Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
306 o‘qig‘uvchiga ham» deganda u haqli emasmi? Unda Xondamirning yuksak shoirona uslubga oid e’tiqodlari puchga chiqadimi? Yo‘q, bu mumkin emas! Xondamir qaytib ichkariga kirdi-yu, o‘zining haqligiga dalil qidirib, ochiq qo‘lyozmaning davomini o‘qishga tushdi. Hali hech bir muarrix qalamga olmagan g‘aroyib voqealar bu qadar ko‘p! Xondamir kitobning mazmuni yangi va maroqli ekaniga tan bermay iloji qolmadi. Bobur o‘zini-o‘zi ochiqchasiga muhokama qilgan, o‘z xatolarini ro‘yi-rost yozgan joylari ham Xondamirga ju-da iliq tuyuldi. Oxirgi boblarida yana ajib bir xat uchradi. Bobur Agradan Kobulga yuborgan bu maktub Mohim begimga atab yozilganini Xondamir sezdi. Boburning zaharlanish tafsilotlari shu yerda bitilgan edi: «Dasturxon ustida ikki-uch marta ko‘nglum barham urib qusayozdim. Oxir ko‘rdumkim bo‘lmas, qo‘pdum... Obxonaga borib qalin qusdim. Hargiz oshdin so‘ng qusmas edim, balki ichganda ham qusmas edim. Ko‘nglimga shubha kechdi. ...Jon mundoq aziz nima emish: muncha bilmas edim, ul misra’ borkim: «Kim o‘lar holatga yetsa, Ul bilur jon qadrini». Tengri taoloning inoyati bor ekandir, manga yangi boshdan jon bag‘ishladi». Bobur o‘z hayoti haqida bu qadar ochiqchasiga yozgani Xondamirni hayron qoldirdi. Keyingi bobda yana bir tafsilot uning e’tiborini tortdi. Ichkilikni bundan ikki yil odin tashlagan Bobur uni haligacha qaytib og‘ziga olmas edi. Buning oson bo‘lmaganini Xondamir quyidagi satrlardan bildi: «Bu o‘tgan ikki yilda chog‘ir majlisining orzu va ishtiyoqi behad va g‘oyat edi, andoqki, chog‘ir ishtiyoqidan borlar* yig‘lamoq sarhadiga yetar edim». O‘z istagiga qarshi kurashib, yig‘lash darajasiga borganini ochiq yozish tojdorlar orasida misli ko‘rilmagan bir sohibdillik ekaniga Xondamir ich-ichidan tan berdi. Ochiqchasiga aytgan mana shunaqa oddiy tafsilotlar tufayli Bobur unga o‘zi kabi bir inson farzandi bo‘lib tuyuldi. Ammo boshqa tojdorlar tarixiy kitoblarda oddiy odamlarga o‘xshab ko‘rinishdan qanchalik cho‘chiydilar! Ular el-yurtdan mumkin qadar balandda bo‘lishni, oddiy insondan ko‘ra xudoga yaqinroq turishni qanchalik yaxshi ko‘radilar! Shuning uchun ham Xondamirdek muarrixlar podsholar haqida oddiy odamlar tushunmaydigan balandparvoz, sertakalluf tilda kitob yozishga majbur bo‘ladilar. Bobur o‘zi podshoh bo‘lgach, bunday takalluflarni kim uchun yozadi? Hamma tomonidan qabul qilingan davr uslubining qonunlarini buzib chiqib, o‘z hayoti haqida shunday erkinlik va rostgo‘ylik bilan asar yozishi — hech kimga qaram emasligi tufayli emasmikin? Bu fikr Xondamirni Boburning uslubidagi o‘zgachalik bilan go‘yo yarashtirdi. Shundan keyin Boburga xos oddiylikning teran bir she’riy nafosati ham borligini, bu nafosat odamni sehrlab olishini sezdi. Tun yarmidan oshganda esa asarda tasvirlangan voqealarga qiziqib, uslubini butunlay esdan ham chiqardi. Tongga yaqin ozgina uxlab, so‘ng yana o‘qishni davom ettirdi-yu, qo‘lyozmaning oxiriga yetmaguncha undan ajralolmadi. Bobur Sekriga uchinchi kun ertalab qaytib keldi— kunduzi havo juda issiq bo‘lgani uchun yo‘lni tun sal-qinida bosib o‘tgan edi. U Xondamirni yana bog‘da uchratdi, ikkovi piyoda o‘sha buloq bo‘yiga keldilar. Bobur yo‘l yurib charchagan, uyqusiz o‘tgan yana bir tun yuzini juda so‘litib qo‘ygan bo‘lsa ham u o‘zini xushhol tutib: — Mavlono, mensiz dilgir bo‘lmadingizmi? — dedi. — Hazratim, men tunu kun sizdan ayrilmay suhbatingizda bo‘ldim, siz yozgan asar sahifalarida unutilmas damlarni boshdan kechirdim. — Hali oxiriga yetmagandirsiz? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling