Bayt ar. بيت
Download 94.5 Kb.
|
Badiiy san\'at 1
Mazmuni: Dashtlarda jilvalanayotgan lolalar emas, so’yilgan odamlar boshlarini tuproqdan chiqarib turibdilar.
Bobur harfiy san’atlar qo’llashda ham Alisher Navoiy bilan bellasha oladigan san’atkor shoir. Uning kitobat qo’llagan ushbu bayti sodda va tushunarli, ayni paytda nafis va jozibaligi bilan diqqatga sazovor. Qadni “alif”, qoshni “yo” harfiga o’xshatish an’anaviy eski gap. Ma’shuqani oyga tashbeh berish ham ming marotaba uchragan. Ammo “alif” va “yo” ni qovushtirib, bular yig’indisidan “oy” so’zini keltirib chiqarish yangi fikriy kashfiyot – nuqtasidir : Qadding chu “alif”, qoshing erur “yo”, Desam, ne ajab, agar seni “oy”? Ulug’ so’z san’atkorlari harfiy san’atlardan kitobat matnda harfni nomlash va istixroj (so’z keltirib chiqarish)ning riyoziy murakkab namunalarini ham yaratadilar. Chunonchi, “riyoziy ixtiroj” san’atini qo’llaganda baytda harf nomlanmay, aytilmasdan so’zlar ifodalangan harflar yig’indisidan biror so’z yasalgan bo’ladi. Masalan, quyidagi baytni tahlil etaylik: Og’ziyu ikki zulfu qadi bo’lmasa manga, Rayhonu sarvu g’uncha ko’kardin maloldur. Mumtoz adabiy an’anaga ko’ra og’iz – “mim”(m), ikki zulf – ikki “lom”(ll) va qad - “alif”(o) dir. Holbuki, matnda bu harflar aytilmagan. Sehrgar Bobur “Aqling yetsa, kashf etib maza qil!” deb jilmayib qo’ygan. Chunki u baytdagi “malol” so’zini og’zi, ikki zulfi va qaddidan (m+l+o+l) yasagandir. Eski yozuvda malolda “a” harfi yozilmaydi. Bunday baytni riyoziy kashf etishga ancha –muncha kitobxongina emas, hozirgi paytda ayrim olimlar ham qodir emaslar. Nega bu ishni qiyin dedik? Chunki sehrgar Bobur olim ko’zini avval laff va nashr san’ati bilan bog’lagan. Adabiyotshunos baytdan san’at kuzatganda birinchi misrada tuzilgan so’zlar: og’zi, zulf va qadga ikkinchi misradan o’xshatishlar izlaydi: og’iz – g’uncha, rayhon – zulf, qad – sarv. Ana shu holat laff va nashrdir. Baytda istixroj borligi “ikki” so’zidan biroz seziladi. Boburning bu sohadagi ulkan kashfiyoti mo’jizasi istixrojda “Olloh” so’zini ifodalagan tubandagi baytdadir: Qaddi bila ikki zulfu og’zi, Jonimg’a balo bo’lubtur, Olloh! Istixrojda yozilmay nazarda tutilgan harflar qad – “alif”, ikki zulf – ikki “lom” va og’iz – “xo”dir. Ushbu harfalr yig’indisi Ollohdir. Bu undov so’z ulkan hayratni ifodalamoqda. Bobur she’riyati mavzulari rang –barangligi bilan ham e’tiborga molik. Sharqona madaniyat – yaxshilik haqidagi ta’sirchan g’azal ham, xazon yaprog’i singari yuzi sarg’aygan oshiq ohu zorlari talqini bo’lgan she’r ham, madaniy dam olishning ajib to’kislikdagi ifodasi bo’lmish: Yoz fasli, yor vasli, do’stlarning suhbati, She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati matla’li she’r ham, g’ij-g’ij badiiy san’atlar qorishgan, ayni paytda ma’shuqa yuz timsolining jozib tajassumi bo’lgan Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur, G’uncha sirrin ochqon ul ikki labi xandonidur, deb boshlanadigan g’azal ham Zahiriddin Muhammad Bobur inja she’riyati to’plami “Devon”idadir. Rubobiy timsollarning tabiiy – voqelikka mos xatti-harakatlari, oshiq va ma’shuqalarning birining lobar sernozu ishvaligiyu ikkinchisining Farhodsifat ishq mashaqqatlarini tortish va majnun kabi shaydoligi ishonarli ifodalangan. Shuning uchun Bobur lirik qahramoni o’zini Farhodu Majnundan, mahbubasini Shirinu Laylidan yuqori qo’yadi: Qani Shirin bila Layliki, sendin noz o’rgansa? Qani Farhodu Majnunkim, alarg’a ishq o’rgatsam. “Ishq” shu darajada ajoyib hissiyotki, oshiqlar uchrashganda ham baxtiyor bo’lishlari amri mahol. Nozik hissiyot ikkalasini ham jizzaki holatga solganday. Biror shoir Boburday bu “ziddiyat voqeligini” idrok etolmagan bo’lsa kerak. Har ikki yosh sabr-toqatlari tugab bir-biriga zoru, uchrashganlarida esa har lahzada achchiq-tiziqqa asoslar topilib qoladi. Ayriliqda o’rtanib visolga zoriqqanlar-u, biroq uchrashuvda ham ular o’zaro yaxshi chiqisholmaganliklariga nima deysiz: Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur, Sening birla chiqishmoqlik dog’i bisyor mushkuldur. Mijozing noziku sen – tundu, men – bir beadab telba, Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur. Bobur she’riyati Sharq poeziyasi namunasi sifatida jahonning oddiy va nuktadon – nozik kitobxonlariyu so’z san’atkorlarini maftun etadi. Bobur o’ziga xos sifatlarga ega bo’lgan siymodir. U avvalo, o’z davrining, o’z sinfining farzandidir, murakkab davrdagi ijtimoiy- iqtisodiy sharoitlarning va g’oyaviy-siyosiy qarashlardagi, yo’nalishlardagi ziddiyatlarning mahsulidir. Uning hayoti va faoliyatiga tariziy –konkret munosabatda bo’lmay turib, unga to’g’ri va atroflicha baho berish mumkin emas. Bobur Navoiy, Lutfiy, Xisrav Dehlaviy va Sharqning boshqa buyuk shoirlarining eng yaxshi traditsiyalarini ijodiy davom ettiradi. Uning shakl jihatidan ham, g’oya jihatidan ham, masalan, Alisher Navioyning ba’zi asarlari bilan bevosita hamohang she’rlari ham bor. Lekin o’zining shoirlarga bo’lgan munosabatida u originalligicha qolaveradi. Boburning merosi ko’p turlidir. U ham shoir, ham prozaik bo’lgan. U muzika, hamda harbiy ish bo’yicha ilmiy traktatlar yozgan. Fanning tarix, geografiya, irrigatsiya, flora, etnografiya va boshqa sohalari haqida qimmatli ma’lumotlar bergan. U o’z zamonasining ijtimoiy sharoitini, adabiyot va madaniyatining ahvolini va g’oyaviy oqimlarini tahlil qilgan, katta-katta hodisalarga, davlat, siyosiy hamda madaniyat arboblarining yetakchilariga muhim xarakteristikalar bergan, jamiyatning ko’pgina kamchiliklarini ochib tashlagan. Baxtga qarshi, Boburning yuqorida aytilgan poetika, muzika, harbiy ish haqidagi ilmiy traktatlari bizgacha yetib kelmagan. Ularning qanchalik qimmatli ekanliklari ba’zi ma’lumotlardan, chunonchi Alisher Navoiyning nazariy-adabiyotshunoslik asarlariga Boburning bergan baholaridan ham ko’rinib turadi. Bobur asarlarining tematikasi keng va xilma-xildir. Bobur ko’pgina yozuvchilardagi tematik torlik, g’oyaviy ojizliklarni bosib o’tib, umuman voqelikni, xususan ijtimoiy fikrni, sotsial hayotni kengroq qamrab olishga intiladi va bu sohada ko’pgina yutuqlarni qo’lga kiritadi. Etika va estetika, kishilarning ma’naviy qiyofalari, din, hokimiyat va fan masalalari, yor va unga bo’lgan muhabbat, vatan haqidagi o’ylar, unga intilish, zamondan norozilik, hayotni sevish – Bobur asarlarining taxminiy tematikasi shunday. Bobur o’z fikrini aniq, rostgo’ylik bilan ifoda qilishga intilish zarurligini uqtiradi. Bobur bu masalaga bir necha bor qaytadi, bu esa uning mazkur masalaga qanchalik ahamiyat berganligini ko’rsatadi. Bobur o’z o’g’liga murojaat qilib, yozuvchi o’zi yoritishi lozim bo’lgan narsani haqgo’ylik bilan tasvirlashi kerakligini aytadi, yozuvchining o’zi va o’quvchi qisqa, aniq va rostgo’ylik bilan tasvirlangan voqeadangina huzur qilishi mumkinligini qat’iy qayd qiladi. Bobur o’zining “Boburnoma”sida shu qoida va printsiplarga amal qilmagan yozuvchilarning mazmuni ham, shakli ham o’quvchini qiziqtirmaydigan bemaza asarlarini qattiq tanqid qiladi. Sulton Mahmud Mirzo haqida gapirar ekan, Bobur shunday deb yozadi: “Tab’i nazmi bor edi, devon tartib qilib edi. Vale she’ri bisyor sust va bemaza edi. Andoq she’r aytqondin aytmog’on yaxshiroqdur” . Boshqa bir joyda Bobur Mir Sarbarahnaning ijodiyoti haqida yana ham darg’azab bo’lib shunday deydi: “Amir Hamza qissasining muqobalasida umri zoyi qilib, uzun –uzuq yolg’on qissa bog’labtur; bu amr muxolifi tab va aqldur”. Uning “Xatlari”dan bir necha misol keltiramiz: Bir kecha xotirim mushavvash erdi, Ko’zda suv, ko’nglum ichra otash erdi. Dahr ishidin fig’on qilur erdim, Xotirimni yomon qilur erdim. Har zamon dahrni xitob qilib, O’lturib gah ko’pub, shitob qilib, Der edim, ey vafosi yo’q zolim, Zulmdin yetti o’lgali holim. Yuqorida ko’rsatib o’tilganlardan ham ko’rinib turibdiki, Bobur asarlarida o’z zamonasidagi norozilik, taqdirga qarshi achchiq nolishlar baralla eshitiladi. Bunday norozilik va e’tirozlar Bobur poeziyasiga chuqur fikrlik va ijtimoiy mohiyat bag’ishlaydi. Buning ustiga, ular kishilarni o’sha zamonda mavjud bo’lgan ijtimoiy voqelikka nisbatan tanqidiy va hushyor munosabat ruhida tarbiyalashga yordam beradilar. Zamondan norozilik, taqdirga qarshi e’tiroz Boburda ba’zan juda keskin va g’azabli ifodalanadi. Boburning noroziligi, ayniqsa begona yurtlarga borib qolib, vatanni sog’inib yurgan kezlarida keskin tus oladi: Yana mahrumi xonumon qilding, Yana ovvorai jahon qilding, - deb yozgan edi Bobur. Umuman, begona yurtlarga borib qolib tortgan azoblari, vatanga muhabbat, uni sog’inish, unga intilish Bobur poeziyasining markaziy masalaridan hisoblanadi. Boburning bu masalaga bag’ishlangan poetik satrlari samimiyat bilan to’la, mazkur satrlarda shoitnin chuqur ruhiy kechinmalari ifodalangan: Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi, Shod etmas emish ko’ngulni mehnatda kishi. Ko’nglum bu g’ariblikda shod o’lmadi, oh. G’urbatda sevinmas emish albatta kishi. Boshqa bir joyda o’z vatanini ramzan sevikli yorga, ba’zan xitoy sanamiga, ba’zan uning xushqomatini sarv daraxtiga o’xshatadi va unga murojaat qilib shoir shunday deydi: G’urbatga soldi charx meni yuz jafo bila, Yod aylamayin g’aribni gohi duo bila. Behad vafou mehr sanga ko’rsatib edim, Sen ham sog’ing’asen mehru vafo bila. Chun qildi meni ul buti chin zoru mubtalo, Ishim mening qolibturur emdi xudo bila. Ko’rmon farahni bir dam agar andin ayrumen, Bilmon alamni bormen aning birla to bila. Ul sarvg’a karam qilibon yetkur, ey sabo, Bobur niyozini yer o’pub xo’b ado bila. Boburning vatanga bo’lgan muhabbati cheksiz edi.. Bu muhabbatda Iztirob, sog’inch,alam, o’kinch, qaytish orzusi mujassam edi. Boburning vatanga bo’lgan muhabbati uni jozibali qilib ko’rsatadi. Bobur o’zining asarlarida bir qancha boshqa masalalarda ham o’z davridagi shart-sharoitga nisbatan qator ilg’or fikrlar aytgan. U fan va bilimning ahamiyatini qayd qiladi. Insonlar chinakam odam bo’lsihni istasalar fan va bilimni egallashlari lozimligini aytadi. Download 94.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling