Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
275 ko‘rsatdi. Panipat zafari... Taqdir unga shunday ulkan g‘alabani nega Movarounnahrda bermadi? Vatanida jang qilsa, hech kim uni bosqinchilikda ayblay olmas edi-ku! Uzoqlarda qolgan Mohim begim esiga tushdi. Ko‘rmaganiga olti oydan oshyapti. So‘nggi marta suhbatlashganlarida Mohim begim bugungi dahshatlarni oldindan sezganday, qanchalik iztirobga tushgan edi!.. Boyagi kelinchakning: «Ket, bosqinchi! Ket!» deb qichqirgani uning qulog‘i ostidan ketmas edi. Bobur ichida: «Yorab, bu ne ko‘rgilik!» dedi-yu, xayolini boshqa biron narsa bilan band qilish uchun daftar-qalam oldi. Sevgan yoridan va tug‘ilib-o‘sgan diyoridan uzoqda u o‘zini behad tolesiz, baxtsiz sezgan paytlari ko‘p bo‘lar edi. Hozir ham shu og‘ir tuyg‘u yuragini chulg‘ab oldi. Bobur ko‘nglini daftariga bo‘shatgisi kelib, birinchi satrni yozdi: Tole’ yo‘qi jonimga balolig‘ bo‘ldi. U keng qirg‘oqlar orasidan tovushsiz jim oqib o‘tayotgan Jamnaga tikildi. Botib ketgan quyoshning quyuq shafag‘idan daryo suvi qizg‘ish ko‘rinadi. Boburning nazarida, daryo suvini shafaq emas, janglarda to‘kilgan qonlar qizartirib yuborganday tuyuldi. U iztirob bilan keyingi satrlarni yozdi: Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi, O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim, Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi! * * * G‘ira-shira qorong‘ilikda o‘ng qirg‘oqdan katta bir qayiq chiqib, kemaga qarab kela boshladi. Kemaning pastki qavatidan qo‘rchiboshi: — Kim u qayiqdagi? — deb so‘raganini Bobur ham eshitdi-yu, qayiqqa tikilib qaradi. Qayiqning oltitami-sakkiztami eshkagi bor edi. — Mirzo Humoyun hazrati oliylarining huzurlariga ijozat so‘raydilar! — deb javob berdi qayiqdan yo‘g‘on bir tovush. Humoyun bilan ko‘pdan beri yakkama-yakka suhbatlasha olmagan Bobur bugun o‘g‘li bilan bir dardlashgisi keldi-yu, pastdan savdarni chaqirdi: — Ayting, Humoyun tolorga chiqsin! Ko‘p o‘tmay tolor zinasida vazmin qadam tovushlari eshitildi. Humoyun eshikdan kirganda Bobur uning chaqnagan navqiron ko‘zlariga, endi lab ustini qoplagan nozik mo‘yloviga, kuchga to‘lib turgan xipcha, sog‘lom gavdasiga havasi kelib tikildi. Boburni qiynayotgan iztirobli tuyg‘ular, uni behalovat qilgan issiqlar Humoyun uchun go‘yo yo‘q edi. «O‘n sakkiz yoshimda men ham shunday yigit edim-a, endi nimam qoldi?» degan o‘ydan Boburning ko‘ngli qattiq ezildi. Ota-bola ko‘rishib-so‘rashganlaridan so‘ng, Humoyun otasining ro‘baro‘siga cho‘kka tushdi-da, kulimsirab qo‘ynidan chiroyli sadaf quticha oldi. — Hazratim, shuni bir ochib ko‘ring. Bobur qutichani qo‘liga olib shoshilmay ochdi. Qora baxmal mato orasidan olmosga o‘xshash serjilva bir tosh yulduzday charaqlab ko‘rindi. Lekin toshning yong‘oqday kattaligiga qarab, Bobur uning olmosligiga ishongisi kelmasdi. Juda ko‘p xazinalarni va xilma-xil javohirlarni ko‘rgan Bobur bunchalik katta olmosni hali uchratmagan, olmos donasining bu qadar ulkan bo‘lishini tasavvur ham etmas edi. — Bu qanday javohir? — deb so‘radi Bobur o‘g‘lidan. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling