Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
106 ochiqchasiga yoqlay olmadi: — Janob Qosimbek, o‘ylab ko‘raylik, — dedi. — Balki biron murosa yo‘li topilar! Qosimbek o‘zini bosolmadi: — Men Tanbal bilan murosa qilolmagaymen! Amirzodam, menga ijozat bering, bu yerdan ketay! Sizga qachon kerak bo‘lsam, chaqirtirsangiz yana kelgaymen! Ammo hozir... tuhmat balosidan xudo asrasin! Hazrat begim, xonim hazratlari, uzr so‘raymen! Qosimbek borgohdan cho‘g‘day qizargan, asabiy bir alpozda chiqib ketdi. Yana Qutlug‘ Nigor xonim o‘g‘liga muloyimlik bilan gap qotdi: — O‘ylab ko‘ring, Boburjon! Kosonsoyda xon tog‘oyingizning olti ming qo‘shini turibdir. Agar siz bu qo‘shin bilan jang qilib, uni yengsangiz... tog‘oyingiz jim qarab turmagay... Orqadan yana o‘n ming, balki yigirma ming qo‘shin bilan o‘zi yetib kelgay!.. Unda ne qilursiz?.. — Men tog‘oyim bilan jang qilmoqchi emasmen... Faqat Tanbalning qanday xoin ekanini xonlar ham bilsalar edi!.. — Vaqt o‘tishi bilan bilib qolarlar, — dedi Qutlug‘ Nigor xonim. — Sizga xiyonat qilgan Tanbal xonga ham xiyonat qilmay turolmagay. Xo‘ja Abdulladay pirni osib o‘ldirgan qotilga qasos qaytmay qolmas! Bobur o‘ylanib jim qolganidan foydalangan Ali Do‘stbek gapni kutilmagan tomonga burdi: — Ikki yildan buyon siz ko‘p azob tortdingiz, amirzodam! Endi bu dunyoning rohatini ham ko‘rishingiz kerak. Yoshingiz o‘n sakkizda, alpqomat yigitsiz. Ayni uylanadigan paytingiz. Qallig‘ingiz Oyisha begim ham o‘n oltiga to‘lib, sep yig‘moqda emishlar. Mavzu o‘zgarganidan jonlangan Eson Davlat begim Oyisha begimni ta’riflay ketdi: — Borib ko‘rganlar mahliyo bo‘lib gapirganlarini men o‘zim eshitdim! Egachilari Qorako‘z begimning go‘zalligi ta’rifga sig‘mas edi. Oyisha begim egachisidan ham ko‘hliroq bo‘lib yetilibdur! Boburning urush-janjallar qahratonidan junjikkan qalbiga birdan bahorning iliq shabadasi tekkanday bo‘ldi. O‘zi yozgan g‘azalning satrlari: «Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen? Ne kun bo‘lg‘ay visolingga meni dilxasta yetgaymen?» degan savollar dilida go‘yo nay navosiga qo‘shilib eshitildi. Agar tog‘asi Mahmudxon bilan yovlashsa, Toshkentdagi Oyisha begimning taqdiri nima bo‘ladi? Yana Samarqanddagi kabi arosatga tushadimi? — Xudo saqlasin! — dedi Eson Davlat begim. — Urush boshlansa qallig‘ingizni garovga olib azob bergaylar! Lekin sulh tuzilsa, xon tog‘angiz kelinimiz Oyisha begimni seplari bilan Andijonga xushu xursand jo‘natmoqchi ekanlar! — Oh, qani, yolg‘iz o‘g‘limning to‘ylarini ko‘rsam! — deb orziqib xitob qildi Qutlug‘ Nigor xonim. Bobur shuncha vaqtdan beri bir ko‘rishga mushtoq bo‘lib yurgan qallig‘iga yetishadigan kunlarni ko‘z oldiga keltirdi-yu, muloyim bo‘lib qoldi. Onalar Andijonda bo‘ladigan to‘y shodiyonasidan el-yurt ham tinchib bir yayrab olishini aytishdi va nihoyat Boburni Ahmad Tanbal bilan sulh tuzishga ko‘ndirishdi. 3 Javzo oyining iliq oqshomlaridan birida Andijon arkidagi haramda ikki oylik kelinchak Oyisha begimning xobgohida kanizlar shohona to‘shakka gul atri sepdilar. Oltin-kumush buyumlar va ipak gilamlar bilan bezatilgan tanobiy uyning eshigi oldiga chiroyli poyandoz to‘shaldi. Oyisha begimning qo‘llariga xina, qoshiga o‘sma qo‘yilgan edi. Go‘zal |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling