Bo`z bola so`zlari
Download 141.29 Kb.
|
BO`Z BOLA SO`ZLARI
BO`Z BOLA SO`ZLARI Bor ekanu yo‘q ekan, Och ekanu to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, Tulki yasovul ekan, Qarg‘a qaqimchi ekan, Chumchuq chaqimchi ekan. Ko‘chmanchilik zamonda Atoqli boy bor ekan. Sevib olgan yoridan Sevinchog‘i yo‘q ekan. Davlat desang hisobsiz, Yilqi, qo‘yi sanoqsiz. Shuncha davlatda, esiz, Bir o‘g‘ilga zor ekan. Boy bolasi yo‘qligidan kecha-kunduz qayg‘urib, yegan-ichganida halovat yo‘q ekan. Ziyorat qilmagan mozori, aziz-avliyolari qolmabdi. Oxirida xotin ikkiqat bo‘lib, bir o‘g‘il tug‘ibdi, oydek bola ekan. Boy suyunganidan ikki kecha-kunduz to‘y-tomosha qilib butun yurtga osh beribdi. To‘yga yig‘ilganlar bolaga Bo‘z bola deb ot qo‘yibdilar. Bo‘z bolaning beshik to‘yi kuni onasi dunyodan ko‘z yumibdi. Boy bir yaxshi enaga topib kelib, bolani o‘z uyida boqtiribdi. Shu kunlarda bir yaxshi ko‘radigan davlat boshi echkisi tug‘ib, u echkining bolasi o‘lgan ekan. Bo‘z bolani shu echki suti bilan boqibdilar. Echki har kuni daladan o‘tlab-o‘tlab kelib, sut berib ketar ekan. Shu sut bilan bolani boqishar ekan. Bo‘z bola tez kunda ulg‘ayib, katta bo‘lib, tili chiqibdi. Bo‘z bola ikki yashar bo‘lganda boy ikkinchi xotin olibdi. O’gay ona keyinroq bir o‘g‘il tuqqandan keyin Bo‘z bolaga hasad qila boshlabdi. Bolani yaxshi yuvib-taramay, ozoda qilib qo‘ymay, bir chekkada, eski ko‘rpada yotqizib, uning qorni ochib non desa, urishib-ziriqtirib, bir tomonga uloqtirib xo‘rlabdi. O’gay ona Bo‘z bolani yo‘q qilib, boyning davlatiga o‘z bolasini ega qilmoq fikriga tushibdi. Bo‘z bola yoshi ulg‘aygach, maktabga kiribdi. U har kuni maktabdan kelganda otasi uni yoniga olib o‘qitib ko‘rib, shirin gaplar bilan uning ko‘nglini ko‘tarar ekan. O’gay ona uni ko‘rolmay o‘z bolasini boyga tiqishtirib: «Qoch, kap-katta bola bo‘lib, otang yonida o‘tirgani uyalmaysanmi? Mana, ukang ota tizzasida o‘tiraman, deb talpinyapti», deb turtkilar ekan. Shunday bo‘lsa ham otasining yana Bo‘z bolani erkalatganini ko‘rib xotinining g‘ashi kelib, uni juda yomon ko‘rar ekan. Bo‘z bola har doim ukasini ko‘tarib unga mehribonlik qilgani uchun ukasi uni yaxshi ko‘rar ekan. Oradan uch-to‘rt yil o‘tgandan keyin Bo‘z bolani boqqan echki juda ham ajoyib bir chiroyli bola tug‘ibdi. Uni Bo‘z bola «meniki», deb qulog‘ini tishlab, o‘z qo‘li bilan boqibdi. Ona echki har kuni ikki-uch mahal kelib, bolasini emizib, dalaga o‘tlagani chiqib ketarkan. Echkicha bo‘lsa Bo‘z bola bilan o‘ynashib yurar ekan. Bo‘z bola echkichani so‘zga o‘rgatibdi. O’gay onasidan xo‘rlanganda echkisi bilan so‘zlashib, qayg‘usini tarqatar ekan. O’gay ona Bo‘щ bolani g‘ar qancha xo‘rlasa ham u indamas ekan. O’gay ona bunga chidolmay chora izlay boshlabdi. Uning basharasi burishgan bir kampir onasi bor ekan. U makr-hiylaga juda usta ekan. O’gay ona unga maslahat solibdi. Kampir aytibdi: — Ering savdoga ketganda, har kuni Bo‘z bola non so‘raganda, unga kuygan kulcha ber, o‘z o‘g‘lingga bo‘lsa yog‘liq non ber. Anna shunaqa qilsang Bo‘z bola sendan arazlab biror tomonga ketib qoladi, yoki otasiga chaqadi. Shunda sen aybni Bo‘z bolaga qo‘yib, shallaqilik qilib tursang, eringning achchig‘i chiqadi. Shunda ering bolani biror tomonga yuboradi. Sen Bo‘z boladan qutulasan-qolasan. Eri savdoga ketgan kundan boshlab o‘gay ona kampirning aytganlarini bajaribdi. Bo‘z bola onasining ishiga nima qilarini bilmay xafa bo‘lib, boqqa chiqib o‘tirsa, echkichasi ґynoqlab oldiga kelibdi. Echki Bo‘z bolani xafa ko‘rib: — Ha, Bo‘z bolakay, nega buncha xafasiz? – debdi. Bo‘z bola unga: — Ey, qo‘ysang-chi, so‘raganing bilan biror narsani uddasidan chiqsang ekan, men senga aytsam, qo‘y, nima qilasan so‘rab, — debdi. Echki bo‘lsa: — Akajon, menga so‘zlang, balki men biror chorasini ko‘rarman, bo‘lmasa yanyaa boshqa yo‘l toparmiz, — debdi. Echkisining bunday dono so‘zlaganiga Bo‘z bola hayron qolibdi va unga o‘gay onasining to shu choqqacha xo‘rlab kelganini, ayniqsa, otasi savdoga ketgandan keyin har kuni maktabdan kelganida bittadan kuygan kulcha bera boshlaganini, o‘z bolasiga yog‘liq non berib, uni juda xo‘rlayotganini so‘zlab yig‘labdi. Echki unga dildorlik qilib: — Qo‘ying, kuygan kulchani menga bering, men sizga yaxshi ovqat topib beraman, — debdi. Bo‘z bola nonni echkisiga to‘g‘rab beribdi, echki nonni yeb olib, duo o‘qibdi. Bo‘z bola qarasa, oldida bir tovoq osh turgan emish. Bo‘z bola oshni yeb qornini to‘yg‘azibdi. Mana shunday qilib, har kuni kuygan nonni echkiga berib, o‘zi yo‘qdan keladigan oshni yeb, o‘ynab-kulib yura beribdi. Bu voqeani bir kun o‘gay ona ko‘rib qolib, o‘z onasiga so‘zlabdi. Kampir bir oz o‘ylab turib: — Buning ishi oson, sen ering kelar kuni o‘zingni kasallikka solib yot, ering so‘rasa: «Menga jin tegibdi», degin. Folbin: «Bo‘z bolaning echkisini so‘yib xudoyi qilsang yaxshi bo‘lasan» dedi, degin. Ering so‘zingni qaytarmaydi-da, echkini so‘yadi, shunda sen qutulasan-qo‘yasan, — debdi. Xotin eri kelgan kuni onasi aytgandek qilib yig‘lab, eriga zorlanib so‘zlabdi, eri darrov qassobni chaqirib echkini so‘yishga buyuribdi. Go‘shtini xudoyi qilib, kallasini somonxonaga ko‘mdiribdi. Bo‘z bola maktabdan kelib ko‘rsa, echkisi yo‘q. Ukasidan so‘rasa, ukasi: — Otam keldilar, onam kasal bo‘ldi, echkingizni so‘ydirib xudoyi qildik, kallasini somonxonaga ko‘mdik, — debdi. Bo‘z bola qarasa voqea ukasi aytganday. Bo‘z bola ukasiga: — Endi bizga bu yurt harom bo‘ldi. Onamga ham, otamga ham ayt, endi mendan butunlay qutuldilar, men ketdim, —deb jo‘nabdi. Chunki echkisi bir kun ilgari Bo‘z bolaga: «Ertaga otang keladi, onang meni so‘ydirib xudoyi qiladi. Meni so‘ydirgandan so‘ng sen bu yerda turma. Onang senga ziyon qiladi, boshqa tomonga ket», degan ekan. Bo‘z bola ketayotgan ekan, ko‘chada ikki jonajon o‘rtog‘i uchrab: — Yo‘l bo‘lsin? — debdi. Bo‘z bola ularga hamma voqeani aytib, endi men bu yerda turmayman, xayr, ketdim, — debdi. Ikki o‘rtog‘i: «To‘xta, bo‘lmasa biz ham sen bilan birga boramiz, biz ham senga o‘xshash o‘gay ona qo‘lida ezilganlardan, sen qayga borsdng biz ham shunda boramiz», deb birga jo‘nashnbdi. Bo‘z bolaning otasi kichik o‘g‘li, akam ketib qoldi, deb yig‘lab kirganiii bilib ketidln yugurib chiqib, chaqiribdi, bolalar qaramay keta beribdilar. Otasi Bo‘z bolaga, bo‘lmasa biror narsa olib ket, deb shuni aytibdi: Bo‘z bolaxon, Bo‘z bola, Bo‘zlarda bitgan lola. Qo‘tondagi qo‘ylardan — Haydab ketgin Bo‘z bola. Bo‘z bolaxon, Bo‘z bola, Bo‘zlarda bitgan lola. Yilqidagi otlardan — Mina ketgin, Bo‘z bola. Bo‘z bolaxon, Bo‘z bola, Bo‘zlarda bitgan lola. Bo‘g‘chadagi to‘nlardan — Kiya ketgin, Bo‘z bola. Bo‘z bolaxon, Bo‘z bola, Bo‘zlarda bitgan lola. G’aznadagi pullardan — Ola ketgin, Bo‘z bola. Bo‘z bolaning juda ham achchig‘i chiqib: Qo‘tondagi qo‘ylaring, O’n oshingga so‘yilsin. Yilqidagi otlaring, Ma’rakangga so‘yilsin. Bo‘g‘chadagi to‘nlaring, Tovutingga yopilsin. G’aznadagi pullaring, Tovutingdan sochilsin, deb otasining so‘ziga qaramay, badar keta beribdi. Uch o‘rtoq uch og‘aynidek yura beribdilar. Yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishibdi. Qumlar bosib, cho‘l kezib, Daryo kechib, tog‘ oshib, Uch og‘ayni yurdilar, Gurunglashib, o‘ynashib. Yurib-yurib bir daraxtzorga borishibdi. Bir oz ovqatlanib, dam olib o‘tirishgan ekan, bir daraxt shoxida bir lochinni ko‘rishibdi. Uni tutib olib keta berishibdi. Yo‘lda tog‘ orasida bir tozi it yurgan ekan, uni ham tutib olishibdi. Yo‘lda qush bir tomonga qarab intilibdi, qarasalar bir to‘da kaklik yurgan ekan, qush shu kakliklarga intilgan ekan. Itni yuborib, kakliklarei uchirib, qushni solishibdi. Qush kakliklardan birini olib davra solib ko‘tarilib keta beribdi. It ham qushning ketidan ketaveribdi. Bular ham qush bilan it ketidan «max-max»lashib quvib keta beribdilar. Qush borib-borib bir yerga qo‘nibdi. Qush tushgan joyga borsalar, bir ulug‘ daryo labida xonlar saroyiga o‘xshash bir imorati oliy bor emish. Qush esa shu imoratning kungirasiga qo‘nibdi. Qushni chaqirsalar sira qaramabdi. O’zi kelar, deb bir daraxt tagiga o‘tirib, ovqatlanib, yaslanib uxlab qolishibdi. Bulardan birining uyqusi kelmay o‘tirgan ekan, saroydan bir qiz chiqibdi, uning qo‘lida oltin obdasta bor ekan, u qiz daryodan suz olib turib yotganlarga qarab, Bo‘z bolaning chiroyiga mahliyo bo‘lib qo‘lidagi oltin obdastasini daryoga tushirib yuboribdi. Qiz kelib, uyg‘oq yigitdan: — Sizlar kimsizlar, qaydan kelasizlar, qayga borasizlar, bu yotgan ofatijon kim? — deb so‘rabdi. Unga yigit butun boshidan o‘tgan, kurgan-kechirganlarini so‘zlab, yotgan yigit o‘rtog‘i Bo‘z bola ekanini aytibdi va: — Sen o‘zing kimsan, bu kimning joyi? — deb so‘rabdi. Qiz: — Bu saroy shu yurtning xoni Oytug‘dixonning qizi Oyparcha begimning maxsus saroyi, men uning cho‘risiman. Xon bugun-erta qizini uzatadi, men Oyparcha begimning sochlarini yuvmoq uchun suvga chiqqan edim. Sizlarni ko‘rib, esim og‘ib, obdastamni suvga tushirib yubordim. Endi Oyparcha begimga nima javob beraman?! — deb yig‘labdi. Yigitning qizga rahmi kelib, yechinib suvga sho‘ng‘ib, oltin obdastani topolmabdi. Qiz esa yig‘lab-yig‘lab saroyga kirib ketibdi. Oyparcha begim cho‘rini koyib, kech qolganining sababini so‘rab, obdasta bilan suvni talab qilibdi. Cho‘ri ko‘rganlarini so‘zlab, Bo‘z bolaning chiroyini xon qiziga maqtabdi, Oyparchaning shavqi ortib, qiziqib daryo tomonga qaratib qurilgan eshikchani ochib qarasa: aytganidek uch yigit yotibdi. Ular biri biridan chiroyli, hammasidan ham cho‘ri qiz aytgandek o‘rtada yotgan Bo‘z bola juda ham chiroyli. Ko‘ra solib ishq o‘ti yuragiga tegib, «voh» deb o‘zini tashlabdi. Cho‘ri qiz gulob sepib Oyparchani o‘ziga keltiribdi. Xon qizi cho‘ridan ikki olma keltirmoqni so‘rabdi. Cho‘ri ikki qizil olma keltirib beribdi. Oyparcha mo‘ljallab turib, olmani Bo‘z bolaga irg‘itib, uyg‘otibdi. Bo‘z bola uyg‘onib qarasa, yuqori eshikchada bir qizil gul ochilib-kulib, yuz noz-karashma bilan buralib turibdi. Bu qanday qiz ekan yoki tushimmikan, deb ko‘zini uqalab qarab tursa, qiz bir qizil olmani Bo‘z bola tomon irg‘itib, eshikni bekitib, yana ochib qarabdi. Bo‘z bola ham bir ko‘rishdayoq oshiqi beqaror bo‘lib, yonidan ro‘molchasini olib, hilpiratib, yuragiga bosibdi, ya’ni xon qiziga: «men seni sevaman, yaqinimga kel», degan ishoratiga «men ham seni sevaman», deb yurak alangasini ishora bnlan ma’lum qilibdi, irg‘ib o‘rnidan turib, saroy tagiga borib, uning kim ekanini so‘rabdi. Ikkalasi bir-birining kim ekanligini so‘rashganidai keyin, xon qizi: — Meni otam bir sevmagan xonzodaga bermoqchi, sen istasang boshqa tomonlarga qochib ketamiz, — debdi. Bo‘z bola: — Mening ikkita o‘rtog‘im bor, ularni nima qilamiz? — debdi. Qiz: — Ular ketimizdan borarlar, sen kechqurun el uxlagan chog‘da shu yerga kel, men ikki ot bilan seni kutaman, birga qochamiz, — debdi. Bo‘z bola «xo‘p» deb o‘rtoqlari yoniga qaytib, voqeani ularga aytib, kechqurun el uxlagan chog‘da do‘stlari bilan xayrlashib, saroy tomon borsa, qiz otlar bilan tayyor bo‘lib, kutib turgan ekan. Ikkalasi otlarga minishib, saroy va yurti bilan xayrlashib, ota-onasi bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, hayyo-hayt, deb yo‘lga tushibdi. Ikkala yor jo‘nadi, Sahrolarni changitib, Quvalashib, o‘ynashib, Tog‘larda ot sakratib. Ikkala yor jo‘nadi, El uyquga kirganda. Quchoqlashdi, o‘pishdi, Oy mo‘ralab turganda. Shu yurganlaricha yo‘l yurib, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurib, besh kechayu besh kunduz deganda baland bir qo‘rg‘onga yetibdilar, egaigidan kirib qarasalar, xonlar saroyidek oliy imoratlaru ichida hech kim yo‘q. Tavakkal qilib tushib qarasalar, uylar bezog‘lik, paloslar solingan, odam bolasidan hech zot yo‘q. U yon-bu yon qarasalar, yo‘qotilgan qush bilan it shu yerda ekan. Hayron bo‘lib, qush va itga ovqat beribdilar, itning boshini silabdilar. Har ikkalasi u yoq-bu yoqni qarab, hamma yoqni o‘zlariniki qilib olishibdi. Bugun o‘n kun bo‘ladi deganda, haligi qolgan ikki o‘rtoqlari ham yetib kelishib, Bo‘z bolani shu qo‘rg‘ondan topishib, hammalari har kun galma-gal ov qilib shu qo‘rg‘onda umr o‘tkazib yurishibdi. Endigi so‘zni xon tomondan eshiting. Xon qizini turkman xonining o‘g‘liga bergan ekan. Bular qochgan kunning ertasiga turkman xonining o‘g‘li asasa-yu dabdaba bilan qizni kelin qilib tushirib olib ketmoqqa kelibdi. Eshitsa, xon qizi bir noma’lum kishi bilan qochgan yoki o‘zi qochgan. Xon har tomonni qidirtirib kishilar yuboribdi. Kuyov hayron bo‘lib, qo‘shin tushirib yota beribdi. Qidiruvchilar bir qancha kunlar sarson bo‘lib, oxiri yo‘llari Bo‘z bola turgan qo‘rg‘onga to‘g‘ri kelib qoladilar. Qarasalar: xon tomonidan qamoq qilinib qo‘ygan qo‘rg‘ondan tutun chiqmoqda. Hayron bo‘lib, bu yerga kim kelib, xondan qo‘rqmay joy qilgan ekan, deb kirib qarasalar, qiz qochgan kuni xonnipg otxonasidan yo‘qolgan otdan biri turibdi. Ular birga kelgan kampirni ichkari kirgizibdilar. Kampir sekin qaytib chiqib: «Xon qizi shunda ekan», debdi. Yasovullar bosib kirib, Bo‘z bolani tutib, tut yog‘ochga bog‘lab, xon qizini behush qilib otga o‘ngarib ketmoqchi bo‘lganlarida, Bo‘z bola yig‘lab yigitlarga qarab shunday debdi: Tog‘dan kelgan botirlar, Yaxshi yigit shotirlar, Yorim olib ketmanglar, Bizga zulm etmaganlar! Shunqorimni soldirib, Burgutlarga oldirib, Tutga bog‘lab qoldirib, Meni tashlab ketmanglar! Birga elting bo‘lmasa, Yo o‘ldiring bo‘lmasa, Yigit bo‘lib, ot minib, Nomardlikni qilmanglar! Yigitlardan birining achchig‘i chiqib: — Xon qizini o‘g‘irlab kelib, yana tilingni tiymaysan, — deb qilich bilan bir uribdi, qizni olib jo‘nashibdi. Kechqurun ikki o‘rtog‘i ovdan qaytib kelsalar, Bo‘z bolani o‘ldirib, Oyparchani o‘g‘irlab ketibdilar. Bo‘z bola uchun yig‘lab, o‘ligini tutdan yechib olib, o‘tirib maslahat qilib, o‘rtog‘imizning o‘ligini begona joylarda qoldirmaymiz, deb otga ortib jo‘nashibdi. Yura-yura adashib Oytug‘dixonning shahariga kelib qolishibdi. Endi, xon bilib qolmasin, deb Bo‘z bolaning o‘ligini bir yerga ko‘mib, ustiga qovoq ekib, uning atrofini obod qilib, chayla tikib, ikkalasi darvesh kiyimini kiyib, shunda, o‘rtoqlarining boshidan duoyi takbir qilib o‘tirishibdi. Xon qizini saroyga keltirgandan keyin, qiz otasiga: — Men endi er qilmayman, — debdi. Xon noiloj, kuyovni qancha sarpolar bilan aldab, zo‘rg‘a jo‘natibdi. Oyparcha o‘z saroyidan boshqa yerlarga chiqmay, Bo‘z bola ishqida kecha-kunduz yig‘lab yotib olibdi. Doim ishi, biror yurtdan bir darvesh yoki jahongashtalardan kelib qolsa, ularni gapga solib, Bo‘z boladan darak so‘rar ekan. Chunki, u Bo‘z bolaning o‘lganini ko‘rmagan, hali tirik deb gumon qilar ekan. Darveshlar kelsa kuylatib, ko‘rgan-kechirganlaridan so‘ylatib, shuning bilan ovunar ekan. Bir kuni uning bir cho‘risi Bo‘z bola tomonidan o‘tib qolib, uning darvesh o‘rtoqlarini g‘amli-alamli kuylab o‘tirganlarini eshitib, Oyparchaga so‘zlab beribdi. Oyparcha darrov kishi yuborib, o‘sha ikki darveshni keltirib, gapirib, kuylab bermoqlarini so‘rabdi. Darveshlar darhol Oyparchani tanib, o‘rtoqlari Bo‘z bola eslariga tushib, ko‘z yoshi qilib yuraklaridan kuylabdilar: Tuya ketar tog‘ oshib, Bo‘talog‘i ergashib, Hech jahonda bormidi, Bo‘z boladek bo‘z yigit. Qo‘ylar kelar ma’rashib, Qo‘zichog‘i ergashib, Hech jahonda bormidi, Bo‘z boladek bo‘z yigit. Oyparcha ko‘nglida qidirganidan darak topganiga suyunib darveshlarga bir kurak oltin berib, yana aytmoqlarini so‘rabdi. Darveshlar oldingidan ham dardliroq qilib yig‘lab, kuylashibdi: Bo‘z bolaning gavdasi, Tut yog‘ochga osildi. Nomard yigit qo‘lida, Boshi qo‘ydek kesildi. Bo‘z bolaxon, bo‘z yigit, Sara yigit, er yigit. Hech jahonda bormidi, Bo‘z boladek bo‘z yigit?! Buni eshitib, Oyparcha begim behush bo‘lib yiqilib, bir ozdan so‘ng hushiga kelib, qon-qon yig‘lab, darveshlardan Bo‘z bolaning o‘ligi qaerda ekanini so‘rabdi. Darveshlar o‘zlarini tanitib, o‘likning o‘zlari turgan joyda ekanini aytibdilar. Oyparcha begim darrov arava qo‘shdirib borib, go‘rini ochib, Bo‘z bolaning o‘ligi ustiga o‘zini tashlab, oh urib jon beribdi. Oytug‘dixon buni eshitib kelib qarasa, qizi o‘lib yotibdi. Qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, yig‘lab-yig‘lab, Bo‘z bolani o‘ldirganlarga g‘azab qilibdi. Keyin Bo‘z bola bilan Oyparcha begim ustilariga maqbara qilib, qizining azasi bilan umr o‘tkazibdi. Download 141.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling