Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
208 obro‘ga ega bo‘lgan Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning tarafdorlarini qattiq norozi qildi. Movarounnahrdagi g‘alayonlar va xon saroyidagi ichki nizolardan xabar topgan Shoh Ismoil bu qulay fursatdan foydalanib qolishga intildi. Odatda, katta harbiy yurishlar bahor va yoz oylarida boshlanar, Shayboniyxon ham shohning hujumini «bo‘lsa, qish o‘tgandan keyin bo‘lar», deb o‘ylar edi. Ungacha Movarounnahrga jo‘natilgan o‘ttiz ming qo‘shin Hirotga qaytib ulgurishi mumkin edi. Lekin Shoh Ismoil xon kutmagan kech kuz paytida Hirot ustiga qo‘shin tortib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Xurosonda Shayboniyxondan norozi odamlar juda ko‘p, Shoh Ismoil yaqinlashsa, ular bosh ko‘tarishi muqarrar. Xonning asosiy kuchlari esa Amudaryodan narida. Shayboniyxon shoshilinch ravishda Murg‘ob bo‘yiga — Marv qo‘rg‘oniga chekinishga majbur bo‘ldi. Xonning bunday seskanib chekinishini ko‘pdan beri ko‘rmagan a’yonlari qattiq sarosimaga tusha boshladilar. Shunda xon ularning o‘pkasini bosadigan bitta vaj ko‘rsatdi: «O‘sha g‘addor rofiziylar yurtidan uzoqroq ketganimiz ma’qul. Shoh bizga ergashib Movarounnahrga yaqinroq borsin. O‘zimizning pok mazhabli sunniylar yurtidan madad olurmiz. Ungacha o‘ttiz ming lashkar yetib kelgay. Biz shohga Marvda qopqon qo‘yib, tumshug‘idan ilintirgaymiz!» Xonning bu rejasini barcha mulozimlari va a’yonlari darhol: «Dono tadbir!» deb maqtadilar. Biroq ular Marv qal’asida bekinib o‘tirgan paytlarida Shoh Ismoil qo‘rg‘onni qamal qilib, Shayboniyxon nomiga kinoyali maktublar yo‘lladi. «Xon yuborgan hassaga suyanib, kashkulni belimizga bog‘lab keldik, qani endi xonda yurak bo‘lsa qo‘rg‘ondan chiqsin, shayxning o‘g‘li bilan bellashsin!» degan zaharxanda gaplar Shayboniyxonning izzat-nafsiga qanchalik qattiq tegmasin, u tishini tishiga qo‘yib, haftalar davomida qo‘rg‘onda o‘tirdi. U tajribali lashkarboshi sifatida shuni yaxshi bilar ediki, yigirma to‘rt yoshli Shoh Ismoil qanchalik urinmasin, ertami-kechmi qish sovuqlari va izg‘irinlari uni iliq joy izlashga majbur qiladi. Ochiq havoda diydirab yurgan askarlar qo‘li qovushga kelmay qunishib chekinishga tushsa, ana o‘shanda Shayboniyxon issiq qo‘rg‘onda kuch to‘plab yotgan o‘z askarlarini boshlab chiqadi. Ungacha albatta Movarounnahrdagi lashkar ham kelib qoladi. Ikki tomondan berilgan zarba Shoh Ismoilni tamom qilishi aniq. Ana undan keyin Eron ham Shayboniyxonniki bo‘ladi, naryog‘i Bag‘dodga va Makkayu Madinaga yo‘l ochiladi... Shayboniyxon chindan ham butun musulmon olamiga xalifai rahmon va Iskandari soniy bo‘ladi!.. Xonning bu shirin o‘ylarini faqat bir narsa taxir qilmoqda edi. Chopar ketidan chopar borib, Movarounnahrdagi qo‘shinni tezroq Marvga yetib kelishga undayotgan bo‘lsa ham o‘ttiz ming lashkar hamon Amudaryodan narida imillab yurar edi. Xon bu imillashning sababini bilardi. Qo‘shinda hali ham Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning ta’siri zo‘r. Ular hokimlikdan tushirilganliklari uchun xondan juda xafa. «Mana endi onhazratimiz bizsiz jang qilib ko‘rsinlar!» degandek arazlab yurishibdi. «Lekin men bo‘lmasam hammang kuchukbachchaday xor bo‘lib o‘lasan-ku!» — ichida sultonlarini so‘kardi Shayboniyxon. — Hozir butun davlatimiz, butun sulolamiz xavf ostida-ya, nahotki shuni fahmlamasanglar? Hayot-mamoting hal bo‘ladigan paytda, yo shoh meni yo‘q qiladigan, yoki men shohni nest-nobud qiladigan asnoda shunday arazlab yurishlaring itlik emasmi? Sen itlar hali ko‘rasenlar, shu qamaldan eson-omon qutulsak, hammangni tavbangga tayantirgaymen!» Nihoyat, izg‘irinli sovuq kunlarning birida, Shoh Ismoil xonga yana bir maktub yo‘llab, uning qo‘rg‘ondan chiqmaganini qo‘rqoqlik deb atadi, bahorda yana qaytib kelajagini bildirdi, so‘ng Marvning g‘arbi janubidagi Mahmudi degan qishloq tomonga chekina |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling