- Aniqlik ham nutqning asosiy kommunikativ sifatlaridan biridir. Agar to`g`rilik nutqning yuzaga kelishida faqat til omili, zaruriy belgisi sifatida qaralsa, nutqning aniqligi deyilganda uning shakllanishiga xizmat qiladigan, tildan tashqarida bo`lgan omillarni ham nazarda tutish lozim bo`ladi. Bunda dastlab til va tafakkur munosabati turadi. Chunki tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar o`rtasidagi mutanosiblik va uning nutqda aks etishi ana shu aniqlikning xuddi o`zidir.Shunday qilib, aniqlik bu so`zning o`zi ifodalayotgan voqyelikka mos va muvofiq kelishidir.
- Tinglovchilarga haqiqatni yetkazish va ularni u yoki bu fikrning to`g`riligiga ishontirish bilan bog`liq har qanday nutqiy jarayon o`zaro bog`liq uch unsurdan tashkil topadi.Birinchi unsur - isbotlanishi kerak bo`lgan fikr. Ikkinchisi - fikrning to`g`riligini isbotlovchi asos va dalillar. Uchinchisi - namoyish, ya`ni fikr va asos (dalil)lar o`rtasidagi aloqani kursatuvchi mantiqiy bog`lanish. Nutqning mantiqiyligi uning asosiy sifatlari to`g`rilik va aniqlik bilan chambarchas bog`langandir. Chunki grammatik jihatdan to`g`ri tuzilmagan nutq ham, fikrni ifoda etish uchun muvaffaqiyatsiz tanlangan leksik bir-lik ham mantiqning buzilishiga olib kelishi tabiiydir. Mantiqiy izchillikning buzilishi tinglovchi va o`quvchiga
- ifodalanayotgan fikrning to`liq borib yetmasligiga, ba`zan umuman anglashilmasligiga sabab bo`lishi mumkin.
- Nutqning tozaligi deganda unda til elementlarining ishlatilishida adabiy til me`yorlariga amal qilish-qilmaslik tushuniladi. Yaxshi, namunaviy nutq hozirgi o`zbek adabiy tili talablariga mos holda shakllangan bo`lishi, turli g`ayriadabiy va g`ayriaxloqiy til elementlaridan xoli bo`lishi kerak. Bu masalaning til jihati bo`lib, nutqiy tozalikning tildan tashqari paralingvistik jihatlari ham undan kam bo`lmagan ahamiyatga ega. Chunki u boy ma`naviy-axloqiy qadriyat-larga ega bo`lgan va bugun mustaqillik davrida yashab, dunyo hamjamiyati bilan teng mavqyeda muloqotda bo`layotgan o`zbek xalqining madaniy darajasiga mos bo`lishi lozim. Nutqimizning sofligiga, asosan, quyidagilar ta`sir qiladi: 1. Mahalliy dialekt va shevalarga xos so`z, ibora, shuningdek, grammatik shakllar, so`z va so`z birikmalarining talaffuzi, urg`usi. 2. O`rinsiz qo`llangan chet so`z va so`z birikmalari. 3. Jargonlar. 4. Vulgarizmlar. 5. Nutqda ortiqcha takrorlanadigan «parazit» so`zlar.
- Nutqning tozaligi, ya`ni sof adabiy tilda muloqot qilish o`quvchilar va talabalarning nutq madaniyati hamda mahoratini egallash, notiqlik sifatlariga erishishlari uchun muhim bosqich sanaladi. Bu esa tildan foydalanishda nihoyatda e`tiborli bo`lishni talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |