Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


Madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlari


Download 1.76 Mb.
bet8/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

3. Madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlari. Kishilik jamiyati-dagi beqiyos o‘zgarishlar, davlatlar va mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy-siyosiy va ijtimoiy-madaniy aloqalarning murakkablasha borishi, jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi tub o‘zgarishlar, insonning iqtidori va salohiyatidagi imkoniyatlarning yuzaga chiqishi, tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqasida inson o‘rnining orta borishi, tabiat, jamiyat, inson tafakkuri taraqqiyoti, kishilarning turmushi va o‘zaro munosabatlariga oid umumlashtiruvchi tushunchalarga bo‘lgan ehtiyoj davrlar o‘tishi bilan madaniyat tushunchasi mohiyatining o‘zgarishiga olib keldi.
Madaniyatning nazariy masalalari – bu umuminsoniy ma’nviy boyliklar, umumbashariy qadriyatlarni o‘rganish, tahlil qilish va o‘zlashtirish masalasidir.
Madaniyat tushunchasining turli xil talqin etilishi tabiiy bir xol, albatta. Har bir yo‘nalish tarafdorlari o‘zlarining maqsad-muddaolaridan kelib chiqqan xolda madaniyat tushunchasiga ta’rif va tavsif beradilar. Masalan, turli fan namoyondalari-tarixchilar, etnograf va faylasuflar, sotsiolog va arxeologlar, adabiyotshunos, san’atshunoslar va boshqalar o‘zlari mansub bo‘lgan fan sohalari nuqtai nazaridan, madaniyatga ta’rif beradilar, madaniyatning yuksalishi, uning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini, bajaradigan vazifalarini aniqlashga harakat qiladilar. Ayniqsa, “madaniyat”, shu jumladan “kultura” atamalarining kelib chiqishi, ularning ta’rifi, inson va jamiyat hayotidagi ahamiyatini aniqlashga harakat qilgan tadqiqotchilarning asarlariga e’tibor berilsa, mazkur asarlarda falsafiylik, tarixiylik, sotsiologik, psixologik, etnologik, san’atshunoslik va boshqa fanlar nuqtai nazaridan tadqiqotlar olib borilganligini ko‘rish mumkin.
Madaniyat tushunchasiga ta’rif berishda barcha yo‘nalish vakillari asosiy e’tiborlarini madaniy boyliklarning yaratilishi, uning inson ong-tafakkuri mahsuli ekanligi, barcha yaratilgan madaniy boyliklarda insonning ongli faoliyati mujassamlashuvi, xullas, madaniyatda insonning ijtimoiy mavjudot sifatidagi mohiyati jamlanib kelishi masalasiga qaratganliklari ko‘zga tashlanadi.
Umuman olganda barcha ta’rif va tavsiflar asosida insoniyat ongli faoliyatining eng noyob hodisasi hisoblangan madaniyatning mazmun-mohiyati, yo bo‘lmasa, madaniyatning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va roli masalasini aniqlashga harakat yotganligini ko‘rish mumkin.
Ilmiy-texnik taraqqiyotning yuksalishi, inson va jamiyat hayotida tub o‘zgarishlar yasashiga qarab so‘nggi paytlarda madaniyat tushunchasiga quyidagicha yondashuvlar va nazariyalar vujudga kelganligini ko‘rish mumkin.
1. Madaniyatning muayyan vazifalarini bajarishni aniqlashga qaratilgan yondashuv.
2. Millatning milliy qiyofasini saqlab qolishning asosiy manbai ekanligini isbotlashga qaratilgan yondashuv.
3. Inson ma’naviy qiyofasining zohiriy ko‘rinishi ekanligini asoslashga qaratilgan yondashuv.
4. Qoidaga aylangan me’yorlar majmui ekanligini asoslashga intiluvchi harakatlar.
5. Madaniyatni insonning ijtimoiy-madaniy mavjudot sifatidagi mohiyati ekanligini aniqlashga qaratilgan harakat.
6. Ma’naviy qadriyatlar yig‘indisi ekanligini isbotlashga qaratilgan yondashuv.
Madaniyat kishilarning o‘zini qurshab turgan tashqi tabiat hodisalarini o‘rganishi oqibatida o‘zining ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan hatti-harakatlari natijasida vujudga keltirilgan mehnat qurollari, ikkinchidan, ana shu mehnat qurollaridan foydalanishi natijasida vujudga keltirilgan, o‘zining moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi sun’iy boyliklar va inshootlar, ya’ni tashki tabiatdan o‘z ulushini olishga bo‘lgan intilishlari natijasida vujudga keltirilgan boyliklari yig‘indisi, uchinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘zi uchun zarur bo‘lgan moddiy madaniy boyliklarni yaratish jarayonida ixtiro qilingan ishlab chiqarish usullari; to‘rtinchidan, madaniyat – bu insonning nafaqat tashqi dunyoni o‘zgartirishi, shuningdek, o‘z-o‘zini takomillashtirishi natijasida qo‘lga kiritgan yutuqlari yig‘indisi; beshinchidan, madaniyat – bu insonning tashqi tabiat va o‘z-o‘zini takomillashtirishi jarayonida shakllantirilgan va umum tomonidan qabul qilingan ham biologik, ya’ni turmush kechmishlari, ham ma’naviy yetuklik sari olib boruvchi tartib-qoidalari va me’yorlari; oltinchidan, madaniyat – bu insoniyatning mavjud bo‘lib qolishini (ekzestensiyasini) belgilab beruvchi, ijtimoiiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy muammolarni hal qilishga qaratilgan hatti-harakatlari natijasida vujudga keltirilgan tartibotlari yig‘indisi; yettinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘tmish ajdodlari ruhi oldidagi ehtiromi, shuningdek turmush kechmishlari natijasida shakllantirilgan turli-tuman an’analari, marosimlari, urf-odatlari, bayramlari, ijtimoiy tartibotlari, shaxsni shakllatirish va faollashtirishga qaratilgan me’yorlari yig‘indisi; sakkizinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘z fikr-mulohazalarini ifodalovchi, tashqi dunyoga, o‘zaro insoniy munosabatlarga qaratilgan, muayyan g‘oya va fikrlarni shakllantiradigan hamda yo‘naltirishga, singdirishga xizmat qiluvchi turli ko‘rinishdagi simvollar, belgilar, ramzlar yig‘indisi; to‘qqizinchidan, madaniyat – bu kishilarni ma’lum bir aqida, maslak va e’tiqod atrofida birlashtirishga xizmat qiladigan g‘oyalar va qarashlar yig‘indisi; o‘ninchidan, madaniyat – bu insoniyat hayotini, ijtimoiiy jarayonlarining mukammallashuvi va takomillashtirilishiga yordam beruvchi innovatsiyalar yig‘indisidir.
Madaniyat – bu kishilarning yashash va umumiy maqsadlarga erishish yo‘lidagi kelishilgan tartiblar va ularning jamoaviy mavjudligi, faoliyati va o‘zaro ta’sirini belgilash va baholash, umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida birlashtirish tizimi, guruh va individual manfaatlar va ehtiyojlarni qondirish uchun tartibga solingan qoidalar va ijtimoiy maqbul texnologiyalar, ham moddiy, ham ma’naviy ehtiyojlarini qondiradigan, aqlan anglangan, ramzlarga aylangan, baholanadigan boyliklari yig‘indisidir.
Madaniyatning belgili (simvollik) xususiyatlari – bu turli xil narsalar, predmetlarni boshqalaridan ajratib turadigan xususiyatlari, mazmuni, mohiyati, ulardan foydalanish, ularni saqlab qolish, qayta yaratish hamda boshqa predmetlardan farqli jihatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida ifoda etadi.
Simvol – yunoncha, simbolon, fransuzcha, simbolisme so‘zlaridan olingan bo‘lib, “belgi”, “ishora”, “ramz” kabi ma’nolarni, ya’ni, shartli belgilar, ramzlar ma’nosini ifodalaydi. Masalan, O‘zbekistonning ramzi paxtadir, oq kabutar – tinchlik ramzi, oq bayroq – mag‘lubiyat belgisi va h.k. Ramzlar orqali biror bir narsani ifodalash insoniyatga juda qadimdan odat bo‘lib qolgan.
Ibtidoiy odamlar ham o‘zlarining fikrlarini turli tasvirlar bilan (masalan, dastlabki piktografik yozuvlar) quyosh, oy, suv, daryo va boshqa narsa hamda tabiat hodisalarini ifodalay olganlar.
Simvol (belgi, ramz)lar orqali fikr yuritish, nafaqat san’at asarlarida, shuningdek, xalq og‘zaki ijodida ham, mumtoz adabiyot va san’atda ham uchraydi. Masalan, xalq qo‘shiqlarida sariq gul – ayriliq ramzi, tun – hasrat ramzi, may shodlik va hayotiylik ramzi, qora(qadimda turkiy xalqlarda ko‘k rang (ko‘kingni kiyay) – o‘lim ramzi. Quyosh va nur baxtli hayot, quvonch ma’nolarini ifodalaydi. Misol uchun, Navoiyning g‘azallaridan birida kishi umrini to‘rt faslga o‘xashtishi simvollashtirishning yorqin namunasidir.
Yoki qadim ajdodlarimiz “Avesto” dagi Ahura Mazdani – ezgulik ramzi, Ahrimanni esa, yovuzlik ramzi sifatida tasavvur qilganlar.
Tasavvuf tariqatining buyuk vakili – kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro ham yettita rangning razini quyidagicha talqin qilgan. Oq rang- islomni; sariq rang – imonni; zangori rang – ehsonni; yashil rang – ishonchni; ko‘k rang- to‘liq ishonchni; qizil rang – irfonni; qora rang – hayratning ramzi ekanligini ta’kidlab o‘tgan.
Bugungi kunda ham turli simvol(ramz)lardan foydalanish odatiy tusga aylangan. Shuning uchun madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar turli xil tadbirlarni tashkil etishda xilma-xil ramzlardan foydalanish orqali tadbirning asl mazmun maqsadini tomoshabingga osonroq yetkazib berishga harakat qiladilar.
Narsalar, voqea va hodisalarning asosiy belgilari to‘g‘risida maxsus fan – semiotika fani ham mavjuddir.
Albatta, turli xil belgilar va ramzlar turli-tuman sohalar, masalan, so‘zlashuv - ingliz, fransuz, ispan, nemis, rus, o‘zbek va boshqa tillarni ifoda etuvchi harf belgilari, yoki turli sohalarga oid bo‘lgan (matematika, ximiya, fizika, va boshqafanlarga; texnika, mashinalar-ning turli qismlarini ifodalovchi ramziy atamalar, tasviriy san’atga, kino san’atiga, teatr san’atiga, musiqa va boshqa san’at turlariga, shuningdek, diniy va turli rasm-rusum va boshqalarga oid turli xil ramzlar – simvollar (atamalar) mavjuddir.
Demak, “kultura” atamasi, dastlab yerga ishlov berish, uni parvarishlash ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, birmuncha keyinroq “inson ruhiyati, ruhiy olamiga ishlov berish, uni o‘zgartirish” ma’nolarida qo‘llanilgan.
4.O‘rta asr va yangi davr ilm-fanida madaniyat tushunchasining talqinlari. O‘rta asrlar Yevropada madaniyatiga nazar tashlansa, yevropalik mutfakkirlar asarlarida asosiy e’tibor madaniyatning ma’naviylik xususiyati, ayniqsa, diniy madaniyatga alohida e’tibor bilan qaraganligini ko‘rsatadi. Natijada madaniyatning barcha ko‘rinishlari va shakllari diniy ruh bilan chulg‘ab olingan. Hattoki, moddiy va ma’naviy madaniyatlarni ham bir-biriga qarama-qarshi shaklda tasavvur qilganlar va ularga ta’rif berganlar. Moddiy va ma’naviy madaniyat o‘rtasiga chegara qo‘yish darajasigacha borganlarki, moddiylik yomonlikning timsoli, ma’naviylik esa yaxshilikning ramzi sifatida tasvirlangan. Go‘yoki, moddiylikka, ya’ni moddiy ehtiyojlarini qondirishga intilish yomonliklarning kelib chiqishiga, xudo (Iusis Xristos) ko‘rsatmalariga, ya’ni, ma’naviy-ilohiy ko‘rsatmalariga qarshi borishga, ma’naviy ehtiyojlari, yaratguvchi xudoning ko‘rsatmalariga amal qilish esa, imon-e’tiqodning mustahkamligi, ya’ni, ma’naviy takomillik ramzi sifatida talqin etilgan.
O‘rta asr Yevropasi madaniyatining asiy xususiyati – diniy madaniyatning ustuvor ahamiyatga egaligidir. Ma’naviy madaniyatning barcha ko‘rinishlari diniy madaniyatga, xudo – Iusis Xristoz obrazini mutlaqlashtirishga qaratilganligidir. Masalan, qadimgi yunonlar gunohni hech mahal shaxsning kamchiligi deb qaramaganlar, chunki bunday inson xudoga qarshi qilib qo‘yilardi, odamlarga yovuzlik keltirardi.
O‘rta asr Yevropasining qadimgi yunon-rim madaniyatidan, ayniqsa, inson obrazining abadiylashtirish g‘oyasidan, barcha narsalarni yaratguvchi xudo – Xristian ta’limoti bilan almashtirilishi, katolik cherkov ta’sirining kuchayishiga olib keldi. Jamiyat ma’naviy-madaniy hayoti xristin ta’limoti g‘oyalari bilan to‘yintirila boshlandi.
Bu davrga kelib, ishlab chiqarish munosabatlarining o‘zgarishi, madaniy boyliklarni yaratishda bir qator yangicha yondashuvlar – ishlab chiqarish munosabatlaridagi, shahar infratuzilmasining yaratilishidagi, markazlashgan yirik davlatlarning tashkil topishi hamda qirollik hokimiyatining kuchayishi madaniyatdagi ma’lum o‘zgarishlarning vujudga kelishiga, ayniqsa, xristian e’tiqodining jamiyat ma’naviy hayotiga o‘z hukmronligini o‘tkazishiga olib keldi.
Antik davr madaniyati va san’atida ruhan va jismonan o‘zaro uyg‘unlikda bo‘lgan inson timsolini ko‘rsatishga intilgan edi. Ammo, Rim imperiyasiga kelib, bu g‘oya inqirozga uchrab, jahonga hukmronlik, qirg‘in urushlar orqali boshqa halqlarning boyliklarini talash, soxta ma’budlarga qasrlar va haykallar o‘rnatib, ularga sig‘inib, g‘alaba uchun qurbonlik qilish madaniyat sifatida talqin qilingan, ya’ni jaholatning “gullab-yashnashi” madaniyatlilik ramzi bo‘lib qolgan edi.
Ispaniyada salkam sakkiz asr davom etgan arablar hukmronligi, yarim orolda Sharq madaniyati, ilm-fan, falsafa, badiiy adabiyotning rivojlanishi, xalifalikni tashkil etgan boshqa xalqlar, ayniqsa Movarounnahr, Eron madaniyatining arablar tomonidan o‘zlashtirilishi, uning Ispaniyada yanada takomillashtirilishi yevropa xalqlari, ayniqsa, Ispaniya bilan chegaradosh mamlakatlar uchun izsiz ketmadi. Aynan, Sharq xalqlari madaniyati G‘arb mamlakatlari madaniyatining shakllanishi va rivojiga turtki bo‘ldi.
Boshqa tomondan esa o‘rta asrlar Yevropa madaniyatida, ayniqsa, ma’naviy madaniyatining inqirozga yuz tutganligini unutmaslik ham kerak. Inqirozning asosiy sabablaridan biri qadimgi Yunon-Rim hamda Sharq xalqlari madaniyatidan yuz o‘girish, ikkinchidan, jamiyat ma’naviy-madaniy hayotining xristian ta’limoti iskanjasiga tushishi, uchinchidan, san’at va adabiyotning, kishilar tafakkuri va ongiga diniy e’tiqodni singdirish-ning asosiy vositasiga aylanganligi, to‘rtinchidan, madaniy ijodiy jarayonining diniy ruh bilan yo‘g‘rilganligi, beshinchidan, (azaliy xalq ijodining o‘rnini feodal jamiyatning manfatlarini himoya qilishga qaratilganligi,) chinakam insoniy g‘oyalar hamda inson va tabiatning o‘zaro mushtarakligini ifodalovchi antik madaniyatning xalqchillik, vatanparvarlik, insonning buyukligini tarannum etuvchi asarlarning yo‘qotilib, uning o‘rniga yakka xudolik dinini targ‘ib etuvchi g‘oyalarning vujudga keltirilganligidir. Aynan o‘rta asrlarga kelib yevropa antik davrda yaratilgan insonni buyukligini tarannum etuvchi ma’naviy madaniyatning ko‘pgina tur va janrlaridan butunlay voz kechib bo‘lingan edi.
O‘rta asrlarning “zulmat dunyosi” timsoliga aylanishida ushbu davr namoyondalari bo‘lgan yozuvchilar, shoirlar, tarixchilar, diniy ulamolar va davlat arboblarining ham “hissasi” bor. Chunki, ular o‘z ijodida asosan zamonaviy hayotning murakkab jihatlarini aks ettirganlar. Bunday asarlarda kelajakka ishonchsizlik, hayotdan norozilik tuyg‘usi sezilib turadi. Shu boisdan ham bu muammolardan xalos bo‘lish imkoni sifatida ajal, o‘lim mavzusi markaziy o‘rin tutgan.
O‘rta asrga kelib, ko‘plab antik davr shaharlari va nodir san’at asarlari katta talofat ko‘rdi: ayrimlari buzib tashlandi, boshqalari tanazzulga yuz tutdi. Shunga qaramasdan, ilk o‘rta asrlardayoq ayrim sohalarda ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi.
O‘rta asrlarda feodal munosabatlarning shakllanishi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda keskin o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, diniy aqidalarning rasman tus olib, ko‘p xudolikdan yakka xudolik ― tavhid aqidasiga o‘tish jarayoni insoniyatning hayot tarzini o‘zgartirdi.
Insoniyatni halollikka va ortiqcha hashamatlarga, boylikka berilmaslikka da’vat qilish ham xristianlik ta’limotining muhim jihatlaridandir.
O‘rta asr xristian ta’limotining ayrim targ‘ibotchilari, masalan, Tatian (110-172) “Rimliklarga murojaat” asarida xristianlik o‘zining axloqiy me’yorlari bo‘yicha yunon falsafasi va dinidan yuqori turadi, deb ta’kidlagan.
Yoki, Aleksandriya maktabining vakili Kliment Aleksandriyskiy
(150-215) esa, insonning buyukligi, ya’ni yuksak ma’naviy qiyofaga egaligi uning xudoga qanchalik xizmat qilishidadir, deb ta’kidlaydi. U hatto, eng ulug‘ haqiqat xudoga xos ekan, unda yunon falsafasi ham xudoga xizmat qilishi kerak, deb hisoblagan.
G‘arb cherkovining yirik namoyadasi Avreliy Avgustin (354-430) (muqaddas Blajenniy nomi bilan mashhur bo‘lgan) falsafasida yaxshilik va yomonlik, uar o‘rtasidagi farq masalasi muhim o‘rinni egallaydi. Uningcha, xudo tomonidan yaratilgan dunyoda yaxshilikning bo‘lmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan esa yomonlikning mavjudligi shubhasizdir. Mutlaq yomonlik yo‘q, mutlaq yaxshilik bor. Hech qanday yaxshi ishlar qilinmayotgan yerda yomonlik yuzaga keladi, beb ta’kidlagan.
U madaniylik va madaniyatsizlikni taqqoslash uchun ikki shahar – Ilohiy va Dunyoviy shaharning mohiyatini tahlil qiladi. Uningcha, ilohiy shahar Xudo shahri bo‘lib, bu shaharda xudoga muhabbat bilan o‘zaro birlashgan odamlar va samoviy jonzotlar yashaydi. Dunyoviy shaharda esa, o‘z-o‘zga muhabbat qo‘ygan, o‘z sharafi va farovonligiga intiluvchi jonzotlar yashaydi. Uning fikricha, taraqqiyot faqat ilohiy va ma’naviy sohada bo‘ladi. Bu narsa yomonlik bilan kurashning oqibatida yuz beradi. Bu kurashda xudoning inoyati odamlar tomonida bo‘ladi. Bu kurashning eng cho‘qqisi gunoh natijasida vujudga kelgan. Ikki shahar o‘rtasidagi kurash Ilohiy shahar foydasiga hal bo‘ladi.
Avreliy Avgustinning izdoshlari ham diniy falsafada xudoni va ilohiy muhabbatni anglash – inson ruhining yagona maqsadi, yagona qadriyati deb bilganlar. U san’atga, madaniyatga va tabiiy fanlarga nihoyatda kam e’tibor bergan.
O‘rta asr Yevropa ilohiyotchilaridan yana biri Foma Akvinskiy (1225-1274) fan va dinning o‘zaro munosabatlari masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha, fanning vazifasi dunyodagi qonuniyatlarni tushuntirish-dan iborat bo‘lmog‘i zarur. Xristianlik e’tiqodining asosiy aqidalari falsafa va bilimdan tashqarida bo‘ladi. Masalan, uch xudolik (Ota xudo, O‘g‘il xudo va muqaddas ruh xudo)ning yagonaligi bunga misol bo‘la oladi. Masalan, ilohiy karomat, shafoat, inoyat va hakozalar faqat e’tiqoddadir. Lekin uningcha, fan va din o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q. Xristian dini aqldan ustun turadi, lekin aqlga qarama-qarshi emas.
Bu davrda nafaqat xristian e’tiqodini mustahkamlovchi san’at asarlari, ayniqsa, tasviriy, haykaltaroshlik, arxitektura, xuddi shuningdek, musiqa va teatr san’atlarida ham yangicha yo‘nalishlar vujudga keldi. Ritsarlik madaniyati ham jamiyat hayotidan mustahkam o‘rin egallay boshladi.
Demak, O‘rta asrlar Yevropasida madaniyatiga jamiyat va inson hayotini ilohiy ruh ta’siri ostida saqlash, diniy aqidaparastlikka qo‘shadigan hissasiga, jamiyat hayotida diniy aqidalarning hukmronlik qilishiga qanday yordam bera olishiga qarab baho berganlar.
Xulosa qilib aytganda, o‘rta asr Yevropa madaniyati diniy aqidalar, diniy g‘oyalar ruhi bilan sug‘orilgan edi. Ma’naviy madaniyatning barcha ko‘rinishlari ilohiylik g‘oyasiga bo‘ysundirilgan edi. Diniy madaniyatning yuksaligi to‘g‘risidagi qarashlar shu darajada kuchayib ketganki, hatto, yahudiylik va boshqa diniy e’tiqodlar madaniyatsizlik ramzi sifatida talqin qilingan.
XVIII asrdan boshlab Yevropa ilm-fanida “kultura” atamasi ilmiy tafakkurning bir yo‘nalishi (ko‘rinishi) sifatida talqin qilinib, mazkur atamaga falsafiy, sotsiologik, tarixiylik, madaniyatshunoslik, san’atshunoslik nuqtai nazaridan yondashila boshlangan.
“Kultura” atamasi faqat XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab-"Ma’rifatparvarlik harakati” ta’siri natijasida Yevropa mamlakatlarida keng ko‘lamda chop etilayotgan tarixiy va falsafiy adabiyotlarida ilmiy atama sifatida ishlatila boshlangan. Bu davrda Yevropa mamalakatlarida asosiy e’tibor inson, uning mohiyati, tabiati, aqlli mavjudot sifatidagi xususiyatlari, jamiyat hayoti, shuningdek, moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratishdagi o‘rni va roliga alohida e’tibor bilan qaralgan. Natijada, eng avvalo inson, nafaqat moddiy ne’matlarni yaratuvchi, shunindek, ijtimoiiy jarayonlardagi (jamiyat hayotidagi) o‘rni, madaniy boyliklarni yaratishi, saqlashi, qadriyatlarga aylantirilishi, keyingi avlodlarga meros sifatida yetkazib berishi, ma’rifatli jamiyatni shakllanti-rishdagi o‘rni to‘g‘risida o‘ziga xos yangicha tasavvur va fikrlar ilgari surila boshlangan.
Demak, madaniyat inson va jamiyatning ma’naviy hayoti, fan va san’at yutuqlari, kishilarning odob-axloqi, ya’ni tarbiyalanganlik darjasini ifodalovchi tushuncha, shuningdek, ma’lum bir tarixiy davr, masalan, ibtidoiy, qadimgi davr, o‘rta asrlar, yangi va eng yangi (industrial, podinsdustrial) davrlarda shakllangan madaniy-tarixiy jarayonlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Madaniyat atamasi aslida tarixiy xarakterga ega bo‘lgan tushunchadir. Chunki, insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklarning vujudga kelishi, shakllanishi, taraqqiyoti va tanazzulga uchrashi jarayonlari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish uchun, insoniyat hayotining turli bosqichlariga e’tibor berish talab qilinadi. Shuningdek, madaniy faoliyatning turli davrlarida insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklarning inson va jamiyat hayotida bajaradigan vazifalariga alohida e’tibor berilgan. Masalan, antik davrda madaniyatining insonga ta’siri – inson sifatida shakllanishiga, ijtimoiiy jarayonlarning mukammal holatga kelishiga qanday ta’sir ko‘rsatishiga , ya’ni madaniyatning insonni tarbiyalashga – inson sifatida shakllanishiga ko‘rsatadigan hissasiga, insonning jamiyat hayotidagi o‘rni va roliga alohida e’tibor berganlar.
Agar Uyg‘onish davrlari madaniyatiga e’tibor bilan qaralsa, mazkur davr madaniyati kishilarning (insonning) moddiy farovonligiga erishish, hamda ma’naviy takomil darajasiga ko‘tarilishiga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Natijada, madaniyat va san’atga inson mafaatlarini qondirishning asosiy vositasi sifatida yondashuv kuchaygan.
Biz fanimiz nuqtai nazaridan madaniyat atamasining mazmun-mohiyatini baholi qudrat tahlil qilishga harakat qilamiz va “madaniyat” atamasini quyidagi ko‘rinishlarda talqin etish mumkin, degan to‘xtamga kelamiz:
1)madaniyat insoniyat tomonidan vujudga keltirilgan barcha moddiy boyliklar hamda inson ong tafakkurini o‘zida ifoda etuvchi (ilm-fan, axloq, siyosiy, diniy, falsafiy tafakkur natijalari, adabiyot va san’at asarlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar va boshqalar);
2)madaniyat - mukammallik darajasiga erisha boshlagan insonni, uning aql-idrokini, barcha madaniy boyliklarni ishlab chiqaruvchi sub’ekt, ya’ni barcha narsalarning yaratuvchisi aqlli mavjudot ekanligini ifodalovchi;
3)insoniyat tomonidan o‘zlashtirilgan va o‘zlashtirilishi shart deb hisoblanuvchi hatti-harakatlar, shuningdek, insonning ma’naviy-axloqiy qiyofasini o‘zida umumlashtiruvchi, yetuklikka erishgan inson va jamiyatning mohiyatini anglatuvchi tushunchalardir.
Yevropa ma’rifatparvarlik harakati vakillari faqat har tomonlama bilimga ega bo‘lgan ma’rifatli insongina jamiyatning kelajagini belgilovchi qudratli kuch bo‘la oladi degan g‘oyani ilgari suradilar.
Ma’rifatparvalik – jamiyatning ma’naviy hayotida sodir bo‘lib turadigan jaholatga, ijtimoiiy-siyosiy tanazzulga qarshi kurashuvchi harakat sifatida vujudga kelgan. Mazkur harakat vakillari ezgulik, adolat g‘oyalarini, ilmiy bilimlarni tarqatish yo‘li bilangina jamiyatda sodir bo‘lib turadigan kamchiliklarni bartaraf etishga, kishilarning xulq-atvorini, turmushini siyosiy va huquqiy ongini o‘zgartirishga intiladilar.
Ma’lumki, Yevropa ma’rifatparvarlik harakati XVIII asrga kelib Fransiyada vujudga kelgan. “Ma’rifatparvarlik” atamasi birinchi bor XVIII asrda ingliz shoiri Jon Milton (1608-1674)ning “Yo‘qotilgan jannat” dostonida qo‘llangan bo‘lsa ham, kishilarga ma’rifat tarqatish g‘oyasi mutlaq qirollik tartibotlari mutlaqlashgan Fransiya zaminida amaliyotga kiritiladi. (Qarang: Falsafa. Qomusiy lug‘at.T.: “Sharq”. 2004.255-bet).
Ma’rifatparvarlik harakatining taniqli vakillari Angliya, Fransiya va Germaniyada tarixiy taraqqiyot g‘oyasini yanada rivojlantirdilar.
Bu davr faylasuflari madaniyatning tarkibiy qismi sifatida talqin qilina boshlangan ma’rifat masalasiga shu darajada chuqurroq kirib borganlarki, ular nafaqat tashqi tabiat hodisalari, uning inson va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va rolini, shuningdek, ma’rifat tarqatish orqali isonning o‘zligini va ichki dunyosini batafsil o‘rganish masalasini ham asosiy masala sifatida ilgari sura boshladilar. Ularning asarlarida inson muammosi, xususan uning ichki dunyosi, borlig‘i, mohiyati, tabiatdan o‘z ulushini olishi orqali o‘zining turmush tarzini o‘zgartirishi, jamiyatdagi o‘rni, jamiyat tomonidan belgilab berilayotgan tartib-qoidalarning insonning haq-huquqlarini o‘zida ifodalab bera olishi kabi masalalar yaqqol ko‘zga tashlana borgan.
Ma’rifatparvarlik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari nafaqat tarixiy taraqqiyot g‘oyasini, shuningdek, tarixiy-madaniy jarayon, tarixiy taraqqiyotda inson tomonidan yaratiladigan madaniy boyliklarning o‘rni va roli, madaniy boyliklarni yaratishda insonning ongliligi, uning ijtimoiy-madaniy jarayonlarning asl mohiyatini aniq anglab yetishi kabi masalalar to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini ilgari sura boshlaydilar.
Albatta, dastlab ular tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarni ilg‘ab olish, uni harakat dasturiga aylantirish, mazkur atama hamda, harakatning asl maqsadini va uning mazmuniga singdirilgan fikrlarni anglab ilg‘ab olish ancha mushkullik tug‘dirgan. Chunki, mazkur harakat vakillari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalardagi turlicha fikrlar, masalan, dinning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning inson xulq-atvoriga ta’siri, jamiyatning siyosiy, huquqiy va ma’naviy hayoti bilan o‘zaro aloqadorligi kabi dolzarb masalalarni ko‘pchilikning anglab yetishi ancha mushkul bo‘lgan. Aslidachi? Aslida, madaniyatning nima ekanligini anglash uchun uning, birinchidan, turli davrlarda vujudga kelish shart-sharoitlari, ikkinchidan, o‘zidan oldingi madaniy boyliklardan nimalarni olib qolganligi-yu, qaysi jihatlarini inkor qilganligi, uchinchidan, madaniyatning qaysi elementlarini saqlab qolib ulardan foydalanish, qaysilarini esa unutish, va hatto muomaladan chiqarish, to‘rtinchidan, har bir madaniy-tarixiy jarayonda madaniyatning qaysi ko‘rinish va elementlari o‘z davrida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida, shuningdek, kishilarning dunyoqarashi va turmush tarzida qanday rol o‘ynaganligi, beshinchidan, madaniy boyliklarning qay tarzda yaratilganligi va jamiyat hayotining keyingi bosqichiga qay holatda o‘tganligi, oltinchidan, kishilar tafakkurining mukammallashuviga, yettinchidan, jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotida qanday rol o‘ynaganligini to‘liq ta’riflab berish uchun insoniyatning madaniy boyliklarni yaratish jarayoni to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish o‘ta muhim ahamitga ega. Yevropa mamlakatlarida keng ko‘lamda chop etilayotgan tarixiy va falsafiy adabiyotlarida ilmiy atama sifatida ishlatila boshlangan.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, “madaniyat” atamasi nafaqat inson hayoti, balki uning taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy jarayon ekanligi aniq bo‘lib qoldi.
Rossiyalik sotsiolog N.Ya.Danilevskiy (1822-1885 ) “Rossiya va Yevropa” nomli asarida insoniyat tarixini yagona umumjahon tarixiy jarayoni sifatida olib qarashga qarshi turdi va insoniyat hayotini mamlakatlar va xalqlarning madaniy-tarixiy davrlariga bo‘lib o‘rganish g‘oyasini ilgari surdi.
Shuningdek, N.Ya.Danilevskiy insoniyatning madaniy-tarixiy faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lib ko‘rsatadi: a) diniy; b)madaniy; s) siyosiy; d)ijtimoiy-iqtisodiy. Albatta, har bir madaniy-tarixiy bosqichlarning harakatlantiruvchi kuchlari mavjud bo‘lgan. Masalan, yahudiylar diniy-madaniy faoliyatning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, qadimgi yunonlar umuminsoniy madaniyatning turli shakl va janrlarining shakllanishi hamda yuksalishida muhim rol o‘ynaganlar.
Nemis faylasufi O.Shpengler (1880 – 1936) madaniyat hodisasiga katta e’tibor bilan qaraydi. Osvald Shpenglerning “Yevropa quyoshining botishi” nomli asari (1918 yilda nashr etilgan) jamiyat hayotida nafaqat uning intellektual elitasi, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham voqea bo‘ldi. Tomas Mann O.Shpenglerning “Yevropa quyoshining botishi” asarini bejizga, “intellektual roman” deb atamagan.
O.Shpengler mazkur asari orqali o‘zining bilimdonligi, ulkan tarixiy va madaniy materiallarni tahlil qilib berish salohiyatiga egaligi, shuningdek, Yevropa madaniyatining kelajagi haqida fikrlari bilan Yevropalik o‘quvchilarni hayratga soladi.
O.Shpengler tomonidan ilgari surilgan fikrlar “inson ruhi”ga asoslanadi. U inson shaxsini madaniyatning haqiqiy yaratuvchisi va harakatlantiruvchi kuchi sifatida talqin etadi.
U umuminsoniy madaniyat haqidagi an’anaviy g‘oyani rad etib, uni bir qancha mustaqil, o‘ziga xos va o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq individual madaniyatlarga ajratadi. Ularning har biri o‘zidan oldingi sivilizatsiyalar: Misr, Hindiston, Bobil, Xitoy, Yunon-Rim, Vizantiya-arab, Mayya madaniyatlaridan ta’sirlangan, ya’ni ularning shakllanish, rivojlanish, yuksalish va tanazzulga uchrash jarayonlari ta’siri natijasida vujudga kelganligini ta’kidlab o‘tadi. Uningcha, har bir madaniyat insoniyatga "go‘zal, jo‘shqin va hayotbaxsh umrni boshdan kechirish" uchun yagona imkoniyat beradi.
Shpenglerning ta’kidlashicha, madaniyatlarning har biri, o‘ziga xos rivojlanish sur’ati va belgilangan umr kechirish muddatiga ega. Insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy-tarixiy jarayonlarning o‘z umri bo‘lib, mazkur davrning har biri taxminan 1100 yildan iborat.
O.Shpenglerning fikriga ko‘ra, har bir madaniy-tarixiy jarayon xuddi tirik organizm singari tug‘ilish, yoshlik, kamolot, qarilik va o‘lish – halok bo‘lish davrlarini boshdan kechiradigan tirik organizm singaridir. Uning ta’kidlashicha, tirik organizm hisoblanuvchi madaniyatlarning har biri ikkita asosiy bosqichni - ko‘tarilish (yuksalish) va tanazzul(sivilizatsiya) bosqichlarini bosib o‘tadi.
Birinchi bosqich madaniyat va san’atning barcha sohalarida rivojlanish, ko‘tarilish (yuksalish) sodir bo‘ladi, Oldingi bosqichning ikkinchi davrida vujudga kelgan, ya’ni qotib qolgan, turg‘unlikni boshdan kechirgan, o‘lim holatida bo‘lgan tarixiy-madaniy jarayonda asta-sekinlik bilan o‘zgarish – jonlanish jarayoni sodir bo‘la boshlaydi. Natijada, texnologik jarayonlarda tub o‘zgarishlar yuzaga keladi, hayotda, ijtimoiiy jarayonlarda gullab-yashnash jarayoni sodir bo‘ladi, ommaviy jo‘shqinlik, texnologik sur’atlar ko‘zga yaqqol tashlana boshlaydi, madaniyatda jonli organizmdagi singari yasharish jarayoni vujudga keladi.
5.Hozirgi zamon ilmiy nazariyasida “Madaniyat”ning talqini.
Madaniyatga beriladigan ta’riflarning mazmun-mohiyatini tushunish va madaniyatning nima ekanligini anglab yetmoqlik uchun eng avvalo insoniyatning nafaqat moddiy hayotining, shuningdek, uning ong tafakkuri, ma’naviy olami qay tarzda mukammalikka erishishi, ularni ilhomlantirgan xayotbxsh g‘oyalarning qay shaklda vujudga kelganligi, ularni qay yo‘sinda amalga oshirganliklari, qanday qilib va nima uchun madaniyat tushunchasiga turlicha yondashuvlarning shakllanish sabablarini aniqlab olish ham o‘ta muhimdir.
Ma’rifatparvarlik harakati vakillari insonning erkinligini ta’minlaydigan, inson tabiatiga mos keladigan jamiyatni qanday qilib vujudga keltirish mumkin, degan savollarga o‘z davri nuqtai nazaridan yondoshganlar. Boshqacha qilib aytganda, ular qanday qilib insonning asl mohiyatiga (insoniylik tabiatiga) mos keladigan, uning erkinliklari ta’minlaydigan va turmushini yaxshilaydigan jamiyatni barpo etish haqida fikr yurita boshlaganlar. Aynan ma’rifat-parvarlik harakati davridan boshlab kishilarning turmush tarzi va uni yaxshilash to‘g‘risidagi fikrlar ilgari surilgan. Masalan, Angliya falsafasining asoschisi F.Bekon, “Moddiy dunyo, mamlakatlar, dengizlar, sayyoralar juda kengaygan holda insonlarning ma’naviy dunyosi eski chegaralar bilan o‘ralib qolishi sharmandalikdir”, bejiz ta’kidlmagan edi.
Yuqoridagi fikrlarda quyidagi xulosani chiqarish mumkin. Demak, insonning qobiliyatini, uning ongi va ma’naviy dunyosini ifodalash va talqin qilish uchun maxsus konsepsiyaga ehtiyoj vujudga kelgan. Lotincha “kultura” (madaniyat) ushbu savollarga javob berish uchun asos qilib olingan.
Demak, ilmiy tildagi “madaniyat”(“kultura”) atamasidan “insoniyat”, “insonning tabiati (borlig‘i)”, “insonning mavjudligi”, kabi bir qator masalalar, shuningdek, insonning o‘zini qurshab turgan tashqi dunyodagi (tabiatdagi) o‘rni va roli, ijtimoiiy taraqqiyotga ko‘rsatadigan ta’siri, ong tafakkurga ega bo‘lishi, madaniy boyliklarni yaratishi va undan foydalanish darajasi va madaniy boyliklardan oladigan ulushi kabi ko‘plab savollarga javob izlash avj ola borganadi.
Madaniyat (kultura) atamasining o‘sha davrgacha qo‘llanilgan mazmuni insonning tashqi tabiatgagina emas, shuningdek, jamiyatga va o‘ziga bo‘lgan munosabati, aqlli mavjudot sifatida o‘zining ma’naviy qiyofasini takomillashtirishi masalasi to‘g‘risdagi fikrlar ilgari surila boshlandi.
Bu davrgacha ishlatib kelingan lotincha “kultura” (dastlabki paytlarda “yerga ishlov berish”, “yerni parvarishlash” (masalan, “agrokultura”)so‘zi endi davr ruhini aks ettira olmay qoladi. Natijada, nafaqat insonning tabiatga bo‘lgan munosabati, shuningdek o‘z-o‘zini takomillashtirish, o‘zida mavjud bo‘lgan salbiy xarakterlarni, o‘zi yashayotgan jamiyatni takomillashtirishni ifodalaydigan atamaga ehtiyoj ancha kuchaya boradi. O‘sha davrda faoliyat yuritgan ko‘plab ziyoli qatlam vakillari “kultura” atamasini nafaqat insonning yerga ishlov berishi, shuningdek, tashqi tabiatga va o‘z-o‘ziga munosabatini, inson xarakterini o‘zgartirish, ma’naviy qiyofasini takomillashtirishga nisbatan ham qo‘llay boshlaydilar.
Madaniyat – kishilarning tashqi tabiatga ta’sir qilishi natijasida vujudga keltirilgan boyliklar majmui (sun’iy tabiat), shuningdek, insonning o‘z-o‘zini takomillashtirish uchun belgilab qo‘yilgan me’yorlari (ma’naviy-axloqiy tartibotlari) yig‘indisidir.
Madaniyat – kishilarning tashqi tabiatdan ta’sirlanishi hamda o‘z-o‘zini takomillashtirishga bo‘lgan hatti-harakatlari natijasida vujudga keltirilgan moddiy (ikkinchi tabiat) va ma’naviy (inson sifatida yuksalishi qaratilgan) boyliklari yig‘indisidir.
Madaniyat kishilarning o‘zini qurshab turgan tashqi tabiat hodisalarini o‘rganishi oqibatida o‘zining ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan hatti-harakatlari natijasida vujudga keltirilgan mehnat qurollari, ikkinchidan, mehnat qurollaridan foydalanishi natijasida vujudga keltirilgan, o‘zining moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi sun’iy boyliklar va inshootlar yig‘indisi (ya’ni tashki tabiatdan o‘z ulushini olishga bo‘lgan intilishlari natijasida vujudga keltirilgan boyliklari yig‘indisi), uchinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘zi uchun zarur bo‘lgan moddiy madaniy boyliklarni yaratish jarayonida ixtiro qilingan ishlab chiqarish usullari; to‘rtinchidan, madaniyat – bu insonning nafaqat tashqi dunyoni o‘zgartirishi, shuningdek, o‘z-o‘zini takomillashtirishi natijasida qo‘lga kiritgan yutuqlari yig‘indisi; beshinchidan, madaniyat – bu insonning tashqi tabiat va o‘z-o‘zini takomillashtirishi jarayonida shakllantirilgan va umum tomonidan qabul qilingan ham biologik (turmush kechmishlari) ham ma’naviy yetuklik sari olib boruvchi tartib-qoidalari va me’yorlari; oltinchidan, madaniyat – bu kishilarning mavjud bo‘lib qolishini (ekzestensiyasini) belgilab beruvchi, ijtimoiiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy muammolarni hal qilishga qaratilgan hatti-harakatlari natijasida vujudga keltirilgan tartibotlari yig‘indisidir. Yettinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘tmish ajdodlari ruhi oldidagi ehtiromi, shuningdek, turmush kechmishlari natijasida shakllantirilgan turli-tuman an’analari, marosimlari, urf-odatlari, bayramlari, ijtimoiy tartibotlari, shaxsni shakllatirish va faollashtirishga qaratilgan me’yorlari yig‘indisidir; sakkizinchidan, madaniyat – bu kishilarning o‘z fikr-mulohazalarini ifodalovchi, tashqi dunyoga, o‘zaro insoniy munosabatlarga qaratilgan, muayyan g‘oya va fikrlarni shakllantira-digan va yo‘naltirishga, singdirishga xizmat qiluvchi turli ko‘rinish-dagi simvollar, belgilar, ramzlar yig‘indisidir; to‘qqizinchidan, madaniyat – bu kishilarni ma’lum bir aqida, maslak va e’tiqod atrofida birlashtirishga xizmat qiladigan g‘oyalar va qarashlar yig‘indisidir; o‘ninchidan, madaniyat – bu insoniyat hayotini, ijtimoiiy jarayonlarning mukammallashuvi va takomillashuviga yordam beruvchi innovatsiyalar yig‘indisidir.
Madaniyat – bu kishilarning yashash va umumiy maqsadlarga erishish yo‘lidagi kelishilgan tartiblar va ularning jamoaviy mavjudligi, faoliyati va o‘zaro ta’sirini belgilash va baholash, umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida ularni birlashtirish tizimi, guruh va individual manfaatlar va ehtiyojlarni qondirish uchun tartibga solingan qoidalar va ijtimoiy maqbul texnologiyalar yig‘indisidir..
Madaniyat o‘z mazmuniga ko‘ra, jamiyatning axloqiy va huquqiy tizimi, kishilarning diniy e’tiqodlari, badiiy va ilmiy tafakkuri sohalarida o‘z ifodasini topadigan me’yorlar, qadriyatlar, g‘oyalar va bilimlarda mujassamlashib keladi. Shu bilan birga, jamiyatning madaniyati, uning xususiyatlari, tamoyillari va dinamikasi ijtimoiy nuqtai nazardan faqat "madaniy" namoyishlar bilan emas, shuningdek, badiiy madaniyat shaklida, madaniy boylik-larni yaratuvchi kishilarning nuqtai nazarlari va faoliyat yo‘nalishlari shaklida ham mavjud bo‘ladi.
Umumiy tarixni tashkil etuvchi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha ko‘rinishlari, jarayonlari va voqealar madaniy asosga ega bo‘lib, jamiyatning madaniy tarixini tashkil etuvchi hamda ajdodlardan avlodlarga yetib kelayotgan madaniy merosning barcha ko‘rinishlari (albatta ular ham ijobiy ham salbiy, ya’ni ijtimoiy-madaniy taraqqiyotga yordam beradigan hamda ularga to‘sqinlik qiladigan) umuminsoniyat tomonidan vujudga keltirilgan madaniy boyliklarda saqlanib qoladi. Masalan, diniy e’tiqodlar qadim-qadimdan kishilar tomonidan asrab-avaylanib kelinmoqda. To‘g‘ri, ularning ayrim tomonlari umumijtimoiy taraqqiyotga ma’lum darajada to‘sqinlik qilsa-da, lekin ulardagi ezgulik g‘oyalari, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning, tashqi tabiatni asrab-avay-lashga qaratilgan ko‘plab g‘oyalari madaniyatning inson va jamiyat hayotida mustahkamlanib qolishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Yoki insoniyat tomonidan minglab yillar davomida yaratilgan ma’naviy madaniyatning adabiyot va san’at, axloqiy va huquqiy me’yorlari nafaqat kishilar bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zida in’ikos ettiradi, shuningdek, ularning shakllanishi, murakkablashuvi, mukammallashuvi hamda mavjud ijtimoiy muammolarni hal qilishdan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ijtimoiy hayotning butun borlig‘i va unga bo‘lgan yondoshuvlarning turli-tumanligi (differensiatsiyasi), shuningdek, jamiyatning birligi va taraqqiyotining yuksalishini qo‘llab-quvvatlovchi tizimlarning ifodasi ham madaniyatda mujassamlashib keladi.
Madaniy hayotning muhim tomoni etnik, milliy va sivilizatsiya darajasida madaniyatlarning o‘ziga xosligi va o‘zaro ta’siri muammo-larini tahlil qilish orqali namoyon bo‘ladigan madaniyatlarning plyuralizmidir. Ushbu darajalar jamiyatni atrof-muhit sharoitlari-ga, ichki muloqotga va turli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga moslashtirish jarayonida shakllanadi.
Madaniyat o‘zining ichki dinamikasi, shuningdek, madaniyatning mavjudligini belgilab beruvchi yadrosidagi o‘zgarishlar ham o‘zining asl mohiyati, mazmuni va mavjudligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Madaniy taraqqiyotni belgilab beruvchi va harakatlantiruvchi kuchlari moddiy va ma’naviy tanazzul, siyosiy kurashlar, va hatto, nafaqat davlatlararo, balki o‘zaro etnik ziddiyatlarning vujudga kelishi va kuchayishi bilan hech ham mos kelmaydi. Mazkur talablar umuminsoniy madaniy jarayonning yuksalishigagina emas, hatto ularning mavjud bo‘lib qolishi uchun ham o‘ta zararli hisoblanadi.
Madaniy faoliyatning mavjudligi, rivojlanishi yoki yuksalishi asosan turli xil davrlarda, masalan, ibtidoiy davrdagidan ko‘ra keyingi davrlarda: o‘rta asrlar, jamiyat hayotida sivilizatsion o‘zgarishlarning, ishlab chiqarishning sanoatlashuvi va undan keyingi davrlarda bir-biridan farq qilib kelgan, inson tafakkurining yuksala borishi natijasida madaniyatning oldingidan bir muncha farq qiluvchi, hatto ulardan tubdan farqlanib turuvchi xilma-xil ko‘rinish-lari yuzaga kela borgan.
Madaniyat tushunchasini ifodalashda insoniyatning ijtimoiy-tarixiy faoliyat tarzi, ularning vujudga kelishi hamda shakllanishi, yuksalishi va hatto, tanazzulga uchrashi to‘g‘risidagi turli-tuman nuqtai nazarlar va konsepsiyalar vujudga kelgan, ilgari surililgan, bahslar yuritilgan va aniq bir to‘xtamga kelingan, yanada boyib, mukammallashib borgan. “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani insoniyat tarixining turli davrlarini tahlil qilish jarayonida bilishning quyidagi bosqichlarini tabiiy birlikda olib qarashga da’vat etadi:
a) davrning aniq yaxlit qiyofasini, ya’ni uning madaniy qiyofasini;
b) ma’naviy-madaniy taraqqiyotining umum qiyofasini, ya’ni ma’naviy madaniyatning umuminsoniylik kasb etishidagi o‘rni va rolini;
s) madaniy-tarixiy davrning umumijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rni va ahamiyat kasb etganligini;
d)insoniyat o‘tmish tarixining muayyan davrlarida yaratilgan moddiy madaniy boyliklarning (masalan, nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi kun uchun ham katta ahamiyat kasb etuvchi nazariyalar, konsep-siyalar, ixtirolar), inson va insoniyat ma’naviy olamida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy ta’limotlar, jarayonlar bugungi kun, ya’ni umum globallashuv jarayoniga ko‘rsatgan va ko‘rsatadigan ijobiy va salbiy tomonlari tahlil qilinadi. Masalan, umuminsoniyat hayoti hamda taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatgan turli ko‘rinishdagi davlatchilik tuzumlari, ularning madaniy-ma’naviy hayotda tutgan o‘rni va roli, yoki mustamlakachilik siyosatlari, ularning milliy madaniyatlarga ko‘rsatgan ta’siri va taqdiri tahlil qilinadi
Sir emaski, madaniyat tiplari tarixiy davrlarga qarab o‘zgarib turadi. Shuning uchun “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani turli xalqlarning madaniy rivojlanish tarixini jahon madaniy taraqqiyo-tining tarkibiy qismi sifatida o‘rganish bilan birga, aniq madaniy-tarixiy davrning ijtimoiy-madaniy jarayonda tutgan o‘rni va rolini, ma’naviy-madaniy rivojlanish bosqichlari, uning umumiy qonuniyat-lari hamda o‘ziga xos xususiyatlarini ham o‘rganadi.
6.Madaniyat masalasiga yondoshuvlar. Bugungi zamonaviy fanlar madaniyat tushunchasining ancha murakkab tushuncha ekanligidan, shuningdek, turli tuman ma’nolarda qo‘llanilishidan kelib chiqib, madaniyat tushunchasini ifodalay oladigan quyidagi nuqtai nazarlarni ilgari surmoqda: 1)genetik nuqtai nazardan; 2)aksiologik nuqtai nazardan; 3)insonparvarlik nuqtai nazardan ; 4)me’yoriylik nuqtai nazaridan; 5)sotsiologik nuqtai nazardan talqin qilinmoqda.
Genetik nuqtai nazarga ko‘ra, madaniyat jamiyat mahsuli, ya’ni madaniyat kishilarning oddiy biologik holatidan o‘ta murakkab ijtimoiylik holatini kasb etgunigacha bo‘lgan (taraqqiyot ko‘rinishigacha bo‘lgan) tarixiy-madaniy jarayonlarni - etnik, milliylik va sivilizatsiya-lashgan ko‘rinishdagi jarayonlarni bosib o‘tganligini ko‘rsatadi.
Madaniyat – bu oddiy kishilardan tortib, umuminsoniyatgacha barcha sohalarda qo‘lga kiritilgan ma’naviy yuksalishlarini ifodalovchi tushunchalar, qarashlar yig‘indisidir.
Aksiologik nuqtai nazarga ko‘ra, madaniyat insoniyatning tashqi olamni o‘zlashtirishi jarayonida shakllangan barcha moddiy va ma’naviy boyliklar yig‘indisidir. Chunki, insoniyat tomonidan qo‘lga kiritilgan barcha moddiy va ma’naviy boyliklar bir tomondan insoniyatning qo‘lga kiritgan yutuqlarini ifodalasa, ikkinchi tomondan, uni o‘zlashirishning asosiy ob’ekti sifatida, uchinchi tomondan, madaniyat inson mehnati, uning tashqi tabiat bilan to‘qnash kelishi natijasida vujudga kelgan, uning kundalik hayoti uchun zarur bo‘lgan va ularni asrab-avaylashga majbur qiladigan, keyingi avlodlarining hayot kechirishining zaruriy manba bo‘lganligi uchun ham ular o‘ta qadrli, asarb-avaylashga majbur qiladigan boyliklardir.
Gumanistik (insonparvarlik) nuqtai nazardan olib qarasak, madaniyat bu eng avvalo insonning insoniylik qiyofasini aks ettiruvchi hamda uning ana shu jarayonda shakllangan ma’naviy va ijodiy qobiliyatlarining yig‘indisidir.
Me’yoriylik nuqtai nazardan olib qarasak, madaniyat insonning dunyodagi ijtimoiy jarayonlarni qay shaklda shakllantirishi hamda jamiyatdagi o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ifodalovchi tushunchadir.
Sotsiologik nuqtai nazardan talqin qiladigan bo‘lsak, madaniyat tarixiy taraqqiyot natijasida shakllangan ijtimoiy sub’ektlar, ya’ni jamiyat, sinf, tabaqa yoki insonning madaniy faoliyati darajasi hamda u yoki bu ko‘rinishdagi ishlab chiqarish munosabatlarini ifodalovchi tushunchadir. Amerikalik etnograf va madaniyat tarixi nazariyotchisi Alfred Kreber (1876-1960) ta’kidlaganidek, “Madaniyat – bu jamiyatni baholashning bir ko‘rinishidir”. Yoki, nemis mutafakkiri, protestantlik nazariyotchisi va missioner, medik, musiqashunos Albert Shveyser (1875-1965) ta’kidlaganidek, “Madaniyat- jamiyatning ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rivojlanganligining ko‘rsatgichidir”.
“Madaniyat – insoniy faoliyatning o‘ziga xos ko‘rinishidir”, deb ta’kidlaydi rossiyalik madaniyatshunos Eduard Markaryan.
Demak, madaniyat – bu jamiyat va insoniy faoliyatning barcha tomonlarini qamrab oluvchi o‘ta murakkab va xilma xil darajalarini ifodalovchi tushunchadir. Madaniyat – bu jamiyatning asosi, yadrosi va jonidir.
Madaniyat to‘g‘risidagi adabiyotlarga e’tibor bilan qaralsa, “Madaniyat” tushunchasini ta’riflashga turlicha qarashlar mavjudligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ana shunday yondashuvlardan biri gnoseologik, akseologik, ontologik va semiotik nuqtai nazaridan yondashuv ham hisoblanadi. Masalan, rus faylasufi va madaniyatshunosi M.S. Kagan(1921-2006)ning Sankt Peterburgda 1996 yilda chop etilgan “Madaniyat falsafasi” (SPb. : TOO TK "Petropolis", 1996.)kitobida madaniyat masalasiga quyidagicha yondashuv ilgari surilgan.
Tavsifiy yondashuv. Madaniyatning ayrim ko‘rinishlari, masalan, marosimlar, urf-odatlar, diniy e’tiqod sifatidagi, faoliyatning ma’lum ko‘rinishlarini tavsiflash shaklidagi tavsifiy yondoshuv.
Antropologik yondashuv. Insoniy faoliyat natijasida vujudga kelgan madaniy boyliklar, ya’ni insoniyat tomonidan yaratilgan “ikkinchi tabiat” ni ta’riflash shaklidagi yondashuv.
Madaniy boyliklarni ta’riflash shaklidagi, ya’ni tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklarning yig‘indisini ta’riflash sifatidagi yondashuv.
Me’yoriy shakldagi, ya’ni kishilar hayotining u yoki bu tomonini ta’riflash shaklidagi yondoshuv.
Moslanuvchanlikni ifodalash maqsadidagi yondoshuv, ya’ni madaniyatga kishilarning tabiiy shart-sharoitlarga moslashuvchanligini ifodalash yondashuv.
Tarixiy yondashuv, ya’ni insoniyat hayotining ma’lum bir davrida yaratilgan madaniyatini aniqlshag qaratilgan yondashuv.
Funksional yondashuv, ya’ni madaniyatning muayyan vazifalarni bajarishini ta’riflash uchun yondashuv.
Semiotik yondashuv – jamiyat tomonidan foydalanilayotgan madaniyatga muayyan belgilarni ifodalovchi vosita sifatida ta’rif berishga qaratilgan yondashuv.
Ramziy ma’noni ifodalash uchun ta’rif berish, ya’ni madaniyatga muayyan ramzlarni ifodalovchi vosita sifatida ta’rif berishga qaratilgan yondashuv.
Germenevtik yondashuv, ya’ni kishilar tafakkurini ifodalashning o‘ziga xos uslubini ta’riflashga qaratilgan yondashuv.
G‘oyaviy-mafkuraviy yondashuv, ya’ni jamiyat ma’naviy hayotini o‘zida mujassamlashtiruvchi muayyan g‘oyalarni ta’riflash maqsadidagi yondashuv.
Psixologik nuqtai nazardan yondashuv, ya’ni madaniyatning kishilarning ruhiyati ifodalovchi manba ekanligi ta’riflash uchun yondashuv.
Didaktiv yondashuv, ya’ni madaniyatga kishilarning ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtiriladigan hayotiy tajribalarini ifodalash uchun ta’rif berishga qaratilgan yondashuv.
Sotsiologik yondashuv, ya’ni kishilar hayotining jamiyat hayoti bilan bog‘liq tomonlarini ifodalashga qaratilgan yondashuv.
Madaniyatga quyidagicha yondashuv, aynan, madaniyatning jamiyat hayoti bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Aslida madaniyatning jamiyat hayoti qay shaklda bog‘liq ekanligini insoniyatning tarixiga nazar tashlash orqali aniqlab olish ham mumkin. Mazkur yondashuvning birinchisida, insoniyat tarixining har qanday bosqichi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bevosita bohliqligini ifodalaydi. mazkur yondashuvning ikkinchisi - formatsion yondashuv hisoblansa, uchinchisini – tik chiziq bo‘ylab yuksalishi to‘g‘risidagi qarash tashkil qiladi. Shuningdek, mazkur yondashuvlarning har birida muayyan kamchiliklar mavjudligini unutmaslik kerak. Masalan, birinchi yondashuvda asosiy e’tibor iqtisodiy munosabatlar, ya’ni jamiyat taraqqiyoti faqat kishilarning iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga bog‘lab qo‘yiladi, ya’ni ijtimoiy jarayonlarni kishilarning moddiy ehtiyojlari belgilaydi degan nazariyaga bo‘ysundirilgan. Ikkinchi yondashuv – formatsion yondashuv hisoblanib, mazkur yondashvga ko‘ra, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni jamiyatda hukmronlik qiluvchi tabaqalar belgilab beradi, ya’ni ijtimoiy-madaniy jarayonlarni jamiyat hayotida kim hukmron bo‘lsa, o‘sha hal qiladi degan tasavvurga asoslaniladi. Uchinchi yondashuvga esa, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy jarayonlar go‘yoki tik chiziq bo‘lab yuksaladi, degan g‘oya asos qilib olinadi.
Mazkur yondoshuvlarning asosiy kamchiligi – insoniyat hayoti, barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlar spiralsimon shaklda yuqoriga qarab yuksalib borishi tan olinmaydi. Zero har bir davrning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida yuksalish bilan birga, ma’lum bir vaqt o‘tgach, ayniqsa, ishlab chiqarish qurollarining eskirib borishi, boshqacha qilib aytganda, ishlab chiqarish jarayoni va kishilar tafakkurining doimiy o‘sib, o‘zgarib borishi qonuniyatlariga an’anaviylikning - eskicha ishlab chiqarish qurollari va kishilar hayoti, ong va tafakkuridagi ma’lum bir turg‘unlikning ustunlik qilishi, shuningdek, har bir ijtimoiy-tarixiy davrlarning nafaqat bksalishi, balki uning tanazzulga uchrashi hisobga olinmaydi.
Ma’lumki, insoniyat tarixi spiralsimon rivojlanish xususiyatiga ega. Bunda taraqqiyot spiralsimon ko‘rinish olarkan, uning har bir bosqichi nafaqat yuksalish sari, ya’ni yuqoriga qarab o‘sish, balki orqaga qaytish (pasayish), ma’lum bir davrda esa, turg‘unlik jarayonini bosib o‘tishini ham unutmaslik kerak. Taraqqiyotning mazkur ko‘rinishi nafaqat, jamiyatning iqtisodiy hayotida, balki ma’naviy-madaniy hayotida ham sodir bo‘ladi. Ayniqsa, taraqqiyot tafakkuri an’anaviylik bilan qamrab olingan bo‘lsa, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy jarayonlarning ilgarilashi ancha qiyin bo‘ladi.
Albatta, madaniyat masalasiga yondoshuvlarda har bir etnik birlik o‘zining milliy madaniyatini boshqa etnik birliklar madaniyatidan ustun qo‘yish holati bugungi kungacha ham davom etib kelmoqda. Boshqa milliy madaniyatlarning shakllanishida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan millatlarning ta’siri va rolini oshirishga bo‘lgan intilishlar ham nafaqat o‘tmishda, balki bugungi kunda ham ko‘zga yaqqol tashlanib turibdi. Boshqacha qilib aytganda, madaniyatni irqiy omilni nazarda tutgan holda tabaqalashtirish holatlari ham uchraydi. Masalan, fransuz faylasufi J.Gobino jamiyat, madaniyat, din, til to‘laligicha irqiy jihatlar, tabiiy sharoit bilan bog‘liq deb tushuntiradi va Yevropa madaniyatini negroid madaniyatdan ustun deb hisoblaydiki, bu albatta noilmiy qarashdir.
XX asrning ikkinchi yarmida ayrim mutaxassislar jamiyat va madaniyat sohasida yuz bergan ayrim salbiy o‘zgarishlarni tushuntirish uchun kontrkultura, subkultura tushunchalarini qo‘llay boshladilar. Kontrkultura deganda bir guruh yoshlarning g‘arb mamlakatlarining rasmiy qadriyatlariga o‘zlarining g‘oyaviy-siyosiy, badiiy qarashlari hamda ideallarini qarshi qo‘yishi nazarda tutiladi. Yoshlarning bunday chiqishlari so‘l radikalchilik, anarxistik, ekstremistik ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Subkultura deganda jamiyatdagi turli tabaqalar, guruhlarga xos madaniy jihatlar hisobga olinadi.
Shuningdek, shahar madaniyati, qishloq madaniyati, kasb madaniyati, ular o‘rtasidagi farqlar haqida ham so‘z yuritib kelinmoqda. Mazkur masalalarning tortishuvlarga sabab bo‘lishi, shuningdek, olimlarning o‘zlarining turlicha qarashlarini isbotlashga bo‘lgan harakatlari madaniyatning murakkab tarkibiy tizimdan iborat ekanligini ko‘rsatadi.
Madaniyatning mazmunini talqin qilishda quyidagi aksiologik va antropologik nuqtai nazar ham mavjuddir.
Aksiologik yondashuvga asos bo‘luvchi asosiy omil – bu insoniyat tomonidan yaratilgan, insonning ma’naviy-madaniy takomillashuviga, insonning insoniylik mohiyatini ochib berishga xizmat qiladigan, insonning asl turmush tarzini shakllantirishga va uning yanada mukammalashuviga hizmat qiladigan, nihoyatda nodir, va barcha davrlar uchun o‘ta qadrli bo‘lgan madaniy elementlar madaniy qadriyatlar hisoblanadi.
Madaniy boyliklar tarkibiy tuzilish jihatidan mukammal qilib yaratiladiki, ularning biror bir elementini olib tashlash mumkin emas, agar ularning birorta elementi olib tashlansa, madaniyatning mazkur ko‘rinishi o‘zining nafaqat tashqi qiyofasi, tarovati, shuningdek, ichki yadroviy tuzilishidan mahrum bo‘lib qoladi, asl mohiyatini yo‘qotadi. Masalan, qo‘shiqchilik san’atidan uning she’riy matnini olib tashlasak, ma’naviy madaniyatning mazkur ko‘rinishi o‘zining asl mohiyatini yo‘qotadi. Ma’anaviy madaniyatning asosiy ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan marosimlar, masalan, bolaga ism qo‘yish, yoki beshik to‘yini o‘tkazmasak, milliy madaniyatimiz o‘zining milliy qadriyat ekanligining asl tarovatini yo‘qotadi.
Madaniyatni atropologik tasavvur qilish kishilar tomonidan yaratilgan har qanday boyliklar, nafaqat insoniy ruh bilan sug‘orilgan bo‘lishi, insonning mohiyatini o‘zida aks ettirishi, shuningdek, isoniyat tarixining muayyan davri, ya’ni madaniy boyliklar yaratilgan davrning ruhini o‘zida saqlab qolishi shart. Mazkur jarayonda asosiy e’tibor madaniyatning nazariy jihatlariga emas, balki madaniy-boylikning kishilar va jamiyat hayotida, ya’ni uning amaliy ahamiyatiga e’tibor qaratiladi.
Insoniyat hayotining muayyan davriga oid madaniy boyliklar izlab topilganda, eng avvalo, mazkur topilma mansub bo‘lgan davr kishilarining nafaqat yashash shart-sharoitlari, shuningdek, ularning ma’naviy hayoti, o‘sha davrning o‘zidan oldingi va keyingi davrlardan farqlanib turuvchi jihatlarini ham ochib berishi zarur. Masalan, xalq orasida bugungi kungacha saqlanib qolgan qadimiy xalq qo‘shiqlari nafaqat o‘sha davr kishilarining dunyoqarashi, ma’naviy-ruhiy olaminigina emas, balki ularning hayotiy kechmishlari, orzu-armonlari hamda intilishlarini ham yoritib berganligi bilan o‘ta qadrlidir.
Madaniyatni tajriba yo‘li bilan o‘rganish madaniyat muammolarini nazariy jihatdan tahlil qilishga yordam beradi. Arxeologik qazishmalar natijasida topilgan madaniy elementlar esa, kishilarning qadim-qadim davriga oid ma’naviy dunyosi hamda moddiy madaniyatida o‘z aksini topgan dunyo qarashi, atrof—muhitga bo‘lgan munosabatlari hamda o‘sha davr ijtimoiy-madaniy jarayonlarning holati to‘g‘risida ma’lumotlar beradi.
Madaniyatni etnografik jihatdan o‘rganish, muayyan etnik birlikning urf-odatlari, marosimlari, rasm-rusumlar, shuningdek, kishilarning mehnat qilish va turmush kechmishlarini o‘rganishga yordam beradi. Madaniyatni etnopsixologik nuqtai nazaridan tadqiq etishning asosida esa, muayyan etnik birlikning o‘zaro ichki munosbatlari ta’sirida vujudga keluvchi ma’naviy-ruhiy kechmishlari hamda muayyan davrda istiqomat qilgan turli etnik birliklarning o‘ziga xos ruhiy holatlari to‘g‘risida ma’lumotlar beradi.
Madaniyaga sotsiologik nuqtai nazardan yondashuv esa, jamiyatni integratsiyalashtirish, shuningdek, kishilar turmushi va ularning oila bo‘lib yashashiga yordam beruvchi asosiy omillar to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Madaniyatni sotsiologik nuqtai nazardan o‘rganish madaniyatning kishilar va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlari qay shaklda shakllanganligini aniqlashga yordam beradi. Masalan, fransuz faylasufi, etnografi Emil Dyurkgeym(1858-1917)ning fikriga ko‘ra, ibtidoiy jamoa o‘z taraqqiyoti davomida murakkab jamoaviy tizimni bosib o‘tib, urug‘chilik tuzumiga aylangan. Keyinchalik undan qator jamoalar, elatlar va xalqlarning uyushmalari paydo bo‘lgan. Madaniyatni sotsiologik nuqtai nazaridan tahlil qiluvchi olimlarning fikriga ko‘ra, madaniyatning funksiyasi jamiyatni erkinlashtirish va odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishdir.
Madaniyatga etnopsixologik nuqtai nazardan yondoshuvchi olimlarning ta’kidlashlaricha, madaniyat mavhum tushunchadan ko‘ra kengroqdir, lekin bu borada birinchi o‘rinda individ, shaxs turadi. Shu bois har bir xalqning madaniyatini tadqiq qilishni eng avvalo shu madaniyatga daxldor individ va shaxsni o‘rganishdan boshlamoq joiz. (Ashirov A.,Atadjanov Sh. Etnologiya. O‘quv qo‘llanma. Toshkent.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti. 2007 yl, 61-bet.)
Madaniyatni aksiologik nuqtai nazardan tahlil qilishda asosiy e’tibor uning qadriyat ekanligini ta’riflashga qaratiladi, Aslida, madaniyatning nima sababdan qadriyat darajasida ekanligini aniqlab berishi zarur. Bizningcha, madaniyatning insoniyat tomonidan qadarlanishining asosiy sababi, madaniyat nafaqat qadimgi ajdodlar mehnati, zaxmatlari natijasi, balki, ularning kun kechirishlari uchun asosiy vosita bo‘lib qolganligi, insonning insoniylik qiyofasining mukammalshuviga ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, keyingai avlodlarning hayot kechirishi uchun zamin hozirlab ketganligi uchun ham u qadrli, qadriyatdir
Antropologik nutai nazaridan yondashuv boshqa yondoshuvlardan farq qilgani holda asosiy e’tibor, insonning madaniy mavjudotga aylanish jarayoni, ya’ni odam sifatini olishi jarayoni, jismoniy tuzilishi va irqiy tafovutlarga aylanishi kabi o‘ta murakkab tushunchalarni qamrab oladi. Lekin ana shu jarayonni, ya’ni tirik mavjudotlardan biri hisoblangan odamning insoniylik qiyofasini olishi jarayonida qanday qilib madaniylashuvi va madaniy boyliklarni yaratishi to‘liq ochib berilmaydi.

Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling