Badiiy adabiyot va folklor munosabati shakllanishi va rivoji


O’zbek mifologiyasi xalq qadriyatlarining tarkibiy qismi sifatida


Download 58.53 Kb.
bet6/9
Sana20.10.2023
Hajmi58.53 Kb.
#1713683
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Badiiy adabiyot va folklor munosabati shakllanishi va rivoji

O’zbek mifologiyasi xalq qadriyatlarining tarkibiy qismi sifatida.

O‘zbek folklorshunosligida mifolgiya mavzusi yangi sohalar sirasiga kiradi.


O‘zbek mifologiyasini o‘rganish bevosita mustaqillik sharofati bilan keng ko‘lam oldi. Bu sohada amalga oshirilgan barcha turdagi tadqiqotlarni keng ommaga, xususan ta'lim tizimiga olib kirish mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Mazur mavzu o‘qitilishida zamonaviy folklorshunoslikda kechayotgan yangilanish jarayonlari va mavjud muammolarga alohida urg‘u beriladi. Mustaqillik yillaridagi o‘zbek folklorshunosligida ro‘y berayotgan yangilanish jarayoniga alohida nazar tashlash zarur. Nashr qilinayotgan yangi folklor namunalari, ilmiy-nazariy adabiyotlar, maqolalar ushbu mavzu muhokamasi uchun mavzu bo‘ladi. Ma'ruzada hozirgi o‘zbek folklorshunosligining yetakchi tamoyillarga e'tibor qaratiladi. O‘zbek folklorshunoslarining mifologik obrazlar, mifologik dunyoqarash, folklor janrlaridagi mif va mifologik syujetlar, motivlar tadqiq etilgan kitob hamda maqolalari tahlil etiladi. Ularda aytilgan fikr mulohazalar o‘rganiladi. Ob’ektga tarixiy, milliy, umuminsoniy, mustaqillik g‘oyasi nuqtai nazaridan yondashuv masalalarini muhokama etish kerak. Mif qadimgi odamning borliq haqidagi ibtidoiy tasavvurlari majmui bo‘lib, koinotning yaratilishi, inson, o‘simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo‘lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma'budlar va ilohlar to‘g‘risidagi e'tiqodiy qarashlarni o‘z ichiga olgan. O‘zini jonli tabiatning ajralmas bir qismi sifatida anglagan insonning o‘z atrofidagi moddiy mavjudlikning paydo bo‘lishi, yashash tarzi, ibtido va intihosini mifologik timsollar ramzlar orqali ifodalagan
Dunyo, insoniyat, odamning paydo bo‘lishi haqidagi qadimgi sodda
hikoyalar ilmda “mif” deb ataladi. Mif (yunoncha mythos – so‘z, afsona, rivoyat) so‘zi lug‘atda “Qadimgi kishilarning borliq olam haqidagi ibtidoiy tasavvurlari majmui bo‘lib, koinotning yaratilishi, inson, o‘simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo‘lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma'budalar va ilohlar to‘g‘risidagi e'tiqodiy qarashlarni o‘z ichiga oladi”, - deb izohlangan. “Mifologiya” miflarni o‘rganuvchi «Fan»dir. Mifologik tasavvurlar ibtidoiy udum va marosimlarda ritual o‘yinlar sifatida namoish qilingan. Mifologik tasavvurlar marosimlar, xalq san'atining barcha turlar va folklorda o‘ziga xos ravishda davom etgan. Mif tushunchasi tarkibini totemizm, fetishizm, animizm so‘zlari tashkil etadi. “Totemizm” so‘zi lug‘at va qomusiy kitoblarda qayd etilishicha, “uning urug‘i”dan olingan ekan. Shimoliy Amerikada yashovchi qabilalardan biri kishilar bilan hayvon va o‘simliklarning muayyan turlari o‘rtasida qon-qarindoshlik bor deb hisoblaganlar. U hayvonlar ov qilinmagan, o‘ldirilmagan, go‘shti yeyilmagan. O‘simliklar esa e'zozlangan. Bu odat dunyodagi hamma xalqlarning e'tiqodida ham bor bo‘lib, bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. “Fetishizm” so‘zi lug‘at va qomusiy kitoblarda portugalcha “feitico”, fransuzcha “fetiche” – sehrli narsa ma'nosini ifodalashi qayd qilingan. Uning asosini qadimgi zamon odamlarining jonsiz narsa-predmetlarda ilohiy fazilat bor deb tushunishlari tashkil etadi. Ma'lumki, inson hayoti davomida o‘zi bilmagani holda quyosh, oy, yulduzlar, tog‘, suv kabi narsalar bilan ham munosabatda yashaydi. Ayniqsa, quyosh, suv inson taqdirida muhim ahamiyat kasb etadi. Qadim zamonlarda yashagan ajdodlarimiz o‘zlaricha pichoq, non, o‘choq, tandir, do‘ppi, kitob, supra, ayniqsa, o‘q, yoy kabi narsalarni ham muqaddas hisoblaganlar. Fetishizm tushunchasida turli narsa-predmetlardan tashqari ranglar, tush ham saqlanib qolgan. Oq, qora, ko‘k, yashil, qizil, malla kabi ranglar muayyan ma'noni bildirgan. O‘zbekiston bayrog‘idagi yashil, oq, ko‘k, ular oralig‘idagi qizil, burchakdagi oy va 12 yulduzlarning hammasida ramziy ma'nolar mujassamlashgan. Odatda, yashil yoshlik, qizil, bir tomondan to‘kilgan qon, ikkinchi tomondan, qizlik g‘ururi, oq hayot, qora, bir tomondan fojia, ikkinchi tomondan, buyuklik, ulug‘lik, malla yetuklik, balog‘at ma'nolarini aks ettirgan. “Animizm” lotin tilidagi “anima”dan olingan bo‘lib, ilmiy adabiyotlarda jon, ruh ma'nosini anglatishi ta'kidlanadi. Animizmga binoan qadimgi ajdodlarimiz dunyodagi hamma narsaning joni bor, deb bilganlar. Ibtidoiy davrda inson tana va ruhdan iborat hisoblangan. Ruh tanani tark etganda inson o‘ladi, deb o‘ylashgan. Har bir narsaga bu tushuncha tatbiq etilgan. Shuning uchun mifologiyadagi totemizm va fetishizm hodisalariga ishonch bildirishni, ularning mavjudligiga bo‘lgan e'tiqodiy munosabatni animizm bilan bog‘lash ma'qul. Soddaroq qilib aytganimizda, odamning totemizm va fetishizm hodisalariga ishonishi uyg‘un holatda animizmda namoyon bo‘ladi. So‘zning magik – mo‘jizaviy kuchidan foydalanib inson ruhiyatiga ta'sir etish, uni xastalikdan ozod qilish, tabiatiga ruhiytetiklik bag‘ishlash animizm fazilatlari hisoblanadi. Shuning uchun xalq baxshilari
deganda baxshilik, ya'ni shifo bag‘ishlash ma'nosi saqlanib qolgan. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi “sav”, avval
aytganimizdek, “otalar so‘zini eslash” ma'nosini bersa, uni turkiy tilimizdagi
“mif”ni ifodalovchi so‘z deyish mumkin. Arablardagi “asotir” ham shu ma'noni
beradi. Ammo butun dunyodagi olimlar qadimgi hikoyalarni “mif” deb atashgani uchun o‘zbek folklorshunosligida ham aynan shu atamani qo‘llash ma'qul topilgan.

  1. Dada qo’rqut kitobi” va “ Alpomish” dostonida mifologik tizimning qiyosiy tahlili.

Turkiy xalqlar mifik dunyosi aks etgan tarixiy-adabiy kitoblardan biri “Kitobi Dada Qo‘rqut” hisoblanadi. Qo‘rqut ota ismi bilan ham mashhur bo‘lgan Dada Qo‘rqut o‘z vaqtida odamlarga yaxshilik qilish, mushkullarini osonlashtirishda ko‘makdosh bo‘lgan. Kelgusi hayot haqida bashorat qiluvchi, Alloh nazar solgan tabarruk insonlardan biri sifatida hurmat topgan. Turkiy mifologiyaga oid voqyea-hodisalar tasvirlangan yana bir kitob “O‘g‘uznoma” deb ataladi. “O‘g‘uznoma”da voqyealar bayoni qisqa-qisqa jumlalar vositasida berilgan. Jami 42 maktubni eslatuvchi matnning har birida to‘qqiztadan jumla bor.


Har bir jumla ifodalanayotgan voqyea haqida muhim ma'lumot berish vazifasini
bajargan. O‘g‘uz ismli qahramon bo‘lib, nomada tasvirlanishicha, oyog‘i
ho‘kiznikidek baquvvat, beli bo‘rinikidek ingichka, yag‘rini silovsinnikidek,
ko‘kragi ayiqnikidek keng edi. “O‘g‘uznoma”da turkiy xalqlar mifik dunyoqarashidagi bo‘ri, ot, ayiq totemlari, kun, oy, yulduz, ko‘k, tog‘, dengiz, yoy, o‘q fetishlari muhim o‘rin olgan. Nomada Ko‘k bo‘ri O‘g‘uzxonga bir necha marta yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, uni xavfdan ogoh qiladi, unga g‘alaba xabarini beradi. Bu bilan animizm belgilarining “O‘g‘uznoma”da yetakchi ekanini dalillash mumkin.
Har bir xalq qiyofasi, feʼl-atvori, tafakkuri, ruhiyati va saviyasi, eng avvalo, uning ogʻzaki ijodida aks etadi. Tafakkur tarixi va taraqqiyot bosqichlari ogʻzaki ijod namunalarida namoyon boʻladi. Folklorda xalqning dunyoni, oʻzini bilish va anglash sari qoʻygan qadamlari, jarayonlari mujassamdir.
Dostonlarimizdagi har bir soʻz, har bir misra, har bir obraz va motivlar chuqur tahlil qilingan va qiyosiy oʻrganilgandagina uning yuksak badiiyat namunasi ekaniga amin boʻlamiz. Qahramonlik va boshqa dostonlarimizda eposning oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatuvchi koʻplab motivlar mavjud.
Xalq dostonlarida timsoliy maʼno kasb etgan, tush motivi bilan bevosita parallel holatda yoxud ushbu motiv bilan chambarchas bogʻliq holatda kelgan qator mifologik motivlar ham koʻplab uchraydiki, shulardan biri qahramonning ilohiy tugʻilishi boʻlsa, ikkinchisi, uning, yaʼni alpning sarxushlik hamda tutqunlik (zindon) holatidir.
“Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida qahramon – alpning tugʻilishi ilohiy xususiyat kasb etadi. Ilohiy tugʻilish folklordagi yetakchi motivlardan biri boʻlib, bir necha bosqichlardan iborat. Birinchisi: alp – qahramon tugʻilishidan oldin ota-onasining farzandsizligi holati. Bu holat, eng avvalo, ramziy maʼnoga ega. Bu, bir tomondan, ona urugʻchiligi bilan bogʻliq tasavvurlarning doston qatlamida saqlanib qolganligidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, hokimiyatni mustahkamlaydigan, parokanda elni yana qayta birlashtiradigan yangi avlod – yangi qahramonning tugʻilishini anglatadi. Ikkinchisi: qahramon tugʻilishi tushda ilohiy karomat qilinishi. Uchinchisi: qahramon tugʻilgandayoq uning zimmasiga yuklatilgan vazifa, yaʼni oʻtashi shart boʻlgan sinovlarning oldindan belgilab qoʻyilishi.
Atoqli olim V. Jirmunskiy ilohiy tugʻilish motivini partogenezis, yaʼni ayollarning sirli, ilohiy homilador boʻlishi, yaʼni qadim tasavvurlar bilan chambarchas bogʻliq ekanligini taʼkidlaydi.
Eposda qahramonning biror bir meva yoxud totem hayvon sababli yoki homiy ruh tufayli dunyoga kelishi va ularning tugʻilayotgan paytida otalarning uyda boʻlmasligi olimning yuqoridagi fikri asosli ekanini koʻrsatadi.
V. Propp ham ilohiy tugʻilish motivini matriarxat davri bilan bogʻlab, uning bir necha turlarini sanab oʻtadi. Bular: 1) Mevadan tugʻilish; 2) soʻz – duodan tugʻilish; 3) ruhdan tugʻilish; 4) pechkadan tugʻilish; 5) yaratilish (yogʻochdan yoxud boshqa biror bir narsadan yasash).
V. Proppning bu tasnifi ancha bahsli. Zero, bu yerdagi mevadan tugʻilish bilan yogʻoch yoxud biror bir daraxt novdasidan yaratilish aynan bir narsa. Shuningdek, soʻz – duodan tugʻilish va ruhdan yaratilishni ham ayro-ayro holda emas, balki bir holatning turli matnlardagi turlicha koʻrinishi, deb qarash lozim boʻladi.
Oʻzbek dostonlaridagi tugʻilish motivi esa asosan;
Totemistik tasavvurlar; ajdodlar kulti bilan bogʻliq tasavvurlar mahsuli ekanini koʻrishimiz mumkin.
“Alpomish” dostonining Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli variantlarida Boyboʻriga farzand ato etilishi tushida ayon boʻladi.
Alpomishning boshqa variantlaridagi tugʻilish motivini ham chuqurroq tahlil qilsak, u bevosita tush bilan bogʻliqligini koʻramiz. Fozil shoir variantida “Alpomish”ning tugʻilishi Shohimardon pirning ravzasida tunab qolish bilan bogʻlanadi, yaʼni qahramonning tugʻilishi ularning tushida ilohiy karomat qilinadi.[4] Umuman, tush va tugʻilish motivi dostonlarimizda koʻpincha yonma-yon keladi.
Boyboʻrining farzandsizlik holati dostonda ramziy bir maʼnoga ega boʻlib, gap yangi avlod – madaniy qahramonning tugʻilishi haqidadir. Qahramonning tugʻilishidan oldin uning yurtida xaos – parokandalikning hukm surishi bu barcha arxaik eposlarga xos xususiyatdir. Alpomishning dostonda bobosi Alpinbiydan qolgan, koʻlda zang bosib yotgan kamonga egalik qilishi va alp atanishi bizga ana shu ramziylik kalitini topib beradi. Kamon eposda, eng avvalo, kosmosning, saltanatning timsoli boʻlib keladi.
Alpomishning tugʻilishi xaosning kosmosga aylanishi, tartibsizliklarga tartib berilishi, parokandalikning birlashishi, quvvatning jam boʻlishi, ezgu adolatning tantana qilishidir.
Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar islomdan keyingi tasavvurlar mahsulidir. Zero, dostonning asosiy syujet tizimi, undagi mazmun va mohiyat islomiyatdan ancha oldingi, qadimiy tasavvurlar bilan bogʻlanadi. Bizningcha, Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar, aslida, oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoy obraziga tegishli, deb qarash kerak. Qultoy dostonda oddiy bir choʻpon emas, Alpomishga hamisha koʻmak beruvchi homiy ruhdir. Dostonda Alpomishning Qultoyga tutingan oʻgʻil ekanligi aytiladi. “Bilmaganlar Alpomishni Qultoyning uli der edi”.[6] Alpomishning yelkasidagi besh panja izining biri Qultoyga tegishli ekanligi ham, zindondan qaytgan, yaʼni qayta tirilgan Alpomishning Qultoy qiyofasiga kirishi ham bejiz emas.
Alp – qahramon tugʻilishining tushda karomat qilinishi va uning shajarasi ilohlar bilan bogʻlanishi jahon epik ijodiyotida koʻplab uchraydi.
Qahramon – alpning ilohiy tugʻilishi motivida, bir tomondan, uning ilohlar bilan bogʻliqligi eʼtirof etilsa, ikkinchi tomondan, u oʻz shajarasining davomchisidir. Shunga koʻra, Alpomish Boyboʻrining bolasi, Dobonbiy va Alpinbiylarning avlodi. Ikkinchi tomondan, u farzandsizligi tufayli Boyboʻriga Shohimardon pir, yaʼni Qultoy tomonidan ato etilgan ilohiy farzand. Shuning uchun ham u Qultoyga oʻgʻil hisoblanadi. Shuning uchun ham yetti yillik zindondan soʻng u aynan Qultoy qiyofasiga kiradi. “Dada Qoʻrqut kitobi”da bu holat ochiqroq bayon qilingan, yaʼni Bomsi Bayrak oʻziga ism bergan, oʻziga homiylik qilgan oʻzon – Qoʻrqut ota qiyofasiga kiradi. “Alpomish” dostonidagi Qultoy ham, “Dada Qoʻrqut kitobi”dagi Qoʻrqut ota ham ajdodlar kultini oʻzida tamsil etgan badiiy obrazlardir.
Koʻpchilik olimlar tush bilan bogʻliq ilohiy tugʻilish motiviga epik qahramonning xislatlarini boʻrttirib koʻrsatuvchi vosita sifatida qarashadi. Biroq bu qahramonning eposdagi funksiyasiga kiradi. Motivning mifologik asoslarini bu hol izohlay olmaydi. Chunki eposda funksiya va genezis boshqa-boshqa masala. Tush va ilohiy tugʻilish motivi koʻproq arxaik eposga xos boʻlib, u epos qonuniyatlarini, uning struktural tuzilishi, epos va mif munosabatini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Toʻgʻri, ushbu ikki motiv bilan epos va mif munosabatini yoritib berish mushkul. Shuning uchun eposdagi boshqa yetakchi motivlarni ham oʻzaro qiyoslashni talab etadi. Shundagina biz epos va mif munosabatidagi oʻzaro bogʻliqlikni, eposda ham, mifda ham bitta tizimga rioya etilganini koʻramiz: Farzandsizlik – tush – ilohiy tugʻilish – ulgʻayish – safar-sinov – qaytish. Shuning uchun tush va ilohiy tugʻilish motivlari dostondagi boshqa yetakchi motivlar bilan qiyosiy oʻrganilgandagina eposning mifologik asoslari va badiiyati yanada chuqurroq ochiladi. Xuddi mif yoxud ertakdagi kabi eposdagi qahramonning tugʻilishi tushda oldindan bashorat qilinadi, gʻayritabiiy tugʻiladi va tez ulgʻayadi, yoshligidayoq oʻz qahramonliklarini namoyish etadi. Alpomish yetti yoshida Alpinbiy bobosidan qolgan “oʻn toʻrt botmon birichdan boʻlgan parli yoyini otib, alp ataladi: “Oxiri Alpomishbek alp boʻlib, toʻqson alpning biri boʻlib, sanaga oʻtib, alplik otini koʻtarib, yetti yoshida Alpomish oti qoʻyildi”.
Alpomishning barcha variant va versiyalarida ham ana shu holat takrorlanadi. “Dada Qoʻrqut kitobi”da Bomsi Bayrak karvonga hujum qilgan yogʻiylarni yengib, jasorat koʻrsatadi.
“Alpomish” dostoniga ham xos boʻlgan bunday jihatlar esa uni jahon eposining durdonalari bilan qiyosiy oʻrganish imkoniyatini beradi.
Alp – qahramonning ham ilohlarga xos boʻlgan xususiyati ularning tashqi badiiy tasvirlarida ham yaqqol koʻrinadi. Alpomish, Goʻroʻgʻli va boshqa qahramonlarning tashqi koʻrinishi tasvirlari ham bizga dev yoki ajdarho kelbatini eslatadi. Alplarning ulkanligi, gʻayritabiiy kuch-qudratga egaligi, tashqi badiiy tasvirlari bilan dev va ajdarho kabi mifologik mavjudotlarga qiyoslanadi.
Dostonlarimizdagi tush va tugʻilish motivining qiyosiy tahlili dostonlarimizdagi boshqa motivlarni tadqiq etishda uning poetik xususiyatlarini, mifologik qatlamining tarixiy ildizlarini, ulardagi asl maʼno va mohiyatni yanada chuqurroq oʻrganishda yaqindan yordam beradi.
Epik ijodda tush bilan yonma-yon (parallel) keladigan motivlardan yana biri sarxushlik va tutqunlikdir. Dostonlarimizdagi sarxushlik va tutqunlik holatini tahlil qilish, tush motivining asl mohiyatini, unga singdirilgan mazmunni kengroq talqin qilish imkonini beradi.



  1. Download 58.53 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling