Bob. Menejer va rahbarlik uslubi
Download 98.71 Kb.
|
6-mavzu
6.5. Rahbar madaniyati
Rahbar madaniyati deganda, rahbar odobi va iqtidori o‘rtasidagi dialektik bog‘lanish tushuniladi. Bu bog‘lanish quyidagi fazilatlar majmuida o‘z aksini topadi: Rahbar madaniyati = odob+iymon+insof+adolat+iqtidor. Odob - aqlning suyanchig‘i, barcha fazilatlarning mezoni. Behudaga xalqimizda “Aql bilan odob – egizak” deyishmaydi. Odob - yaxshilik bilan yomonlikning farqini bilish, foyda bilan zarar orasidagi tafovutni anglash. Odob vositasida kishi o‘z jonini yomon hislatlardan davolaydi, yoqimsiz ayblardan poklaydi, chiroyli fazilatlardan bezaydi. Odob rahbarni eng chiroyli xulq bilan qurollantiradi. Natijada, aql egalari bunday rahbardan har ishda rozi bo‘ladilar. Odobli rahbar esa kundan-kunga obro‘ topadi, nufuzi oshadi, ishlari ravnaq topadi. Ba’zi hakimlar odobni eng mas’um va ko‘rkam fe’lga ega bo‘lish desalar, ba’zilari nafsni barcha qabih odatlardan tozalash deydilar. Demak, rahbardagi odobning mavjudligi, bu noyob ne’matning mavjudligidir. Umuman, odob ikki xil bo‘ladi: hikmat odobi; xizmat odobi. Hikmat odobi poklik va to‘g‘ri yo‘lga etaklaydi. Xizmat odobi esa badavlatlik va obro‘ga etkazadi. Har ikkisi ham ulug‘ fazilat bo‘lib, biri aziz qilsa, ikkinchisi qudratli qiladi. Odob rahbarni aql va axloq egasi bo‘lishga, vijdonli, or-nomusli, sof ko‘ngilli, subutli bo‘lishga da’vat etadi. Iymon arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi - ishonch. Iymonli kishini, xususan rahbarni qisqacha shunday tavsiflash mumkin: e’tiqodli, ya’ni o‘z fikr va qarashlariga mahqam, sobitqadamlik bilan ishonish va o‘zgalarni ham o‘zidek hisoblab, ularning lafziga samimiyat bilan ishonishdir. E’tiqod jur’atni, mardlikni, fidoyilikni taqozo qiladi; maslakli, ya’ni o‘ziga xos aqidalari bilan boshqalardan ajralib turuvchi ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, g‘oyaviy va diniy yo‘l sohibi; taqvodor, ya’ni birovning haqiga xiyonat qilmaydigan; sharm-hayoli, ya’ni har qanday nojo‘ya xatti-harakatlardan o‘zini tiya oladigan; oriyatli, ya’ni o‘ziga nomunosib yoki ep ko‘rilmagan ishdan, narsadan xijolat tortadigan; andishali, ya’ni oqibatini o‘ylab ish qiladigan, yuz-xotirni biladigan, farosatli; vijdonli, ya’ni nohaq, adolatsiz ishlardan g‘azabga keladigan, bularga qarshilik bildiradigan, o‘z faoliyatining yaxshi tomonlaridan qanoatlanib, xursand bo‘ladigan, yomon tomonlaridan norozi bo‘lib, ruhan eziladigan, ya’ni vijdon azobiga tushadigan. Sodda qilib aytganda: Iymon uch narsaning butunligidan hosil bo‘ladi: e’tiqod, iqror va amal. Etiqod - bu ishonch. Iqror - so‘zda buni tan olish. Amal - yaxshi ishlar bilan uni isbotlash. Insof - bu adolat va vijdon amri bilan ish tutish tuyg‘usi va qobiliyati, ishda, kishilarga munosabatda halollik, to‘g‘rilik, barobarlik, sofdillik va haqiqatgo‘yliq. O‘zgani o‘z o‘rniga va , shuningdek,, o‘z o‘rniga o‘zgani xayolan qo‘yib ko‘rish ham insofga olib keladi. To‘q ochni, boy kambag‘alni, baxtli baxtsizni, tolei baland tolei zabunni, omadli omadsizni, sog‘lom bemorni o‘z o‘rniga qo‘yib ko‘rilsa va aksincha ham xuddi shunday bo‘lsa, olam guliston - insoflilar safi ko‘payaveradi. Insof - har qanday kishining, xususan rahbarning jamiyat oldida, tevarak-atrofidagi kishilar oldida o‘z xatti-harakati bilan ma’naviy mas’uliyatini his etishining ifodasi. Adolat - bu barcha fazilatlar ichidagi eng oliy fazilat. Adolatparvar rahbarning axloqiy hislatlari bemalol qonun o‘rnini bosa oladi. Ulug‘ alloma Nosiriddin Tusiy ijtimoiy adolatning uchta asosiy talabi mavjudligini va jamiyat taraqqiyotini belgilovchi muhim omil ekanini alohida uqtirgan edi: Adolatning birinchi talabi: • aholi turli tabaqalarining o‘zaro uyg‘un bo‘lishini ta’minlashdir. Adolatning ikkinchi talabi: • el-ulusining haq-huquqi teng ta’minlangan holda, kishilarni xizmatga tayinlashda shaxsning salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqish. Adolatning uchinchi talabi: • barchaning teng farovonligini ximoya qilish bilan birga, bu farovonlikni yuzaga keltirishdagi xizmati va huquqiga qarab har bir inson o‘z ulushini olishga imkon yaratishdan iborat. Adolatli jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi va bunyodkorlik ishiga rag‘bati kuchli bo‘ladi. Iqtidorli deganda, biror soha bo‘yicha layoqatini ongli ravishda sezgan, o‘zidagi qobiliyatni to‘la namoyon qilish uchun qat’iyat ko‘rsata oladigan kishilar tushuniladi. Iqtidorli odamlar kuch-quvvatini ayamaydi va kutiladigan natijasiga - maqsadiga etadi. Ular ishda mardlik, chidamlilik, o‘z-o‘zini boshqara olish, tashabbuskorlik kabi hislat va fazilatlarga ega bo‘lishadi, o‘z xatti-harakatlariga hamisha tanqidiy ko‘z bilan qaraydilar, doimo olg‘a qarab intiladilar, erishgan samaralari bilan hech qachon cheklanib qolmaydilar. Iqtidorli insonlar o‘z faoliyatlari bilan hatto ba’zi bir kamharakat katta iste’dod egalariga qaraganda ham ko‘proq jamiyatga foyda etkazadilar. Download 98.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling