Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
123 U ko‘rinishidan Samarqandga qaytmoqchiga o‘xshardi. Ammo daradan chiqqandan keyin yo‘lni o‘ngga burdi, boshqa bir dara orqali Xo‘ja Yahyoning o‘ng tomonidan aylanib o‘tdi. G‘ira-shira qorong‘ilik tushib, odam odamni yaxshi tanimaydigan payt bo‘lganda Ko‘pakbiy barcha askarlari bilan yuqoridan ko‘chkiday yopirilib tushdi. Qiy-chuv, dod- voylarga qaramay, Xo‘ja Yahyoning o‘zini ham, ikki o‘g‘lini ham, qo‘riqchi yigitlarini ham qilichdan o‘tkazishdi. Tirik qolgan ayollar Ko‘pakbiyning o‘nboshilariga boshqa o‘ljalar qatorida ulashildi. Sandiqdagi javohirlar va oltin-kumushlarning yarmi kechasi xonning xazinasiga eltib topshirildi. Chunki Ko‘pakbiyning Xo‘ja Yahyoni hajga jo‘natish bahonasi bilan tog‘ ichida o‘ldirishi va boyligini musodara qilishi Shayboniyxonning imo-ishorasi bilan qilingan edi. Bu voqeadan xabar topgan Sulton Ali mirzo o‘lim xavfi o‘ziga ham yaqinlashib kelayotganini sezdi-yu, qanday qilib bo‘lsa ham qochib qutulishning payiga tushdi. Quyuq tuman tushgan kuni azonda ikki navkari bilan Feruza darvozasidan yashiriqcha chiqib, Panjakent tomonga qochdi. Biroq Temur Sulton uning ketiga qo‘ygan xufiyalar bu voqeadan xabardor edilar. Sulton Ali mirzo qal’adan qochib chiqquncha uni ataylab qo‘yib bergan edilar. Chunki uning aybini bo‘yniga qo‘yib qochib ketayotgan paytida tutib o‘ldirmoqchi edilar. Sulton Ali mirzo Siyob bo‘ylariga bormasdanoq ketidan Temur Sulton ikki yuz navkari bilan uni quvib yetdi va darhol o‘rab olib, bir qilich zarbi bilan boshini tanasidan judo qildi. Mansur baxshiga nikohlab berilgan Zuhra begim yolg‘iz o‘g‘lining tobutda boshsiz yotgan tanasini ko‘rganda o‘zining kallasiga mushtlarini urib dod soldi, yuzini qo‘li bilan tirnab qonatib yubordi, ko‘ylagining yoqasini yirtib chinqirdi. Lekin g‘oliblar buning hammasiga: «Battar bo‘l, o‘zing sababchisan!» degandek bir zaharxanda bilan qarashdi. _______________ * G‘ u n ch a ch i — muvaqqat xotin. 4 Suvlarning yuzi xazonlarga to‘lib oqadigan sershamol kuz kunlari boshlandi. Samarqanddan o‘ttiz chaqirimcha sharq-janub tomonda, Panjakentdan quyida Zarafshon daryosini kechib o‘tgan ikki yuzdan ortiq qurolli suvoriylar qorong‘i tushganda Siyob bo‘yiga yaqinlashdilar. Ular yo‘llarida uchragan qishloqlarni chetlab o‘tishar, hech qayerda to‘xtamasdan, shovqin-suron ko‘tarmasdan, mumkin qadar sukut saqlab kelishar edi. Ularga birda-yarim duch kelib qolgan dehqonlar qo‘rqib o‘zlarini chetga olar edilar. Shayboniyxonning askarlari hammaning yuragini olib qo‘ygan edi. Hozir Samarqand atroflarida xonning besh mingdan ortiq qo‘shini bor edi. Odamlar mana bu otliqlarni ham shu qo‘shinning bir bo‘lagi deb o‘ylab, ulardan balodan qochganday qochar edilar. Biroq otliqlarning o‘zlari allanarsadan xavotiri borday ehtiyot bilan bormoqda edilar. Qorong‘ida Siyobdan o‘tayotganlarida, otlarning besh-oltitasi balchiqqa tiqilib qoldi. Ularni balchiqdan chiqarishga urinib, o‘zlari loyga botgan, yuzlarini qamishlar tirnagan navkarlar achchiq ustida baland ovoz bilan so‘zlashgan edilar, tanish ovoz ularni urishib berdi: — Muncha dodlaysiz? Yog‘iyga xabar bermoqchimisiz? Boburning ovozini tanigan bir navkar: — Ma’zur tuting, amirzodam, — dedi. — Harom o‘lgur ot yomon tiqildi! Buloq suvlaridan yig‘ilgan Siyob sovuq kuz kechasida bug‘lanib oqmoqda edi. Tun qorong‘isi ustiga suv bug‘lari ham qo‘shilib, balchiqni quruq yerdan ajratib bo‘lmas edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling