Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


-mavzu.Madaniy taraqqiyotda barqarorlik va o‘zgaruvchanlik


Download 1.76 Mb.
bet22/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

9-mavzu.Madaniy taraqqiyotda barqarorlik va o‘zgaruvchanlik
dialektikasi.
Reja:
1.Madaniyatdagi barqarorlik va o‘zgaruvchanlik tushunchalari.
2.Madaniyatda meros va vorisiylik.
3.Madaniyatda vorisiylikning ko‘rinishlari.
Madaniy taraqqiyotning asosiy qonuniyatlaridan biri bu vorisiylik va
meros masalasi hisoblanadi.
Bizga ma’lumki, insoniyat tarixiy taraqqiyoti natijasida qo‘lga kiritilgan barcha yutuqlar jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida o‘zlashtiriladi. O‘z davri xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta ishlanadi, boyitiladi va taraqqiy ettiriladi. Madaniy taraqqiyotning asosiy sharti hisoblangan vorisiylikning qonuniy xarakteri ham shundadir. Har bir yangi avlod o‘z davri madaniyatini quruq yerdan vujudga keltirmaydi, balki o‘zidan oldingi davrlar madaniyati yutuqlaridan foydalanadi, ularni meros qilib oladi. Agar vorisiylik bo‘lmaganda edi, har bir avlod tosh qurollar yoki tilni qaytadan yaratgan bo‘lardi. Vorisiylik umummadaniy taraqqiyotning ob’ektiv qonuniyati hisoblanadi. Agar moddiy, va ma’naviy madaniyatga chuqurroq nazar tashlasak, har bir madaniyat elementida qadimgi ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan madaniy boyliklarning muayyan elementlari mavjud ekanligini anglab yetamiz. Masalan, ibtidoiy kishilar tomonidan kashf etilgan g‘ildirak hozirgi zamon texnikasi (transporti)ning asosiy elementidir. Chunki g‘ildiraksiz harakatlanuvchi transport vositalarini ko‘z oldimizga keltira olmaymiz. Faqat keyingi avlodlar ibtidoiy kishilar tomonidan kashf etilgan g‘ildirakni takomillashtirganlar. Ma’naviy madaniyatda masalan, san’atning raqs, me’morchilik, musiqa va boshqa turlaridagi o‘ziga xos ifoda vositalari - ritm asosidagi harakat, bino simmetriyasi, ovozlar garmoniyasi tarixiy vorisiylikning asosiy ko‘rinishlari bo‘lib, keyingi avlodlar bu elementlarni o‘z davri san’atida madaniy taraqqiyotning xususiyatlaridan kelib chiqib rivojlantirganlar.
«Vorisiylik» tushunchasi bir muncha keng tushunchadir. «Vorisiylik» tushunchasi hodisalarning ob’ektiv aloqasini, o‘tmishi, hozirgi kuni va kelgusi hodisalarning zaruriy bog‘liqligini ifoda etuvchi umumfalsafiy tushunchadir. Vorisiylik ob’ektiv xarakterga ega bo‘lgan jarayondir.1
Qadimgi yunon materializmi va idealizmi keyingi faylasuflar tomonidan rivojlantirilgan, boyitilgan. Natijada bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan materialistik va idealistik qarashlar taraqqiyoti vujudga kelgan. Vorisiylik qonuniyati ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatning barcha sohalariga bab-baravar tegishlidir.
Vorisiylikning asosiy xususiyatlaridan biri milliy ma’naviy boyliklarni o‘zida mujassamlashtira olishdir. Shu sababli vorisiylik milliy xalq boyligini saqlab qolishning asosiy vositalaridan biri hamdir.
Vorisiylik asosida rivojlangan va mukamallashgan milliy madaniy boyliklar umuminsoniy madaniyatga borib qo‘shiladi.
Vorisiylikning turli xil shakl va turlari mavjuddir.
Vorisiylik, eng avvalo, ijobiy va salbiy turlarga bo‘linadi, ya’ni progressiv va regressiv ko‘rinishlarda mavjud bo‘ladi. Progressiv (ijobiy) vorisiylikning mohiyati ilgaritdan mavjud bo‘lgan ijobiy natijalarni saqlash va davr xususiyatlariga ko‘ra yanada rivojlantirishdir. Salbiy (regressiv) vorisiylik esa umumjahon madaniy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim ijobiy xarakterga ega bo‘lgan madaniy boyliklarning butunlay yo‘qolishi yoki bir muncha vaqt to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi.
Hukmron mafkuraning ayrim guruhlar manfaatiga xizmat qilishi boshqa guruhlar manfaatiga xizmat qiluvchi madaniy boyliklarning yo‘qotilishiga olib keladi. Masalan, sobiq sho‘rolar tuzumidagi partiya gegemonligi, totalitar boshqaruv tizimi va hukmron millat manfaatlarini himoya qilish ko‘pgina millatlar milliy madaniyatining ayrim elementlarining - tili, urf-odatlari, marosimlari va diniy e’tiqodlarining, badiiy adabiyoti va xalq og‘zaki ijodining rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan.
Vorisiylikning uzluksiz va uzulishli shakllari ham mavjud bo‘lib, uzluksiz davom etuvchi vorisiylikda o‘tmish madaniy boyliklari bevosita bir avloddan ikkinchi bir avlodga o‘tib turadi va har bir yangi tarixiy davr madaniy taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy elementlardan biriga aylanadi. Masalan, badiiy adabiyotda A.Navoiyning g‘azallar yozish uslubi keyingi barcha davrlar she’riyati taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan. Navoiy g‘azaliyotining o‘ziga xos uslubiyati har bir davrga bevosita o‘tib kelgan.
Uzilishli vorisiylik ayrim davrlar madaniy taraqqiyotida ijobiy rol o‘ynagan, lekin keyingi davrlarda rivojlanmagan yoki yo‘qolib ketgan madaniyat elementlari bo‘lib, bir muncha vaqt o‘tgandan so‘ng yana madaniy taraqqiyotning jonli elementiga aylangan.
Madaniy taraqqiyotda muhim rol o‘ynagan «meros» tushunchasi «vorisiylik» tushunchasiga nisbatan bir muncha torroq ma’no kasb etib, avvalgi avlodlar va oldingi davrlar yaratgan boyliklar yig‘indisidir. Vorisiylik taraqqiyotning dialektia xarakteri bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektiv qonuniyatdir. Vorisiylik taraqqiyot jarayonida yangilik bilan eskilik o‘rtasidagi ob’ektiv zaruriy aloqa, inkorni inkor qonunining eng muhim belgilaridan biridir1.
Vorisiylik hodisasi dialektik inkorni qonuni bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Chunki har qanday hodisa butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki uning ayrim tomonlari o‘z zaminida vujudga kelgan yangi bir hodisaga o‘tadi. Madaniy taraqqiyotda ham har bir yangi avlodning madaniyati o‘zidan oldingi madaniy boyliklarni inkor qilarkan, o‘zining taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan, eng muhim, zarur bo‘lgan tomonlarini qabul qiladi.
Madaniy taraqqiyotdagi inkor kishilar tomonidan amalga oshiriladi. Kishilar o‘zlari yaratgan madaniy boyliklarga tanqidiy yondoshadi, uning foyda bermaydigan, zararli tomonlarini inkor qilib, bir muncha takomillashtirilgan elementlar bilan boyitadi. Har xil ixtirolar, ilmiy kashfiyotlar, badiiy ijod - bularning barchasi ham moddiy, ham ma’naviy madaniy taraqqiyotda yangining eskini inkor qilish jarayonini amalga oshiradi.
Har bir yangi davr madaniy rivojlanish jarayonida o‘zidan oldingi madaniy boyliklarni inkor qilarkan, uning ijobiy (progressiv) tomonlarini o‘zida saqlab qoladi. Natijada o‘tmish va kelajak madaniy hayotini yaxlitligicha saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan madaniy taraqqiyot jarayoni vujudga keladi.
Madaniy taraqqiyotdagi vorisiylik masalasiga to‘xtab o‘tilarkan, an’anaviylik masalasi to‘g‘risida qisqacha so‘z yuritish taqoza etiladi. An’anaviylik ijtimoiy taraqqiyotning ob’ektiv qonuniyati hisoblanadi. An’anaviylik qachonki jamiyat tomonidan tan olingan taqdirdagina u taraqqiyotning qonuniyatiga aynaladi. An’anaviylik ilg‘or, progressiv va reaksion (taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi) kabi turlarga bo‘linadi. Ilg‘or, progressiv an’anaviylik kishilarning manfaatlariga mos keladi, keyingi taraqqiyotga yordam beradi.
Reaksion (to‘sqinlik qiluvchi) an’analar esa ko‘pchilik manfaatiga teskari bo‘lib, ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi.
Ijtimoiy taraqqiyot, shu jumladan, madaniy taraqqiyot ilg‘or an’analarnigina qabul qiladi. Masalan, Yassaviylik tariqatidagi tarki dunyochilik sufizmdagi yangi tariqat - naqshbandiylik tariqatida inkor qilinadi. Lekin undagi ilg‘or an’ana hisoblangan Ma’bdaga - vahdati vujudga e’tiqod qilish harakatlari an’anaviy tarzda davom ettiriladi.
Xullas, meros - o‘tmish avlodlardan keyingi avlodlarga qolgan, tanqidiy yondoshilishi, ijodiy qayta ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklar majmuasidir1.
Insoniyat tarixiy taraqqiyotining har bir davri o‘zidan keyingi davrlar uchun muayyan madaniy meros qoldiradi. Agar o‘tmish avlodlarimiz tomonidan axloqiy, badiiy, falsafiy, diniy dunyoqarashlar meros sifatida qoldirilmaganda edi, biz hozirgi avlodlar tabiat va ijtimoiy taraqqiyot to‘g‘risidagi hech qanday tasavvurlarga ega bo‘lmagan bo‘lardik.
Madaniyatdagi meros va vorisiylik hodisalari har bir davr kishilari tomonidan amalga oshiriladi. Insoniyat qaysi davr, qaysi ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyada yashamasin, o‘zi yaratgan madaniy merosni avaylab-asraydi va o‘zidan keyingi avlodlarga yetkazib beradi. Madaniy boyliklarning yanada rivojlantirilishi umumijtimoiy madaniy taraqqiyotning umumiy qonuniyatlaridan biri bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, madaniyat ijtimoiy taraqqiyotning bir bo‘lagi sifatida umumtaraqqiyot qonunlariga bo‘ysunadi va o‘z navbatida umumtaraqqiyotning murakkablashuvi hamda ilgarilashuviga yordam beradi.
Umummadaniy taraqqiyotda barqarorlik (an’anaviylik) va o‘zgaruvchanlik (novatorlik) masalasi eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki an’anaviylik madaniyatning barqarorligini anglatsa, novatorlik, ya’ni-yangilikka intilish madaniyatning muntazam ravishda rivojlanishini ifodalaydi.
Madaniy an’ana deb, muayyan millat vakillari tomonidan minglab yillar davomida yaratilgan madaniy boyliklardagi milliy o‘ziga xoslik, xalqchillik va insoniylik xususiyatlari, ularni o‘zlashtirish, rivojlantirish hamda ulardagi keyingi taraqqiyot uchun zarur bo‘lgan unsurlardan foydalanishga aytiladi. Madaniyatdagi o‘zgaruvchanlik (novatorlik) esa, kishilarning madaniy boyliklarni yaratish jarayonida an’anaviy ravishda davom etib kelayotgan madaniy boyliklardan foydalanish orqali yangi madaniy boyliklarni yaratishi, ixtirolar, va kashfiyotlarni vujudga keltirishidir.
Madaniyatda barqarorlik va o‘zgaruvchanlik har bir tarixiy-ma’daniy davrning eng dolzarb muammosi hisoblanadi. Bu muammoni hal qilish, ayniqsa, inson va jamiyat ma’naviy dunyosi uchun dolzarb muammo sanalgan. Mazkur muammoning noto‘g‘ri hal qilinishi, bir tomondan, jamiyat ma’naviy hayotidagi tanazzullarga olib kelgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yakka shaxs ma’naviyatini shakllantirish xatoliklariga, uning ma’naviy madaniyatdagi an’anaviylik va o‘zgaruvchanlik muammosining ham qilinmasligi jamiyat ma’naviy-mafkuraviy hayotidagi bunyodkorlik g‘oyalarining hayotda o‘z ifodasini topa olmasligida, har bir davr uchun o‘ta muhim masala hisoblanuvchi yetuk yoki komil inson muammosining hal qilinmasligida, jamiyat bilan uning a’zolari o‘rtasida paydo bo‘luvchi o‘zaro kelishmovchiliklarda namoyon bo‘lmoqda.
Jamiyat ma’naviy hayotining eng asosiy vazifalaridan biri ijtimoiy taraqqiyotni harakatga keltiruvchi barkamol inson shaxsini shakllntirish bilan bog‘liq. Bu masalani hal qilishda barkamol avlodni shakllantirishning tarixiy tajribasiga, uning yutuq va kamchilik e’tibor beriladi. An’anaviy ravishda davom etib kelayotgan zaruriy unsurlarga tanqidiy nuqtai nazardan yondashiladi va uning kerakli jihatlaridan kelib chiqqan holda foydalaniladi. Masalan, qadimgi davrda ajdodlar tomonidan rivojlantirilgan va har bir tarixiy davrda ardoqlab kelingan insoniy fazilatlardan komil insonning ijtimoiy qiyofasini shakllantirishda foydalaniladi.
Ma’lumki, taraqqiyot har bir tarixiy jarayonning ajralmas xususiyati hisoblanadi. Agar insoniyat tarixiga nazar tashlasak, bu jarayon zulmatdan ziyoga, nodonlikdan bilimdonlikka, oddiylikdan murakkablikka tomon harakatlanganligini ko‘ramiz.
Madaniy taraqqiyotdagi asosiy xususiyat yangilik, ya’ni o‘zgaruvchanlikka intilishdir. Chunki yangilik umumijtimoiy-madaniy jarayonning ruhini tashkil etadi. Madaniy taraqqiyot jarayonining o‘zi o‘zida yangilikning vujudga kelishiga shart-sharoit yaratib beradi. Agar ibtidoiy kishilar hayotiga e’tibor berilsa, ular uchun biror bir yangilik yaratish uchun shart-sharoit mavjud bo‘lmaganligini ko‘ramiz. O‘ta sayoz va sodda bilim va tafakkur, qo‘pol va samarasiz ishlab chiqarish qurollari, nomukammal hayotiy tajriba, malaka va ko‘nikma umummadaniy hayotda biror bir yangilik kiritishga yo‘l bermagan. Shu boisdan ham ibtidoiy jamiyat insoniyat hayotining eng ko‘p davri -99 foizni tashkil etgan.
Madaniy boyliklarni yaratishda, ayniqsa uning yangi qirralarini ochib berishda kishilarning keng doirada bilimga ega bo‘lishi, chishlab chiqarish malaka va ko‘nikmalari, tezkorlik bilan fikr qilish va zaruriy to‘xtamga kela bilish, yangilik yaratish qobiliyati va mazkur yangiliklarning jamiyat tomonidan qabul qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Madaniy boyliklar yaratish jarayonida insoniyat erishgan bilim, tajriba va malakalar o‘ta muhim ahamiyatga ega. Lekin ayrim hollarda ana shu tajribalar madaniy hayotda vujudga kela boshlagan yangiliklarga to‘siq bo‘lishi ham, madaniy boyliklarning yaratuvchisi va iste’molchisi hisoblangan kishilar tomonidan qabul qilinmasligi ham mumkin. Chunki yangilikning eskilik (yangi na’naga aylangan ayrim qarashlar, fikrlar va nazariyalar) qarshiligiga uchrashi dialektik rivojlanishning asosiy xususiyati hisoblanadi. Masalan, ijtimoiy taraqqiyotni belgilab beruvchi ilg‘or g‘oyalar ko‘pincha jamiyat hayotida an’anaga aylangan nazariya, tushuncha, tasavvurlar va g‘oyalar tomonidan inkor qilinadi.
Madaniyatda yangilikning yaratilishi va qabul qilinishi madaniy vorisiylik asosida sodir bo‘ladi. Lekin barcha yangiliklar taraqqiyotga yordam bermasligi, ijtimoiy-madaniy taraqqiyot uchun foydali bo‘lmasligi ham mumkin.
Madaniy tarixiy jarayonda shunday yangiliklar yaratilganki, ular insoniyat madaniy hayotida tub burilish yasay olgan. Bu yangiliklar jumlasiga olov, g‘ildirak, tegirmon, kulolchilik charxi, yozuvning kashf qilinganligi, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va aqliy mehnat kabi mehnat taqsimotlariga o‘tish kabilarni kiritish mumkin. bu kashfiyatlar insoniyat ijtimoiy-madaniy taraqqiyotida tub burilish-sivilizatsiyaning vujudga kelishiga olib keldi.
Madaniy taraqqiyot barqarorlik va o‘zgaruvchanlik dialektikasi asosida sodir bo‘ladi. madaniy boyliklarni yaratish jarayonida qo‘lga kiritilgan yutuqlar ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida nafaqat o‘zlashtirib boriladi, balki qayta ishlanib boyitiladi va keyingi avlodlarga vorisiylik asosida yetkazib beriladi. O‘z navbatida, har bir yangi avlod o‘z ajdodlari tomonidan yaratilgan madaniy boyliklardan o‘z taraqqiyoti jarayonida foydalanadi.
Madaniy taraqqiyotning asl sababi kishilarning ehtiyojlari bilan bog‘liq. Ehtiyoj bir tomondan, insonning tabiat va jamiyat hayotiga moslab borishi, ikkinchi tomondan, tabiat va jamiyat qonunlarining ayrim jihatlarini o‘zlashtiriishi, uchunchi tomondan, o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan qonun va qonuniyatlarni bilashga bo‘lgan intilishlari natijasidir.
Ijtimoiy-madaniy jarayonning har bir bosqichida kishilar o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ham shaklan, ham mazmunan yangicha madaniy boyliklarni yaratishga harakat qiladilar. Bu madaniy boyliklar bo‘sh yerda vujudga kelmaydi, albatta. Ular yangi madaniy boyliklarni yaratishda nafaqat jamiyatda mavjud bo‘lgan tajriba, malaka va bilimlarga, balki ajdodlardan o‘tib kelayotgan madaniy meroslarga ham tayanadilar.
Madaniy vorislik madaniyatning ichki rivojlanish qonuni hisoblanadi. Vorislik insonning bugungi kunini o‘tmishi davrlari, va hatto eng dastlabki ibtidoiy jamoa davrida vujudga kelgan madaniyati bilan ham bog‘lab turadi. Bugungi diniy qarashlarimizda uchrab turadigan ilk diniy tasavvurlar (anizm, fetishizm, totemizm, magiya va amanizm bilan bog‘liq tasavvurlar, irim-sirimlar va marosimlardagi unsurlar)ning mavjudligi bunga misol bo‘la oladi.
Madaniyatdagi vorislik va novatorlik (yangilikka intilish) tufayli insoniyat o‘zining tadrijiy (evolyusion) madaniy taraqqiyotiga ega bo‘lib keldi. Agar madaniy taraqqiyot jarayoniga zimdan nazar tashlasak, vorislik nafaqat o‘tmish madaniy jarayonlari bilan bog‘liq ekanligini, balki kelajak bilan ham bevosita bog‘liq ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Zero, madaniyatdagi novatorlik ruhi kishilarni muntazam oshib boruvchi ehtiyojlarini qondirishga mo‘ljallangan yangidan-yangi madaniy boyliklarni yaratishga undaydi.
Novatorlik (yangilikka intilish), ya’ni ijodiy jarayon madaniy hayot va vorislikning ob’ektiv zarurati hisoblanadi. U bevosita ijodiy faoliyat sub’ekti (yaratuvchilari) tomonidan amalgan oshiriladi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, har qanday yangilik ham madaniy ijodkorlik mahsuli emas. inson va jamiyat hayotida ijtimoiy ahamiyat kasb etgan madaniy ijod mahsuligina haqiqiy yangilikka aylana oladi1.
Inson va jamiyat ma’naviy hayotning ma’lum bir davrida o‘z hukmronligini o‘rnatgan diniy g‘oyalar o‘rnini insonparvarlik g‘oyalarining egallashi ma’naviy madaniyatdagi yangilik (novatorlik)ning yorqin namunasi hisoblanadi. Chunki, o‘rta asrlar ma’naviy hayotida, ayniqsa, badiiy ijodda hukmronlik qilgan diniy g‘oyalar zaminida asta-sekinlik bilan oddiy inson, uning orzu-armonlari, ruhiy kechinmalari to‘g‘risidagi g‘oyalar kurtak ota boshlada va keyinchalik hukmron mavqega ko‘tarilib bordi.
Moddiy madaniyatda, ishlab chiqarish va turar joy binolarini mustahkam va tezkorlik bilan bunyod etish ehtiyoji arxitekturadagi konstruktivizm, funksionalizm va modernizm kabi ijodiy uslublarning, tezlikka erishish ehtiyoji temir g‘ildirak o‘rniga kauchuk g‘ildiraklar va ichki yonuv dvigatellarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Arxitekturadagi qurilish texnikasi va binoning tuzilishi binokorlikdagi an’anaviy jarayon hisoblansa-da, unda ishlatiladigan materiallardagi yangilik, ya’ni metall, sement qorishmasi va payvandlash undagi novatorlik hisoblanadi.
Novatorlik har bir tarixiy davr madaniyatining mazmunida mavjud bo‘ladi. vujudga kelgan yangilik ijtimoiy-madaniy jarayonla o‘zining mohiyatiga mos keluvchi shaklga ega bo‘lishga harakat qiladi. Bu jarayonda mazmun o‘zgarishi shakl o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, XIV-XV asrlarda she’riyatda turkiy tildagi g‘azal janrining XX asr boshlarida o‘zbek milliy drammaturgiyasi va romanchilik janrining paydo bo‘lishi milliy adabiyotimizdagi novatorlik hisoblanadi. Xullas, madaniy taraqqiyot mohiyatini barqarorlik va o‘zgaruvchanlik dialektikasi tashkil etadi. Bunda madaniyatdagi barqarorlik madaniy taraqqiyot vorisiyligini ta’minlasa, o‘zgaruvchanlik inson moddiy va ma’naviy boyliklari miqdorini olib borishi uchun zamin hozirlaydi.

Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling