Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
192 tashlab qo‘yardi. «Qor qamalida qolayotgan bu temuriyzoda endi ne qilarkin?» deb uni zimdan kuzatardi. Sulton Boburning sovqotib asabiylashishini, yo‘l juda sekinlab qolganidan tajang bo‘lishini, odamlariga baqirib-so‘kinib ish buyurishini, aytganini qilmaganlar bo‘lsa qamchi bilan savalashini kutmoqda edi. Otasi va akasini o‘limga buyurgan hukmdorlar qiyofasida Sulton ana shunaqa zolimlarni ko‘rgan, bugun esa ulardan birining talvasaga tushishiga guvoh bo‘lib, bir alamdan chiqqisi kelar edi. Biroq Bobur jim. U oldinda qor tepayotgan keksa Qosimbekning hansirab, holdan ketib qolayotganini ko‘rdida, indamay otidan tushdi. Oldinga o‘tib, Qosimbekning yoniga bordi: — Bas, siz endi nafasni roslang! — dedi, so‘ng uning o‘rniga qor tepib yo‘l ocha boshladi. Orqada yo‘l ochilishini kutib, otdan tushmay o‘ltirgan beku navkarlar endi bunga loqayd qarab turolmadilar. Boburning indamay ko‘p qatori ishga tushib ketgani orqadagilarga zug‘um qilib buyruq bergandan ko‘ra kuchliroq ta’sir qildi. Yigitlardan yigirma-o‘ttiztasi apil-tapil otlaridan tushib, Bobur tomonga shoshildilar. Balandga ko‘tarilganlari sari havo siyraklashib, nafas olish qiyinlashar, qirchillama sovuq buning ustiga qo‘shilar, eng baquvvat yigitlar ham yigirma-o‘ttiz qadam yo‘l ochguncha charchab, hansirab chetga chiqardi. Ikki-uch marta bu ishni qilib chiqqan odam-larning ko‘pi to‘rtinchi-beshinchi daf’a qor tepishga yaramay qolardi. Ammo Bobur eng pahlavon yigitlar qatori qayta-qayta oldinga o‘tib, bir hafta davomida odamlariga yo‘l ochib borgani Sultonni lol qoldirdi. Beku navkarlar o‘zaro gaplashganda: — Amirzodamga ko‘z tegmasin, alplarday pahlavonligi bor! — deb qo‘yishardi. — Sarkardang bo‘lsa shunday bo‘lsin! Sulton ham ichida: «Xudo bu yigitga kuch-quvvatni ham, himmatni ham ayamay berganga o‘xshaydi», deb qo‘ydi. Kech kirganda baland bir yalanglikka ko‘tarildilar. Bundan narida dovon boshlanishi kerak edi. Lekin bu balandlikda qor bo‘roni boshlandi. Qattiq shamol qor uchqunlarini yuz-ko‘zga keltirib ura boshladi. Sovuqning shiddati bir necha barobar oshib ketdi. Havoli Kutiy deb ataladigan bu baland joyda shamol-pana tog‘ kamarlari borligini Sulton bilardi. U kichikroq bir kamarga Qosimbekni boshlab kirdi. Ammo bu kamarga to‘rt-beshta odam zo‘rg‘a sig‘ardi. Qosimbek Boburni ham ichkariga taklif qildi. Yuzlab odam tashqarida qor bo‘roni ostida diydirab turibdi. Suyak-suyaklargacha yetib borayotgan achchiq sovuqning zahriga dahshatli qor bo‘ronining zarbi qo‘shilyapti. Agar odamlar shu ochiq joyda tunashga majbur bo‘lsa, ularning ko‘pi muzlab qolishi muqarrar. O‘lim xavfini sezgan navkarlardan biri: — E-voh, jasadimiz qor tagida qolsa, bizni kim topib dafn etgay? — dedi. — Qordan kafan kiygaymizmi-a? — dedi ikkinchi navkar. — Hindikush deb bejiz aytmas ekanlar! Bu tog‘ odamkush toqqa o‘xshaydir! Bobur bu navkarlarni ovozidan tanib, ularning oldiga keldi. — Mirzoquli, niyatni yaxshi qilinglar! Xudo xohlasa, bu qor qamalidan eson-omon chiqib ketgaymiz. Mamatbek, kuraklaring bormi? — Bor! — deb Tohirning samarqandlik do‘sti Mamat otining egariga tang‘ib bog‘langan kurakni Boburga olib berdi. Bobur eniga va bo‘yiga uch-to‘rt qadam keladigan joyning qorini kuray boshladi. Mamat podshohga qor kuratib, o‘zi qarab turishga uyaldi, kurakni Boburning qo‘lidan oldi: — Bu yerda ne qilmoqchisiz, amirzodam? — Qordan ihota yasamoqchimen. Yerto‘la qaziydilar-ku. Biz qorto‘la qazisak bo‘lmasmikan? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling