Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
190 ishlash emas. Yoshlikdan unga tinchlik bermay kelayotgan alam va intiqom tuyg‘usi uning shu ishga bosh qo‘shishiga sabab bo‘ldi. U Qosimbekka rozilik berishdan oldin, dovondan o‘tmoqchi bo‘layotganlarning kimligini surishtirib bildi. Bobur — temuriylardan ekani, Abusaid mirzo uning bobosi bo‘lgani Sultonning o‘n yosharlik paytida boshdan kechirgan fojealarni esiga soldi. Sultonning ota-bobolari Shohruh mirzo bilan yaxshi hamkorlik qilgan badavlat odamlar edi. Shohruhning o‘limidan keyin boshlangan alg‘ov-dalg‘ovlarda Turondan Abusaid mirzo o‘g‘li Mahmud mirzo bilan Xurosonga bostirib keldilar. Sultonning otasi Shohruh mirzodan ko‘p yaxshilik ko‘rgani uchun uning nevaralariga yon bosdi. Lekin Abusaid mirzo g‘olib kelib, Shohruhning ko‘pchilik nevaralarini qilichdan o‘tkazdirdi. Sultonning otasi va akasini ham shohruhiylar tomonida turgani uchun boshlarini kesdirdi. Hovlilarida bor mol-hollarini, onasining bo‘qchalaridagi narsalarigacha talab ketishdi. Bu ham ozlik qilganday, Sultonning o‘n besh yoshlik chiroyli opasini asira qilib olib ketdilar. Keyin eshitsalar, uni Abusaid mirzo haramiga bir necha kunlik joriya qilib beribdilar... Ustma-ust kelgan bu baxtsizliklardan Sultonning onasi kasal bo‘lib yotib qoldi. Lekin ularning badavlat qarindoshlari bor edi. Og‘ir paytda ular yordam qo‘lini cho‘zdilar. Sulton yigit yoshiga yetguncha zamonlar ham bir qadar tinchidi, karvonlar ko‘p qatnaydigan bo‘ldi. Sulton karvonlarga yo‘l ko‘rsatuvchilik qildi, savdo-sotiqdan ham yaxshi daromadlar olib, ro‘zg‘orini butlab oldi. Hozir qahraton qish kunida uyida oilasi bilan tinchgina o‘ltirishi mumkin. Lekin Bobur ham bu yerlarga bobosi Abusaid mirzoning izidan kelganligi Sultonning dilidagi qasoskor tuyg‘ularni uyg‘otib yubordi. Nohaq o‘ldirilgan otasi va akasi, nomusi toptalgan opasi uchun mana bu temuriyzodadan xun talab qilib qasd olishga haqqi yo‘qmi? Bu ham o‘sha kelgindi fotihlarning biriku. Turondan kelib bu yerlarda xo‘jayin bo‘lib yuribdi. Qani, Hindikush tog‘iga ham xo‘jayin bo‘lib ko‘rsin-chi?! Sulton o‘z xundor dushmanini eng mashaqqatli yo‘llardan boshlab boradi, uning azob tortganlarini ko‘rib bir alamdan chiqadi. Ilojini topsa, dovon yo‘llarida qor bo‘ronlariga ko‘mib qaytadi. Shu bilan otasi va akasining ruhlari oldidagi qiyomatlik burchini bajargan bo‘lmaydimi? Sulton shu o‘y bilan sayisxonaga kirdi. Tog‘larda yaxshi yuradigan eng baqquvvat qora qashqa otini egarladi. Jun xurjunga ikki haftaga yetadigan qilib qovurdoq go‘sht, yog‘liq patir va boshqa yeguliklar soldirdi. O‘zi qalin po‘stin kiyib, yana ikkita jun chakmon, issiq quloqchin, «jo‘rab» deb ataladigan qalin paypoqlar oldi. Otlarga yem-xashakni ham unutmadi. Po‘stin tagidan beliga xanjar taqib oldi. Hamma yuklarini qizg‘ish rangli miqti otga orttirdi-da, uni yetovga oldi. Bobur va Qosimbek boshliq beku navkarlar uch yuz kishidan ortiq. Ko‘pchiligining yetovda oti bor. Tuyalarga turli yuklar, chodir va yig‘ma o‘tovlar ortilgan. Qish kuni bularning hammasini oziq-ovqat va yem-xashak bilan ta’minlash oson emas. Avvalgi hokimlarning odatini yaxshi biladigan Sulton: «Bular ham aholining mol-holini zo‘ravonlik bilan tortib olib zaxira yig‘sa kerak», deb o‘yladi. Ammo Bobur xazinachiga buyurib, hamma zaxiralar uchun oltin-kumush tanga to‘latdi. Hatto yem-xashakni va qor kuraydigan yog‘och kuraklarni ham tangaga sotib olishdi. Ko‘z ilg‘agan hamma joy oppoq qorga burkangan. Sulton qora qashqa otda oldinda yo‘l boshlab boradi. Bobur va Qosimbeklar uning ketidan otliq kelishmoqda. Orqada yuzlab beku navkarlar yetovdagi otlar va yuk ortilgan tuyalari bilan turnaqator bo‘lib tizilib yo‘l yuradi. Bir haftadan beri har kuni qor yog‘adi. Goho qalin bulutlar yirtig‘idan oftob xiragina bo‘lib ko‘rinadi-da, ko‘p o‘tmay yo‘q bo‘lib ketadi. Oppoq toza qor ko‘zni oladi. So‘ng yana maydalab qor yog‘ishga tushadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling