O‘zbek tili punktuatsiyasining tamoyillari quyidagilardir:
1. Logik-grammatik tamoyil. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi nutqning mazmuni, tuzilishi, intonatsiyasi bilan bog‘liq.
2. Stilistik tamoyil. Bunda tinish belgilarining qo‘llanishi nutq stili bilan aloqador bo‘ladi.
3. Differensiya tamoyili. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi yozuv texnikasi (formasi)ni aniqlash (differensiya qilish) bilan bog‘liq. Tinish belgilarining qo‘sh qo‘llanish sistemasi (masalan boshida yoki oxirida ikki qo‘shtirnoqning barobar qo‘llanishi) ham shu tamoyilga a’loqador.
O‘zbek tilida tinish belgilari quyidagi xususiyatlari asosida klassifikatsiya qilinadi:
1. Qo‘llanish o‘rniga ko‘ra.
2. Qo‘llanish usuliga ko‘ra.
3. Tuzilishiga ko‘ra.
Tinish belgilari qo‘llanish o‘rniga ko‘ra uchga bo‘linadi: 1.Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilari. 2.Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilari. 3.Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilari. Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilariga nuqta, so‘roq va undov belgilari kiradi. Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilariga vergul kiradi. Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilariga ikki nuqta, nuqtali vergul, qo‘shtirnoq, qavs, tire, ko‘p nuqtalar kiradi. Bulardan tire gap boshida va o‘rtasida; ikki nuqta, nuqtali vergul gap o‘rtasida va oxirida; qo‘shtirnoq, qavs, ko‘p nuqta gap boshida, o‘rtasida va oxirida qo‘llanadi.
O‘zgalarning gapi bo‘lsa, qo‘shtirnoqqa olinadi: “Ertaga sinovlar boshlanadi”-dedi o‘qituvchimiz. Gaplar orasidagi mazmun munsoabatlari qo‘shma gaplarda ikki nuqta, tire, vergul yoki nuqtali vergul orqali ifodalanadi. Tugallanmagan yoki izoh talab qilgan tushunchalar ko‘p nuqta yoki qavslar orqali ifodalanadi. 2. Grammatik qurilish. Ayrim tinish belgilari gapning grammatik tuzilishiga ko‘ra qo‘llanadi. Masalan, ega bilan kesim orasida tire qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi ma’lum grammatik qoidalar asosida belgilanadi. Ayrim ergash gaplar o‘z tuzilishiga ko‘ra vergul bilan ajratiladi: Yo‘lchi, qancha aqchasi bo‘lsa ham, berishga tayyor edi. Bu jumladagi qancha aqchasi bo‘lsa ham, ergash gap bo‘lgani uchun bosh gap orasida to‘xtalish (pauza) bo‘lmasa ham, undan so‘ng vergul qo‘yiladi. 3. Ohang jihatdan. Ohang fikr maqsadning og‘zaki nutqdagi asosidir. Har bir tinish belgisi o‘ziga hos ohangga ega bo‘ladi. Undov, so‘roq belgisi, ko‘p nuqta va nuqta, tire tugallangan ohang bilan nuqtali vergul, qo‘shtirnoq, qavs kichik to‘xtalish bilan, ajratilgan ohang bilan nuqtali vergul, ikki nuqta, tire izoh ohangi bilan; vergul, nuqtali vergul kichik to‘xtalish ohangi bilan talaffuz qilinadi. Ayrim tinish belgilari ohang talabi bilangina qo‘yiladi.
Qush mag‘rur – qanoti bo‘lgani uchun,
Tog‘ mag‘rur – savlati bo‘lgani uchun
Bu jumlada tire ohang talabi bilan, birinchi gaplarning ma’nosiga diqqatni jalb etish talabi bilan qo‘yilgan.
Vatanimiz – kelgusida buyuk davlat bo‘ladi. Bu jumlada kesim egaga bo‘ladi bog‘lamasi bilan birikkani uchun egadan so‘ng tire qo‘yilmasligi kerak edi. Ammo ega mantiqiy urg‘u olgani uchun undan so‘ng tire qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |