Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
201 ko‘rpacha ustida chordana qurib o‘tirgan xon Muhammad Solihga qarab: — Sen, shoir, nuqul Hirotni maqtar eding, — dedi.— Hiroting hayosini yo‘qotgan betavfiqlarning uyasi ekan-ku! Muhammad Solih xonning boshiga kechasi qanday hangoma tushganini allaqachon payqagan edi. Shayboniyxon hozir keksalik zaifligiga chora topolmay alami kelayotgani ham sezilib turardi. Muhammad Solih uning yarasiga tuz sepmaslik uchun gapni boshqa yoqqa burdi: — Hazratim! Hirotning axloqini temuriylar buzgan. Siz temuriylarni jangda jismonan yengdingiz, endi ularni ma’nan yengmoqdasiz! Imomi zamonamizning axloqiy pokliklari hirotliklarga ibrat bo‘lmog‘i kerak. — Gapga chechansen! Lekin Hirotning axloqini shoirlar ham buzganini nega aytmaysen! Temuriylarni maqtab, behayo she’rlar yozib, lagan-lagan oltin olgan shoirlaring bo‘lmag‘anmi? — Bo‘lgan, xon hazratlari. Mana mavlono Binoiyni Hirotdan ana o‘shanaqa shoirlar ketkizib yuborgan! Shayboniyxon mavlono Binoiyga yuzlandi: — Shundaymi? — Shundoq, hazratim! — dedi Binoiy ta’zim bilan. — Unday bo‘lsa mavlono Binoiy adolat qilichini beliga taqib, yomon shoirlardan qasdini olsin! — dedi xon. — Bizning g‘olib navkarlarimizdan ellik-oltmishtasini mavlononing ixtiyoriga bering. Temuriylarning oltinidan quturib yurgan shoirlarning molu mulki musodara qilinsin! Barcha oltinlarini tortib olib xazinaga topshiring! Keyin bu shoirlarning ko‘zi ochilib, tavfiqu hayo yo‘liga qaytishi oson bo‘ladi! Mavlono Binoiy bezovtalanib Muhammad Solihga qaradi. U bir vaqtlar o‘ziga alam o‘tkazgan ba’zi Hirot shoirlarini har qancha yomon ko‘rsa ham, lekin yoniga askar olib, birovlarning uyini tintishni, molu mulkini musodara qilishni o‘ziga munosib ko‘rmas edi. Biroq buni xonga ro‘yi-rost aytish ham mumkin emas edi. — Hazratim, shunday ulug‘ vazifani faqirga ishonib topshirmoq niyatingizdan sarfarozmen!.. Faqat bir andesham bor. — Xo‘sh? — Hazratim, men umrimda qilich chopmagan keksa odammen. Yoshim ellikdan oshgan. Bu farmoni oliyni jangovar bek shoir Muhammad Solih janoblari faqirdan yuz hissa yaxshi bajarurlar! Faqir bu janobga kuchim yetganicha yordam beray! Muhammad Solih bu ishni o‘ziga yo‘latgisi kelmadi. — Mavlono, men Hirot shoirlarini sizchalik yaxshi bilmaymen! Buyrug‘i sansalor bo‘layotganini sezgan Shayboniyxon, ko‘zlari tahdidli yaltirab, Binoiyga tikildi. — Ot in’om qildik — mindingiz. To‘n in’om qildik— kiydingiz. Ulufa berdik — yo‘q demadingiz. Endi ish buyursak, yo‘q deysizmi?! Boshqa e’tirozga o‘rin qolmadi. Olti yildan beri xon xizmatida yurgan Binoiy uning hozirgi buyrug‘ini bajarishga majbur edi... _______________ * Sh a b p o‘ sh — kechasi kiyib yotiladigan do‘ppisimon yengil bosh kiyimi. * R o f i z i y l a r — islomning sunniy mazhabidan shia mazhabiga o‘tganlar va umuman, musulmonchilikdan chiqqanlar. * * * Shayboniyxonning o‘ng qo‘l vaziri — oltmish besh yoshlik mulla Abdurahim Hirot |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling