Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
* * * Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
* * *
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 187 Ertalab kun chiqayotganda Bobur xos navkarlari va beklari bilan Hirotning tashqarisidagi keng bog‘-ko‘chadan ketib borar edi. Ko‘chaning ikki tomonida Hirot a’yonlarining g‘ishtin devorli, koshinkor gumbazli ko‘shk va chorbog‘lari bor edi. Salobatli bir bog‘ hovlining baland devori yonidan o‘tayotganlarida, devor tepasidan kimdir uch-to‘rtta atirgul tashladi. To‘q qizil rangli gullardan biri Bobur mingan saman otning o‘siq yoliga kelib tushdi. Gulning tikanlari ot yoliga ilinib qolganini ko‘rgan Bobur devor tepasiga qaradi-yu, yosh bir qizning qiyg‘och qoshlarini va qosh ustiga bostirib kiygan guldor toqisini ko‘rdi. Keyin u ot yoliga ilinib qolgan gulni qo‘liga olib, labiga yaqinlashtirdi. Uzoqda yastanib turgan Zanjirgoh tog‘larining baland cho‘qqilariga qor tushgan edi. Hirotning kech kuzida nima ham bo‘lib ochilgan bu gulning ajib hidi bor edi. Bobur gulning xush bo‘yi dimog‘iga urilgan zahoti jilovni beixtiyor tortib, otini to‘xtatdi. Uzangiga oyoqlarini tirab, egardan bo‘y cho‘zdi-da, devor tepasidagi qizga tikilib qaradi. Endi unga qizning olov chaqnatib turgan qop-qora ko‘zlari, bu ko‘zlarga nihoyatda yarashgan gulrang yonoqlari aniq ko‘rindi. Bobur bu ko‘chadan avval ham o‘tgan edi. Qiz avvalari ham uni ko‘rib, tanib qolgan ekanmi, ko‘zlari mo‘ltirab va uyalib bosh egdi. Bu uning salom berganimidi yoki xayrlashganimidi? O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi bu qizning jozibasiyu mo‘ltirab bosh egishi Boburga shunday ta’sir qildiki, u bir lahza nima qilishini bilmay esankirab turdi. Bu orada boshqa mulozimlar ham qizni ko‘rib otlarini to‘xtatgan edilar. Boburni Muzaffar mirzoning Hirot bo‘yicha dorug‘asi Yusuf Alibek kuzatib bormoqda edi. Qirq yoshlardan oshgan ko‘ngilchan bu bek devor tepasidagi qizni tanib kuldi-yu: — Iye, Mohimmisiz! — dedi. — Obbo, Mohchuchuk-ey, katta qiz bo‘lib qolibsiz-a! Qiz go‘yo endi o‘ziga keldi, «lip» etib, boshini devor ortiga oldi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yuzi qandaydir ichki olovning taftidan qizargan, ko‘zlari g‘alati chaqnagan Bobur Yusuf Alibekdan shoshib so‘radi: — Kim? Kim dedingiz? — Amirzodam, bu hovli Sulton Sohibqironning uzoq qarindoshlaridan biriga qarashli. Qizning otasi Husayn Boyqaroning nufuzli devonboshilaridan edilar. Bordi-keldimiz bor edi. — Hozir bormilar? — Borlaru, lekin... davlat ishidan chetlanmishlar. — Nechun? — Bilmadim, hozirgi podshohlarimiz bilan oralari yaxshi bo‘lmasa kerak. Qandahorgami, G‘aznagami ko‘chib ketish taraddusida emishlar, deb eshitdim. Otlar yurib bormoqda edi. Bobur Mohim deb atalgan qizning tobora uzoqda qolayotganini o‘ylab, ko‘nglida kuchli bir armon sezdi. Yigirma kun Hirotda yurib, bu qizni nega faqat endi, jo‘nab ketayotgan paytda ko‘rdi? Bobur hali ham qo‘lida ushlab borayotgan gulga qaradi. Boyagi go‘zal qiz Hirotning butun nafosatini o‘z jozibasi bilan birga mana shu gulga muattar hid kabi joylab berganga o‘xshar edi. Bobur gulni yana bir hidladi-da, boshidagi sallasining qatiga ko‘zga uncha tashlanmaydigan qilib qistirib qo‘ydi. Lekin undagi nafis bir hayajonni Qosimbek zimdan kuzatib bormoqda edi. Boburga otadek g‘amxo‘r bo‘lgan bu odam shunday ko‘hlik yigitga munosib bir qiz uchrashini ko‘pdan beri kutib yurardi. Bobur esa ko‘z ochib ko‘rgan yostiqdoshi Oyisha begimning bevafoligi-dan qattiq ozor chekkani uchun ayol zotidan tortinar, ancha-muncha qizlarga moyillik bildirmas edi. Hirot malikasi Xadicha begim uni asilzoda xonadonlarga kuyov qilishga urinib ko‘rdi. Bobur ro‘yxushlik bermadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling