Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
112 — O‘g‘rini qaroqchi urganday bo‘libdir! — deb xaxolab kuldi. Uning kayf bilan beparvo kulishi Zuhra begimning g‘ashini keltirdi: — Amirzodam, har bir daqiqa g‘animat. Xos nav-karlaringiz otlangan. Hammasi farmoyishingizga muntazir. — Farmoyishmi? — deb Sulton Ali mirzo bir lahza o‘ylanib oldi: — Mayli, Bobur darvozadan kirsin. Keyin tuttirib ko‘ziga mil torttirmoq kerak! Toki bizga qasd qilgani uchun abadiy ko‘r bo‘lib qolsin! Abu Yusufbek oq oralagan qalin soqolining uchini tutamlab bosh chayqadi: — Tuttirolsak yaxshi edi-yu, ammo bu reja ancha qaltis, amirzodam. Darvozani ochsak, so‘ngra yopib bo‘lmas. Boburning ulkan qo‘shini bor. Qal’a ichida ham tarafdorlari ko‘p. O‘tgan safar Samarqandga kirganda ochlarga non ulashib, dehqonlarga urug‘lik qarz berib, avomning ko‘nglini ovlagan ekan. Bir yoqdan Xo‘ja Yahyoning fatvosi bilan avom ko‘tarilsa, tashqaridan qo‘shin kirsa... — Yo‘q, bu — juda xatarnok! — dedi Zuhra begim. — Ha, undan ko‘ra tezroq So‘zangaron darvozasiga borib, u yerdagi soqchilarni almashtirish lozim, — dedi Abu Yusuf va zarhal jildga solingan bir qog‘oz keltirdi.— Amirzodam, mana bu — sizning muborak nomingizdan yozilgan nishon*. Bunda fitnachi beklarning nomlari ham ko‘rsatilgan. Shular bugun kechasi qo‘lga olinmog‘i lozim. — Fitnachilarning molu mulklari mana bu Muhammad Sulton kabi sadoqatli beklarga olib berilsin!— deb qo‘shimcha qildi Sulton Ali mirzo. Qovog‘i qalin bekning josuslik qilishdan maqsadi ham shu edi. U Sulton Ali mirzoga ikki bukilib ta’zim qildi: — O‘lgunimcha xizmatingizdamen, amirzodam. Ijozat bering, mana bu muborak farmoyishingizni bajo keltirishda faqir ham navkarlarim bilan ishtirok etay. Bu bek fitnachilarning hovlilarini talashda bevosita ishtirok etsa, ko‘proq o‘lja olishi mumkinligini sezib shunday demoqda edi. — Ijozat berdik. Muhrdor chaqirtirildi va qog‘ozdagi farmoyishga podshohning muhri bosildi. — Qolgan ishni biz bajo eturmiz, — dedi Abu Yusuf Arg‘un. Sulton Ali mirzo til uchida: — Men ham birga boray, — dedi. — Yo‘q, yo‘q! — dedi Zuhra begim tez. U yolg‘iz farzandini qorong‘i tunda dushman ko‘payib ketgan shaharga chiqarishni istamas edi. Mirzo onasining yuzidan o‘tolmaganday bo‘lib saroyda qoldi. So‘ng ona-bola Bo‘stonsaroyning ikkinchi qavatidagi ochiq ayvonga chiqib, So‘zangaron darvozasi tomonga quloq sola boshladilar. Tun sukunatida otlarning dupuri quloqqa baralla chalinardi. Amir Temur maqbarasidan sal nariroqda joylashgan So‘zangaron darvozasi Bo‘stonsaroyga ko‘p ham uzoq emas edi. Yarim kechada Boburning ilg‘orlari darvozaga sekin yaqinlashganda Abu Yusuf va Muhammad Sultonning navkarlari darvozaxona ustidan ularga kamondan o‘q otib, bir qancha kishini yarador qildi. Qorong‘ida devor tepasidan tusmol bilan otilgan ba’zi o‘qlar otlarga ham tekkan edi. Og‘riqdan asabiylashgan otlarning qattiq kishnagani Bo‘stonsaroyga ham eshitildi. Darvozaxona ustidagi qo‘riqchilar Boburning odamlarini masxara qilib kulishardi: — Mirzolaring barakni* xom sanabdir! — Ha-ha-ha! — Samarqandni endi tushlaringda ko‘ringlar! — Keyin tushlaringni suvga aytursanlar? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling