Ishning maqsadi va vazifalari. Mazkur bitiruv-malakaviy ishning bosh maqsadi o`zbek tilidagi so`roq gaplarning pragmatik xususiyatlarini o`rganishdan iborat. Ushbu maqsadga muvofiq, quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan:
o`zbek tili sintaksisida gapning substansial tadqiqi masalasini yoritish;
gapning lison-nutq farqlanishidagi tahlili natijalarin tavsiflash;
ifoda maqsadiga ko`ra gap turlarining ajratilishi haqida ma’lumot berish;
so`roq gaplarning grammatik xususiyatlarini izohlash;
o`zbek tilshunosligida pragmatik yondashuvning shakllanishi, pragmatik lingvistikaning alohida fan tarmog`i sifatida ajratilishi masalasini yoritish;
so`roq gaplarning muloqot birligi vazifasida qo`llanilishini kuzatish va dalillar yig‘ish;
so`roq gaplarning pragmatik vaziyat bilan bog`liq xususiyatlarini tahlil qilish;
so`roq gaplarga kommunikativ intensiyaning ta’sirini asoslash.
Ishning tadqiq manbayi. Bitiruv-malakaviy ishning tadqiq manbayi nutqiy muloqotda voqelashgan so`roq gaplardir. O‘zbek tilida so`roq gaplarning sintaktik xususiyatlarini o`rganishga bag`ishlangan hamda gap turlarining struktural va substansial tahlil natijalari qamrab olingan ilmiy manbalar, o‘quv-usuliy adabiyotlar, shuningdek, til birliklarining pragmatik talqiniga doir ilmiy tadqiqotlar ishning nazariy asosini tashkil etadi.
Ishning metodologik asosi va tadqiq usullari. O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligi va milliy istiqlol g`oyalari singdirilgan rahbariy adabiyotlar, davlatimizning ilm-fan va texnikani rivojlantirish, ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirishga doir huquqiy-me’yoriy hujjatlari hamda bilishning umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa, imkoniyat-voqelik, sabab-oqibat dialektik kategoriyalari haqidagi falsafiy ta’limoti ishning metodologik asosini tashkil etadi. So`roq gaplarning lisoniy xususiyatlari tavsifida srtruktural, substansial tahlil usullari va natijalaridan foydalanildi. Nutqiy muloqotda yuzaga kelgan yoki dialogik nutqda voqelashgan so`roq gaplar pragmalingvistik tahlil usuli va mezonlari asosida tahlil qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |