Barcha yo‘nalishlardagi bakalavriat talablari uchun O‘quv qo‘llanma toshkent-2007 kirish


Download 1.02 Mb.
bet31/34
Sana26.05.2020
Hajmi1.02 Mb.
#110064
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   34
Bog'liq
Barcha yo‘nalishlardagi bakalavriat talablari uchun O‘quv qo‘lla


Ishlab chiqarish yoki iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi – bu mamlakatlarning jahon miqyosida iqtisodiy aloqalarining kuchayishi hamda iqtisodiy munosabatlarning tobora kengroq jabhalarini qamrab olish jarayoni hisoblanadi.

Barcha iqtisodiy jarayonlarning baynalmillalashuvi natijasida jahon xo‘jaligining quyidagi tarkibi vujudga keldi:



  1. tovar va xizmatlar jahon bozori;

  2. kapitallar jahon bozori;

  3. ishchi kuchi jahon bozori;

  4. xalqaro valyuta tizimi;

  5. xalqaro kredit-moliya tizimi.

Milliy xo‘jaliklar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar negizida shakllangan jahon xo‘jaligi asosida xalqaro mehnat taqsimoti yotadi.

Xalqaro mehnat taqsimoti (XMT) alohida mamlakatlarning tovar va xizmatlarning ma’lum turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashuvini ifodalaydi. Alohida mamlakatlarning bunday ixtisoslashuvi mahsulotlari ustun darajada eksportga yo‘naltirilgan xalqaro ixtisoslashgan tarmoqlarning shakllanishiga olib keladi.

Dastlabki vaqtlarda xalqaro mehnat taqsimotining rivojlanishi asosan tabiiy sharoitlardagi tafovutlarga asoslangan edi. Binobarin, faqat sanoat to‘ntarishidan keyin, ya’ni ishlab chiqaruvchi kuchlar baynalminal xususiyat kasb etib, milliy xo‘jaliklar doirasidan tashqariga o‘sib chiqa boshlagach, ularning negizidan barqaror mehnat taqsimoti va jahon bozori tarkib topadi. Hozirgi vaqtda xalqaro mehnat taqsimoti turli ijtimoiy tizimlarni o‘z ichida oluvchi umumjahon xo‘jaligi doirasida rivojlanmoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda keyingi o‘n yilliklarda yangi texnologik asoslarga o‘tish jahon xo‘jalik aloqalarining tez o‘sishi bilan birga bordi. Takror ishlab chiqarish jarayonlarining baynalminallashuvi o‘zining har ikkala shaklida: integratsion (milliy xo‘jaliklarning yaqinlashuvi, o‘zaro moslashuvi orqali) va transmilliy (xalqaro ishlab chiqarish majmuasining tuzilishi orqali) shakllarida kuchayadi.

Iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi bilan bir qatorda globallashuvi jarayoni ham muhim o‘rin tutadi. Bu har ikkala tushuncha o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular jahon xo‘jaligi sub’ektlarining umumiy maqsadlarga erishish yo‘lidagi xatti-harakatlarining birlashuvi jarayonini aks ettiradi.

Shuningdek, bu tushunchalar bir-biridan farq qilib, ular bir xilda bo‘lmagan xo‘jalik birlashmalari miqyoslarini ifodalaydilar. Baynalminallashuv – bu jahon xo‘jaligining bir necha sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni o‘rnatilishi va rivojlanishining dastlabki bosqichidir. Globallashuv (lotincha globus – yer kurrasi) jahon xo‘jaligining butun makonini qamrab oluvchi iqtisodiy munosabatlar yagona tarmog‘ining tashkil topishi va rivojlanishini anglatadi.

Globallashuv jararyonining quyidagi yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:

– mulkchilik munosabatlarining globallashuvi;

– kooperatsiya va mehnat taqsimotining nisbatan yuqori darajasiga o‘tish;

– xo‘jalikni tashkil etishning butunlay yangi shakllarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi;

– xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning tartibga soluvchi rolini rivojlanishi.

Shuningdek, jahon xo‘jaligi globalashuvi jarayonlarining ziddiyatli tomonlari ham mavjud. Bu ziddiyatlarning asosiylari quyidagilardan iborat:

1) turli mamlakatlardagi iqtisodiy rivojlanishning bir tekisda bormasligi;

2) boy va qashshoq mamlakatlar o‘rtasidagi farqning kuchayishi;

3) ekologik halokat tahdidlarining kuchayib borishi;

4) turli mamlakatlarda aholi sonining o‘zgarishining farqlanishi.
2. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning shakllari

Xalqaro iqtisodiy munosabatlar – bu jahonning turli mamlakatlari o‘rtasidagi xo‘jalik aloqalari majmuidir.

Xalqaro iqtisodiy munosabatlarni ba’zida tashqi iqtisodiy aloqalar, jahon xo‘jaligi aloqalari deb ham atalib, ular quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:

- tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi;

- kapital va chet el investitsiyalarining harakati;

- ishchi kuchi migratsiyasi;

- ishlab chiqarishning davlatlararo kooperatsiyasi;

- fan va texnika sohasidagi ayirboshlash;

- valyuta-kredit munosabatlari.

Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi eng avvalo milliy xo‘jaliklarning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokiga bog‘liq. Xalqaro mehnat taqsimoti rivojlanishi natijasida jahon bozori tarkib topadi.

Kapitalning xalqaro harakati - bu kapitalning chet elda joylashtirilishi va harakat qilishi. U chet elga quyidagi shakllarda chiqariladi:

- xususiy yoki davlat kapitali shaklida. Kapitalning xalqaro tashkilotlar yo‘li bilan harakati ko‘pincha mustaqil shakl sifatida ajratiladi;

- pul va tovar shaklida. Jumladan, kapital chiqarish mashina va uskunalar, patentlar, nou-xau hamda tovar kreditlari shaklida bo‘lishi mumkin;

- qisqa va uzoq muddatli kreditlar shaklida;

- ssuda va tadbirkorlik kapitali shaklida.

Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning ancha murakkab jihatlaridan biri ishchi kuchining xalqaro migratsiyasi hisoblanib, u o‘z ifodasini ishchi kuchi resurslarining ancha qulay sharoitda ish bilan ta’minlash maqsadida bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chib o‘tishida topadi.

Xalqaro migratsiya ikkita asosiy tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: emigratsiya va immigratsiya. Emigratsiya – mamlakatlardan doimiy yashash joyiga chiqib ketishni, immigratsiya – mamlakatga doimiy yashash uchun kirib kelishni bildiradi. Xalqaro migratsiya shuningdek repatriatsiya ya’ni fuqarolarni ilgari chiqib ketgan mamlakatlariga qaytarilishi jarayonini ham o‘z ichiga oladi.

Xalqaro migrantlar beshta asosiy toifaga ajratiladi:



  1. immigrantlar va noimmigrantlar;

  2. shartnoma bo‘yicha ishlashga kelgan migrantlar;

  3. nolegal, yashirin immigrantlar;

  4. boshpana so‘rovchi shaxslar;

  5. qochoqlar.

Fan-texnika yutuqlari bilan xalqaro ayirboshlash bir qator shakllarda amalga oshiriladi. U ilmiy-texnikaviy axborotlar, mutaxasislar, fan sohasi xodimlari bilan ayirboshlashni, tadqiqot va yangiliklarni litsenziya asosida berishni, ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazishni, umumiy fan-texnika va texnologiyani ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma tadbirkorlikni o‘z ichiga oladi.

Ilmiy-texnikaviy hamkorlikning muhim shakllaridan biri xalqaro injiniring hisoblanadi. Xalqaro injiniring bir davlat tomonidan boshqasiga sanoat va boshqa ob’ektlarni loyihalashtirish va qurish jarayoniga kerakli hisob-kitob loyihalarini berish hamda injenerlik-qurilish xizmati ko‘rsatishdan iborat bo‘ladi.


3. Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning mohiyati, shakllari
va ob’ektiv asoslari


Xalqaro iqtisodiy integratsiyabu turli mamlakatlar iqtisodiy aloqalarining barqarorlashib, chuqurlashib rivojlanishi, ular xo‘jaliklarining chambarchas birlashish jarayonlaridir. Mikrodarajada bu jarayon hudud jihatdan yaqin joylashgan mamlakatlar alohida firmalarining o‘zaro ta’siri orqali, ular o‘rtasidagi turli tuman iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi, shu jumladan chet ellardagi filiallarini tashkil etish asosida boradi. Davlatlararo darajada integratsiya davlatlar iqtisodiy birlashmalarining shakllanishi hamda iqtisodiy siyosatlarning kelishuvi asosida amalga oshadi.

Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning asosiy shakllari quyidagilar:

- erkin savdo hududlari. Bu iqtisodiy integratsiyaning eng oddiy shakli bo‘lib, uning doirasida qatnashuvchi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo cheklashlari bekor qilinadi. Erkin savdo hududlarining tashkil etilishi ichki bozorda milliy va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, bu bir tomondan, milliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot bo‘lishi xavfini kuchaytirsa, boshqa tomondan ishlab chiqarishni takomillashtirish va yangiliklarni joriy etish uchun rag‘bat yaratadi. Bunga Yevropa erkin savdo uyushmasi va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bitim misol bo‘la oladi;

- bojxona ittifoqi. Iqtisodiy integratsiyaning bu shakli erkin savdo hududlarining faoliyat qilishi bilan birga yagona tashqi savdo tariflari o‘rnatishni va uchinchi mamlakatga nisbatan yagona tashqi savdo siyosati yuritishni taqozo qiladi. Yevropa Ittifoqi (EI) bojxona ittifoqiga yorqin misoldir;

- to‘lov ittifoqi. Bu milliy valyutalarning o‘zaro erkin almashuvini va hisob-kitobda yagona pul birligining amal qilishini ta’minlaydi. Yevropa hamjamiyati, Janubi-sharqiy Osiyo va MDH mamlakatlari uchun to‘lov ittifoqi pirovard maqsaddir;

- umumiy bozor. Bu iqtisodiy integratsiyaning ancha murakkab shakli bo‘lib, uning qatnashchilariga erkin o‘zaro savdo va yagona tashqi savdo tarifi bilan birga kapital va ishchi kuchining erkin harakati hamda o‘zaro kelishilgan iqtisodiy siyosat ta’minlanadi. Bunga Yevropa iqtisodiy ittifoqi yoki Yevropa umumiy bozorini misol qilib keltirish mumkin. Uning doirasida barcha boj to‘lovlari va import me’yor (kvota)lari bekor qilinadi, boshqa mamlakatlardan Yevropa bozoriga tovarlar kirishi bir xil tartibga solinadi, pul mablag‘lari va ishchi kuchining chegaradan erkin o‘tishi ta’minlanadi hamda umumiy muammolarni hal etishda yagona siyosat o‘tkaziladi;



- iqtisodiy va valyuta ittifoqi. Bu davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning eng oliy shakli hisoblanadi. Bunda iqtisodiy integratsiyaning barcha qarab chiqilgan shakllari umumiy iqtisodiy va valyuta-moliyaviy siyosat o‘tkazish bilan birga uyg‘unlashadi.

Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonini ob’ektiv tavsifdagi bir qator omillar taqozo qiladiki, ularning ichidan quyidagilar asosiy o‘rinni egallaydi:

- xo‘jalik aloqalarining baynalminallashuvi va globallashuvi;

- xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi;

- umumjahon fan-texnika revolyutsiyasi;

- milliy iqtisodiyot ochiqligining kuchayishi.

Integratsiya jarayonlarini rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan biri – milliy iqtisodiyot ochiqlik darajasining oshishidir. Ochiq iqtisodiyotning o‘ziga xos belgisi bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:


  • mamlakat iqtisodiyotining jahon xo‘jalik munosabatlari tizimiga chuqur kirishganligi;

  • tovarlar, kapital, ishchi kuchining mamlakatlararo harakati yo‘lidagi to‘siqlarning kamaytirilishi yoki to‘liq bartaraf etilishi;

  • milliy valyuta konvertatsiyasining ta’mnlanganligi.

Davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishida quyidagi bir qator shart-sharoitlarning mavjudligi ta’sir ko‘rsatadi:

- integratsion aloqaga kirishayotgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyot jihatidan bir xil darajada bo‘lishi hamda bir turdagi xo‘jalik tizimlariga ega bo‘lishi;

- ularning hududiy jihatdan yaqinligi, yagona mintaqada joylashganligi va umumiy chegaraga egaligi;

- ularning tarixan tarkib topgan va yetarli darajada mustahkam iqtisodiy aloqalarga egaligi;

- iqtisodiy manfaatlar va muammolarning umumiyligi hamda ularni hal etishda birgalikdagi harakatning samaradorligi va h.k.
4. Xalqaro savdoning mazmuni, tuzilishi va xususiyatlari

Hozirgi jahon rivojining xususiyatli belgisi tashqi iqtisodiy aloqalarning, avvalo, tashqi savdoning tez o‘sishi hisoblanadi. Tashqi savdo xalqaro hamkorlikning ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va boshqa shakllari (kadrlarni tayyorlash, turizm va h.k.) bilan bir qatordagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning muhim shakli hisoblanadi. Barcha mamlakatlar tashqi savdosi majmui xalqaro savdoni tashkil etadi.



Xalqaro savdo – bu turli davlat-milliy xo‘jaliklari o‘rtasidagi tovar va xizmatlarning ayirboshlash jarayonidir. Xalqaro savdo qadimdan mavjud bo‘lsada, faqat XIX asrga kelib, ya’ni deyarli barcha rivojlangan mamlakatlar xalqaro savdo aloqalarida ishtirok eta boshlashi bilan jahon bozori shakliga kirdi.

Xalqaro savdo tashqi savdo aylanmasi, eksport va import, savdo balansi kabi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi.



Eksport – bu tovarlarni chet ellik mijozlarga sotish bo‘lib, bunda mazkur mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovar mamlakatdan tashqariga chiqariladi. Eksportning iqtisodiy samaradorligi shu bilan aniqlanadiki, mazkur mamlakat ishlab chiqarishning milliy xarajatlari jahon xarajatlaridan past bo‘lgan mahsulotlarni chetga chiqaradi. Bunda eksportda olinadigan yutuq hajmi mazkur tovar milliy va jahon narxlarining nisbatiga, mazkur tovarning xalqaro aylanmasida ishtirok etuvchi mamlakatlarning mehnat unumdorligiga bog‘liq.

Xalqaro savdoda tovarlarning eksport tarkibi fan-texnika revolyutsiyasi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi ta’siri ostida o‘zgaradi. Hozirgi davrda xalqaro savdoning eksport tarkibida qayta ishlovchi sanoat mahsulotlari yetakchi o‘ringa ega bo‘lib, uning hissasiga jahon tovar ayriboshlashining 3/4 qismi to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqat, xom-ashyo va yoqilg‘i ulushi faqat 1/4 qismini tashkil qiladi.



Xizmatlar eksporti tovarlar eksportidan farq qiladi. Chet ellik iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish, chet el valyutalarini olish bilan bog‘liq bo‘lib, u milliy chegarada amalga oshiriladi (masalan, chet el kompaniyasi vakillariga pochta, telegraf xizmati ko‘rsatish, chet el fuqarolariga sayyohlik xizmati ko‘rsatish va h.k.).

Kapital eksport qilish ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Kapital eksporti kredit berish yoki chet el korxonalari aksiyalariga maqsadli qo‘yilmalar kabi shakllarda amalga oshirilib, kapital chiqarilgan vaqtda eksport qiluvchi mamlakatdan mablag‘lar oqimini taqozo qiladi va shu orqali tasarrufida bo‘lgan resurslar hajmini qisqartiradi. Boshqa tomondan, kapital eksporti chet davlatlarning mazkur mamlakatdan bo‘lgan qarzlarini ko‘paytiradi. U jahon bozoriga tovarlarning keyingi eksporti uchun qulay sharoit yaratadi va chet el valyutasida foiz yoki dividend shaklida barqaror daromad olish omili hisoblanadi.

Ko‘plab mamlakatlar, cheklangan resurs bazasiga va tor ichki bozorga ega bo‘lib, o‘zlarining ichki iste’moli uchun zarur bo‘lgan barcha tovarlarni yetarli samaradorlik bilan ishlab chiqarish holatida bo‘lmaydi. Bunday mamlakatlar uchun import kerakli tovarlarni olishning asosiy yo‘li hisoblanadi.



Import eksportdan farq qilib chet ellik mijozlardan tovarlar (xizmatlar) sotib olib, ularni mamlakatga keltirishni bildiradi. Bunda mamlakat ichida ishlab chiqarish xarajatlari tashqaridan sotib olingan chog‘dagi xarajatlaridan yuqori bo‘lgan mahsulotlar import qilinadi. Tashqi savdo samaradorligini hisoblashda mazkur mamlakat tomonidan import qilish hisobiga muayyan tovarlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojining tezlik bilan qondirilishi hamda bunday tovarlarni mamlakat ichida ishlab chiqarilgan chog‘da sarflanishi lozim bo‘lgan resurslarning tejalishi natijasida olinuvchi iqtisodiy naf e’tiborga olinadi.

Mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalardagi ishtirokini ifodalovchi bir qator ko‘rsatkichlar ham mavjud. Masalan, tarmoq ishlab chiqarishining xalqaro ixtisoslashuvi darajasi ko‘rsatkichlari sifatida taqqoslama eksport ixtisoslashuvi koeffitsienti (TEIK) hamda tarmoq ishlab chiqarishidagi eksport bo‘yicha kvotadan foydalanish mumkin. TEIK quyidagi formula yordamida aniqlanadi:

,

bu yerda:

Eo – mamlakat eksportida tovar (tarmoq tovarlari yig‘indisi)ning solishtirma salmog‘i;

Em – jahon eksportidagi shu turdagi tovarlarning solishtirma salmog‘i.

Agar nisbat birdan katta bo‘lsa, bu tarmoq yoki tovarni xalqaro jihatdan ixtisoslashgan tarmoq yoki tovarlarga kiritish mumkin va aksincha.

Eksport bo‘yicha kvota milliy sanoatning tashqi bozor uchun ochiqlik darajasini ifodalaydi:

,

bu yerda: E – eksport qiymati.

Eksport buyicha kvotaning ko‘payishi ham mamlakatning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokining, ham mahsulot raqobatbardoshligining o‘sib borishidan darak beradi.

Mamlakatdagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi eksport hajmi uning iqtisodiyotining «ochiqligi» darajasini ifodalaydi. Eksport salohiyati (eksport imkoniyatlari) – bu mazkur mamlakat tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotning o‘z iqtisodiyoti manfaatlariga putur yetkazmagan holda jahon bozorida sotishi mumkin bo‘lgan qismi.

Tovarlar eksporti va importi summasi tashqi savdo aylanmasi yoki tashqi tovar aylanmasini tashkil etadi. Qandaydir mamlakat ishlab chiqaruvchi mamlakatdan tovarni o‘z iste’moli uchun emas, balki uchinchi mamlakatga qayta sotish uchun olgan taqdirda reeksport ro‘y beradi. Reeksport bilan reimport uzviy bog‘liq. Reimport iste’molchi mamlakatdan reeksport tovarni sotib olishni bildiradi.

Xalqaro savdo bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega:

- iqtisodiy resurslarning harakatchanligi mamlakatlar o‘rtasida, mamlakat ichidagiga qaraganda ancha past bo‘ladi;

- mamlakatlarning turli valyutalardan foydalanishi ular o‘rtasida xalqaro savdoni amalga oshirishda muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi;

- xalqaro savdo siyosiy aralashuv va nazoratga mahkum bo‘lib, bu ichki savdoga nisbatan qo‘llaniladigan tadbirlardan tavsifi va darajasi bo‘yicha sezilarli farqlanadi.

Xalqaro savdoni tashkil etish shakllari ham takomillashib bormoqda. An’anaviy ko‘rinishdagi tovar birjalari, auksionlar, savdo-sanoat yarmarkalari, savdo ko‘rgazmalari bilan bir qatorda ikki tomonlama bitimlarning quyidagi shakllari ham keng qo‘llanmoqda:

1) barter – tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, pul ishtirokisiz bir-biriga ayirboshlash. Barterda pul ishtirok etmasada, tovarlarning qiymatini bir-biriga taqqoslash uchun pulning qiymat o‘lchovi vazifasi orqali baholab olinadi;

2) eksport qiluvchilar tomonidan yetkazib berilgan tovarlar qiymatining bir qismiga import tovarlarni xarid qilish;

3) texnikaning yangi modellarini sotishda eskirgan modellarni sotib olish;

4) import qilingan asbob-uskunalar qism va detallarini importga sotuvchi mamlakat tomonidan butlab berish;

5) kompensatsion bitimlari. Mazkur bitimlar shartiga ko‘ra, texnologik asbob-uskunalar yetkazib beruvchi tomonlarning biri taqdim etgan kredit (moliyaviy, tovar ko‘rinishidagi) bo‘yicha to‘lovlar ana shu asbob-uskunalarda tayyorlangan tayyor mahsulotlarni yetkazib berish orqali amalga oshiriladi;

6) bir mamlakatda undirilgan xom ashyoni boshqa bir mamlakat ishlab chiqarish quvvatlari yordamida qayta ishlashda ushbu qayta ishlash va tashib berish xizmatlarini qo‘shimcha xom ashyo yetkazib berish orqali to‘lash;

7) kliring operatsiyalari, ya’ni o‘zaro talab va majburiyatlarni hisobga olish orqali naqd pulsiz hisoblashuv.

Xalqaro savdoda ishtirok etish har bir mamlakat uchun milliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi raqobatdan himoya qilish vazifasini dolzarb qilib qo‘yadi. Bu vazifa mamlakatlarning savdo siyosati orqali amalga oshadi. Jahon amaliyotida bu siyosatning proteksionizm (tashqi ta’sirdan himoyalash) va fritrederlik (savdoga to‘liq erkinlik berish) kabi shakllari keng tarqalgan.

Erkin savdo yo‘lida juda ko‘p to‘siqlar mavjud bo‘ladi. Ularning asosiylari quyidagilar:



1) boj to‘lovlari. Boj to‘lovlari import tovarlarga aksiz soliqlari hisoblanadi, u daromad olish maqsadida yoki himoya uchun kiritilishi mumkin;

2) import kvotalari. Import kvotalari yordamida ma’lum bir vaqt oralig‘ida import qilinishi mumkin bo‘lgan tovarlarning maksimal hajmi o‘rnatiladi;

3) tarifsiz to‘siqlar. Tarifsiz to‘siqlar deyilganda litsenziyalash tizimi, mahsulot sifatiga standartlar qo‘yish yoki oddiy ma’muriy taqiqlashlar tushuniladi;

4) eksportni ixtiyoriy cheklash. Eksportni ixtiyoriy cheklash savdo to‘siqlarining nisbatan yangi shakli hisoblanadi. Bu holda chet el firmalari o‘zlarining ma’lum mamlakatga eksportini ixtiyoriy ravishda cheklaydi.

Erkin savdo (fritrederlik) siyosati proteksionizm siyosatining aksi bo‘lib, tashqi savdoni erkinlashtirishga qaratilgan. Bu siyosat xalqaro savdo hajmlarini o‘sishiga olib keluvchi turli tarif va kvotalarni qisqartirish, milliy iqtisodiyotning ochiqligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Xalqaro savdoni tartibga solish xalqaro va milliy darajalarda amalga oshadi.

Milliy darajadagi tartibga solish eksport va importni tartiblash orqali namoyon bo‘ladi. Eksportni tartiblash tashkiliy va kredit-moliyaviy usullar yordamida uni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. Eksportni rag‘batlantirishning tashkiliy usullariga quyidagilarni kiritish mumkin:

- eksport qiluvchilarga axborot va maslahat berish xizmatlarini ko‘rsatiuchun maxsus bo‘linmalarni tashkil etish;

- savdo bitimlarini tuzishda davlat idoralarining ishtirok etishi;

- tashqi savdo uchun malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashuv;

- xorijiy mamlakatlarda ko‘rgazmalar tashkil etishda yordam ko‘rsatish;

- milliy kompaniyalarni diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va h.k.



Eksportni rag‘batlantirishning kredit-moliyaviy usullari quyidagilardan iborat:

- eksportga tovarlar yetkazib berishni subsidiyalash;

- eksport qiluvchilar uchun davlat kreditlarini berish va xususiy kreditlar berilishini rag‘batlantirish;

- xorijda amalga oshiriluvchi savdo bitimlarini davlat tomonidan sug‘urtalash;

- eksportdan olinuvchi foydadan soliq to‘lashdan ozod etish va h.k.

Importni tartibga solish asosan uni tarifli va tarifsiz vositalar orqali cheklashdan iborat. Asosiy tarifli to‘siq sifatida bojxona bojlarini keltirish mumkin.



To‘lov balansi - mamlakat rezidentlari (uy xo‘jaliklari, korxonalar va davlat) va chet elliklar o‘rtasida ma’lum vaqt (odatda bir yil) oralig‘ida amalga oshirilgan barcha iqtisodiy bitimlar natijasining tartiblashtirilgan yozuvi.

Iqtisodiy bitimlar – qiymatning har qanday ayirboshlanishi, ya’ni tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar yoki aktivlarga mulkchilik huquqining bir davlat rezidentlaridan boshqa davlat rezidentlariga o‘tishi bo‘yicha kelishuvlardan iborat. Har qanday bitim ikki tomoniga ega bo‘ladi va shu sababli to‘lov balansida ikki tomonlama yozuv tartibiga rioya qilinadi. Har bir bitim to‘lov balansining debet va kredit qismlarida o‘z ifodasini topadi.

Kredit – qiymatning mamlakatdan chiqib ketishi bo‘lib, uning hisobiga mazkur mamlakat rezidentlari chet el valyutalarida qoplovchi to‘lovlar ekvivalentini oladi. Debet – qiymatning mazkur mamlakatga kirib kelishi bo‘lib, uning hisobiga rezidentlar chet el valyutalarning sarflaydi. To‘lov balansida kreditlar umumiy summasi debetlarning umumiy summasiga teng bo‘lishi zarur.

To‘lov balansidagi barcha bitimlar o‘z ichiga joriy va kapital bilan operatsiyalarni olishi sababli, u uchta tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi (3-jadval):



  1. joriy operatsiyalar hisobi;

2) kapital harakati hisobi;

3) rasmiy zahiralarning o‘zgarishi.

Mamlakatning tashqi savdo balansi (to‘lov balansi) mazkur davlatning chet ellik sheriklari bilan xalqaro iqtisodiy munosabatlarning holatini ifodalab, uning kredit-pul, valyuta, byudjet-soliq, tashqi savdo siyosatini amalga oshirish va davlat qarzlarini tartibga solishi uchun indikator bo‘lib xizmat qiladi.


Download 1.02 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   34




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling