Barg, uning vazifasi, morfologik tuzilishi va tiplari


Download 24.7 Kb.
Sana22.03.2023
Hajmi24.7 Kb.
#1286013
Bog'liq
BARG


BARG, UNING VAZIFASI, MORFOLOGIK TUZILISHI VA TIPLARI.

Barg o‘simliklarda fotosintez, gaz almashinuvi va suv bug‘latish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Bulardan tashqari, ayrim o‘simliklarda u oziq moddalar to‘playdigan joy bo‘lishi va vegetativ ko‘payish vazifasini bajarishi mumkin. To‘liq barg 3 qismdan: barg plastinkasi, barg bandi, yonbargchalardan iborat. Barg bandi uni mexanik ta’sirlardan saqlaydi va kerakli tomonga burilishi uchun xizmat qiladi. Yonbargchalar esa hamma o‘simliklarda ham uchrayvermaydi. U mavjud bo‘lgani holda ular assimilisiya vazifasini bajaradi va barg bandidagi kurtakni himoya qiladi.

Ko‘pchilik o‘simliklar bandli bo‘ladi. Lekin ayrim o‘simliklarda barg plastinkasi bevosita poyaga birikib, ular bandsiz barg deyiladi. Barg bandida bitta barg plastinkasi bo‘lsa oddiy, bir nechta barg plastinkasi bo‘lsa murakkab barg deyiladi. Oddiy barglarga olma, terak, o‘rik; murakkab barglarga akasiya, kashtan, sebargalarning barglari misol bo‘ladi.

Barg plastinkasining shakli turli-tuman bo‘ladi. Ular yumaloq, cho‘zinchoq, lanset shaklida, tuxum va teskari tuxum shaklida, oval, qilichsimon va boshqa shakllarda bo‘ladi. Agarda barg plastinkasining chetlari tekis bo‘lsa, ular tekis chetli barg deyiladi. Agar cheti kamroq o‘yiqli bo‘lsa tishli barg deyiladi. Barglarning o‘yig‘i o‘tkir va do‘ng joyi dumaloq bo‘lsa kungurali barg deyiladi. Agar barg plastinkasining cheti barg enining to‘rtdan bir qismigacha o‘yilgan bo‘lsa bo‘linma barg deb ataladi. Bunday barglarni eman, zarang, g‘o‘za, chinor kabi o‘simliklarda ko‘rish mumkin. O‘yiqlar barg plastinkasining yarmigacha borsa bo‘lingan barglar deyiladi. Agar o‘yiqlar bargning markaziy tomirigacha etgan bo‘lsa ular qirrali barglar deyiladi. Sabzi va tarvuzning bargini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Murakkab barglarning bir necha turi mavjud. Uch bargchali murakkab barglarga yo‘ng‘ichqa va sebarga misol bo‘la oladi. Panjasimon murakkab barglar (lupin, nasha, kashtan) asosiy barg bandining uchiga panjasimon shaklda o‘rnashgan. Patsimon murakkab barglar toq va juft bo‘ladi. Toq patsimon barg bandiga bargchalar ketma-ket yoki qarama-qarshi joylashib, uchi ham bargcha bilan tugaydi. Akasiya, no‘xat o‘simliklari shunday barglarga ega bo‘lib, ularda bargchalarning soni ham toq bo‘ladi. Agar barg bandining uchi tikan yoki jingalak bilan tugasa, bargchalarning soni juft bo‘ladi va juft patsimon barg deb ataladi. Yasmiq, no‘xatak kabi o‘simliklarda shunday barglar mavjud.

Barg plastinkasi, asosan, mezofill (et) hamda tomir qismidan tashkil topgan. Bargning mezofill qismi assimilisiya to‘qimadan iborat, tomirchalar barg plastinkasini tik tutib turish uchun xizmat qiladi va egilib bukilib ketishidan saqlaydi. Unda o‘tkazish vazifasini bajaruvchi nay bog‘lamlari mavjud. Tomirlar ko‘pincha bargning ostki qismida bo‘rtib turadi. Ba’zi o‘simliklarning (tol, olma, otquloq) barglarida barg uchidan bandigacha boradigan bitta markaziy tomir bo‘ladi va undan barg plastinkasining yon tomirlariga ketma-ket yon tomirchalar tarqaladi. Bunday tomirlanish patsimon tomirlanish deyiladi. Agar barg plastinkasidan bir nechta o‘xshash tomirlar chiqib, uning barcha tomonlariga tarqalgan bo‘lsa panjasimon tomirlaiish deyiladi. Buni terak, tok, g‘o‘za va chinor barglarida ko‘rish mumkin, Barg plastinkasining asosidan tarqalgan tomirlar barg uchiga borib yana bir-biriga yaqinlashsa yoysimon tomirlanish deb ataladi (zubturum). Tomirlar barg plastinkasida parallel joylashsa parallel tomirlanish deb ataladi. Bunday tomirlanish g‘alla o‘simliklarida uchraydi. Tomirlar, ko‘pincha, juda shoxlanib ketib, qalin to‘r hosil qiladi va bu to‘rsimon tomirlanish deyiladi. Ko‘pchilik ikki pallali o‘simliklarning barglari to‘rsimon tomirlidir.

Barglar plastinkasi asosining shakliga qarab ham turlicha bo‘ladi. Masalan, asosi yumaloq, o‘tkir, to‘mtoq, yuraksimok, bo‘yraksimoi, o‘q shaklli va ponasimon barglar bo‘ladi. Barg plastinkasi uchining shakliga qarab o‘tkir uchli, nayzaga o‘xshash, nashtar barglar, uchi to‘mtoq yoki uchi o‘yiqli barglar bo‘ladi. Ko‘pincha barglar yuzasi har xil tukchali bo‘ladi. Unga ko‘ra barglar momiqli (qulupnayda), tukchali (g‘o‘zada), tivitli (bedada), qilchali (ko‘knorda) bo‘ladi. Odatda, barglar novdada 1 yildan 5-6 yilgacha yashashi mumkin. Lekin Afrikada o‘sadigan velvichiya bargi 100 yildan ko‘proq yashaydi. CHunki u charm singari qayishqoq, qalin po‘stli, uzunligi 3 m ga yaqin bo‘ladi. Uning barglari tubidan o‘sib uchidan emirilishi hisobiga uzoq yashaydi.

Harorat pasayib, kuz kelgach, fotosintez va transpirasiya jarayoni to‘xtagach, barglar o‘z vazifasini tamomlaydi va xazonrezgilik boshlanadi. Bunda ular bandining asosiy hujayralarining alohida ajratuvchi qatlami hosil bo‘ladi va ular to‘kiladi. Doimiy yashil daraxtlar bargi bir necha yil (3-5 yil) yashaydi.

Barglarning o‘lchami turli xil o‘simliklarda turlicha. Ayrim o‘simliklarda ular bir necha mm, ayrimlarida esa bir necha m ga etadi. Masalan, Braziliya palmasi rafiyaning bargini uzunliga 20 m.

Novdaning tepasida, o‘rtasida va pastki qismida joylashgan barglar bir-biridan ayrim belgilari bilan farq qiladi. Ba’zan bitta o‘simlikda turli shakldagi barglar uchraydi (tut). Bu esa geterofiliya hodisasi deyiladi.

Ko‘pchilik o‘simliklarning barglari fotosintez vazifasini bajarganligi uchun novdadan maksimal foydalanadigan va bir-biriga soyalab qo‘ymaydigan bo‘lib joylashadi. Barglarning yorug‘likka nisbatan bunday reaksiyasi barg mozaikasi deb ataladi. Uni sabzi, kartoshka, kungaboqarda oson ko‘rish mumkin.

Barglar novdada hamisha ma’lum qonuniyat asosida joylashadi.




  1. Navbat bilan joylashish. Poya bo‘g‘imida bittadan barg bo‘lib, ular pastdan yuqoriga qarab ketma-ket joylashsa, bu navbat bilan joylashish deyiladi. Masalan, olma, o‘rik, olcha barglari novdada xuddi shunday joylashadi.


  2. Qarama-qarshi joylashish. Novdaning har qaysi bo‘g‘imida bir-biriga qarama-qarshi ikkita barg joylashsa, uni qarama-qarshi joylashish deyiladi. Rayhon, yalpiz, siren barglari unga misol bo‘ladi.


  3. Halqasimon yoki doiraviy joylashish. Novda bo‘g‘imida 3 va undan ziyod barglar joylashsa, halqasimon yoki doiraviy joylashish bo‘ladi. Elodeya, qirqbo‘g‘im, oleandr barglari bunga misol bo‘ladi.



Download 24.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling