AVTOBIOGRAFIK ASAR (yun. autos-o‘zim, bios – hayot, grafo – yozaman) – muallifning o‘z hayoti haqida izchil hikoya qilishiga asoslangan adabiy janr. Avtobiografik asar muallifi o‘z hayotini qaytadan yashab ko‘radi, uni bir butun sifatida idrok etishga intiladi. A.a.aksar hollarda mualliflarning ijodiiy yetuklik pallalarida, umrlari nihoyasida yoziladi. (mas. Oybekning “Bolalik”, A.Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasi.) U memuar, kundalik va sayohatnomalarga o‘xshab ketsa-da, ulardan tubdan farq qiladi. Shuningdek, A. a. avtobiografik xarakterdagi asarlar hamda turli munosabatlar bilan yoziladigan tarjimayi hollardan tafovutlanadi. Unda muallifning o‘zi mustaqil personaj sifatida ishtirok etadi (mas. Musavoy, Abdulla obrazi).
AYTIM-OLQISH erkalovchi motivdagi rasm-rusum qo’shiqlari bo’lib, asosan, bolalarning beshik davriga oid turli-tuman marosimlarda ijro etiladi: chaqaloq besh va to’qqiz kunga to’lganda, ilk bor cho’miltirilganda, beshikka ilk bor va har gal bog’langanda, yana qayta ochib olinganda, ilk bor tish yoriganida, birinchi marta mustaqil o’tirganida, ilk bor oyog’ida tikka turganida, birinchi marta odimlaganida, toy-toylaganida, har gal yangi kiyim kiygizganda, ilk bor ovqat eganida, qizaloq sochini ilk bor yuvganda-taraganda, o’g’il bola sochi ilk bor olinganda, chaqaloq tirnog’i ilk bor qirqilganda, bolalar sha’niga har gal isiriq tutatilganda, xullas, urfiyatga aylangan va e’tiqod bilan amal qilinadigan shu xildagi rasm-rusumlarning har biri mazmuniga yarasha aytim-olqishlar mavjud. Aytaylik, chaqaloq 7-9 oyligida ilk bor qadam tashlab mustaqil yurishga intila boshlaydi. Shunda uning qadami qutlug’ va ravon bo’lishi uchun oyog’i chigilini echish rusumini bajarish an’anaga aylangan. Dastavval bolakayning oyoqlariga ipak chilvir solib tushovlaganlar, so’ngra u yura boshlaganda boshida bir juft kulcha ushatila turib, orqa tarafidan bola oyog’idagi chilvirni qaychilab kesa turib: Adoq-adoq yurisin, Tikan shunga kirmasin. Ko’zi qattiq bandalar, Ko’zi shunga tegmasin,- deya alqaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |