudga keluvchi tasavvurlari, e’tiqodlarini qondirishga bo‘lgan intilishlarini ta’minlaydi.

Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling