Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
109 — Begim, gap faqat Jahongirda emas, hozir Ali Do‘stbek bilan Ahmad Tanbal bizni o‘rgimchak to‘riday chirmab kelurlar, — dedi Bobur Oyisha begimga. — Agar biz shu o‘rgimchak to‘rini yorib chiqib ketmasak, keyin bularga yemish bo‘lurmiz! — Hazratim, Samarqandda ham yog‘iylaringiz behisob. Yana urush boshlansa... — Samarqandda hozir do‘stlarimiz ham oz emas. — Kelgan elchi sizni poytaxtga chorladimi? Bobur elchi bilan bo‘lgan gaplarni hozircha juda maxfiy tutishi zarur edi. Samarqand beklari bilan Sulton Ali mirzo orasida nifoq kuchaygan. Mazid tarxon boshliq beklar mingdan ortiq navkarlari bilan shaharni tashlab chiqqanlar. Ular Urgutda Boburga muntazir turgan emishlar. Yaqinda Buxoroni zabt etgan Shayboniyxon endi Samarqandga ko‘z tikkan emish. Agar Bobur tezda yetib bormasa, Sulton Ali mirzo poytaxtni Shayboniyxonga berib qo‘yishi aniq. Shayboniyxonning berahmliklarini ko‘p eshitgan odamlar undan qo‘rqib, endi shahar darvozalarini Boburga pinhona ochib bermoqchi emishlar. Bobur mana shu qulay paytdan foydalanib qolishni istaydi. — Elchi bizni chorlagani rost, — deb, u Oyisha begimga umumiyroq javob qildi. — Ammo Sulton Ali mirzo taxtni bizga osonlikcha bermas. — Demak, yana urush! Yana xavfu xatar!.. — Begim, tog‘ning boshi qorsiz bo‘lmas, yigitning boshi — xatarsiz. — Hazratim boya o‘rgimchak to‘ridan gap ochgan edilar. Agar siz ketsangiz, o‘rgimchak to‘rida biz qanday qolurmiz? — Istasangiz, sizni birga olib keturmen! — Jang maydonigami? Oyisha begimning savolida ozgina kinoya ham bor edi. Buni sezgan Bobur xijolatdan xiyol qizardi. — Urush tugaguncha onam bilan Xonzoda begim uchovlaringiz O‘ratepada turishlaringiz mumkin. Bahavo joy. Shahar hokimining xotini onamning tug‘ishgan singlisi. U yerdan Samarqandga borishlaringiz ham oson. — O‘ratepa tog‘liq joymi? Yo‘llari juda yomondir? Men otliq yurolmaymen. — Mahofada borishingiz mumkin. Shahar qizi bo‘lgan Oyisha begim bir joyda muqim yashashni yaxshi ko‘rardi, yo‘l azobini ko‘tarolmas edi. Boburning so‘nggi gapiga bosh chayqab: — Mahofadan qo‘rqamen, — dedi. «O‘gay taqdir menga bu borada ham kinoya qilmish!— dedi Bobur ichida. — Mendek qo‘nimsiz sayyohtabiat kishiga buningdek nozigu muqim tabiat rafiqa bermish!» Oyisha begim hozir himoyaga muhtoj bir mushtipar qiz bo‘lib ko‘rindi. Bobur uning ko‘nglini ko‘targisi kelib, quvnoq ohangda gapirdi: — Otda yurolmasangiz, begim, mahofadan qo‘rqsangiz, unda men sizni... kaftimda olib yururmen! — Kulmang, mirzo hazratlari! Men kaftingizda yurishga munosib emasmen... Oyisha begimning so‘nggi so‘zlari Boburga allanechuk shirin tuyuldi. Uning yigitlik qoni ko‘pirgandek bo‘lib o‘rnidan ko‘tarildi-yu: — Yo‘q, munosibsiz! — dedi. — Kulmang... — Munosibligingizni isbot etaymi? Oyisha begim hurkovich kiyikdek chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi va qochishga hozirlandi. Bobur to‘y kechasi uni mahofadan qanday azod ko‘tarib tushirgan bo‘lsa, hozir ham o‘shanday ko‘tarib oldi. Uni to‘rdagi to‘shak tomonga olib o‘tayotib, pastki qandilda yonib turgan shamlarni puflab o‘chirdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling