Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


-mavzu. Madaniy taraqqiyot va uning qonuniyatlari


Download 1.76 Mb.
bet20/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

8-mavzu. Madaniy taraqqiyot va uning qonuniyatlari.
Reja:
1.Madaniy taraqqiyot va uning qonuniyatlari.
2.Yangilik va yetuklikka intilish – madaniy taraqqiyotning
asosiy omili ekanligi.
3.Madaniy taraqqiyot o‘lchovlari: a)madaniy boyliklarni ishlab chiqarish jarayonining xaraketri; b)aqliy va jismoniy mehnatning nisbati; s)ma’naviy madaniya tarkibiy qismining holati; d)jamiyatning madaniy merosga bo‘lgan munosabati; ye)jamiyat ma’naviy-madaniy boyliklarining teng taqsimlanishi va h.k. g)madaniy boyliklarning to‘xtovsiz boyib borishi; h)an’anaviylik ijtimoiy madaniy taraqqiyotning ob’ektiv qonuniyati ekanligi.)
1.Bizga ma’lumki, taraqqiyot rivojlanib, yuksalib boruvchi (progress) va inqirozli, tanazzulga yuz tutgan (regress) jarayonlardan iborat bo‘ladi.
Rivojlanib, yuksalib boruvchi taraqqiyot - quyi sifatdan yuqori sifatga o‘tuvchi umumtarixiy taraqqiyot jarayonining asosiy yo‘li hisoblanadi. Bu jarayonda insoniyat tarixi oddiy holatdan murakkab holatga o‘ta boradi. Lekin bu jarayon «tekis, ravon yo‘ldan bormaydi. Jamiyat rivojlanishida tezlashishlar ham, sekinlashishlar ham, goho orqaga qaytish hollari ham bo‘lib turadi».1
Jamiyat taraqqiyotining umumiy holatini belgilab beruvchi madaniy rivojlanish, asosan, kishilarning tabiat va jamiyatda tutgan o‘rni va rolidan qoniqmaslik bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Bu qoniqmaslik insonning o‘zini baxtli hisoblashiga xalal beradi. Natijada kishilar o‘z hayotidan qoniqish hosil qilish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan turli xil ehtiyojlarni - ham biologik, ham ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish yo‘llarini izlay boshlaydi. Bu ehtiyojlarni qondirishga bo‘lgan intilishlar insonning biologik mavjudotlikdan ijtimoiy organizm darajasiga olib chiqadi. Yuqori taraqqiyotga ega bo‘lgan jamiyatda kishi o‘zligini, yashashdan maqsadini chuqur anglay boradi. O‘zi yashayotgan jamiyatni yanada takomillashtirish, o‘zining ijodiy va kundan-kunga oshib borayotgan ma’naviy ehtiyojlarini qondirish yo‘llarini izlay boshlaydi.
Madaniy taraqqiyotni jamiyat taraqqiyotidan, o‘z navbatida jamiyat taraqqiyotini madaniy taraqqiyotdan ajratib bo‘lmaydi. Shu sababli jamiyat taraqqiyotini ijtimoiy-madaniy taraqqiyot shaklida tasavvur qilish mumkin bo‘ladi. Ijtimoiy-madaniy taraqqiyot murakkab tushuncha bo‘lib, u o‘ziga insonning tabiat ustidan hukmronligini, ijtimoiy hodisalarga ongli munosabatda bo‘lishini hamda yuksak ongli shaxsni shakllantirish kabilarni mujasslashtiradi.
Demak, madaniy taraqqiyot deganda, eng avvalo ma’naviy jihatdan yetuklikka erishish tushuniladi.
Shu o‘rinda ijtimoiy-madaniy taraqqiyot tushunchasini anglab yetish uchun madaniyatning ayrim sohalaridagi taraqqiyot jarayoniga to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz. Ma’lumki, texnika va ilmiy-tabiiy bilimlardagi taraqqiyot jarayoni bir muncha aniqroq. Bu jarayonlardagi taraqqiyot bir shakldagi bilimning va texnikaning ikkinchisi bilan almashinuvi tarzida ro‘y beradi. Masalan, tosh qurollar o‘rnini bronza qurollari, ularning o‘rnini esa temir qurollar egallashi yoki tabiatning turli hodisalariga nisbatan paydo bo‘lib turuvchi bilimlarning doimo yangilanib turishi fikrimizning dalili bo‘la oladi. Bu jarayonni tushunib yetish bir muncha yengilroqdek tuyuladi. Lekin ijtimoiy ong shakllaridan san’atda, axloq va diniy e’tiqodlarda ro‘y beruvchi rivojlanish jarayonini anglab yetish bir muncha murakkab hisoblanadi. Masalan, san’atdagi rivojlanish jarayoni texnika taraqqiyotidagi singari sezilib turmaydi. Chunki san’at asariga singdiriladigan ijodkorning dunyoqarashi, intilishlari, ichki ruhiy kechinmalari, tashqi dunyo hodisalaridagi ko‘z ilg‘amas nozik holatlarni hamma ham tushunavermaydi. Shu sababli bir necha asrlar ilgari yaratilgan san’at asarlari bilan bir necha asrlar keyin yaratilgan asarlar o‘rtasidagi farqni ilg‘ab olish qiyin bo‘ladi. Juda ko‘pchilik san’at asarining tashqi shakliga e’tibor bersa-da, uning ichki mazmuni, tasvirlanayotgan voqea yoki hodisaning ichki mohiyatini anglab olishda qiynaladi. Natijada ijodkor tomonidan ilgari surilayotgan asosiy g‘oya e’tibordan chetda qoladi. Buning uchun jamiyatning kishilar ongliligini, dunyoqarashi va bilim darajasini shakllantirishga alohida e’tibor berishi zarur bo‘ladi, ya’ni jamiyat o‘z a’zolarini ma’naviy yetuk, shakllangan shaxs darajasiga olib chiqishi zarur. Yetuk shakllangan shaxsni shakllantirish jarayoni esa uzoq davrni talab qiladi.
San’at tabiat va jamiyatni estetik bilishning shakli hamda insonning qiziqishlari, orzu-umidlari hamda intilishlarini ifoda etuvchi vosita sifatida jamiyat taraqqiyoi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi va taraqqiy etadi. Insonning moddiy va ma’naviy manfaatdorligi qanchalik boyib, rivojlanib borsa, san’atning voqea va hodisalarni qamrab olish darajasi ham shunchalik kengaya boradi.
Agar san’at asarlariga (ibtidoiy va zamonaviy san’at asarlariga) e’tibor bersak, ibtidoiy avlod-ajdodlarimizning ham, zamonaviy ijodkorlarning ham diqqat markazida doimo insonni qurshab turgan tashqi olam va uning hodisalari turganligini anglab yetamiz. Masalan, ibtidoiy odamlar tomonidan g‘or devorlariga yoki qoya toshlarga chizilgan suratlarning ko‘pchiligida ov manzaralari, yovvoyi hayvonlar tasviri berilgan. Demak, ibtidoiy odamlarning asosiy diqqat markazida odamlar emas, balki, hayvonlar turgan, ya’ni ular eng ibtidoiy suratlarda ham tabiatga bo‘lgan munosabatini bildirishga intilganlar. Ular o‘zlari tasvirlayotgan hayvonlarning kuchini, epchilligini aniq bilganlar. Natijada, tabiat (hayvon) bilan to‘qnash kelganlar, ular ustidan g‘alaba qilishga intilganlar.
Ibtidoiy odamlar bu suratlarni o‘zlarining sodda tafakkuri, sodda estetik qarashlariga yarasha chizganlar. Ulardan murakkab syujetli asarlar chizishni talab qilish adolatdan emas, albatta. Ular tashqi dunyo hodisalarini o‘z sodda tafakkurlariga yarasha tushunib yetganlar.
O‘rta asrlar musavvirlari esa o‘z asarlarida kishilarning murakkab ichki ruhiy kechinmalarini tasvirlashga alohida e’tibor berganlar. Ular o‘z asarlarining markaziga inson qiyofasini, ma’naviy-ruhiy dunyosini qo‘yganlar. O‘rta asrlarda yaratilgan san’at asarlarida butun bir tarixiy davr o‘z ifodasini topgan. Demak, ibtidoiy madaniyat eng sodda va oddiy ko‘rinishda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, o‘rta asrlarga kelgach, madaniy boyliklarning yaratilishi ham insonning ancha murakkablashgan tafakkuri natijasi o‘laroq, murakkab hayotiy jarayonlarni, murakkab ijtimoiy hayot hodisalarini tasvirlash tarzida maydonga kelgan.
Ibtidoiy madaniyat ibtidoiy tafakkur, ibtidoiy ishlab chiqarish jarayoniga monand ravishda, o‘rta asrlar madaniyati esa o‘z davriga xos ishlab chiqarish taraqqiyoti ta’siri va taraqqiyoti darajasida rivojlangan va yuzaga kelgan. Har bir davr musavvirlarining o‘z asarlari orqali tabiat va ijtimoiy taraqqiyot hodisalarini o‘zlaridan oldingi musavvirlarga nisbatan mukammal tarzda tasvirlab berishi va ta’sirchan obrazlardan keng foydalanishi, birinchidan, ijtimoiy taraqqiyotning, ikkinchidan, tafakkur taraqqiyotining, uchinchidan, estetik ongning hamda tasvir vositalarining taraqqiy etganligi ilmiy-texnik taraqqiyotning yuksak darajada ekanligini anglatadi. Ilmiy-texnika taraqqiyoti esa o‘z navbatida yangidan-yangi san’at turlarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Foto, telivedenie, kino, soya (tenevoy) teatri kabilar ilmiy-texnika taraqqiyoti mahsuli hisoblanadi. Temir-beton, allyumin va po‘lat konstruksiyalar, plastmassa materiallaridan foydalanishning yo‘lga qo‘yilishi esa me’morchilikning taraqqiy etishiga turtki bo‘ldi.
Albatta, san’at taraqqiyotining o‘ziga xos xarakterli xususiyatlari mavjuddir. Har bir xalq, har bir tarixiy davr va har bir avlod o‘z san’atini yaratadi. Har bir avlod uchun o‘zi yaratgan san’at asarlari qalban yaqin bo‘ladi. Lekin har bir xalqning klassik asarlari keyingi avlodlarni doimo hayratga solib keladi. Masalan, Alisher Navoiyning she’riyati asrlar o‘tsa-da, keyinga avlodlar ruhiyatiga chuqur ta’sir etaveradi, qanchalik ko‘p o‘qilsa-da, uning yangidan-yangi qirralari ochilaveradi.
Taraqqiyot o‘ziga xos ob’ektiv tarixiy jarayon hisoblanadi. Taraqqiyotdagi eng asosiy narsa taraqqiyot g‘oyasining mavjudligidir. Umuminsoniy taraqqiyotni ko‘z oldimizdan o‘tkazadigan bo‘lsak, insoniyat jamiyati qorong‘ulikdan-yorug‘likka, nodonlikdan-donolikka, bilmaslikdan-bilishga, qoloqlikdan-ilg‘orlikka, qaramlikdan-erkinlikka tomon harakatlanuvchi oqimdek ko‘rinadi. Agar ibtidoiy odamning tabiat sirlari oldidagi ojizliklarini ko‘z oldimizga keltirsak, insoniyat tafakkurining qay darajada taraqqiy etganligini anglab yetamiz. Insoniyat shunday taraqqiyotga erishdiki, tabiat hodisalarini o‘z manfaatlariga bo‘ysundira oluvchi tafakkur kuchiga, texnika quvvatiga ega bo‘ldi.
Albatta madaniy taraqqiyot to‘g‘risidagi tushunchalar bir muncha keyinroq, ya’ni XVIII asr fan va texnika taraqqiyotiga erishilgandan so‘ng yanada mustahkamlandi. Madaniy taraqqiyot tushunchasini fransuz filosofi va ma’rifatparvari Jan Antuan Kondorse (1743-1794) va nemis klassik faylasufi Gegel (1770-1831) lar bir muncha rivojlantirdilar. Masalan, Kondorse turli tasodifiy alomatlarga asoslanib, tarixni o‘n davrga bo‘ladi va o‘zi yashagan davrning benihoya taraqqiy etganligini ko‘rsatib o‘tadi. Gegel esa jamiyat taraqqiyotining ziddiyatli xarakterini o‘ziga xos shaklda aks ettirishga harakat qiladi. U o‘zining «Ruh fenomenologiyasi» asarida inson ongining dastlabki uchqunlaridan boshlab, to fan va ilmiy metodologiyaning ongli ravishda egallab olinishiga qadar bo‘lgan evolyusion jarayonni qarab chiqadi1.
Amerika etnografi Luis Morgan esa o‘zining «Qadimgi jamiyat» asarida sinfiy jamiyatgacha bo‘lgan tarixiy davrlar va ularning taraqqiyoti darajasini davrlarga bo‘lib o‘rganadi hamda madaniy taraqqiyot tushunchasini ilmiy jihatdan asoslab beradi.
Madaniy taraqqiyotning asosiy omili - yangilikning mavjudligidir. Barcha tarixiy-madaniy davrlarda o‘zidan oldingi davrlarga nisbatan ilg‘or va ijobiy (progressiv) yangilik mavjud bo‘lgan. Masalan, o‘zbek adabiyotida XX asr boshlarigacha (A.Qodiriy ijodigacha) roman janri mavjud emas edi. A.Qodiriy o‘zining «O‘tgan kunlar» romanini yaratishi orqali o‘zbek adabiyotida oldingi davrlardan tubdan farq qiluvchi yangilik - romanchilikning vujudga kelishini boshlab berdi.
Madaniyat taraqqiyotdagi yangilik doimo avloddan-avlodga o‘tuvchi madaniy tajribaga asoslanadi. Lekin ayrim hollarda madaniy tajribalar muayyan ijtimoiy shart-sharoitlarda madaniy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuchga ham aylanib qolishi mumkin. Masalan, diniy mutaassiblik o‘rta asrlar Yevropa, XVII-XIX asrlar O‘rta Osiyo madaniy taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi kuchga aylangan. Natijada avlodlar tomonidan yaratilgan madaniy boyliklarning talon-taroj bo‘lishiga va yo‘qotilishiga olib keldi, fan taraqqiyoti jarayoniga to‘sqinlik qildi.
San’atdagi yangilik qachonki kishilarni yangilikka, kelajakka chorlay olsagina, ya’ni kishilarni ruhlantira olsagina madaniy taraqqiyot uchun foydalidir. Kishilarni tushkunlikka chorlovchi, ruhan ezuvchi, pessimistik, taqdirga tan berishga undovchi yangiliklar madaniy taraqqiyotga zarar keltiradi.
Demak, har qanday yangilik madaniy taraqqiyot uchun doimo ham foydali bo‘lavermaydi.
Madaniy taraqqiyotda shunday bir davrlar vujudga kelganki, insoniyat o‘zi yaratgan kashfiyot orqali ancha qoloq turmush shart-sharoitlaridan uzilib keta olgan. Natijada, insoniyatning biologik mavjudotlikdan ijtimoiy mavjudotlikka o‘ta borishi ancha tezlashgan. Bunga misol tariqasida - a) olovning; b)dehqonchilikning; v)hayvonlarni qo‘lga o‘rgatishning; g) kulol-chilik charxining; d)g‘ildirakning; ye)tegirmonning; yo)yozuvning va boshqalarning kashf etilishini olib qarash mumkin. Bu kashfiyotlar insoniyat sivilizatsiyasining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Moddiy va ma’naviy madaniyat taraqqiyoti vujudga kelgan.
Insonlar tomonidan ishlatilgan dastlabki tosh qurollar, tilning paydo bo‘lishi, qoya toshlarga ishlangan suratlar, kulolchilik dastgohi - bularning barchasi insonnning yanada yaxshi yashashiga xizmat qilgan. Inson moddiy boyliklarni eng avvalo o‘zining mavjud bo‘lishi uchun, yaxshi hayot kechirishi uchun yaratgan. Madaniyat bu inson qo‘li bilan, tafakkuri orqali vujudga kelgan, qiymatiy mazmunga ega bo‘lgan ijtimoiy boyliklardir. Madaniy taraqqiyot natijasida ko‘plab turli xil madaniy boyliklar yaratilgan. Bu madaniy boyliklarga turli xil buyumlarni, g‘oyalarni, badiiy obrazlarni, turli xil marosimlarni, bayramlarni va boshqalarni kiritish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi, o‘z navbatida shaxs sifatida shakllanishiga va ma’naviy boyishiga yordam beruvchi barcha narsalar keyinchalik madaniy boyliklar sifatida qabul qilingan.
Ijtimoiy-tarixiy hodisa hisoblangan madaniyat o‘zining taraqqiyot qonuniyatlariga ega bo‘lib, bu qonuniyatlar umumijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlariga, ya’ni muayyan jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Madaniy taraqqiyotning umumiy qonuniyatlaridan biri uning muayyan ishlab chiqarish usuliga mos ravishda, rivojlanishidir. Har qanday jamiyat o‘zining moddiy hayot shart-sharoitlarining holati bilan umummadaniy taraqqiyotning ahvolini, uning tashkil etilishini, holatini, ma’naviy boyliklar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni, madaniy boyliklar ishlab chiqaruvchi asosiy kuch - ijodkorlarning va keng ommaning buyuk yaratuvchilik faoliyatini rag‘batlantirib turish kabi asosiy vazifalarini ijobiy hal qilib berishi zarur.
Madaniy taraqqiyotning umumiy qonuniyatlaridan yana biri - madaniy boyliklarning to‘xtovsiz boyib borishi hamda ijobiy hodisa sifatida faqat ilgarilab borishidir.
Madaniy taraqqiyot o‘zining ob’ektiv qonuniyatlariga ko‘ra, har bir yangi avlod tomonidan boyitilishi va rivojlantirilishini taqoza etadi. Qachonki madaniy boyliklar muntazam ravishda boyitilib borilar ekan, u ham shaklan, ham mazmunan yangidan yangi insoniy ehtiyojlarga to‘liq javob bera oladi. Shuningdek, madaniy taraqqiyot o‘z yaratuvchilari (ijodkorlari) insoniylik qiyofalarining tubdan o‘zgarib borishini taqoza etuvchi o‘ziga xos faoliyat jarayoni hamdir.
Har bir davrda yuzaga keltirilgan madaniy boyliklardan keyingi avlodlar foydalanadilar, qayta ishlab boyitadilar va o‘zlaridan keyingi avlodlarga meros tariqasida yetkazib beradilar.
Har bir ijtimoiy tuzumda madaniy taraqqiyotning qanday taraqqiy etayotganligini aniqlovchi o‘lchovlar mavjud bo‘lib, bu o‘lchovlar orqali muayyan jamiyat a’zolarining umummadaniy hayotga qo‘shayotgan hissalarini belgilab olish mumkin bo‘ladi. Bizningcha madaniy taraqqiyot ulchovlari quyidagilardan iborat bo‘ladi.
1. Madaniy boyliklarni ishlab chiqarish jarayonining xarakteri, ommaning madaniy-badiiy ijodda ishtirok etish darajasi, madaniy boyliklarni ishlab chiqarishda aqliy va jismoniy mehnatning nisbati.
Bizga ma’lumki, xalq ommasi ijtimoiy taraqqiyot, shu jumladan, madaniy taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Barcha madaniy boyliklar xalq va uning ilg‘or vakillari tomonidan yaratiladi. Madaniy taraqqiyot tarixi shuni ko‘rsatadiki, madaniy rivojlanishning barcha bosqichlarida xalqning faolligi yanada oshadi. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonda barchaning ijod qilishi natijasida yangidan-yangi ixtirolar qilinadi, kashfiyotlar ochiladi. Masalan, Sharq va G‘arb uyg‘onish (Renessans) davrlarida fan va adabiyotda, fanning keyingi rivojlanishida muhim rol o‘ynagan ilmiy tafakkur durdonalari vujudga kelgan. O‘z davrining buyuk siymolari fan va san’atning barcha sohalari bo‘yicha ijod qila boshlaydilar. Masalan, Farobiyning fan va san’atning ko‘pgina turlarida bir xil ijod qilganligini yo bo‘lmasa Leonarda da Vinchining rassom, haykaltarosh, me’mor, muhandis, ixtirochi, olim sifatidagi faoliyatini olib qarash mumkin. Hozirgi davrda dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlarda har bir fuqaroning bevosita madaniy jarayon bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar mavjudki, bu madaniy hayotda ommaning faol ishtirokidan dalolat beradi.
Shuningdek, madaniy taraqqiyotni aniqlashda aqliy va jismoniy mehnatning nisbatiga ham e’tibor beriladi. Qaysiki mamlakatda ishlab chiqarish faoliyatida aqliy mehnatdan va uning natijalari hisoblangan fan yutuqlaridan keng ko‘lamda foydalanilar ekan, bu jamiyatning ham moddiy madaniyat sohasida, ham ma’naviy madaniyat sohasida boshqa madaniy davrlardan ancha ilgarilab ketganligidan dalolat beradi.
2. Madaniy taraqqiyotning ikkinchi ko‘rsatkichi - jamiyat ma’naviy boyliklarining mazmuniy qiymati, madaniy hayotning mukammalligi va turli-tumanligi, san’at, falsafa, fan, axloq va madaniyatning boshqa tarkibiy qismlarining holati.
Har qanday xalq o‘zi yaratgan madaniy boyliklar bilan umumbashariyat madaniyati xazinasiga u yoki bu darajada hissa qo‘shadi. Ayrim xalqlarning buyuk siymolari, daholari, donishmandlari va allomalari o‘zlari yaratgan madaniy boyliklar - buyuk kashfiyotlari, o‘lmas san’atlari, ijtimoiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir etuvchi g‘oyalari va nazariyalari bilan insoniyatning kelajagini belgilab beradilar. Kashfiyotlar, san’at asarlari, nazariy g‘oyalarining yaratilishi uchun esa muayyan ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlar hamda omillarning mavjud bo‘lishi talab qilinadi. Ma’naviy madaniyat sohasida yaratilgan barcha boyliklar qachonki ijtimoiy taraqqiyot yoki tafakkur taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsata olsagina mazmuniy qiymatga ega bo‘ladi. Masalan, qadimgi yunon falsafasi, arxitekturasi, haykaltaroshligi, olimpiya o‘yinlari, teatr san’ati; lotin antik davri arxitekturasi va fani; uyg‘onish davrining insonparvarlik harakati va g‘oyalari; XVIII asr Yevropa ma’rifatparvarligi; O‘rta asr Sharq Renessansi, al-Xorazmiyning algebra va algoritmi, Ibn Sinoning tabobati, Farobiy falsafasi, Alisher Navoiy she’riyati, Leonarda da Vinchining «Jakonda»si, Nyutonning qonunlari, Eyneshteynning nisbiylik nazariyasi, siolkovskiy, Jukovskiy va Popovlarning kashfiyotlari va boshqalar umummadaniyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan va chuqur mazmuniy qiymatga ega bo‘lgan madaniy boyliklardir.
Har bir jamiyat madaniy taraqqiyotini madaniy hayotning mukammal yoki nomukammal tarzda tashkil etilganligiga, madaniyatning barcha tarkibiy qismlarining rivoji, ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikning ahvoligi qarab ham aniqlab olish mumkin.
3. Madaniy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlaridan yana biri - muayyan jamiyatning madaniy merosga bo‘lgan munosabati, yangi avlodlar tomonidan yaratilgan madaniy boyliklarni saqlashga bo‘lgan munosabat, bu boyliklarni qay darajada rivojlantirish va boyitish masalasidir. Boshqacha qilib aytganda,jamiyatning madaniy meros va vorislilik masalasiga munosabatidir.
Agar biz tarixiy munosabatga nazar tashlasak, har bir ijtimoiy-tarixiy davr o‘z avlodlari tomonidan yaratilgan madaniy merosga turlicha munosabatda bo‘lganligini ko‘ramiz. Masalan, Uyg‘onish davrida Yevropada buyuk qo‘zg‘olish davri vujudga kelgan. Antik davr kishilari tomonidan yaratilgan va o‘rta asr jaholati natijasida vayronaga aylangan, oyoq osti bo‘lgan madaniy hayotga qayta hayot baxshida etilgan. O‘tmish avlodlar tomonidan yaratilgan madaniy meros yanada boyitilgan va rivojlantirilgan. Oqibatda O‘rta asr jaholati bilan chulg‘angan Yevropa uch asr mobaynida fan va texnika taraqqiy etgan ijtimoiy organizmga aylangan.
Yoki hozirgi kunimizda Respublikamizda ro‘y berayotgan madaniy merosga bo‘lgan munosabat, O‘rta asr mutafakkirlarining, Temur va temuriylar davri, rus istilosigacha bo‘lgan davr, totalitar tuzum tomonidan bo‘g‘ib quyilgan madaniy merosga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, bu madaniy merosga milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan yondoshish madaniy hayotda, ayniqsa, ma’naviy hayotda tub o‘zgarishlar ro‘y berayotganligidan dalolat beradi.
4. Jamiyatning ma’naviy boyliklarni taqsimlash sistemasi, mamlakat hududi bo‘yicha teng taqsimlash darajasi.
Madaniy taraqqiyot darajasini aniqlashda eng avvalo muayyan mamlakat yoki davlat hududida kishilarning mavjud madaniy boyliklardan foydalanish darajasi qay tartibda ekanligini belgilab olishni taqozo qiladi. Chunki mamlakat aholisi uchun ham moddiy, ham ma’naviy boyliklardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar bir xil yaratilgan bo‘lsa, ushbu mamlakat aholisining onglilik darajasi, madaniy faoliyat bilan shug‘ullanish darajasi bir xil bo‘ladi. Madaniy boyliklarni aholi o‘rtasida teng taqsimlamaslik natijasida mamlakat turli hududlaridagi kishilar turmush tarzi, onglilik darajasi, ijtimoiy foydali faoliyatda faol ishtirok etishi turli xil ko‘rinishda bo‘ladi. Madaniy boyliklar to‘g‘ri taqsimlamaslik deyilganda, eng avvalo madaniy boyliklarni yaratish, tarqatish hamda bevosita madaniy - ijtimoiy jarayonni tashkil etuvchi turli xil vositalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqalarning kamligi yoki ko‘pligini anglab olish zarur. Masalan, radiolashtirilgan yoki radiolashtirilmagan, teleko‘rsatuvlarni muntazam ravishda tomosha qilish imkoniyatining mavjudligi yoki mavjud emasligi, madaniy-ma’rifiy muassasalarning, tomoshaxonalarning yetarliligi yoki yetarli emasligi muayyan hududlardagi aholining madaniy boyliklardan foydalana olish darajasini belgilab beradi. Qaysi hududda aholining madaniy boyliklardan foydalanish darajasi past bo‘lsa, ularning ongliligi ham, turmush darajasi ham, umummadaniy jarayondagi roli ham past darajada bo‘ladi.
Shuningdek, madaniy boyliklarni to‘g‘ri taqsimlamaslik shahar va qishloq madaniyati, aqliy va jismoniy mehnat o‘rtasidagi tafovutlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli barcha hududlarda madaniy boyliklarni bir xil tarzda taqsimlash madaniy taraqqiyotning asosiy shartlaridan hisoblanadi.



Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling