Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
182 — G‘amxo‘rligingizdan minnatdormen, hazrat begim, — dedi Bobur.— Faqat mening bir andesham bor. — Qanday andesha, amirzodam? — Faqirni ma’zur tuting. Bobur sukut qilib, yerga qaradi. U gapini faqat Xadicha begimning o‘ziga aytmoqchi ekanini sezgan ayollar ta’zim qila-qila chiqib ketdilar. Shundan keyin Bobur Shayboniyxonning Hirot ustiga bostirib kelishi muqarrarligi haqida, hozir to‘y-tomoshaga emas, hayot-mamot janglariga tayyorlanish kerakligi to‘g‘risida gapira boshladi. — Shayboniyxon Andijondan Xorazmgacha, Marvdan Turkistongacha barcha joyni olib, behisob qo‘shin to‘plamishdir. Men uning har bir jangga qanchalik astoydil shaylanishini bilurmen. Balo-qazoday bostirib kelsa ancha-muncha cherik tit-pit bo‘lib ketishini ko‘rganmen! Bobur Shayboniyxonning harbiy qudratini va shaf-qatsizligini isbotlaydigan dalillar keltira boshladi. Xadicha begim sabrsizlanib: — Bu baloning balogardoni nedur? Shuni ayting, amirzodam! — dedi. — Buning balogardoni barcha temuriyzodalarning birlashuvidir. Hamma viloyatlarga tavochilar yuborib, ellik-oltmish ming qo‘shin to‘plamoq kerak. Qish bo‘yi bu qo‘shinni mashq qildirib, yagona bir sarkarda boshchiligida jangga tayyorlamoq kerak. — Yagona sarkarda kim bo‘lishi mumkin? — dedi Xadicha begim sergaklanib. Qosimbek «yalt» etib Boburga qaradi. Hozir tirik qolgan temuriylar orasida Boburdan boshqa odam bu ishni eplolmasligi uning ko‘nglidan o‘tdi. Ammo qo‘shin kimniki bo‘lsa, hokimiyat ham o‘shaniki ekani azaldan ma’lum. Xadicha begim o‘g‘lining hokimiyatiga hech kimni yo‘latmasligi ham aniq. Bobur uning ko‘ngli uchun: «Yagona sarkarda — Muzaffar mirzo bo‘lsinlar!» demoqchi bo‘ldi-yu, orqaroqda Zunnunbek o‘tirgani esiga tushdi. Zunnunbek bu gapni Badiuzzamon mirzoga yetkazsa, ikki oraga nifoq tushadi. — Bosh sarkarda kim bo‘lishini hazrat og‘a-inilar o‘zlari hal qilmoqlari kerak, — dedi. — Bazmlarni to‘xtatib, butun e’tiborni mudofaaga qaratmoq kerak. Har bir kun g‘animat, hazrat begim! Xadicha begim Zunnunbek bilan Burunduqbekka murojaat qildi: — Janob amirlar, sizlarning fikrlaringiz qalay? Zunnunbek o‘siq qoshlarini dikkaytirib, ko‘zlarini Boburga qat’iyat bilan tikdi: — Amirzodam Shayboniyxonning Movarounnahrdagi g‘alabalariyu xunxo‘rliklaridan bizni ogoh qilganlari yaxshi. Ammo Shayboniyxonning Movarounnahrda sinmagan qilichi Xurosonga kelib, albatta sinur! Men bunga aminmen, hazrat begim! Shuning uchun ortiqcha tashvishu tahlikaga o‘rin yo‘q, deb hisoblaymen. Zunnunbek ishonch va e’tiqod bilan aytgan bu so‘zlardan Xadicha begim darhol yengil tortdi. Bobur esa Zunnunbekka taajjub bilan tikilib dedi: — Karomatingiz iloho to‘g‘ri kelsin, janob amir! Ammo bu karomatga qanday asoslar bor? — Bu karomatni men emas, Hirotning eng obro‘li valiylari qilmishlar. Zunnunbek shunday deb Xadicha begimga iymanibroq qarab qo‘ydi. Bu qarashning ma’nosini tushungan Xadicha begim Boburga kulimsirab izoh berdi: — Hirotning Qutb nomli mashhur valiysi bor. Shu vaqtgacha Qutb nimani karomat qilgan bo‘lsa, hammasi to‘g‘ri chiqmish. Qutbga tushida ayon bo‘lurki, Shayboniyxonning qilichini amir Zunnunbek sindirurlar. Mo‘’tabar munajjimlar yulduzlarga qarab, bu karomatni tasdiq qildilar. Shundan so‘ng valiylar Zunnunbekning yelkalariga muqaddas fo‘ta solib, nomlariga Hizabrulla unvonini qo‘shib aytadigan bo‘ldilar. «Hizabrulla» — arabcha «ollohning arsloni», ya’ni «engilmas botir» degani edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling