Baliq kasalliklarining muammolari. Reja
Parazitlarning baliqlar organizmiga joylashishi
Download 22.6 Kb.
|
Baliq kasalliklarining muammolari.
2.Parazitlarning baliqlar organizmiga joylashishi. Parazitlar baliqlarning turli xil organlarida joylashishi kuzatiladi. Baliqlar tanasida parazitlar yashashi uchun sharoit mavjud boʻlmagan deyarli birorta xam organ yoki toʻqima mavjud emas. Koʻpgina parazitlar turlari faqat baliqlarning tanasining yuzasida joylashadi. Misol uchun yassi chuvalchanglar vakili hisoblangan – monogenetik soʻrgʻichli giodaktilusni (Gyrodactylus) koʻrsatib oʻtish mumkin. Bundan tashqari, baliqlar teri qatlamida teri va jabra qatlamlari uchun umumiy boʻlgan koʻplab parazitlar joylashadi. Bu koʻrinishdagi parazit turlariga xivchinoyoqli kostia (Sostia), xlodonella infuzoriyasi (Chilodonella) va trixodina (Trichodina), halqasimon chuvalchanglar – zuluklar va bir qator qisqichbaqasimonlar vakillari, masalan baliq biti deb nomlanuvchi argulyus (Argulus) kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Baliqlar jabralarida yashovchi tipik parazitlar vakillari monogenetik soʻrgʻichlilar hisoblanib, ular tanasining oxirgi qismi yordamida jabra toʻqimasiga ilgakchalar shaklidagi sohalar, xitin apparat va muskulli soʻrgʻichlar yordamida yopishib oladi. Shuningdek, baliqlar jabra yaproqlarida bir qator parazit qisqichbaqasimonlar vakillari, masalan eshkakoyoq ergazilyus (Ergasilus) ham joylashishi kuzatilib, bu parazit jabra yaproqlariga juft antennasimon oʻtkir oʻsiqchalari vositasida bogʻlanadi. Bunda antennasimon oʻtkir oʻsiqchalar jabra toʻqimalariga teshgib kiradi va parazit jabrada mustahkam holatda joylashadi. Bu koʻrinishdagi yopishish xususiyati parazitlarning suv oqimi taʼsirida yuvilib ketishining oldini oladi. Baliqlarning teri qatlami va jabra yuzasida, biriktiruvchi toʻqimalarda yopishib yashashga moslashgan parazitlar tarkibiga ixtioftirius infuzoriyasi (Ichthophthirius), bir qator Myxobolus vakillari va boshqalarni misol qilib koʻrsatish mumkin. Baliqlarning teri qatlamida nisbatan chuqur qatlamda soʻrgʻichli Posthodiplostomum – Neascus cuticola lichinkalari joylashadi, bu lichinkalar taʼsirida baliq terisida qoramtir tusli boʻrtmalar xosil boʻladi. Ayrim holatlarda parazitlar baliqlarning tangachalarida xam joylashadi. Osyotrsimonlarga mansub hisoblangan sterlyad baliq turining teri osti biriktiruvchi toʻqimalarida va kletchatka qatlamida dumaloq chuvalchang sistopsis (Cystopsis) parazitlik qiladi va ushbu parazit taʼsirida baliq teri qatlamida oʻziga xos koʻrinishga ega boʻrtiqchalar yuzaga keladi. Baliqlarning muskul toʻqimasi tarkibida ayrim soʻrgʻichlilar va tasmasimon chuvalchanglar vakillari parazitlik qilishi aniqlangan. Baliqlarning suyak biriktiruvchi toʻqimalari va paysimon bogʻlamlari toʻqimalarida dumaloq chuvalchang vakili (Philometra sanguinea) parazitlik qiladi. Osyotrsimon baliq turlarining tana boʻshligʻida amfilin (Amphilina) dumaloq chuvalchangining jinsiy jihatdan voyaga yetgan individlari parazitlik qiladi va karpsimon baliqlarda ayrim holatlarda ushbu parazitning tana uzunligi oʻlchamlari 2 metrgacha yetishi aniqlangan. Baliqlar tanasi boʻshligʻining seroz qatlamida va shuningdek ichki organlarda dumaloq, ilgakboshli, tasmasimon va boshqa turdagi parazit chuvalchanglar joylashadi. Baliqlarning suzgich pufagi devorlarida va shuningdek tana boʻshligʻida tetrakotil soʻrgʻichlisining (Tetracotyle) lichinka bosqichidagi davri parazitlik qiladi. Baliqlarning suzgich pufagi boʻshligʻida sistidikol avlodiga (Cystidicola) mansub boʻlgan dumaloq chuvalchanglar va shuningdek ayrim soʻrgʻichli parazit chuvalchanglar joylashadi. Baliqlar buyrak toʻqimalarida nisbatan juda turli xildagi parazitlar yashashga moslashgan, jumladan nefromitses zambrugʻlari (Nephromyces), bir qator sodda hayvonlar vakillari, shuningdek soʻrgʻichlilar sinfiga mansub ayrim yassi chuvalchanglar, masalan fillodistomum avlodi (Phyllodistomium) vakillari parazitlik qilishi aniqlangan. Baliqlarning siydik pufagida ushbu organ uchun spetsifik hisoblangan ayrim parazitlar, masalan Myxidium paraziti yashashga moslashgan boʻlib, bu parazit koʻp holatlarda choʻrtan baliqlarda kuzatiladi. Jigar toʻqimalarida koʻpincha holatlarda tasmasimon chuvalchanglar vakillari parazitlik qilishi qayd qilinadi. Bu organda nisbatan keng tarqalgan odatdagi parazitlardan biri trienoforus (Triaenophorus nodulosus) hisoblanadi. Baliqlarning oʻt pufagida soʻrgʻichsimonlar vakili – Fellodistromum felis parazitlik qiladi. Shuningdek, baliqlarning ovqat xazm qilish tizimi ichki qismida juda koʻp sondagi turli xil parazitlar joylashishi qayd qilingan. Bu koʻrsatib oʻtilgan misollardan koʻrish mumkinki, baliqlarning barcha toʻqima va organlari uchun oʻziga xos spetsifik parazitlarning mavjudligi qayd qilinadi. Parazitlar tabiiy tanlanish jarayoni davomida maʼlum bir sharoitlarda yashashgagina moslashish xususiyatini namoyon qiladi. Ayrim holatlarda ularning hayotchanligi taʼminlanishida tanasining morfologik tuzilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanib, bunda xoʻjayin organizmida faqat bitta organ yoki toʻqimaga yopishish xususiyatlari shakllanishi kuzatiladi. Bunga misol qilib qon tarkibidagi parazitlarni koʻrsatish mumkin, ular koʻpgina holatlarda yopishish (fiksatsiya) organlariga ega boʻlib, shu sababli ovqat xazm qilish kanali kabi organlarda yashashga moslashadi. Koʻpgina holatlarda parazitlarning maʼlum sohalarda joylashish xususiyati ularning yashash muhitida mavjud boʻlgan biokimyoviy sharoitlarga qatʼiy tarzda bogʻliq boʻlishi aniqlangan. Ayrim holatlarda esa parazitlar uchun ular joylashuvchi organning gaz rejimi hal qiluvchi oʻrin tutishi mumkin. Kislorodli muhitda yashashga moslashgan parazitlar anaerob sharoit mavjud boʻlgan organlar sharoitida yashay olishmaydi. Koʻpincha holatlarda parazitlaning joylashishi faqat maʼlum bir organning tegishli sohalaridagina kuzatiladi. Ayrim parazitlar turlari hayotining maʼlum bir davrini bitta organda va qolgan davrini boshqa bir organda oʻtkazishi mumkin. Parazit turlari orasida faqat bitta xoʻjayin tanasida hayot kechiruvchi turlar uchraydi. Bu koʻrinishdagi parazitlar stenodaptiv tipdagi parazitlar deb nomlanadi. Shu bilan bir qatorda ayrim parazitlar turlari nisbatan ken miqyosdagi xoʻjayinlarga ega hisoblanadi. Ushbu koʻrinishdagi parazitlar turlari evriadaptiv parazitlar deb nomlanadi. Ekologik xususiyatlari jihatidan parazitlar doimiy, davriy va vaqtinchalik parazitlarga tasniflanadi. Doimiy parazitlarga butun umri davomida xoʻjayin organizmi tashqi qismida yoki ichki qismida yashashga moslashgan parazit turlari kiritiladi. Davriy parazitlarga esa hayotining maʼlum bir qismini bitta xoʻjayin tanasida va qolgan qismini boshqa xoʻjayin tanasida oʻtkazuvchi parazit turlari kiritiladi. Bunda parazitlarning lichinkalik davri koʻpincha holatlarda xoʻjayin tanasidan tashqarida kechadi. Vaqtinchalik parazitlar faqat maʼlum vaqt davomida xoʻjain organizmida mavjud boʻlib, qolgan hayotini xoʻjayin tanasidan tashqarida oʻtkazadi. Download 22.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling