Burxanova feruza abdurazaqovna
U aql, his nuridan pokdir, judo
Download 282.34 Kb.
|
DISSERTATSIYA БУРХАНОВА ФЕРУЗА АБДУРАЗАҚОВНА
- Bu sahifa navigatsiya:
- UMUMIY XULOSALAR
U aql, his nuridan pokdir, judo...” 181 degan satrlarni yozmagan. Ayonki, ko‘ngil nuri Olloh nuridir, “bu nur shu qadar oliydirki, u aqlu hisdan pok, zehnga taalluqli turli tahminotdan ayridir”182.
Hikoyaning nomlanishida ham shu hikmat mujassam. “Uzoqdagi Dilnura”, ya’ni pokiza qalb egasi, bevaqt o‘lim topgan mehri daryo qizaloqning yohud faxsh botqog‘iga botgan ayolning ismigina emas, balki Kozim timsolida nafs balosiga mubtalo bo‘lgan nursiz qalblarning poetik ifodasi. Dilning bebaho jabhari bo‘lgan nurdan yiroqlashishi, kirlanishi. Asar kitobxonni mana shu nafs balosi bo‘lmish zulmatdan ogoh etishi bilan e’tiborli. Qalbni ma’naviy nur bilan munavvar etish, dil pokligiga intilish va shu orqali oliy haqiqatga erishish adib estetik ideali va konsepsiyasining yetakchi tamoyillaridan biridir. U. Hamdamning “Vatan haqida qo‘shiq” nomli romanlar va hikoyalardan iborat to‘plamidan o‘rin olgan hikoyalar mavzu ko‘lami, ifoda usuli, badiiy tasvir vositalari turlicha bo‘lsa-da, ularni yagona nuqta Inson va uning taqdiri, idealga, o‘zlikni anglashga intilishi, umuman, insoniylik konsepsiyasi birlashtirib turadi. Adabiyotshunos U.Normatov kitobga yozgan so‘ng so‘zida muallifni o‘zgacha yo‘nalish va uslubda ijod etayotgan ijodkor sifatida qaraydi: “Tamomila o‘zgacha - rivoyat usuli, uslubida bitilgan, poetik tuzilishi, inson qismati, ma’no ko‘lami ifodasi jihatidan “Na’matak” ka yaqin turadigan “Safar”, “Vatan haqida qo‘shiq” na an’anaviy, na modern, na postmodern qolipiga tushmaydigan hikoyalar muallif ijodida yangi bir tamoyil boshlanayotganidan dalolat bo‘lsa ajab emas”183, deb yozadi. Ushbu to‘plam hikoyalar qismidagi ilk hikoya asar nomi bilan “Vatan haqida qo‘shiq” deb nomlanadi. Hikoya haqiqiy vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, ajdodlarga ehtirom ruhida yozilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Sarlavha-hikoya “Yo‘l” romani tarkibida kelgani bois yuqoridagi kuzatishlarimizda ushbu asarni tahlilga torgan edik. To‘plamdagi “Pillapoya” hikoyasi munaqqid ta’kidlaganidek, hech bir “izm”lar qolipiga tushmaydigan, lekin mohiyatida juda katta hayotiy mazmunni mujassamlashtirgan asarlardan biridir. Ustozlarga bag‘ishlangan bu asarda Bahouddin Naqshbandning “Agar haqiqat mening yuzimga oyoq bosib o‘tishni taqozo etsa-yu, sen buni qilmasang, aslo rozi emasman”184 naqli hamda Erkin Vohidovning “Pillapoya bo‘ldim senga, azizim, Sen ham gal kelganda pillapoya bo‘l... kabi satrlari epigraf etib olingan. Adib ushbu purhikmat fikrlarni asar mohiyatiga hamohang tarzda o‘rinli keltirgan. Xo‘sh, yozuvchi nima sababdan hikoyani “Pillapoya” deb nomlagan? Pillapoya badiiy detaliga qanday ramziy ma’no yuklagan? Pillapoya nimaning ramzi? Kuzatishimizga ko‘ra, pillapoya pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib manzil sari eltuvchi vosita. Pillapoya - inson hayot yo‘lining ramziy ifodasi. Asarda tasvirlanganidek, bu yo‘lni har kim o‘z xohish-istagi, maqsad- muddaosi, dunyoqarashi, imkoniyat darajasiga qarab har xil bosib o‘tadi. Deyarli aksariyat insonlar bu hayot yo‘lida yanada yuqoriroq cho‘qqilarni zabt etishni ko‘zlaydi. Hikoyada tasvirlangan omma ham pillapoyalardan odimlar ekan, imkon qadar yuqoriroq manzilni zabt etishga intiladi. Kuch-g‘ayratga to‘la, qalbi yuksak orzu-umidlarga limmo-lim yoshlar, ayniqsa, bu yo‘lda shijoat bilan harakatlansa, qariyalar esa aksincha hafsalasiz, ortga nazar tashlab, bosib o‘tgan umr yo‘llarini tahlil etib xulosa chiqarib ohista odimlaydilar. Bu pillapoya kimgadir yashash tarzi, kimdir uchun yaratuvchilik, ijod ishqi, kimgadir nafs o‘pqonini qondirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar vositasi va h.k. Xuddi shu yo‘sin har kim hikoyaning har xil talqinini istagancha davom ettiraverishi mumkin. Muhimi, hikoya kitobxonni hayot haqida, yashashdan maqsad, ma’no-mazmun izlashga, kishini mushohada yuritishga undashi bilan ham ahamiyatlidir. Yozuvchining badiiy niyati, hikoya yozishdan maqsadi ham shu, aslida. Umuman olganda, U.Hamdam ijodida yo‘l va yo‘lovchi poetik detallari yetakchi mavqeni egallaydi. “Pillapoya”, “Bir piyola suv”, “Lola” hikoyalari va “Yo‘l” romanida poetik timsol darajasiga ko‘tarilgan mazkur poetik ramzlar yozuvchining adabiy-estetik qarashlari mohiyat e’tibori bilan milliy va umumbashariy zaminga egaligidan dalolat beradi. bob bo‘yicha xulosalar Yozuvchi adabiy-estetik qarashlarida alohida e’tibor qaratiladigan, ijodiy prinsip darajasiga ko‘tarilgan inson botiniy olami tasviri, ya’ni qalbga evrilishi adib ijodining xos jihatlaridan biridir. Ijodkor asarlarida ko‘ngil turli xil poetik obraz, timsol, metaforik tasvir-u shakllarda tasvirlansa-da, ijodkor konsepsiyasi o‘zgarmaydi - o‘zligini anglash, ko‘ngil manzaralarini chizish bosh mavzuligicha qolaveradi. U.Hamdamning adabiyot va uning mohiyatida inson botiniy olami, qalb tuyg‘ulari aks etishi kerak, degan adabiy-estetik qarashi o‘z ijodining mohiyatida obrazlar tizimi va ifoda yo‘sinida faol aks etgan. U.Hamdamning lirik va epik ijodida turli ramzlar, ayniqsa, atirgul obrazi muhim estetik vazifa bajaradi. U atirgulni ko‘ngilga qiyos 145 qilib, poetik obraz darajasiga ko‘taradi va uning qizilligini yurak qoniga mengzaydi. Darhaqiqat, ezgulikka intilayotgan inson qalbi atirguldek go‘zal va tarovatli. Atirgul yozuvchi qahramonlari ruhiyatini, hayot tarzi, maqsad ideali, dardu iztiroblarini ifodalovchi asosiy poetik vositaga aylangan. “Yo‘l” va “yo‘lovchi” obrazlari U. Hamdam ijodida turfa rakurslarda namoyon bo‘ladi. Jumladan, “Atirgul”, “Tarjimai hol”, “Ishq yo‘lida” she’rlarida mazkur obrazlar ijodkorning hayot yo‘li, bu yo‘ldagi turfa xil ziddiyatlar, kurashlar, chigalliklarni ifodalasa, “Yo‘l” romani, “Bir piyola suv” hikoyasi,“Sen - ko‘zlarim”, “Inson”, “Eng jajji she’riy roman” kabi she’rlari va ayrim to‘rtliklaridagi “yo‘l” poetik obrazlari esa insonga o‘zligini anglatguvchi, ilohiy haqiqatga yetkazuvchi vosita, kamolot yo‘li singari badiiy-estetik mazmunni majoziy ranglarda aks ettiradi. U.Hamdam she’riyatining, umuman, ijodining mavzu ko‘lami rang- barang bo‘lsa-da, ularni bir umumiy ruh birlashtirib turadi. Inson qalbiga qarab evrilish, ichki kolliziya, dard-iztirob, ruhiy ziddiyat, o‘zlikni anglash, mohiyatga yetish bosh kechinma sifatida ifodalanadi. Bu muallif adabiy-estetik qarashlaridagi ijodiy parallelizmidan nishonadir. U. Hamdam adabiy-estetik qarashlaridan yana bir prinsipini badiiy asarda katta hayotiy xaqiqatlar ustuvorligi masalasi tashkil etadi. Ushbu adabiy-estetik qarash yozuvchi asarlarining o‘q tomirini tashkil etadi. Bu jihat ikki badiiy prinsip uyg‘unligida ko‘rinadi: a) hayotiy haqiqatlarni bevosita realistik yo‘sinda aks ettirish (“Muvozanat”, “Isyon va itoat” romanlari); b) hayot haqiqatini bevosita va ramzlar asosida poetik talqin qilish (“Na’matak”, “Sabo va Samandar”, “Yo‘l”, “Yolg‘izlik” va b.). U. Hamdamning Sharq mumtoz falsafasini, xususan, asl rumiyona falsafani o‘z asarlari mohiyatiga singdirib yuborishi, inson qalbi manzaralarini, qalb evrilishlarini badiiy ramzlarda ifodalashi uning milliy, umuminsoniy ko‘lamga tomon intilayotganidan dalolat beradi. U.Hamdam ijodida uning adabiyot nazariyasi va falsafasi, adabiy tanqid, badiiy so‘z haqidagi ilmiy qarashlari sintezi yetakchilik qiladi. Unda olimlik va munaqqidlik, insonparvarlik va yozuvchilik fazilatlari uyg‘unlashib ketganki, bu ilm-ma’rifatli ijodkorlarning millat ma’naviyati uchun naqadar muhim o‘rin tutishidan dalolat beradi. Umuman, ijodkor adabiy-estetik qarashlari va badiiyat dunyosini qiyosiy o‘rganish, milliy adabiyotimiz hamda adabiyotshunosligining salmoqli amaliy natijalar berishini ta’minlaydi. O‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti maydoniga daxldor etadi. UMUMIY XULOSALAR Jahon va o‘zbek adabiyotshunosligi badiiy ijodning serqirraligi, uning turli ma’naviy, ma’rifiy, ijtimoiy, badiiy-psixologik hamda falsafiy omillardan kuch olib shakllanishi va taraqqiy etishini ta’kidlab keladi. Haqiqatan ham, ijodiy jarayon ko‘p qirrali hodisadir. Ijodiy jarayon, birinchi navbatda, ijtimoiy-biologik shaxsga xos tushuncha. Shaxsga xos ruhiy-ma’naviy ehtiyojlar va istaklar insonda ijodkorlik xususiyatlarini shakllantirishga omil bo‘lgan. O‘zi ko‘rib, his 147 etib yashayotgan dunyosi haqida fikr yuritgan ijodkor izlanishlari san’at asarini maydonga keltiradi. Shuningdek, moddiy-biologik ehtiyojlarning ham shaxs va ijodiy jarayonning shakllanishida muhim o‘rni bor. Badiiy tafakkur tarixida ijodkor shaxsiyati va ijodiy jarayonni ijtimoiy hodisalar bilan mushtarak talqin etish, shaxs tushunchasini ijtimoiy hayot voqeligiga bog‘lab tushuntirishga urinishlar ham jahon adabiyotshunosligiga xos bir tamoyil hisoblanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, badiiy ijod sof ijtimoiy hodisa bo‘la olmaganidek, ijodiy jarayon va ijodkor shaxsi ham butkul ijtimoiy asosda o‘rganilishi mumkin emas. Badiiy ijod va ijodkor shaxsiyati bizningcha, yuqorida sanalgan barcha jarayonlarni o‘zida mujassam etadi. Ijodkor shaxs o‘zini o‘rab turgan ilohiy, ma’naviy, ijtimoiy, falsafiy, maishiy, milliy, umuminsoniy, biografik ta’sirlardan xoli bo‘la olmaydi. Shu nuqtai nazardan har bir ijodkorda shaxs va uning estetik pozisiyasi parallel holatda namoyon bo‘lishi qonuniydir. Muayyan ijodkor va uning har bir asari dunyoga kelishida ikki omil muhim o‘rin tutadi: 1) tashqi omillar. Bu siraga ijtimoiy, maishiy va biografik hayot voqeligi; 2) ichki omillarga ijodkor xarakteri, psixologik holatlari, ichki “men”iga xos kechinmalar tizimidir. Ijodiy jarayonda ilhom yozuvchini badiiy ijodga yo‘naltiradigan psixologik holatdir. Shuningdek, ilhom ijodkorlik hissi, yozish zavq- shavqi, pafosini oshiradi. Ilhom bilan ijod etilgan asar o‘quvchiga ham yuqadi. Ijod jarayonida, xususan, epik qamrovdorlik muhim hisoblangan nasriy ijodda tuyg‘u va tafakkurning uyg‘un bo‘lishi qonuniyat hisoblanadi. Tuyg‘uga yo‘g‘rilmagan epik obraz badiiylik kasb eta olmaganidek, tafakkur yetakchilik qilmagan his-tuyg‘u ham epik ijod namunasi bo‘lishi mumkin emas. Yozuvchining: a) ijod jarayonida shaxs darajasiga ko‘tarilishi, o‘zligini anglashi; b) oddiy odamlardan farqlanuvchi ichki intuisiyaga 148 egaligi; v) ilhom jarayonlarini to‘g‘ri anglab, uni to‘g‘ri tarbiyalashi haqiqiy ijodkorning dunyoga kelishiga asos bo‘ladi. Yozuvchi fenomenini u mansub jamiyat orasida amal qilayotgan falsafalar, psixologik jarayonlar shakllantiradi, ularga nisbatan aniq pozisiyaning mavjudligi ijodkor shaxsiyatining ma’naviy-estetik darajasini belgilaydi. O‘z falsafiy qarashlari xususida muayyan to‘xtamga ega bo‘lgan, uni bashariyat manfaatlariga muvofiqlashtira olgan shaxsgina ijodkor atalishga munosibdir. Xos shaxsiyati, falsafasi, ijodiy prinsiplari, adabiy-ilmiy konsepsiyasiga ega yozuvchigina adabiy jarayonning faol a’zosiga aylanadi. Uning tabiat, jamiyat, inson shaxsiyati, san’at va madaniyat haqida aytgan fikrlari umummilliy, umuminsoniy ko‘lamni ishg‘ol etadi. Ma’lumki, badiiy adabiyotning maqsadi tasvir markazidagi inson, uning ichki dunyosini tadrijiylik asosida badiiy tasvir etishdir. N.Eshonqulning aksariyat asarlarida inson va uning ko‘ngil olami, ruhiy kechinmalari badiiy talqin etishga qaratilgani bilan muhimdir. Yozuvchining adabiyot haqidagi kuzatishlari asosida o‘z adabiy-estetik pozisiyasini belgilash xosdir. Unga xos estetik pozisiya ijod laboratoriyasi va ijod psixologiyasini o‘rganishda muhim manba bo‘ladi. Nazar Eshonqul estetikasida har bir ijodkor o‘z qiyofasiga ega bo‘lishi uchun tashqi omillardan tashqari ichki “men”ini anglashi, individual shaxsni namoyon qiladigan tafakkuru tasavvur olamini namoyon etmog‘i kerak. Yozuvchi o‘z asarlarida insonni, uning mohiyatini anglash va ochishga harakat qilar ekan, turli xil badiiy tasvir usullari va vositalaridan samarali foydalanishga urinadi. Falsafiy qarashlarini badiiy obrazlar, psixologik talqinlar, noyob motivlarga singdiradi. Nazar Eshonqulning ijtimoiy-estetik qarashlarida Gʻarb zamonaviy adabiyoti, ayniqsa, F.Kafka qarashlariga mushtaraklik kuzatiladi. F.Kafka va N.Eshonqul ijtimoiy-estetik qarashlari va badiiy asarlariga xos parallelizm ulardagi ramziy ma’nolarning bo‘rtib turishida, vokelikning 149 an’anaviy vositalar asosida emas, balki g‘ayritabiiy, ong oqimiga xos tasvir orqali ifodalanishida ko‘rinadi. Uning estetik qarashlari mazmun- mohiyatida milliy ma’naviyat ijtimoiy hurlik, erkin shaxs konsepsiyasi yetakchidir. Nazar Eshonqulning “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Yalpiz hidi”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qultoy” kabi qissa va hikoyalarida milliylik, ma’naviy barkamollik, odamiylik va yuksak insoniy tuyg‘ular tarannum etilgan. Uning milliy, ijtimoiy, maishiy va shaxs haqidagi qarashlari, “ommaviy madaniyat” va olomonchilikka doir chuqur xulosalari bugungi adabiy, falsafiy, estetik qarashlari asosini tashkil qilgan. U “ommaviy madaniyat” xavfiga milliy qadriyatlar, ma’naviy an’analarni qarshi qo‘ygan. Bu konsepsiyasini “Momoqo‘shiq” asaridagi syujet talqini, obrazlar mutanosibligida badiiy ifodalashga erishgan. Ayni paytda, yozuvchi biografiyasidagi eng ta’sirchan voqealar uning “Urush odamlari”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Momoqo‘shiq” asarlarida o‘z ifodasini topgan. Nazar Eshonqul ijodida musiqa, tovush, ohang, suratlar, ranglar ramziy ma’no kasb etib, qahramon ruhiyatini ochishga xizmat qilgan. Shu bilan birga asarlaridagi ifoda va badiiy talqin originalligiga asos bo‘lgan. N.Eshonqul ijodiga xos bunday xususiyatlarning barchasi undagi ijodiy niyat va badiiy ifoda sintezini ta’minlagan. Nazar Eshonqul “Urush odamlari” qissasidan “Qo‘l” hikoyasiga qadar xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosidan, eng avvalo xalq og‘zaki ijodi durdonalari, milliy qadriyatlarni aks ettirgan. Gʻarb badiiy tafakkuri namunalarini chuqur o‘zlashtirib, milliy adabiyot bilan sintezlashga erishgan. Yozuvchi adabiy-estetik qarashlarida alohida e’tibor qaratiladigan, ijodiy prinsip darajasiga ko‘tarilgan inson botiniy olami tasviri, qalbga evrilishi prinsipi U.Hamdam ijodining yetakchi tamoyili hisoblanadi. Asarlaridagi ko‘ngil obrazi, poetik obrazlar xilma-xilligi, timsollar qorishiqligi, metaforik tasvir usuli ayni tamoyil asoslarini tashkil qiladi. Ulug‘bek Hamdamning adabiyot va uning mohiyatida inson botiniy olami, qalb tuyg‘ulari aks etishi kerak, degan adabiy-estetik konsepsiyasi lirik va epik ijodida turli ramzlar vositasida aks ettirilgan. Epik va lirik asarlaridagi atirgul obrazi muhim umumlashma estetik vazifani bajarib keladi. Shuningdek, “yo‘l” va “yo‘lovchi” obrazlari U.Hamdam ijodida falsafiy-badiiy ma’no tashiydi. Jumladan,“Atirgul”, “Tarjimai hol”, “Ishq yo‘lida” she’rlarida mazkur obrazlar ijodkorning hayot yo‘li, bu yo‘ldagi turfa xil ziddiyatlar, kurashlar, chigalliklarni ifodalab keladi. “Yo‘l” romani, “Bir piyola suv” hikoyasi insonga o‘zligini anglatguvchi, ilohiy haqiqatga yetkazuvchi vosita, kamolot yo‘li metaforasini anglatadi. Ulug‘bek Hamdam ijodining mavzu ko‘lami rang-barang. Ularni bir umumiy falsafa, milliy va bashariy ruh uyg‘unlashtirib turadi. Qalb evrilishlari, ichki kolliziya, dard-iztirob, ruhiy ziddiyat, o‘zlikni anglash, mohiyatga yetish yetakchi pafos bo‘lib keladi. Yozuvchi ijodiy prinsiplari ulkan hayotiy xaqiqatlarga moyilligi, ularni ilmiy, tanqidiy, falsafiy asarlarida aks ettirishida ko‘rinadi. Umumbashariy haqiqat talqini yozuvchi asarlarining o‘q tomirini tashkil etadi. Bular: a) hayotiy haqiqatlarni bevosita realistik yo‘sinda aks ettirish (“Muvozanat”, “Isyon va itoat” romanlari); b) hayot haqiqatini bevosita va ramzlar asosida poetik talqin qilish (“Na’matak”, “Sabo va Samandar”, “Yo‘l”, “Yolg‘izlik” va b.)da namoyon bo‘ladi. Ulug‘bek Hamdam Sharq mumtoz falsafasi, xususan, Jaloliddin Rumiy falsafasini o‘z asarlari mohiyatiga singdirib yuborgan. Gʻarb adabiyoti bilan milliy falsafamizni jamlab, o‘ziga xos yangi ifoda usulini kashf etgan ijodkordir. Yozuvchi ijodida uning adabiyot nazariyasi va falsafasi, adabiy tanqid, badiiy so‘z haqidagi ilmiy qarashlari sintezi muhim rol o‘ynaydi. Unda 151 olimlik va munaqqidlik, gumanizm g‘oyalari mujassam shaklda aks etadiki, bu yangi o‘zbek adabiyotining muhim yutuqlaridan biridir. Xullas, ijodkor badiiy konsepsiyasining ilmiy, adabiy-tanqidiy, nazariy-estetik, falsafiy, biografik va psixologik aspektlarda mushtarak o‘rganilishi, muhim ma’naviy natijalarga olib keladi. Download 282.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling