2.1. Hol va uning turlari
1.Ravish holi
2. Payt holi
3. O‘rin holi
4. Sabab holi
5. Maqsad holi
6. Miqdor-daraja holi
7. Shart holi
8. To‘siqsizlik holi
9. Gap bo‘laklarining joylashish tartibi
Harakat nomi gapda hol bo‘lib kelganda, u ham ot kabi shakllanadi: Mehmonlarni kutish uchun bog`ga dasturxon tayyorlatib qo‘yishgan edi. (S.Ahmad).
Taqlid so‘z ham gapda hol vazifasida kela oladi: Toshlar havoni g‘iz-g‘iz yorib o‘tadi. (Oybek). Ko‘chadan dupur-dupur o‘ynoqlab bir gala otlar o‘tadi. (J.Abdullaxonov).
Ba’zan hol so‘z birikmasi bilan ifodalanadi: Tong otar payti bulbullar paydar-pay sayraydi. (S.Ahmad). Aqlni o‘stirmoq uchun hadeb o‘qiyvermasdan ko‘proq fikrlash kerak. («Tafakkur gulshani»).
Hol o‘zi bog‘lanib kelgan so‘z bilan «hol-hollanmish» sintaktik munosabatini yuzaga keltiradi.
1. Ravish holi ish-harakatning qay tarzda bajarilganligini bildirib, qanday? qanday qilib? qay tarzda? qay holda? degan so‘roqlarning biriga javob bo‘ladi. U quyidagicha ifodalanadi:
1) holat ravishi bilan: Sahnada hozir biron yangilik yuz berishi kerakday, hamma nafasini ichiga yutib, jimgina tikilib qoldi. Birdan qarsak chala boshladilar. (J.Abdullaxonov).
2) ravishdosh bilan: To‘rg‘aylar bir nuqta ustida qanot qoqib g‘ujurlashadi. (P.Qodirov). Temirjon ularning kuyib-pishib bir-birlariga gap uqtirishlarini ko‘rib, o‘qituvchilarning muvaffaqiyatidan qanchalik faxrlanishlarini his qila boshladi. (J.Abdullaxonov). Qiqirlab kulganicha qochib borayotgan qizning ortidan jilmayib qarab turdi. (J.Abdullaxonov). Ona yana o‘ylay-o‘ylay o‘yiga etolmay qoldi. (J.Abdullaxonov).
3) sifatdosh+ «holda» ko‘makchi so‘zi bilan: Bu payt Yulduzning dugonalari o‘zaro bahslashgan holda yaqinlasha boshladilar. (J.Abdullaxonov).
Do'stlaringiz bilan baham: |