Biologiya turlari bo


Download 1.32 Mb.
bet6/14
Sana09.03.2023
Hajmi1.32 Mb.
#1255015
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
Mamatqulova

5 – rasm. Gidra (Hydra oligactis).
A – bo'yiga kesmasi. В – ko'ndalang kesmasi. D – tana devorining bir qismi. E – epiteliy – muskul hujayrasi: 1 – ektoderma, 2 – endoderma, 3 – bazal membrana, 4 – gastral bo'shliq, 5 – epitelial – muskul hujayralar, 6 – oraliq hujayralar, 7 – otuvchi hujayralar, 8 – nerv hujayrasi, 9 – endodermal hujayralari, 10 – bezli hujayralar, 11 – og’iz, 12 – og‘iz konusi, 13 – kurtak, 14 – tovon, 15 – tuxum hujayra, 16 – erkaklik gonada,

Gidraning tanasi ichi bo'sh xaltachaga o'xshaydi. Tana bo'shlig'i gastral bo'shliq bo'lib, ichak vazifasini ham bajaradi. Shuning uchun bu tipga kiruvchi hayvonlar bo'shliqichlilar deb ataladi. Bo'shliq paypaslagichlarning ichida ham davom etadi. Bo'shliq devori ikki qavat bo’lib joylashgan hujayralardan iborat. Tashqi qavati ektoderma, ichki qavati endoderma deyiladi. Bu ikki qavat hujayrasiz yupqa mezogleya pardasi bilan ajralib turadi.


Tashqi qavat – ektoderma hujayralari. Gidra tanasini bo'yiga kesib, mikroskopda tekshirilganda tanasining tashqi qavati har xil hujayralardan tashkil topganini ko'rish mumkin. Ularning ko'p qismini teri – muskul hujayralari tashkil etadi. Teri – muskul hujayralarning kengaygan asosiy qismida qisqaruvchi muskul tolalari joylashgan. Ular yordamida gidra paypaslagichlarini tortib oladi yoki cho'zadi va odimlab yoki umbaloq oshib harakat qiladi.
Tashqi qavati hujayralari orasida otuvchi hujayralar ham bor. Bunday hujayralar ayniqsa, paypaslagichlarda juda ko'p bo'ladi. Otuvchi hujayralarning sirtida ingichka sezgir tukchalar bo'ladi. Hujayraning ichida esa otuvchi kapsulasi (pufakchasi) bo'ladi. Kapsula kuydiruvchi suyuqlikka to'la bo'lib, suyuqlikda ingichka va uzun naychaga o'xshash otiluvchi ipcha spiralga o'xshab o'ralib yotadi.
Suvda suzib yurgan mayda jonivorlar (mayda qisqichbaqasimonlar, baliq chavoqlari) sezgir tukchalarga tegib ketganda kapsula ichidan otiluvchi ipchaning uchi otilib chiqib, hayvon tanasiga sanchiladi. Tutilgan o'ljani gidra paypaslagichlari yordamida og'ziga tortadi va yutib yuboradi. Otuvchi hujayralar gidrani dushmanlardan himoya ham qiladi(21 – rasm). Suvda yashovchi hayvonlar (baliqlar, hasharotlar) gidraga tegmaydi. Otuvchi hujayralar kapsulasi ichidagi suyuqlik hayvonlar tanasini kuydirish xususiyatiga ega. Kapsula suyuqligi hayvonlarga qichitqi o't zahariga o'xshash ta'sir ko'rsatadi.
Gidra tanasining ichki qavati bezli va xivchinli hujayralardan iborat. Bezli hujayralar tana bo'shlig'iga hazm shirasi ishlab chiqaradi. Shira ta’sirida tana bo'shlig'idagi oziq qisman hazm bo'ladi. Xivchinli hujayralarning bittadan uchtagacha xivchini bo'ladi. Xivchinli hujayralar soxta oyoqlar hosil qilish xususiyatiga ham ega. Xivchinlarning tebranishi tana bo'shlig'ida suv oqimini hosil qiladi. Bu oqim oziq zarrachalari soxta oyoqlarga yaqin kelishiga yordam beradi. Soxta oyoqlar tomonidan qamrab olingan oziq sitoplazmaga o'tib, bir hujayralilardagi singari hazm vakuolalar ichida hazm bo'ladi. Oziqning hazm bo'lmagan qoldig'i esa dastlab tana bo'shlig'iga, undan og'iz orqali tashqariga chiqarib tashlanadi.
Gidraning maxsus nafas olish va ayirish sistemasi bo'lmaydi. Suvda erigan kislorod gidraning butun tana yuzasi orqali uning hujayralariga o'tadi. Moddalar almashinuvi mahsulotlari ham hujayralardagi qisqaruvchi vakuolalar orqali tashqi muhitga chiqariladi. Shunday qilib, gidraning hazm qilish, nafas olish va ajratish xususiyatlari bir hujayrali hayvonlarnikiga juda o'xshash bo'ladi.
Tashqi qavat hujayralari orasida mayda yumaloq, lekin yirik yadroli oraliq hujayralar joylashgan. Bu hujayralar bo'linib ko'payishi natijasida gidra tanasini tashkil etuvchi hujayralar hosil bo'ladi. Ana shu hujayralarning tez о'sib, ixtisoslashuvi tufayli gidra tanasining jarohatlangan joyi bitib ketadi. Tirik organizmlar tanasining jarohatlangan yoki yo'qotilgan qismining tiklanishi regeneratsiya deyiladi.
Iliq bahor va yoz mavsumida gidra kurtaklanish yo'li bilan ko'payadi. Bunda gidra tanasi sirtida dastlab bo'rtmalar hosil bo'ladi. Bo'rtmalar о'sib kurtakchalarga aylanadi. Kurtakchalarning uchida paypaslagichlar va og'iz teshigi paydo bo'lib, yosh gidralar yetiladi. Ular ona organizmidan ajralib chiqib, mustaqil yashay boshlaydi. Kurtaklanish ilgari tanishib o'tilgan bo'linish yo'li bilan ko'payish singari jinssiz ko'payish usullariga kiradi. Jinsiy ko'payish organizmlarda tuxum va urug' hujayralar hosil bo’lishi va ularning qo'shilishi (urug'lanishi)dan iborat. Gidraning tuxum hujayralari yirik, amyobaga o'xshash bo'ladi. Urug` hujayralari – spermatozoidlar esa juda mayda, xivchinli harakatchan hujayralardan iborat. Spermatozoidlar gidra tanasini tashlab chiqadi va suv orqali tuxum hujayralarni topib, ularni urug'lantiradi(22 – rasm). Urug'langan tuxum hujayra o'z atrofiga qalin po'st chiqarib, sistaga aylanadi. Qishda gidra nobud bo'ladi. Bahorda esa zigotadan yosh gidracha rivojlanadi.


Download 1.32 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling