Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni


Download 1.74 Mb.
bet61/123
Sana19.06.2023
Hajmi1.74 Mb.
#1613110
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   123
Bog'liq
O’zbekiston tabiiy geografiyasi

Cho’l mintaqasi o’simliklari ham xilma-xil ekologik sharoitga va o’ziga xos xususiyatlarga ega. Cho’l o’simliklarining hayoti asosan iqlim sharoitiga, xususan namlik bilan ta’minlanishi darajasiga bog`liq.
Cho’l zonasi o’simlik o’sishi uchun qanchalik noqulay bo’lmasin, u erda o’sadigan o’simlik turlari xilma-xil guruhlar vakillaridan tashkil topgan. Bular asosan kserofitlar, mezokserofit efemerlar va mezokserofit efemeroidlar guruhlaridan iborat.
O’zbekiston cho’llaridagi efemerlar jazirama issiqlar boshlanguncha o’z hayot jarayonlarini to’liq o’tib tugallaydilar (masalan, lolaqizg`aldoq, chitir, chuchmoma, gunafsha).
Efemeroid o’simliklar guruhiga yozgi jazirama issiqlik boshlanguncha vegetastiyasini davom ettiruvchi ko’p yillik o’simliklar kiradi. Iloq, lola, boychechak, yovvoyi piyoz va qo’ng`irbosh bularga misol bo’ladi.
Mezokserofit o’simliklar guruhiga yozgi jazirama issiqlar boshlanganda o’z hayotini anabioz holda, ya’ni majburiy tinim holatida o’tkazishga moslashgan o’simliklar kiradi.
Kserofit o’simliklar guruhiga quruq va issiq yoz sharoitiga moslashgan issiq yozda ham o’z vegetastiyasini davom ettiradigan o’simliklar kiradi. Ularning ildizlari juda uzun, bargalari namni kam bug`latishga moslashgan mayda bo’ladi yoki butunlay bo’lmaydi.
O’zbekistonda cho’l mintaqasi katta maydonni egallaganidan va shimoldan janubga katta masofaga cho’zilganidan hamda mutlaq balandlik har xil bo’lganidan iqlimi, o’simligi va tuproqlari ham xilma-xil. Shu sababli bu mintaqa ikki qismga: pastki cho’l va yuqori cho’lga bo’linadi.
Pastki cho’l mutlaq balandligi 250 metrgacha bo’lgan hududlarni egallaydi, o’simligi ancha turli-tuman. Bu cho’lda barg va poyalari semiz o’simliklar o’sib, ularda tuz ko’p bo’ladi. Pastki cho’lda eng ko’p tarqalgan o’simliklar qorasaksovul, cherkez, qorabaroq, sarsazan, achchibuta, boyalich, cho’g`on, karrak, arpag`on, donasho’r, xabalak, qorasho’ra, baliqko’zlardan iborat.
Yuqori cho’lga mutlaq balandligi 250-400 m bo’lgan hududlar kiradi. Ularning o’simlik dunyosi xilma-xil. O’simlik qoplamining asosini shuvoq tashkil etadi. Yuqori cho’lda eng ko’p tarqalgan o’simliklarga yovshon, quyonsuyak, qizilqandim, singren, qirqbo’in, iloq, yantoq, kavrak, isiriq, achchiqmiya, boychechak, chuchmoma, partek, yaltirboshlar kiradi.
Umuman olganda cho’l mintaqasida o’simlik qoplami siyrak, lekin nam etarli bo’lgan bahorda cho’l yamyashil tusga kiradi, efemer va efemeroidlar yer betini qoplaydi. Jazirama issiq va quruq kunlar boshlanishi bilan ular quriydi va cho’l sarg`ish ko’rinishga ega bo’ladi.
O’zbekistonda tekislik qismidagi tuproq-grunt sharoitlariga bog`liq holda turli o’simlik tiplari uchraydi. Qumli, gilli, toshloq (gipsli), sho’rxok erlar o’simliklari bir-biridan farq qiladi.
Qumli cho’llarda tuproq tarkibining 80-90 % i qumlardan iborat, u suvni yaxshi o’tkazadi. Shuning uchun qumli cho’llarda yozda tuproqning 50 sm gacha bo’lgan yuza qismi quriydi, undan pastdagi 60-120 sm qalinlikdagi qatlamida nam saqlanadi. Bu hol qumli tuproqlarda oziqa kam bo’lsa ham o’simliklarning o’sishi uchun qulay sharoit yaratadi va ularning xilma-xilligiga sabab bo’ladi. Qumli substratda o’sishga moslashgan o’simliklarni psammofitlar deyiladi. Qumli yerlarda butalardan quyonsuyak, efemeroidlardan qumni mustahkamlaydigan iloq uchraydi. Qum tepalari orasidagi pastliklarda gilli-qumli tuproqlarda qora saksovul o’sadi. Qandim, oq saksovul, cherkez mustahkamlangan qumli cho’llarda uchraydi. Ko’chma qumda selin ham keng tarqalgan. Cherkez, juzg`un, shuvoq, ba’zi joylarda yantoq ham o’sadi.
Qumli cho’llarning yaylov sifatidagi ahamiyati katta Ulardan yil davomida foydalaniladi. Bu cho’llar har gektaridan o’rta hisobda 1-2 sentnerdan xashak berishi mumkin. Cherkez alkoloidi qon bosimini pasaytirishda, sangrayquloq alkoloidi teri saratoni kasalini davolashda qo’llaniladi.
Toshloq cho’llar Ustyurtda va Markaziy Qizilqumdagi qoldiq tog`lar atrofida keng tarqalgan bo’lib, o’simligining asosini kserofit butalar va chala butalar tashkil etadi. Toshloq cho’llarda, masalan, Ustyurtda 400 ta o’simlik turi bo’lsa, shundan atigi bir nechtasigina landshaft hosil qiladi. Bular asosan burgan, shuvoq, boyalich. Ular bilan birga partek, tikanli buta-tuya, singren, karrak, seta, cho’g`on va isriq ham aralashib o’sadi. Bahorda nam etarli yillari yer yuzini efemerlar qoplab oladi. Ustyurtda yana saksovul ham uchraydi. Shuvoq, karrak, seta, cho’g`on chorva uchun yaxshi ozuqa bo’ladi. Isriqdan garmin alkoloidi olinib, undan tibbiyotda asab kasalliklarini davolash, qon bosimini pasaytirish, nafas olishni yaxshilashda foydalaniladi. Xalq tabobatida isriqdan bo’g`inlar og`riganda, sholni davolashda, nafas olishni yaxshilashda, gijjani tushirishda, tumov, asab, tutqaloq, bezgak va boshqa kasalliklarni davolashda foydalanganlar.Ustyurt o’simliklaridan yil davomida yaylov sifatida foydalanish mumkin.
Sho’rxok, sho’r va taqirli cho’llarga Aydar, Mingbuloq, Borsakelmas, Shorsoy va boshqa sho’rlangan yerlar kiradi. Sho’rxok cho’llarda galofit o’simliklar tipi asosiy o’rin tutadi. Bu erlar tuprog`ida oson eruvchi tuzlar ko’p bo’ladi. Galofit o’simliklar ko’pincha tanasi semiz bo’ladi, ularning tanasidagi tuzlar miqdori o’simlikning og`irligiga nisbatan ba’zan 45 % ni tashkil qiladi. Bunday o’simliklarning asosiy vakillari boyalich, teresken, kavrak sho’rligi juda yuqori bo’lgan erlarda, tanasi semiz sho’ragullilar-sarsazan, qorasho’ra, ko’kpek, yulug`un, sho’rajiriq, zovurlar bo’yida, qizilmiya, oqbosh yer osti suvi yuza joylarda o’sadi. Galofit o’simliklar ichida itsegak zaharli o’t bo’lib, mol emaydi. Undan anabazin alkoloidi olinadi. Anabazin sulfat qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurashda qo’llaniladi.
Taqirlarda o’simlik deyarli o’smaydi, faqat taqir yoriqlarida va atrofida siyrak holda sho’ra o’simliklari (itsegak, burgan) uchraydi.
Cho’l mintaqasining asosan lyosli jinslar tarqalgan yuqori cho’llarida (250-400 m) efemer, efemeroid va bular orasida o’sadigan cho’l o’simliklari yaxlit o’simlik qoplamini hosil qiladi. Efemerlardan qashqayo’ng`ichqa, lolaqizg`aldoq, chuchmoma, gunafsha, efemeroidlardan qo’ng`irbosh, rang (qorabosh) kabi o’simliklar seryomg`irli bahor faslida barq urib o’sib cho’lga chiroy bag`ishlaydi. Bulardan tashqari baland cho’llarda sassiq quvray, lola, gulsapsar, mingbosh, chalov, shuvoq, astragal, ba’zan isriqlar ham o’sadi. Lekin o’simliklar asosini gilli cho’llarda efemeroid-qo’ng`irbosh va rang tashkil etadi. Bo’z tuproqli efemer cho’llarning bahorgi yaylov sifatida ahamiyati katta, yog`ingarchilik ko’p bo’lgan yillarda har gektaridan 5 sentnergacha xashak yig`ib olish mumkin.
Cho’l mintaqasidagi daryo qayirlarida turang`il, tol, chirmoviq, ilonpechak, baqaterak, jiyda, na’matak, yulg`un, ching`il, qamish, qizilmiya, yantoq, sho’rajriq kabilar o’sib, to’qaylarni hosil qiladi. To’qaylar Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron daryolari qayirlarida uchraydi. Bular o’ziga xos tabiat landshaftlari bo’lib, siyrak, zax o’rmon va chakalakzorlardan iborat bo’ladi. To’qaylarning kengligi bir necha yuz metrdan bir necha kilometrgacha boradi. Keyingi yillarda yil davomida mol boqilishi, daryo suvining kamayishi va inson faoliyati bilan bog`liq boshqa omillar ta’sirida to’qaylar maydoni qisqarib bormoqda. Hozir Quyi Amudaryoda 1 mln. gektarga yaqin to’qay yerlar qurib yotibdi. To’qay o’simliklaridan qizilmiya shifobaxsh hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni aytish lozimki, cho’l zonasi o’simligi chuqur o’rganishni, yaylov sifatida foydalanishni ilmiy asosga qo’yishni taqazo etadi.
Cho’l zonasining katta qismida qadimdan erlar o’zlashtirilib, ekin ekib kelingan, bu yerlarda yirik vohalar joylashgan. Ular o’ziga xos o’simlik dunyosiga ega. Vohalar o’simligi asosini madaniy, manzarali, tolali, oziq-ovqat, sabzavot-poliz, ziravor va boshqa o’simliklar tashkil etadi. Eng ko’p maydonni paxta egallaydi. Uning issiqsevar ingichka tolali navlari O’zbekistonning janubida yetishtiriladi. Paxta bilan beda, makkajo’xori, bug`doy, arpa, sholi almashib ekiladi.

Download 1.74 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling