Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni
Download 1.74 Mb.
|
O’zbekiston tabiiy geografiyasi
Qo’shimcha: Barotov P.
O`zbekiston hududi serquyoshligi, yozda havo va tuproq yuzasining qizib ketishi va yozning uzoq davom etishi, juda ham kontenentalligi bilan, hamda yillik yog`in miqdorining juda ham kamligi, ya'ni qurg`oqchilligi bilan ajralib turadi. O`zbekistonning mu'tadil iqlim mintaqasida, Ustyurt hududi qurg`oqchilligi, qishining uzoq davom etib sovuqligi, yil bo`yi yog`in sochinning deyarli bir tekis taqsimlanishi, subtropik mintaqada joylashgan, qolgan qismi esa yozining quruqligi, issiqligi, qishining esa nisbatan iliqroqligi bilan ajralib turadi. Respublikamiz iqlimini tarkib topishi uning geografik o`rniga, quyosh radiatsiyasiga, atmosfera sirkulyatsiyasiga, yer yuzasining xarakteriga va tuzilishiga hamda inson faoliyatiga bog`liqdir. Respublikamizda yil davomida quyoshli kunlar ko`p bo`lib, katta miqdorda quyosh radiatsiyasini oladi. Quyoshdan yer yuzasiga tushadigan issiqlik miqdori yil davomida har bir kv. sm yuzasi 139 –160 kkalni tashkil etadi. Yozda qishdagiga nisbatan 4-5 marta ko`proq issiq tushadi, Demak,O`zbekiston hududi janubiy kengliklarda joylashib quyoshdan katta miqdorda energiya oladi. Shuning uchun O`zbekistonda havo haroratining o`rtacha ko`p yillik ko`rsatkichlari yozda ancha yuqori (+27 C +31 C), yoz juda ham issiq , hamda uzoq davom etadi. Qishda esa O`zbekiston hududining, shimol va g`arb tomonlari tekislikdan iborat bo`lgani va orografik to`siqlarning yo`qligi uchun, shimoldan sovuq havo massalari ham bemalol kirib kelib, Qish oyi haroratini tushurib yuboradi va bizning hududimiz kengliklariga, ayniqsa janubiga mos bo`lmagan havo haroratining pasayib ketishiga sabab bo`ladi. O`zbekistonda havo haroratining yillik amplitudasi qo`shni hududlarga nisbatan katta ko`rsatkichlarni tashkil qiladi. Bu esa uning iqlimini juda ham yuqori darajada kontinentalligini ko`rsatadi. O`zbekistonning katta qismini egallagan tekislik tog` oldi qiyaliklarida nam yetarli emas, chunki Atlantikadan kelayotgan nam havo massalari O`zbekistonga kelgunga qadar ma'lum miqdorda namini yo`qotib, yilning issiq faslida kuchsiz holatda kirib keladi. Shu munosabat bilan O`zbekiston iqlimi juda ham qurg`oqchil bo`lib qoladi. Uning ko`rinishlari yog`in sochin miqdorining kamligi (100 - 300mm), yoz kunlari kunduzi nisbiy namlikning pastligi, bulutlilikning kamligi va uning natijasida quyosh nur sochib turadigan soatning ko`pligi va xokazolardan iborat. O`zbekiston iqlimining xos xususiyatlaridan bo`lgan quyoshning nur sochib turish davrining (soatning) uzoqligi. Kontinentallik va qurg`oqchilik O`zbekistonning 80 % ga yaqin hududini egallagan tekislik qismida yaqqol ko`zga tashlanadi. O`zbekistonning asosan sharqiy va janubiy qismini egallagan tog`larda yer yuzasining balandlashib borishi, yon bag`irlarining tutgan o`rniga, tog` vodiylarining kengligi va chuqurligi hamda ularni bir biriga nisbatan joylashishiga iqlim tog`larda tekislikdagiga nisbatan o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`la boshlaydi. Balandga ko`tarilgan sari atmosferaning tiniqligi, quyosh radiatsiyasining kuchi orta boradi, atmosfera bosimi, havo harorati pasaya boradi, havo namligi o`zgaradi, yog`in sochinning miqdori oshadi, ularning xarakteri o`zgaradi. Lekin, O`zbekiston uchun xos bo`lgan iqlimning umumiy xususiyatlari tog`larda ham umuman saqlanib qoladi. O`zbekiston iqlimining tarkib topishida relyefi, qishda atmosfera sirkulyatsiyasi, yozda esa Quyosh radiatsiyasi muhim rol o`ynaydi. O`zbekistonning iqlim sharoitiga inson ham ta'sir ko`rsatadi. Masalan, sug`orib ekin ekiladigan vohalarda yozda havoning harorati atrofdagi cho`llarga nisbatan 1,5- 3,0 gradus past, sutkalik amplitudasi kamroq, nisbiy namligi 10-15 % dan oshiq, salqin bo`ladi. Xullas, o`ziga xos voha iqlimi hosil bo`ladi. Meteorologik rejimning eng asosiy ko`rsatkichlaridan biri bu havo haroratidir. O`zbekistonning tekislik qismida havoning yillik o`rtacha harorati O gradusdan yuqori. U chekka shimolida 8,6 C, janubida +18 gradusgacha o`zgaradi, tog`larda 2200- 2500 metr absalyut balandlikda manfiyga tushib qoladi. Eng sovuq oy yanvarning o`rtacha harorati faqat O`zbekistonning junubida 0 gradusdan yuqori, Sherobodda +3,6 gradus, Termizda +2,8 gradus, G`uzorda +1,9 gradus bo`ladi. Shimoliy g`arbga borgan sari harorat pasaya boradi va Zarafshon vodiysida 0 - 2 gradus, Mirzacho`l va Qizilqumda -2 gradus, -4 gradus. Xorazm vohasida -5-7 gradus. Ustyurt platosida esa - 8-11gradus bo`ladi. Tog` oldi hududlarida (500 -1200 m balandlikda) havo harorati pastroq joylarga nisbatan iliqroq bo`ladi. Tog` oldidan balandga ko`tarila borganda havo harorati pasaya boradi. Chimyonda (1438m) -4,6 gradus. Kulvasoyda (balandlik -2100m) -5,9 gradusdir. Minus 6 gradus izoterma Hisor tog`larida 1800-2500 m balandlikdan o`tadi. Minimal harorat Toshkent-Mirzacho`l hududida –28; -35gradusgacha, Surxondaryoda -20 -25gradus, Ustyurtda -37 gradusgacha yetadi. Iliq qish (ya'ni o`simliklarni o`sishi davom etadigan) Surxondaryoning quyi va o`rta oqimida hamma qishlarning 80- 100% i Toshkent, Mirzacho`l, Farg`ona vodiysi 30- 50%, Xorazmda 0-5% ni tashkil etadi. Yoz oylarida O`zbekiston hududida mahalliy issiq tropik havo qoplab oladi. Iyul oyining o`rtacha harorati O`zbekistonning tekislik va tog` oldi hududlarida 25-30gradus orasida o`zgaradi. Termiz va Sherobodda 31-32gradusga yetadi. 30 gradus izoterma Qizilqumning markaziy rayonlarini egallab turadi. Absalyut maksimal harorat esa tekislik va tog` oldilarida + 42 +47 gradus atroflarida bo`ladi. 1914 yilning 21 iyunida Termizda harorat +49,5 gradusga yetgan. Respublikamizdagi yog`inlarning asosiy qismini Atlantikadan esuvchi nam havo massalari keltiradi. O`zbekistonning g`arbiy qismida yillik o`rtacha yog`in 100 mm atrofida va undan ham kam. Sharq va janubiy-sharqqa tomon yer yuzasining o`zgarishi tufayli yog`in miqdori ham orta boradi va 700-800 mm gacha yetadi. O`zbekistonda yog`inlarning asosiy qismi qish va bahor oylariga to`g`ri keladi. Qor respublikamizda hamma joyida yog`adi, ammo tekisliklarda uzoq saqlanmaydi. Surxondaryo viloyatining tekislik va tog` oldi rayonlarida, Buxoro viloyatining janubida qor o`rta hisobda 20-25 kun, qolgan hududlarda 20-45 kun saqlanadi. Tog`larda qor 2- 6 oygacha erimaydi va qor qoplamining qalinligi 0,5-1,0 metr va undan ziyod, tekisliklarda 5-10 sm, ayrim hollarda 20- 30 sm dan oshadi. Respublikamizda atmosfera havosini muhofaza qilish dolzarb bo`lib qolmoqda, chunki har yili sanoat korxonalari, transport vositalari tomonidan atmosfera havosiga 2,5mln. tonna atrofida turli zaharli chiqindilar chiqarilmoqda. Iqlim resurslariga issiqlik resursi, gellioresurs shamol energiyasi va davolanishdagi ahamiyati kiradi. O`zbekiston xo`jaligi, xususan qishloq xo`jaligi uchun zarur bo`lgan eng muhim omillardan biri bu issiqlik resursidir. Chunki qishloq xo`jaligi ekinlarining pishib yetilishi uchun, mevalarning shirin bo`lishi uchun ma'lum darajada issiqlik talab etiladi. Bu jihatdan qaraganda O`zbekiston juda qulay issiqlik resursiga ega. O`zbekiston tekislik qismida yil bo`yi, ayniqsa yozda bulutsiz bo`lib, quyosh uzoq vaqt yoritib, nur sochib turadi. Jumhuriyatimizning tekislik va tog` oldi qismlarida quyosh bir yilda 2500 soatdan 3000 soatgacha nur sochib turadi. O`zbekiston gelioresursga ancha boy o`lka hisoblanib, uning hududiga yiliga o`rtacha tushayotgan quyosh energiyasi miqdori 30 mlr. tonna ko`mir ekvivalentiga teng. O`zbekiston Fanlar Akademiyasining «Quyosh ishlab chiqarish birlashmasi» ning Parkentdagi tajriba maydonida, quyosh energiyasidan foydalanish sohasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Maxsus laboratoriyalarda quyosh energiyasini elektr, mexanik energiyaga aylantirib, juda katta miqdordagi haroratni vujudga keltirmoqda. Yaqin kelajakda olimlarimiz gelioresurslardan foydalanishning ilg`or usullarini qidirib, izlab topadilarki, natijada quyosh energiyasini issiqlik va elektr energiyasiga aylantirib foydalanishga keng yo`l ochib beradi. O`zbekistonning issiq, quruq va serquyosh iqlimi ko`p kasalliklarni, xususan buyrak shamollashi kasalligini davolashda ahamiyatli hisoblanadi. Chunki buyrak shamollash kasali bilan og’rigan kishilar buyragini juda tinch saqlashi kerak. Bunda teri buyrak vazifasini bajarishi lozim. Teri bunday vazifani faqat issiq, quruq va quyoshli iqlimiy sharoitdagina bajara olishi mumkin. Bunday iqlimiy sharoit O`zbekistonning tekislik qismida mavjud. Shu sababli Buxoroda buyrak kasalini davolaydigan sanatoriy joylashgan. O`zbekistoning tog`li qismidagi havo nisbatan va o`rtacha quruq bo`lib, o`pka, yurak – qon tomir, astma, bronxit va boshqa kasalliklarni davolashda muhim ahamiyatga ega. Bulardan tashqari, dam olib, hordiq chiqarish uchun zarur bo`lgan sanatoriya va dam olish uylari ham toza havoli tog`li joylarda, xususan G`arbiy Tyanshan, Hisor va Farg`ona vodiysini o`rab olgan tog`larda joylashgan. Bunga Bo`stonliq tumanidagi Chimyon, Oqtosh, Farg`ona vodiysidagi Shoximardon kabi shifobaxsh joylar yaqqol misoldir. MA’RUZA №5 Download 1.74 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling