Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


”Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining boshqa ijtimoiy-


Download 1.76 Mb.
bet5/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

4.”Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining boshqa ijtimoiy-
gumanitar fanlar bilan aloqasi. Madaniy tushunchalar ko‘pgina fanlarning o‘rganish ob’ekti hisoblanadi. Shu boisdan ham madaniyatning mohiyati va mazmuni, tarkibiy qismlarining namoyon bo‘lish shakllari hamda sabablari haqida falsafa, tarix, sotsiologiya, lingvistika, antropologiya, etnografiya, pedagogika, psixologiya, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik va boshqa ko‘plab ijtimoiy-gumanitar fanlarda ham tadqiq etiladi.
Madaniyat juda murakkab, serqirra, doimo rivojlanib boradigan ijtimoiy hodisadir. Zero, yuqorida sanab o‘tilgan ijtimoiy-gumanitar fanlar madaniyatni konkret hodisa sifatida, uning biror sohasi, yo‘nalishi, ko‘rinishi to‘g‘risidagina so‘z yuritadi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani esa, umummadaniy hodisalar, jarayonlar, ularning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini tarixiylik nuqtai nazaridan o‘rganadi.
Aynan, ana shu nuqtai nazardan yondoshadigan bo‘lsak, mazkur fanni o‘tmish va hozirgi davr madaniyati, uning tuzilishi va vazifasi, kelajakdagi taraqqiyoti to‘g‘risidagi bilim degan to‘xtamga kelishimiz mumkin.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi fani” eng avvalo falsafa fani bilan bevosita bog‘liq, va o‘zining tadqiqot ob’ektini o‘rganishda falsafiy qonunlar hamda kategoriyalardan bevosita foydalanadi hamda ularga asoslanadi. Chuqurroq nazar tashlansa, har qanday milliy madaniyatining asosida xalq donishmandligi yotadi. Shu boisdan ham ma’naviy madaniyat barcha ko‘rinishlari xalq donishmandligidan iborat falsafiy mushohadalarga asoslanadi. Biz o‘zining donishmondona fikrlari bilan kishilar o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan odamni faylasuf sifatida hurmat qilamiz. Xuddi shuningdek, oddiy odamlar anglab yetmagan qarashlari va fikrlari bilan kishilar o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan odamni haqiqiy madaniyatli inson sifatida hurmat qilishadi. Zero, ma’naviy madaniyatning deyarli barcha ko‘rinishlari – siyosiy, axloqiy, diniy yoki boshqa ko‘rinishlari tag zaminida falsafiy qarashlar va mushohadalar, xalq donishmandligi, xalqona yondashuvlar, xalqona ta’rif va tafsiflar yotadi. Aslida, har qanday etnik madaniyatning asosini tashkil etuvchi xalq maqollari, topishmoqlari, masallari, she’riyati-yu dostonchiligi, qo‘shiqlari-yu marosim folklori xalq falsafasining asosiy manbalaridir.
Falsafa inson va borliq, jamiyat va taraqqiyot, o‘tmish va kelajak kabi azaliy mavzularni o‘rganadi. Ziddiyatlarga to‘la olamda odamning o‘rni haqida mulohaza yuritadi va ular asosida jamiyat rivojlanishining umumiy qonunlarini ishlab chiqadi. Bu qonunlar “Madaniyat nazariyasi” uchun ham o‘ta muhim.(Qarang. Alimasov V. Madaniyatshunoslik. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2001 yil, 11-bet.)
Mazkur fan tarix fani bilan bevosita bog‘liqdir. Madaniyatni
ilmiy-amaliy nuqtai nazardan o‘rganishda tarix fanining ham ahamiyati katta. Tarix fani u yoki bu davr madaniy-tarixiy jarayon haqida mushohada yuritarkan, eng avvalo xronologik izchillikka amal qilgan holda u yoki bu millat, xalq madaniyatining paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixining har bir ijtimoiy-tarixiy bosqichiga xos madaniy jarayonni o‘sha davr iqtisodiy-siyosiy shart-sharoiti bilan birgalikda o‘rganadi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” bilan qiziquvchi talaba nafaqat, xalqimiz tarixi, shuningdek, jahon xalqlari tarixini yaxshi bilmog‘i zarur. Chunki madaniyat tarixi – bu jahon xalqlar tarixining ajralmas tarkibiy qismidir. Busiz u insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida shakllangan madaniyatning tarixini, madaniyatning qaysi ko‘rinishlari insoniyat tarixining qaysi davrida ustunlikka erishganligini, qaysilari esa, tarixiy taraqqiyotdan orqada qolganligini, qaysi birlari jamiyat tarixiy taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynaganligini, qaysi birlari esa, umumijtimoiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsata olmaganligini, ularning tarixiy davrlar nuqati nazaridan o‘z ta’sir doirasiga ega bo‘la olmaganli-gini aniqlab olish imkonsizdir. Madaniyat nazariyasi va tarixi fani qaysi ijtimoiy fanlar bilan chambarchas bog‘liq? Madaniyat nazariyasi va tarixi fani qaysi gumanitar fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda bo‘ladi?
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani tarixiy davrlarning madaniyatini o‘rganish va ularni tahlil qilishda, bilishning quyidagi uch bosqichini tabiiy birlikda olib qarashga harakat qiladi: a) davrning aniq yaxlit qiyofasini, ya’ni uning badiiy obrazini yaratishga intiladi; b) insoniyat borlig‘ining umumiy dinamikasida davrning ma’naviy hayotining o‘rnini aniqlaydi (ijtimoiy ong tarixida, fanda, san’at va falsafada o‘rganiluvchi davrga berilgan bahoning evolyusiyasini ham o‘z ichiga oladi); v) aniq bir davrning “mazmuni”ni tahlil qiladi, ya’ni uning hozirgi davr tafakkurida qanday o‘ringa ega ekanligini, uning muammolarini bizga qanday ta’sir etishini, bizga qaysi tomonlari bilan yaqinligini, hozirgi vaziyatning qaysi ijtimoiy va individual kamchiliklari unda faollashtirilganligini ko‘rsatadi.
Madaniyat tiplari tarixiy davrlarga qarab o‘zgarib turadi. Shuning uchun “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani turli xalqlarning madaniy rivojlanish tarixini jahon madaniy taraqqiyotining tarkibiy qismi sifatida o‘rganish bilan birga aniq tarixiy davrning ijtimoiy taraqqiyot-da tutgan ma’naviy rivojlanishi bosqichlari, umumiy qonuniyatlari, o‘ziga xos xususiyatlarini ham o‘rganadi.(Qarang. Ma’naviyat yulduzlari. 67-bet.)
Insoniyatning shakllanishi va taraqqiyoti haqidagi tarixiy faktlar, voqea-hodisalarni bilish turli sivilizatsiyalarning kelib chiqishi va rivojlanish jarayoni to‘g‘risida nazariy xulosalar qilishga, madaniy taraqqiyotga xos qonunlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda madaniyat tarixi, “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining tarkibiy qismini tashkil qiladi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani politologiya (siyosatshunos-lik) fani bilan ham o‘zaro aloqadorlikda. Zero, madaniy taraqqiyot ko‘p hollarda davlat tuzumi, uni boshqarib borayotgan hukmdor yoki tabaqalarning olib boradigan siyosatiga har tomonlama bog‘liqdir. Hukmdor yoki jamiyat hayotiga hukmronlik qiluvchi guruhlarning olib boradigan siyosati, ana shu siyosatni o‘zida ifoda etuvchi mafkurasi jamiyatni, shu jumladan uning madaniy hayotini yuksaltirishi ham, tanazzulga olib borishi ham mumkin. Chunki mafkurada davrning umumiy dunyoqarashi, davlat tizimining asosiy dasturiy maqsad va vazifalari, ularni amalga oshirish strategiyasi, tashviqot va targ‘abotdan ko‘zlangan maqsadlar, madaniy siyosatni amalga oshirish rejalari kabilar o‘z ifodasini topadi.
Ma’lumki, siyosiy tafakkur har bir insonga xos xususiyatdir. Kishilardagi ana shu siyosiy tafakkur har bir davr madaniyatining ilgarilashi, ya’ni yuksalishiga ham, tanazuliga ham olib keladi. Aksar hollarda siyosiy nazariyalar axloqiy, huquqiy, falsafiy qadriyatlar nuqtai nazaridan o‘z me’yorlariga ega, shuningdek, ular jamiyat madaniy hayotiga xohlaymizmi, yoki yo‘q, o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Angliyalik iqtisodchi va publitsist Jon Meynard Keyns (1883-1946) dunyoni iqtisodiy, siyosiy va falsafiy nazariyalar boshqaradi, deb bejizga ta’kidlamagan. Haqiqatan ham siyosiy mafkuralar real hayotga, ya’ni uning tarkibiy qismini tashkil qiluvchi jamiyat madaniy hayotga albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki siyosiy g‘oyalar va mafkuralar, tarixiy jarayon hamda uning ta’sirida vujudga keluvchi madaniyatga xohlaymizmi yoki yo‘q, o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Zero, jamiyat madaniy hayotini davlat olib borayotgan siyosat belgilab beradi. Masalan, sho‘rolar davri madaniy hayotini, ya’ni madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lgan dinga, u bilan bog‘liq bo‘lgan rasm-rusumlar, marosimlar, an’analarga qarshi ochiqdan-ochiq ayovsiz kurash olib borilgan. Mazkur siyosat nafaqat diniy madaniyat, balki milliy madaniyatlar, shu jumladan, milliy qadriyatlarni zabun etishga qaratilgan edi. Natijada sho‘rolar davlati tarkibiga kiruvchi ko‘plab milliy madaniyatlarga, ularning milliy qiyofasini o‘zida ifoda etuvchi milliy qadriyatlariga tuzatib bo‘lmas darajada zarar keltirilgan, millatning o‘zligini unutishi darajasigacha olib borgan, hatto, umuminsoniy qadriyatlarga aylanib ulgurgan azaliy qadriyatlarni hukmron mafkura - kommunistik mafkuraga mos kelmaydi, degan aqidani bahona qilib, mahalliy xalqning ayrim rahbarlari o‘zlarining azaliy madaniyatlarini o‘zlari yo‘qota boshlaganlar yoki ularning yo‘qolishlariga shart-sharoit yaratib berganlar.
Demak, siyosat turlicha mafkuraviy tizimlar, mafkuraviy – siyosiy oqimlar hamda yo‘nalishlarning o‘zaro kurashuv quroli va maydoniga aylanadi. Jamiyat madaniyati esa, u yoki bu darajada siyosiy to‘qnashushlarni oqlaydi, unga xizmat qiladi, shuningdek, zimdan bo‘lsa-da qarshi kurashadi.
Siyosiy madaniyatni o‘rganmasdan turib, jamiyatda sodir bo‘layotgan siyosiy jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchlarini anglab yetish qiyin. Siyosiy madaniyatgina siyosiy jarayonlarning rivojlanishi uchun yetarlicha imkoniyat yaratadi, jamiyatdagi turli ijtimoiy guruh va qatlamlarning xulq atvorini belgilab beradi. Ayni paytda siyosiy madaniyat jamiyatda fuqarolar turmush tarzi va intilishlarida yangiliklar hosil bo‘lishiga shart-sharoit yaratuvchi yoki unga to‘sqinlik qiluvchi “ijtimoiy iqlim”ning ajralmas va muhim qismi hisoblanadi. (Qarang: M.Qirg‘izboev. Siyosatshunoslik. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2013 yil,477-bet.)
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani talaba ongini turli tarixiy davrlar madaniyatlari va ijtimoiy guruhlarning urf-odatlari, turmush tarzi to‘g‘risidagi bilimlar bilan boyitadi.
Mazkur fan tarixiy va gumanitar bilimlarni tartibga keltiradi, ijtimoiy turmush voqeliklarini yagona mazmun asosida anglashga yordam beradi. Ko‘plab betakror va mustaqil madaniyatlardan tashkil topgan jahon sivilizatsiyasining birligi va xilma-xilligini ko‘rsatadi. U kishilarning fuqarolik va ma’naviy yetuklikka erishishlarida, fikrlar va qadriyatlar plyuralizmini shakllantirishda, fan taraqqiyotini to‘g‘ri baholash qobiliyatini hosil qilishda o‘ta muhimdir.
Inson eng oliy darajadagi tarixiy mavjudotdir. Inson tarixiy davrda, tarixiy davr insonda mujassam. Negaki, har qanday davrning xususiyat va darajasi madaniyat rivoji bilan o‘lchanadi.
Tarixiy davrlar madaniyatini o‘rganish madaniyatlarni qarama-qarshi qo‘yish, ularga baho berish, farq qilish maqsadlariga emas, balki yangilikni o‘rganish, boshqa madaniyatlar qimmatliklaridan bahramand bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu vazifalarni bajarishda “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani tarixiy antropologiya-madaniyatga yaxlit fenomen, dunyo va hayotni idrok etish usuli sifatida munosabatda bo‘ladi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi“ fani insonning ichki dunyosi, ruhiy olami haqida fikr yuritishda psixologiya fani, badiiy adabiyotga xos ruhiy taxlil (psixoanaliz) yutuqlaridan foydalanadi. Birgina mazkur fan tarkibiga kiruvchi etnopsixologiya o‘z tadqiqot yo‘nalishini madaniyat va shaxsning o‘zaro ta’siri masalasini aniqlashga qaratadi. Etnopsixologiya maktabi vakillarining fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori, faoliyati va shaxsiy xususiyatlari biologik omil bilan emas, ularning madaniyati bilan bog‘liqdir.
Har bir xalqning ruhiy qiyofasiga mos ravishda ularning madaniyati, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar tizimi, yosh va jinslar o‘rtasidagi farqlanishi, diniy e’tiqodga nisbatan munosabati va shu bilan bog‘liq harakatlari, kayfiyatlari hozirgi davrda esa siyosiy jarayonlarga munosabati ham shallanadi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani jamiyat va uning taraqqiyoti qonunlarini o‘rganuvchi sotsiologiya fani bilan ham bog‘liqdir. Shaxsning ijtimoiy-madaniy shakllanishi jamiyatda kechar ekan, sotsiologiyaning bu boradagi fikrlari, xulosalari mazkur fan uchun o‘ta muhimdir.
Sotsiologiya – insonning ijtimoiy turmushini, guruh va jamiyatlarni o‘rganuvchi fandir. Inson hayotining bir qismini tashkil etuvchi xalq an’analari, marosim, udum, rasm-rusum va irim-sirimlar ham milliy madaniyatning ma’lum qismini tashkil etadi.
Jamiyat tushunchasini madaniyat tushunchasidan ajratib bo‘lmaganidek, biror-bir jamiyatni uning madaniyatisiz tasavvur qilish ham aslo mumkin emas. Chunki jamiyatni tashkil etuvchi kishilarni madaniyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Demak, sotsiologiya jamiyat tizimining asosiy mazmunini tashkil etuvchi madaniyatlilik orqali aholi qatlamlarini boshqarib boradi, jamiyatni boshqarishda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni ham doimo o‘z nazorati ostiga oladi, uni tadqiq etib boradi. Jamiyatning har bir qatlamlari va tashkilotlari, o‘zining ichki belgilariga, rivojlanish qonuniyatlariga ega. Sotsiologlarning bu boradagi qarashlari madaniyat nazariyasini tadqiq etuvchi turli madaniy oqimlarning o‘rnini to‘g‘ri anglashga, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqarish qonunlarini yaratishga yordam beradi. Sotsiologlarning fikriga ko‘ra, madaniyatning funksiyasi jamiyatni erkinlashtirish va odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishdan iboratdir. Mazkur vazifani amalga oshirish albatta, jamiyat a’zolarining qanchalik tarzda madaniyatliligiga bog‘liqdir.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” pedagogika, ya’ni inson tarbiyasi bilan bog‘liq fanlarning yutuqlaridan ham foydalanadi. Bugungi kunda, ya’ni globallashuv jarayonida mazkur fanning bosh vazifasi o‘ziga xos vositalar orqali kishilarni insoniylashtirish, ya’ni inson kamolotini oliy maqsad qilib qo‘ygan muhitni shakllantirishdir.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani o‘z tadqiqot ob’ektlarini shunchaki o‘rganib qolmaydi, uni inson va uning manfaatlari nuqtai nazaridan o‘zgartirish, insoniylashtirish yo‘llarini ham ochib beradi. Tarbiya ob’ektida ijobiy fazilatlarni va ijodiy hislatlarni shakllantirish-pedagogikaning ham, madaniyat nazariyasining ham vazifasi. Madaniyat nazariyasi bevosita kishilarning qay shaklda insoniylik qiyofasiga ega bo‘lganliklari yoki insoniylik qiyofasidan mahrum bo‘lish bo‘lishlariga nimalar ta’sir ko‘rsatishi kabi masalarni doimo o‘zining diqqat markazida ushlab turadi. Demak, madaniyatning amaliy jihatlari pedagogika bilan hamkorlik qilishni taqozo etadi, tarbiyaviy ta’sir usullarini o‘rganadi, tahlil qilib boradi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani badiiy adabiyot, adabiyotshunoslikka oid fanlar bilan ham hamkorlik qiladi. Jahon adabiyotida tasvirlangan siymolar, turli qarashlarning to‘qnashuvi, inson hayotining rang-barang qirralari, inson ruhiy omili, ichki kechinmalari-shodligi va qayg‘usi, sevinch va o‘kinchi, mehr va qahri o‘zining bor murakkabliklari bilan aql-zakovat egalari – yozuvchi-ijodkorlarning asarlarida mujassamlashib keladi, “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanini ham hayotiy, ham ilmiy nuqtai nazardan boyitadi.
Ma’lumki, adabiyotshunoslik ma’naviy madaniyat tizimlarining
o‘ziga xos shakllaridan biri bo‘lib, adabiyot haqida, uning rivojlana borishi jamiyat taraqqiyotiga bog‘liq ekanligi va o‘z navbatida ana shu jarayonga o‘ziga xos ta’sir etish imkoniyatlarining yuzaga kelishini tahlil etadi.
Insoniyat madaniyatida hissiy lazzat beruvchi yagona element, ya’ni go‘zallikni anglash istagi mavjud. Inson o‘zidagi ana shu istakni tashqi tabiat, inson va jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan voqealar, hodisalar va jarayonlarni anglab borishi jarayonida o‘zining estetik ehtiyojlarini qondirib boradi, ma’naviy-ruhiy dunyosini mukammallik darajasiga ko‘taradi, tabiiy estetik ehtiyojlarini qondiradi va madaniyatlilik me’yorlarini mukammallik darajasiga olib chiqadi.
Estetika mavzusini san’at bilan cheklash to‘g‘rimi? Inson dunyo go‘zalligini faqat rasmda, musiqada, adabiyotda topib, uni namoyon qiladimi? Qadim zamonlardan to hozirgi kungacha "san’at" tushunchasi nafaqat badiiy ijod va uning natijalariga, balki insoniyatning har qanday faoliyat turida, shu jumladan mahoratga egaligi, erishganligiga, ya’ni yuksak mahoratiga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Nemis shoiri va gumanisti I.F.Shiller (1759-1805) o‘zining “Estetik tarbiya haqidagi maktublari” asarida birinchi bo‘lib, “go‘zallik dunyoni qutqaradi” degan buyuk g‘oyani ilgari surgan edi. Darhaqiqat, nafaqat insonning tashqi go‘zalligi – mukammalligi, shuningdek, atrof-muhit – tabiatdagi go‘zallik va mukammallik insonning tabait va boshqa kishilarga bo‘lgan munosabatlarini tartibga keltiradi, muayyan me’yorlar, tartib-tamoyillarga amal qilishiga majbur qiladi. Shuning uchun ham tabiat hodisalaridagi uyg‘unlik, jamiyat va inson hayotidagi mukammallik masalasi “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining ham asosiy ob’ektlaridan biri hisoblanadi.
Zamonaviy Yevropa madaniyati uchun O‘rta asrlar va Uyg‘onish davrida kishilarning estetik dunyoqarashining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan asarlarning, (ayniqsa, tasviriy san’atda) yaratilishi inson ma’naviy dunyosining takomillashuviga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmagan. Agar o‘rta asr Yevropasida estetik tafakkurning markazida xudo obrazi, uning mukammmalligi masalasi san’atning asosiy mavzusi sifatida ilgari surilgan bo‘lsa, Yevropa Uyg‘onish davriga kelib estetik tafakkurning asosiy ob’ekti nafaqat tabiat hodisalari va jarayonlariga, balki insonning go‘zalligi va ma’naviy yetukligi madaniyatlilikning asosiy mezoni sifatida talqin qilina boshlangan. Venesiya (iatliya)lik rassom Jorjone de Kastelfranko (1478-1510) “Uyqudagi Venera” asari orqali ayolning mukammallik qiyofasini tasvirlab bera olgan.
Insondagi estetik did va estetik ideal insoniyat tomonidan vujudga keltirilgan madaniy boyliklarda mujassamlashib keladi. Inson va insoniyat umr davomida o‘zi yaratgan madaniy boyliklarni go‘zallik qonunlari asosida yaratgan, ularni mukammallikka darjasiga, ya’ni o‘zining idealiga mos ravishda vujudga keltirishga harakat qilib kelgan.
San’atshunoslik estetika, tasviriy san’at asoslari, teatrshunoslik, musiqa nazariyasi kabi fan sohalari hamda nazariyalarini o‘z ichiga oladi. San’at va ijod esa o‘z navbatida “Madaniyat nazariyasi va tarixi”ning ham ob’ektidir. Go‘zallikni tarannum etish, ijod qilish, kishilarning his-tuyg‘ularini o‘stirish, shakllantirish hamda tahlil qilib borish, ularning turfa xil ranglar, ohanglar va tovushlarni ilg‘ab olishlari kabi masalalarni o‘rganish va muammolari “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanini ham qiziqtiradi. Zero, mazkur fan xalq amaliy san’ati, xalq musiqasi va qo‘shiqchiligi an’analarini saqlab qolish hamda rivojlantirish yo‘llarini o‘rganadi, tahlil qiladi.
Estetikaning go‘zallik va xunuklik, yuksaklik va tubanlik, kulgulilik va fojiaviylik, mukammallik va nomukammallik kabi kategoriyalari “Madaniyat nazariyasi va tarixi”ning ham tadqiqot ob’ektlari hisoblanadi. Ana shu nuqtai nazardan biz o‘rganayotgan fan estetikaning mazkur kategoriyalari qamrab oladigan jarayonlarni, ya’ni madaniy boyliklarni yaratish jarayoni uchun zarur bo‘lgan o‘ziga xos tamoyillar, yon atrofdagi hodisalar, jarayonlar hamda voqealarni, kishilardagi madaniy-estetik fazilatlarni bor ziddiyatlari bilan tadqiq etishga o‘rgatadi. Demak, mavjud ziddiyatlarni, qarama-qarshiliklarni, ularning ichki qonuniyatlarini hisobga olgandagina mazkur fan davr talablarini, hayot ehtiyojlarini va shaxs istaklarini to‘g‘ri ilg‘ab oladi, o‘zini ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladigan fan sohasi ekanligini isbotlaydi.
Shuningdek estetika fani ham tabiat, jamiyat va inson faoliyatidagi nafosat olami haqida bahs yuritganda masalaning yechimini estetik ong doirasidan turib hal etadi.
Etika fani ham “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani bilan nihoyatda chambarchas bog‘liqki, hatto ikkala fanlarning o‘ziga xos tarkibiy qismlari umuminsoniyat qonunlari nuqtai-nazardan tahlil etishiga ko‘ra o‘rtadagi nisbiy farqlar ham tafovvutli ahamiyat kasb etmagandek tuyuladi. To‘g‘ri etika fani jamiyat ahloqining paydo bo‘lishi va rivojlanish qonunlari, uning asosiy kategoriyalari, me’yorlari va tamoyillarini o‘z qonunlari nuqtai nazaridan tahlil etadi.
Ko‘rinib turibdiki, har ikkala fan uchun ham insonning ongli faoliyati bosh mavzu bo‘lib qolmoqda. Xuddi ana shu jarayon mazkur fanlarning “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani tizimida tarkib topishini taqoza etadi. Lekin bu bilan etika va estetika fanlari “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanidan farqli xususiyatlarga ega emas ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Chunki, etika va estetika fanlari “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining qonun va kategoriyalariga tayanib o‘z tadqiqot ob’ektini o‘rgana borsa-da, madaniyat masalasini yaxlit bir tizim sifatida tahlil eta olmaydi. Bu masalada fanlar o‘zlarining takrorlanmas ichki xususiyatlari nuqtai nazaridan turib ahloqiy madaniyat, estetik madaniyat ko‘rinishida ish tutadi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani ulardan farq qilgani holda madaniyat masalalarini to‘liq bir jarayon sifatida atroflicha o‘rganishni o‘zining bosh masalasi deb hisoblab, madaniyatni ijtimoiy-tarixiy reallik sifatida qayd etadi va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarini unga nisbatan belgilovchi omil sifatida olib qaraydi. Mana shuninguchun ham “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani o‘zining asosiy xulosalarida madaniyat tushunchasini inson amaliy faoliyatining natijasi yoki insonning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonda qo‘lga kiritgan malakalari majmuidir degan to‘xtamga keladi.
Masalaning nozik tomoni shundaki, “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar o‘rtasidagi aloqalarni bir yoqlama tushunish, ya’ni madaniyat masalalari va uning muammolarini faqat diqqat markazimizda turgan fangina hal qiladi, degan xulosaga ham bormaslik kerak. Chunki ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik va hamkorlikni e’tibordan soqit qilish ilmiy-amaliy jihatdan mumkin emas. Zero “Madaniyat nazariyasi va tarixi” barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan nihoyatda chambarchas aloqadorlikda o‘zini mazmunan boyitib boradi.
“Madaniyat nazariyasi va tarixi” fanining mazmun va mohiyatini, uning o‘zgarishlarga boy taraqqiyot yo‘sinini chuqur anglab yetish, qolaversa, bu fanning jamiyat moddiy va ma’naviy hayotidagi tutgan o‘rni va ahamiyatini to‘g‘ri tushunish uning ijtimoiy amaliy va muayyan vazifalarni bajarish xususiyatlarini to‘g‘ri belgilab olishga yordam beradi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda quyidagi xulosalarga kelishimiz mumkin: birinchidan, “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani madaniyatning shakllanishi va rivojlana borishning o‘ziga xos qonuniyatlarini gnoseologik nuqtai nazardan tahlil etish orqali jamiyat a’zolariga muayyan yo‘nalishga qaratilgan bilim berish vazifasini amalga oshiradi. Bunda jamiyat madaniy-tarixiy jarayonida to‘plana borgan ilmiy-nazariy va amaliy bilimlar, qarashlar va munosabatlar bayon etiladi va ular ma’lum bir manbalar to‘plamiga aylana boradi. Natijada madaniyatga, uning yaratuvchisi bo‘lgan insonning bunyodkorlik faoliyatiga turlicha munosabatlar g‘oyaviy va ma’naviy jihatdan tadqiq etiladi, madaniyatni tahlil etishning yangicha munosabatlari vujudga kela boradi.
Ikkinchidan, ”Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani jamiyat a’zolarining dunyoqarashini o‘stirish vazifasini ham bajaradi. Uning bu vazifasi bilim berish vazifasi bilan bevosita bog‘liq holda kishilarga o‘zlari yashab turgan ijtimoiy tuzumning manfaatlariga xos va mos holdagi madaniy siyosatga mansub mafkuraviy qarashlarni tafsiflash va izoxlash orqali g‘oyaviy ta’sir eta boradi. Shuning uchun xam u baxs yuritayotgan g‘oyalar madaniyat soxasidagi yangicha qarashlar va munosabatlarni ma’lum bir maqsadga da’vat etish bilangina cheklanib qolmay, ayni vaqtda o‘sha g‘oyalarning mazmun va moxiyatini jamiyat ijtimoiy tizimiga asoslanuvchi kuch darajasiga olib chiqadi. Ana shu kuch ta’sirida shakllana borayotgan dunyoqarash esa xar bir jamiyat a’zosiga xos ijodkorlik tamoyillari va qobiliyatlarini, ishtiyoqlarni umuminsoniy extiyojlarga xizmat qilishga boshqarib boradi. Albtta, bu kuch shakllanish xarakteriga ko‘ra yuqorida ta’kidlangan maqsadlarga teskari bo‘lgan aksil madaniyat uchun xam xizmat qilishi mumkin ekanligini esdan chiqarmaslik kerak.
Uchinchidan “Madaniyat nazariyasi va tarixi” fani tarbiyaviy vazifaga ega bo‘lib, bu jarayonda barkamol inson madaniyatining serqirra yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu eng avvalo kishilarda yurish-turish, muomala, jamoatchilik ichida o‘zini tuta bilish madaniyatidan tortib qadriyatlarni o‘zlashtira olish san’at va adabiyot namunalari asosida badiiy ehtiyojlarni o‘stira borish, uning axloqiy-estetik ahamiyatini anglay bilish va ularga tanqidiy munosabatda bo‘la olish, qolaversa, o‘z kasbining ijodkori bo‘la olish kabi xilma-xil sifatlar bilan izohlanadi.
Bu fanning tarbiyaviy ahamiyatiga xos yana bir ko‘tarinki ruh shundaki, bu ta’limot eng avvalo insonningo‘zi mansub bo‘lgan millat madaniyatining o‘tmishi, bugun va ertasi xaqida haqiqiy fidoiy kishi bo‘lishga da’vat etish bilan birga umumjahon madaniyatining cheksiz hazinasidan bahramand bo‘lishga chorlovchi baynalmilal tuyg‘ularni ham o‘stira boradi. Eng muhimi, bu fan tarbiyaviy vazifani bajarar ekan, madaniyat soxasida olingan bilimlar bilan chegaralanib qolmaslikni, egallangan ilmiy-amaliy qarashlar, falsafiy tushunchalar, axloqiy-estetik munosabatlarni inson amaliy faoliyati uchun yetakchi omillarga aylantira boradi. Xulosa qilib aytganda, madaniyatning tarbiyaviy vazifasi orqali inson ma’naviyatida madaniyatlilik xaqidagi oddiy qoidalarnigina shakllantirishni amalga oshirib qolmasdan, balki bu jarayonda insonning butun ijtimoiy faoliyati uchun ahamiyatga molik usul va munosabatlarni o‘stirish, fikrning moddiy boyliklar yaratishdagi ustivorligini ta’minlash, yaratilgan va yaratilayotgan
madaniyat durdonalarini kelgusi avlodga asrab-avaylab yetkazish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarni rivojlantira boradi.

Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling