Bo’zchi qo’shiqlari. O’tmishda turli matolarga bo’lgan ehtiyoj faqat qo’l mehnati orqali, oddiy to’qish dastgohlari vositasida qondirilgan.
Hozirgidek to’qimachilik sanoati mavjud bo’lmagan.
Mehnatkash, hunarmand kishilar oddiy dastgohlarda atlas, kimxob kabi matolar bilan bir qatorda bo’z ham to’qiganlar. Bo’z arzon va pishiq, qishda issiq, yozda esa salqin bo’lishi tufayli atlas va kimxobga nisbatan ancha xaridorgir bo’lgan. Uni ko’pincha mehnatkash xalq olib kiygan. Atlas va kimxobni to’yda kiyish o’rinli bo’lsa, bo’zni kundalik mehnat jarayonida kiyish ancha qulay bo’lgan.
Bo’z to’qish dastgohlari zax va qorong’i hujralarda joylashgan. Bo’z to’quvchini bo’zchi deb aytganlar. Bo’z to’qish nihoyatda qiyin yumush bo’lgan. Bo’z to’qish uchun kecha-kunduz dastgohlar oldidan jilmay ishlashga to’g’ri kelgan. Shunday qiyinchilikni engish, charchoqni unutish maqsadida bo’zchilar ko’plab qo’shiqlar yaratganlar. Bunday qo’shiqlarni bo’zchi qo’shiqlari deb yuritishgan.
Bo’zchi qo’shiqlarida unumsiz va mashaqqatli bo’lgan bo’z to’qish mehnatining qiyinchiligi, bo’zchi bozorining kasodligi, to’quvchilarning oilalaridagi muhtojlik va qashshoqlik xususida kuylanadi:
Go’sht ololmay gurda olgan bo’zchi,
Qiz ololmay beva olgan bo’zchi.
Munchalar shildirab o’tar nochasi,
Qip – qizil shalg’omga o’xshar pochasi.
Lekin qo’shiqlarning ayrimlarida bo’zchining o’z mehnati samarasidan quvonchi, zavqi ham tarannum etilgan. Ba’zi to’rtliklarda bo’zchi o’z dastgohiga, ayniqsa, unda asosiy vazifa bajaruvchi detal-mokiga murojaaat qilib, uni ishni to’xtovsiz davom ettirishga undaydi:
G’ar-g’ara undan yuqori,
Sinacho’p uning no’kori.
Hoy-hoy, ustamning do’koni,
O’tgin, qora mokim endi.
Hozirgi paytda mato to’qish ishlarining texnik jihatdan avtomatlashtirilishi oddiy to’qish dastgohlarini siqib chiqarmoqda. Faqat Farg’ona vodiysining ayrim joylarida (ayniqsa, atlas o’lkasi hisoblanmish - Marg’ilonda) atlas to’qish dastgohlari kam miqdorda saqlanib qolgan, xolos. Shundamikin, bo’zchilar qo’shiqlari ham asta-sekin unutilib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |