Bohodir eshov
Tomas Gobbsning siyosiy ta’limoti
Download 0.73 Mb.
|
Jahon -siyosiy mafkuraviy ta’limotlar tarixi
8. Tomas Gobbsning siyosiy ta’limoti
XVII asrda Angliyada amalga oshirilgan inqilob feodal tuzumga qaqshatqich zarba berdi va G’arbiy Evropaning ilg’or mamlakatlaridan birida kapitalistik munosabatlar tarkib topishiga keng yo’l ochdi. Bu inqilob, shubhasiz, o’sha davr ingliz siyosiy-huquqiy mafkurasi, tafakkuri, nazariyasi tarixida ham o’chmas iz qoldirdi. Ma’lumki, Tomas Gobbs (1588-1679) — buyuk ingliz mutafakkiri, “Fuqaro to’g’risidagi ta’limotning falsafiy asosi” (1642), “Leviofan yoki Materiya, cherkov va fuqaro davlatining shakli va hokimiyati” (1651) nomli asarlarning muallifi, XVII asr ingliz siyosiy-huquqiy qarashlarining rivojiga o’zining munosib hissasini qo’shgan olim. Gobbsning siyosiy-huquqiy qarashlari zamirida inson tabiati masalasi yotadi. Biroq bu mavzuni u bir qadar o’zgacha ruhda tahlil qiladi. Uning fikricha, insonlar o’zlarining aqliy va jismoniy imkoniyatlari bo’yicha tengdirlar. Ammo ulardagi qator salbiy jihatlar, xususan, shuhratparastlik, ochko’zlik, manmanlik kabilar insonlarning bir-birlari bilan inoq-ittifoqlikda yashashlariga to’sqinlik qiladi. Shu boisdan u “odam odamga bo’ri” mashhur tezisini tezisini ilgari suradi va jamiyatda barcha barchaga qarshi urush holatida bo’lishini aytadi. Gobbs bu kabi holatni “insoniyatning tabiiy holati” deya baholaydi. Shu bilan birga Gobbs inson tabiatida bu ayanchli ahvoldan qutulishga yo’l ko’rsatuvchi, unga turtki beruvchi omillar ham borligini aytib o’tadi. Uning fikricha, o’limdan qo’rqish va o’z jonini omon saqlab qolishga intilish hissi insonlarni tabiiy holat qiyinchiliklarini engib o’tishga undaydi. Bu o’rinda tabiiy qonunlarning o’zi insonlarga yo’l ko’rsatadi. Ushbu vaziyatda eng muhimi tinchlikka erishdir. Bu birinchi tabiiy qonundir. Tinchlik, xotirjamlikka erishish esa insonlardan o’zlariga tegishli bo’lgan ma’lum huquqlardan voz kechishni talab qiladi. Bu ikkinchi tabiiy qonundir. Adolatning manbai va asosi o’z ifodasini topgan uchinchi tabiiy qonun esa shartnomadan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlarga rioya qilishdir. Gobbs shartnomani insoniyatni tinchlikka etaklovchi eng muhim omil sifatida ko’radi. Uning siyosiy-huquqiy qarashlari qator tabiiy qonunlarga asoslangan bo’lib, ularni umumlashtirganimizda quyidagi qoida kelib chiqadi: o’zingga ravo ko’rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko’rma. Davlat qonunlarni (fuqarolik qonunlarini) qabul qilish orqali tabiiy qonunlarning bajarilishini ta’minlaydi. Gobbs tabiiy va fuqarolik qonunlarini mohiyatan bir mazmunga ega bo’lgan tushunchalar sifatida baholaydi. Fuqarolik qonunlarining farqli jihati shundaki, bu qonunlar davlatning nufuzi va qudrati bilan mustahkamlangandir. Gobbs davlatning kelib chiqishi mavzusini shartnoma nazariyasiga asoslangan holda yoritadi. Uning fikriga ko’ra, jamiyat a’zolari tinchlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan kelishuvga – murosai madoraga erishadilar. Ushbu kelishuv natijasida ular jamiyat boshqaruvini bir kishiga yoki ma’lum bir guruhga topshiradilar. Bu tabiiy holatdan fuqarolik holatiga o’tish hisoblanadi. Oliy hokimiyat sohibi suverendir. Shunda alohida ta’kidlab o’tish joizki, Gobbs qarashlariga ko’ra, suveren tabaalar bilan hech qanday shartnoma tuzmaydi, shu sababli u tabaalar oldida hech qanday javobgarlik his etmaydi. Tabaalarning suveren hokimiyatiga qarshi chiqishlari taqiqlanadi. Kuch ishlatish yo’li bilan hokimiyatni qo’lga kiritish davlatning vujudga kelishining ikkinchi shakli sanaladi. Muallif ixtiyoriy kelishuv natijasida vujudga kelgan davlatni ifodalashda “siyosiy davlat” iborasini qo’llaydi. Gobbs suveren hokimiyatini bo’linmas, fuqarolik qonunlariga bo’ysunmaydigan mutlaq hokimiyat sifatida talqin qiladi. hokimiyatni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan barcha vakolatlar faqat ungagina tegishlidir. Davlat hokimiyatining bo’linishi uni inqirozga olib keladi. Chunki bo’lingan hokimiyat bir-birini yo’q qiladi. Tomas Gobbs davlat vazifalari qatorida politsiya-muhofaza qilish, sanoat va qishloq ho’jaligi sohalarini rivojlantirish, tarbiyaviy-ma’rifiy faoliyatni olib borish kabilarni sanab o’tadi. Tobe odam fuqarolik qonunlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega. Gobbs o’z asarlarida suveren rioya qilishi lozim bo’lgan majburiyatlar to’g’risida ham so’z yuritadi. Davlat hokimiyati faqat suveren manfaatlariga xizmat qilish uchun emas, balki xalq manfaatlarini amalga oshirish uchun tashkil qilingandir. Gobbs xalq farovonligi – oliy qonun qoidasidan kelib chiqadi. Davlat mohiyatini yoritishda Gobbs, birinchi navbatda, ushbu davlatning tabaalar himoya qila olish imkoniyati mavjudligi omilidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham T. Gobbs davlat shakllariga u qadar katta ahamiyat bermaydi. Davlat shakllari qatoriga u monarxiya, aristokratiya va demokratiyani kiritadi. Olim fikricha tabiatning oliy qonuni sanalmish o’z jonini omon saqlab qolishga bo’lgan huquqni suveren ham buza olmaydi. Agarda u bu huquqni poymol etsa, tabaalar unga qarshi qo’zg’alishlari mumkin. Gobbs shu orqali xalqning suveren hokimiyatiga qarshi chiqa olish huquqini tan oladi. Tomas Gobbs o’z davrining ilg’or mutafakkirlari mulohazalariga qo’shilgani holda siyosiy va huquqiy mavzularni tahlil etishda dinning hal qiluvchi rolini inkor etadi. U o’z qarashlarida ong va tajribaga suyanganligi yaqqol ko’rinib turibdi. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling