Xalqaro ommaviy va investitsiya huquqi bo‘yicha mutaxassis Jahongir Ubaydullayev Markaziy bank javobini shunday izohlaydi:
“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mamlakat hududida kriptovalyutalardan foydalanishga taalluqli javobi asoslantirilgan va kutilgan javobdir. Buni bugungi kunda qonunchilikda operatsiyalar o‘tkazish tartibi va boshqa zarur jihatlar ko‘zda tutilmagan va belgilanmaganligi bilan izohlash mumkin. Ularsiz moliyaviy hisob-kitobning ushbu shakli amal qilishi imkonsiz.
Markaziy bank kriptovalyutalarni ‘Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida’gi qonun bilan bog‘lashining asosiy sababi tranzaksiyaning biror-bir ichki yoki tashqi ma’murga ega emasligi jihatidir.
Bu esa ma’lum bir tahdidlar, jinoiy kapitalni o‘zlashtirish imkoniyati, soliqlar to‘lashdan qochish, terrorizmni moliyalashtirish va firibgarlik sxemalarini yoyish kabilarni yuzaga keltirishi mumkin.
Shunga qaramasdan, ba’zi mamlakatlarda kriptovalyutalar allaqachon to‘laqonli to‘lov vositasi va investitsion aktivga aylangan (Xitoy, Germaniya, Xorvatiya, Yaponiya, Shveysariya, Singapur va YeIning ba’zi boshqa davlatlari). Biroq ta’kidlash joizki, ularning maqomi qonunchilik bilan belgilangan va ushbu mamlakatlarda kriptovalyutalardan foydalanish sohasi qat’iy belgilangan”.
Blokcheyn va kriptovalyutalar bo‘yicha mutaxassis Ruslan Yo‘ldoshev:
“Kriptovalyutalar haqiqatan ham pullarni ‘yuvish’ va soliqlar to‘lashdan bosh tortishning yangi imkoniyatlarini yuzaga keltiradi, biroq bu ular taqdim etadigan imkoniyatlarning juda kichik qismi. Hozir kriptovalyutalar ko‘proq yashirin sektorda qo‘llanilayotganligining sababi ular hozircha foydalanuvchilar uchun tushunarsiz va murakkab ekanligidadir.
Vositalar va xizmatlarning rivojlana borishi bilan an’anaviy banklar ular haqida qanday fikrda ekanligidan qat’i nazar ular odatiy bozorda borgan sari ko‘proq qo‘llana boshlaydi. Banklar bozor manfaatlari uchun xizmat qiladi, shuning uchun agar kriptovalyutalar bozor uchun manfaatli bo‘lsa, ular o‘zgarishga majbur bo‘ladi.
Kriptovalyutalar u yoki bu shaklda dunyo zamonaviy moliyaviy munosabatlarining katta qismi o‘rnini egallaydi, shuning uchun O‘zbekiston Markaziy banki kriptovalyutalarga e’tibor qaratmasdan, ularni taqiqlashga urinsa, mamlakat uchun ko‘proq zarar keltiradi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |