Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
180 yashamoqda edilar. Shaharning shimol-sharqidagi Qipchoq darvozasidan narida Shohruh mirzo davrida mashhur bo‘lgan Bog‘i Safidda Muzaffar mirzo Bobur sharafiga katta ziyofat berdi. Hirotning eng zo‘r pazandalari tayyorlagan g‘izol* kaboblari, ishtaha ochuvchi nordon ocharlar*, mohicha nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘ta nozik xushta’m suyuq oshlar Muzaffar mirzo o‘z mehmoni bilan o‘tirgan tillakori ko‘shkning yuqorigi qavatiga ketma-ket olib chiqilmoqda edi. Sozandalar poygahroqda o‘tirib, qonun va udda, g‘ijjak va nayda etni jimirlatuvchi kuylar chalishardi. Hirotning mashhur hofizlari ovozlarini uncha baland ko‘tarmasdan, yurakning qat-qatiga singadigan sokin mayin tovush bilan ashula aytishar, bu hammasi Boburga juda ulug‘vor bir san’atning namunasi bo‘lib tuyulardi. Bazm avjiga chiqqanda soqiy Bobur qarshisiga kelib, bir tizzasini gilamga tirab cho‘kkaladi, so‘ng yigirma yildan beri xumda kuch yig‘ib yotgan va bugungi ziyofat uchun ochilgan tiniq xushbo‘y mayi nobdan surohiyga quydi-da, Boburga uzatdi. Bobur hali may ichmagan edi. Ammo hozir eshitgan kuy va ashulalarining ta’sirida birdan uning may ichgisi keldi-yu, o‘ng yonidagi Qosimbekka qaradi. Obburdonda Boburdan ajralib Hisorga ketgan Qosimbek Qavchin bultur Kobulda barcha navkari bilan birga Bobur xizmatiga qaytib kelgan va yana uning eng yaqin maslahatgo‘yiga aylangan edi. Qosimbekning o‘zi umrida may ichmagan xudotars kishi bo‘lgani uchun Boburni ham ichkilikka yo‘latgisi kelmas edi. — Amirzodam, — shivirladi Qosimbek. — Badiuzzamon mirzoning chog‘ir majlisida may taklif qilganlarida ichmagan edingiz. Bu yerda ichsangiz, narigi mirzo eshitib ko‘ngliga olmasmikin? Bu so‘zlar Boburni sergaklantirdi. U bitmay yotgan murakkab va chigal ishlarini esladi- yu, Muzaffar mirzoga qarab: — Faqirni ma’zur tuting, mirzo hazratlari, — dedi. — Men umrimda may ichmaganmen! Muzaffar mirzo Boburning may ichishdan qo‘rqayotganini sezib, qah-qah urib kuldi. Uning anchagina kayf qilgani shu beandisharoq kulgisidan bilindi: — Amirzodam, nahotki butun Andijonu Samarqand may zavqidan bexabar bo‘lsa? — Mirzo hazratlari, may zavqi Samarqandu Andijonda ham keragidan ortiq. Ammo faqir boshqa zavqlardan ortmas edim. Uzrimni hazrat og‘angiz Badiuzzamon mirzo qabul qilgan edilar... Faqir andesha qilmoqdamen... Badiuzzamon mirzo tilga olingach, Muzaffar mirzo ham jiddiylashdi. Boburning andishasi unga asosli tuyuldi-yu, soqiyga: «Bas, qistama!» ishorasini qildi. Bazmda Badiuzzamon mirzoning eshik og‘asi Zunnunbek arg‘un ham bor edi. Soqiy podshosining ishorasi bilan Boburga qo‘yilgan mayni o‘sha Zunnunbekka berdi. Odamlarning kayfi oshgan sari bazm qizib borar, ba’zi beklar ham o‘rtaga chiqib raqs qilishar, Mir Sarbarahna, Burxon gung degan mashhur qiziqchilarning askiyalaridan ko‘tarilgan qahqahalar shiftdagi naqshlarni ham titratayotganday bo‘lar edi. Husayn Boyqaroning o‘limiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan. Hirot xavf ostida turgan og‘ir bir vaziyatda shunchalik xushchaqchaq bazm o‘tkazilayotgani Boburdan ham ko‘ra Qosimbekning g‘ashini keltirmoqda edi. Qosimbek kulgi, shovqin orasida Boburga shivirladi: — Bu shirakayf shoh bilan endi muzokara qilib bo‘lmas. Buning ixtiyori onasi Xadicha begimda emish. Hozir begimning huzuriga chiqaylik, amirzodam. — Ziyofat tugamasdan chiqib ketsak, behurmatlik bo‘lmasmi? — Qulingiz kelishib qo‘yganmen. Begim o‘z qasrlarida bizga muntazirlar. Askiyachilar musobaqasi tugab, kulgilar bosilgach, Bobur Muzaffar mirzodan hazrat begimning huzurlariga borish uchun ijozat oldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling