Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni


Download 1.52 Mb.
bet13/22
Sana16.06.2020
Hajmi1.52 Mb.
#119409
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   22
Bog'liq
O`zbekiston tabiiy geografiyasi


Adir va tog` oldi mintaqasi. Bu mintaqa uchun sariq ilon, chipor ilon (xavfsiz ilonlar) xos. Adirdagi ko`zoynakli ilon Bobotog`, Hisor, Zarafshon, Nurota tog`lari yonbag`rida, Surxondaryo vodiysida, Qarshi cho`lida uchraydi. Uning uzunligi 1,5 – 2 m. Gurza yoki ko`k ilon zaharli ilon bo`lib, uning zaharidan boshqa ilonlar chaqqanda foydalaniladi. Sut emizuvchilardan bo`rsiq, undan moyi va terisi uchun ovlanadi. Bo`rsiq yog`idan o`pka kasalligida foydalaniladi. Sariq sassiqqo`zan, tulkining mo`ynasi ondatradan keyin turadi. Qishda tog`oldi va yozda tog` o`rmonlariga tomon ko`tariladigan bo`rilar og`irligi 35-45 kg. gacha. Adirda ko`rsichqon, quyon, jayra keng tarqalgan. Keyingi vaqtda bu mintaqada norka ko`paytirilmoqda. G`allaorol rayonidagi maxsus mo`ynachilik xo`jaligida tez ko`paymoqda. U daryo va ko`l yaqinida in qurib, suv hayvonlari hasharotlar, qushlar bilan oziqlanadi.

Qushlardan burgut ko`p uchraydi. Miqqiy bular zararkunandalarni yo`qotadi. Adirda chil kakligi uchganida, chil-chil deb ovoz chiqaradi. Ko`k qarg’a aprelda kelib, sentabr oxirida uchib ketadi.

Adirning pastki qismida tuvaloq ko`p uchraydi. Tog`lardagi jarlarda ukki in qo`yadi.

Tog` mintaqasi. Tog` o`rmonlarida mo`ynali hayvon – o`rmon olMoxani (sonya) uchraydi. G`arbiy Tyanshanda ko`p uchraydi. Bu tog`ni yuqori qismida mo`ynali hayvon Menzbirsug`uri, malla sug`ur, uzun dumli sug`ur mavjud. Tog`da quyon, tulki, bo`ri va bo`rsiqlar ham bor. Tog`dagi qamishzorlarda to`ngiz uchraydi. Qo`ng`ir ayiq, tog` yovvoyi qo`yi (alqor), taka, kichik to`ngiz tog` hayvonlaridir. Bobotog`da, Ko`hitangda burma shoxli yovvoyi echki – morxo`r yashaydi.

Tog` mintaqasi qushlarga boy. Tog` o`rmonlarida qumrilar, zarg’aldoq, kakliklar, qizilishton, uzunquyruq, chittak, tasqara uchraydi. O`zbekistonda o`troq qushlardan sa'va bu tog`larga uya quyadi. Qorapeshona, karkinoq tog`lardagi o`rmonlarda yashaydi. Tog`larning archa o`rmonlaridagi boltatumshuk archa uruglari bilan oziqlanadi. Tog`ning bargli o`rmonlarida uzunquyruq bo`lib, bu qush Oqtosh, Xumson, Burchmulla va Namangan atroflarida uchraydi. Bulardan tashqari tog`larda Qizilquyruq, bulbul, tog` chumchug`i yashaydi.



Alp mintaqasi. 2700-2800 m. balandlikda. Bu balandliklarda Oloy tog` iloni, Himolay agamasi, kemiruvchilardan sug`ur, oqsichqon uchraydi. Yirik sut emizuvchilardan O`rta Osiyo mufloni, takakiyik va qoplon uchraydi. Qushlardan, yirikqush - ulor, yirtqich-boltayutar, tog`zog’chasi, shoxli to`rg`ay uchraydi. Tog` mintaqasidagi o`rmon sichqoni, Menzbir sug`uri, relikt, yumronqoziq, sudraluvchilardan Turkiston agamasi, Oloy tog` iloni va boshqalar endemik hayvonlardir. Suv havzalari atrofidagi to`qaylarda hayvonlarning o`ziga xoslari uchraydi. Suvlarda baliqlardan – ship, ilonbaliq, zog`ora baliq, sazan, laqqa baliq yashaydi. Tez oqar tog` daryolarida - oq baliq deb yuritiladigani Marinka yashaydi. Baliq bilan ovqatlanadigan – birqozon, Qorabuzov, qo`ton va boshqalar.

O`zbekistondagi cho`l yoki vohalarda, tog` yoki to`qayzorlarda, adirlarda, yaylovlarda - hamma joyda ham hayvonot dunyosi uchun o`ziga xos sharoit mavjud. O`ziga xos hayot sharoitida ma'lum darajada moslashgan hayvonlar yashaydi. Cho`l hayvonlari bo`z va sarg`ish rangda, ba'zilari butunlay suv ichmay yashaydilar. Ular o`zi iste'mol qiladigan o`simliklar tarkibidagi nam bilan qanoatlanadilar, ular jazirama issiqqa ham moslashgan, kunduzi soya - salqinda yoki inlarida jon saqlab kech kirishi bilan aktiv hayot boshlaydilar. Ko`pchilik cho`l hayvonlari chopqir, ko`zlari o`tkir bo`ladi.

O`zbekistonning hayvonot dunyosi qadimdan har xil xom-ashyo, go`sht va teri manbai bo`lib kelgan. Insoniyatning mehnat faoliyati natijasida o`lkamiz hayvonot dunyosi aziyat chekmoqda. Ularning turlarining soni keskin kamayib, ayrimlari esa yo`qolib ketmoqda. Shuning uchun biz hayvonlarni umumxalq himoyasiga olishimiz lozim.

MA’RUZA №8



O’zbekistonda atrof-muhit va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish
O’zbekistonning geografik o’rni va tabiatining o’ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi atrof muhitni va tabiat boyliklarini muhofaza qilish hamda ularni avaylab, ehtiyotkorona munosabatda bo’lishni taqozo qiladi. Respublika hududining okeanlardan uzoqda, cho’l zonasida ekanligi yog`in miqdorining, binobarin, oqar suvlarning kam bo’lishiga olib kelgan. Sharq va janubi-sharqdan tog`lar bilan o’ralganligi suv tanqisligini biroz yumshatgani bilan, O’zbekistonning geoekologik berk o’lka bo’lishiga sabab bo’lgan. Respublikaning, ayniqsa, uning g`arbiy qismi geoekologik jihatdan noqulay hudud hisoblanadi. shuning uchun ham o’zbek xalqi tabiatga tarixan uzoq davrdan beri mehr bilan qarashga, uni asrab-avaylashga o’rganib kelgan. O’rta Osiyo xalqlarining har yili nishonlanadigan navro’z bayrami asrlar davomida ona Yerga va tabiatga mehr-muhabbat, unga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, uni ardoqlash tuyg`ularini tarbiyalagan; mehnat tarbiyasi va ma’naviy tarbiyada muhim ahamiyat kasb etgan. Tabiat bilan insonning o’zaro chambarchas aloqasini, ularning bir butunligini ifodalovchi bu bayram dehqonchilik bayramigina emas, balki tom ma’noda geoekologik bayram hamdir. Kishilarning tabiatga, ayniqsa, uning yorqin tashqi ifodasi bo’lmish o’simlik olamiga bo’lgan munosabati va mehrini belgilovchi bayramlardan yana «gul bayrami» va «lola bayrami»ni ko’rsatib o’tish mumkin. Xalqning sof geoekologik mazmunga ega tarixiy udumlaridan yana biri «taganak»dir. Bu udumga ko’ra, tog` va tog` etaklarida yashovchi xalq erta bahorda yig`ilib, tog`-toshdagi buloqlar ko’zini ochib, jilg`alar yo’lini shox-shabbalardan, loyqalardan tozalaydilar.

Aholining geoekologik ruhda, ya’ni ona tabiatga mehr-muhabbat uyg`otish, tabiatni muhofaza qilish ruhida tarbiyalashda milliy badiiy adabiyotning ham ahamiyati benihoya katta. O’zbek xalqining mumtoz shoir va yozuvchilari, jumladan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari geoekologik mazmunga ayniqsa boydir.

Xalq og`zaki ijodida, ya’ni xalq dostonlari, ertak, maqol va masallarda ham tabiatni muhofaza qilish targ`ib etib kelingan. Ular g`oyaviy mazmunini aksariyat turli xil yovvoyi va uy hayvonlari, ayniqsa, foydali qushlarning tabiatdagi roli, insonga do’st ekanligi, ularni muhofaza qilishga da’vat qiluvchi tuyg`ular tashkil etadi.

Insonlarni tabiatni muhofaza qilishga da’vat qiluvchi, sof geoekologik mazmun kasb etuvchi yana bir manba o’zbek xalqi ixlos bilan e’tiqod qiladigan din-islomda ilgari surilgan ilohiy ta’limot asoslaridir. Islom manbalarida diniy e’tiqod, ibodat, Yeru osmon, falakiyot va atrof-muhitdagi holatlar to’g`risida juda ko’p qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Qur’oni karim va hadisi shariflarda atrof-muhitni toza saqlash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish, ularni isrof etmaslik, insonning yashash tarzi, shaxsiy gigienasiga, o’simlik va hayvonot dunyosini asrashga, umuman, ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga katta ahamiyat berilgan. Bular o’zbek xalqining tarixan shakllangan milliy tarbiya asoslaridir. Bunga mazmuni juda keng «uvol» tushunchasi yaqqol misoldir. Musulmonchilikda har qanday moddiy ne’matdan isrofgarchilik bilan foydalanish, tabiat boyliklari–foydali qazilmalar, suv, er, o’simlik va hayvonlarni nes-nobud qilish uvol va gunoh hisoblanadi.

Tarixiy manbalardagi ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Turkistonda o’rta asrlardan 19-asrning o’rtalarigacha shaharlarda raislik yoki muhtasiblik lavozimi bo’lgan. U shariat qonun-qoidalariga amal qilinishi, hokimiyat farmonlarining bajarilishi, bozordagi narx-navolar ustidan nazorat etish vazifalari bilan birga, tabiatni muhofaza qilish ustidan ham qattiq nazorat ishlarini olib borgan. Muhtasib qo’l ostidagi amaldorlari bilan ko’cha va bozorlarni ko’zdan kechirgan, ariq va hovuzlar, soy va quduqlardagi suvning sifatini, miqdorini ham nazorat etgan. Tarixda obikor dehqonchilik sharoitida sug`oruv suvlaridan oqilona va adolatli foydalanishda to’g`onboshi va miroblik lavozimlarining ahamiyati katta bo’lgan. Aholi soni va zichligining, shaharlar sonining tobora ortib borishi, fan va texnikaning rivojlanishi, yirik inshootlar qurilishi kabi omillar ham ko’pincha tabiatga salbiy ta’sir etgan. Natijada O’zbekiston hududida tabiatni muhofaza qilishga bo’lgan ehtiyoj asrdan-asrga, yildan-yilga kuchaya bordi.

Podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tabiat boyliklarini ayamasdan foydalanishga yo’l ochib berdi. Arzon xom ashyo bazasiga aylanib borayotgan o’lkada tabiatni muhofaza qilishdan ko’ra, undan imkoni boricha ko’proq foydalanish siyosati kuchli edi. Shu sababli, yildan-yilga tuproqlar buzilib, ishdan chiqa boshladi, yonbag`ir eroziyasi kuchaydi, o’rmonlar maydoni kamayib, ular chegarasi yuqoriga ko’tarila bordi, yovvoyi hayvonlarni ovlash kuchaydi.

20-asr boshlarida tabiatdan mustamlakachilik maqsadlarida foydalanishning kuchayishi va bu erga Rossiyadan ko’plab aholi ko’chirib keltirilishi natijasida insonning tabiatga salbiy ta’siri kuchayib, uni muhofaza qilish hayotiy zaruriyatga aylandi. Sho’rolar davrida industriyalashtirish va qishloq xo’jalikni kollektivlashtirishning boshlanishi va amalga oshirilishi ham tabiatning inson ta’siridagi salbiy jarayonlarini kuchaytirdi. 1920 yilda Muzeylar va san’at yodgorliklari, tabiatni muhofaza qilish Turkiston qo’mitasi tashkil etilib, uning tarkibida tabiatni muhofaza qilish sho’’basi vujudga keldi.

2-jahon urushi yillari va undan keyin O’zbekiston hududida tabiat imkoniyatlarini qat’iy hisobga olmay katta-katta yer maydonlari qishloq xo’jaligi uchun o’zlashtirilib, Qizilqum, Mirzacho’l, Yozyovon cho’li, Dalvarzin dashti, Sherobod va Qarshi dashtlarida vohalar maydonining orta borganligi, ko’plab zavod va fabrikalar qurilib, kanallar o’tkazilganligi, aholi zich yangi shahar va shaharchalar bunyod etilganligi, qishloq xo’jaligini ortiqcha kimyolashtirishning jadal o’sishi tabiat va atrof muhitning buzilishiga olib keldi. Sobiq sovetlar mamlakatining boshqa hududlari kabi O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda ham tabiatga g`ayri geoekologik yondashuv, ya’ni tabiatdan foydalanishda uning bir butunligi, komponentlar muvozanati, dinamik o’zgaruvchanligi, regionallik kabi qonuniyatlariga amal qilmay, cho’l va tog`larni o’zlashtirishda tabiatga zug`um, zo’rlik qilish, ona tabiatni go’yo «engish»ga urinish kabi holatlar jiddiy salbiy oqibatlarga olib keldi. Natijada respublika tabiatining barcha komponentlari – tog` jinslari va relyef shakllari, iqlim va suvlari, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosidan foydalanishdagina emas, balki bir butun landshaftlar – cho’llari, vohalari, tog` va adirlaridan foydalanishda ham jiddiy geoekologik xatolarga yo’l qo’yildi. tabiatni tubdan o’zlashtirishga zo’r berib urinish, chunonchi, cho’llashuv, ya’ni cho’lga aylanish jarayonlarining kuchayishida ham ko’rindi. Ko’pgina hududlarda yuz bera boshlagan geoekologik inqirozlar ilmiy jamoatchilikni tashvishga sola boshladi va hukumatning bu muammolarga e’tibor qilishini taqozo etdi. 1959 yilda o’rmon xo’jaligi va dala ihota o’rmonlashtirish inspekstiyasi va O’zbekiston qishloq xo’jaligi vazirligining Ov ishlari boshqarmasi negizida O’rmon xo’jaligi va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi tuzildi. Tabiatning turli boyliklari muhofazasi bilan davlatning alohida idora hizmatlari shug`ullana boshladi. Jumladan, suv resurslari muhofazasi bilan suv xo’jaligi vazirligi, yer resurslari muhofazasi bilan qishloq xo’jaligi vazirligining Yerdan foydalanish va yer tuzish boshqarmasi, atmosfera havosi muhofazasi bilan Gidrometeorologiya xizmatining tashqi muhitni muhofaza qilish bo’limi va b. shug`ullandi.

20-asrning 60-yillari boshlarida O’zbekistonda tabiatni muhofaza qilishga ehtiyoj yanada kuchaydi. 1961 yil O’zbekiston Tabiatni muhofaza qilish jamiyati tashkil etildi. 1970 yillar sanoat shaharlari va konchilik rayonlarida atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi hamda obikor dehqonchilik sharoitida suv resurslari tanqisligining orta borishi dolzarb geoekologik muammolarni yuzaga keltirdi. 1978 yil bu muammolar va atrof muhitning ifloslanishi ustidan nazorat qilish Gidrometeorologiya boshqarmasiga yuklatildi. Tabiatni muhofaza qilish muammolari bilan O’zbekiston FAning botanika, zoologiya, tuproqshunoslik va agrokimyo, iqtisod, geologiya institutlari, Respublika sanitariya-gigiena va kasb kasalliklari instituti, universitet va boshqa institutlar shug`ullana boshladilar.

1980-yilarda atrof muhitning geoekologik holati yanada yomonlashdi, tabiiy boyliklardan nooqilona foydalanish oqibatlari yaqqol sezila boshladi. Natijada geoekologik muammolar ijtimoiy tus oldi. O’tkir geoekologik regional muammolarni dadil ko’tarib chiqib, hukumat mahalliy ma’muriyat va keng xalq ommasi e’tiborini ularga qaratishda olimlar bilan birga shoir va yozuvchilar, ayniqsa, publististlar katta faollik ko’rsatdilar. Ular tashabbusi bilan Orol fondi tashkil etildi, Orol dengizini qutqarish ijtimoiy qo’mitasi tuzildi. 1988 yilda O’zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi tashkil topdi. Biroq O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar tabiiy boyliklardan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish qonunlari o’sha davr siyosiy yo’nalishi talablariga moslashtirilgan bo’lib, tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilishga etarlicha javob bermas edi.

O’zbekiston mustaqillikka erishgach, tabiat muhofazasi muammolarini jadal va katta mas’uliyat bilan hal qilishda yangi bosqich boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasida «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar» (50-modda), «Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir» (55-modda) deb mustahkamlab qo’yilgan. Hozirda O’zbekistonning atrof muhit va tabiat boyliklaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishga oid qonunchiligi 80 ga yaqin qonun va qarorlarni o’z ichiga oladi. Barqaror rivojlanishning milliy strategiyasi va Atrof muhitni muhofaza qilish harakatining milliy rejasi ishlab chiqildi va qabul qilindi, shuningdek, Cho’llashishga qarshi kurash harakatlari milliy rejasi ham tayyorlangan. Endilikda geoekologik muammolar hukumatning doimiy nazorati ostida: bu borada ilk muvaffaqiyatlar qo’lga kiritilmoqda, qishloq xo’jaligi yerlaridan tobora oqilona foydalanilmoqda, atrof muhit holati ko’p shahar va regionlarda yaxshilanmoqda, qazilma boyliklarni nes-nobud qilishga chek qo’yilmoqda. 1991 yilda «Ekosan» xalqaro ekologiya va salomatlik jamg`armasi tashkil etilgan. Bu jamg`arma O’zbekiston va umuman, butun Markaziy Osiyo mintaqasi geoekologik holatini yaxshilashga, atrof muhitni muhofaza qilishga, aholining salomatligini himoya qilish va sog`lom zurriyotni saqlab qolishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshiradi.

Atmosfera havosini muhofaza qilish. 1996 yil 27 dekabrda O’zbekiston Respublikasida «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g`risida» qonun qabul qilindi. Undan maqsad atmosfera havosini tabiat kompleksining muhim komponenti sifatida muhofaza qilishdir. qonunning vazifasi atmosfera havosi tarkibini saqlash, turli xil kimyoviy, biologik, fizik va boshqa ta’sirlarning oldini olish, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shu sohadagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdir. Atrof muhitning ekologik holati va hududlar ekologik muvozanatining buzilishi ko’p jihatdan atmosfera havosining tarkibiga hamda uning turli ishlab chiqarish chiqindilari ta’siridagi salbiy o’zgarishlarga bog`liqdir. Bu o’zgarishlar sayyoraviy, regional va mahalliy miqyosda ro’y beradi. O’zbekiston hududining o’ziga xos tabiiy xususiyatlari uni ekologik xo’jalik rayonlariga ajratishga va har bir rayon yer usti atmosfera havosining ifloslanish potenstialini aniqlashga imkon beradi. Atmosfera havosining ifloslanishini bunday ilmiy bashorat qilishda asosiy shamollarning takrorlanishi, qancha vaqt surunkali esishi, turbulentlik koeffistienti va boshqa xil ko’rsatkichlardan foydalanildi. Respublika hududida yer yuzasida atmosfera havosining ifloslanish potenstiali (AHIP) 2,4 dan 3,3 gacha o’zgarishi qayd qilingan (10 -jadval)

10- jadval



Tabiiy geografik rayonlar bo’yicha

AHIP

Ustyurt

2,4–2,7

Quyi Amudaryo

2,6–3,0

Qizilqum

2,7

Quyi Zarafshon

2,7–3,0

Chirchiq – Ohangaron

3,0–3,3

Mirzacho’l

2,7–3,3

Farg`ona vodiysi

3,0–3,3

Samarqand rayonida

2,7–3,3

Qashqadaryo havzasida

2,7–3,3

Surxondaryo havzasida

2,7–3,3

Chirchiq–Ohangaron va Farg`ona rayonlarida atmosfera havosi ifloslanish darajasining kattaligiga sabab bu yerdagi hududiy ishlab chiqarish majmualari nisbatan rivojlanganligi, avtotransport harakatining ko’pligi, konchilik sanoatining salbiy ta’siri va qishloq xo’jaligida zararli kimyoviy moddalardan ko’proq foydalanishdadir.

Atrof muhitning me’yoridan ortiqcha ifloslanishi, ayniqsa, yirik shaharlar uchun xos. O’zbekistonda yer usti atmosfera havosining ifloslanishi 1983 yilda eng yuqori darajaga etib, so’nggi yillarda ahvol birmancha yaxshilandi. Sanoat shaharlarida havoni eng ko’p ifloslantiruvchi asosiy moddalar oltingugurt II-oksidi, azot oksididir. Atmosfera havosini buzuvchi boshqa omillardan biri – avtomobil transporti. Avtotransportni yangi, ekologik bezarar yoqilg`i turlariga o’tkazish, tejamli dvigatellarga o’tish, ko’chalar chekkalariga daraxtlar ekish atrof muhit holatini yaxshilashning muhim masalasi bo’lib qolmoqda. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, qishloq joylarda atmosfera havosini ifloslovchi asosiy omil qishloq xo’jaligida foydalaniladigan turli xil uchuvchan kimyoviy moddalar bo’lsa, yirik shaharlarda shahar transportidir. Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishida shahar transportining hissasi 80%dan ortiq. Sanoat chiqindilari nafaqat atmosfera havosini, balki suv, tuproq, inson, o’simlik va hayvonot dunyosiga ham ma’lum darajada zarar etkazmoqda. Keyingi yillarda atmosfera havosining tozaligi ustidan nazoratning kuchaytirilishi, korxonalarda texnologiya jarayonlarining takomillashtirilishi, havo tozalagich moslamalardan ko’proq foydalanish, mutaxassislar ekologik ongi va mas’uliyatining oshishi, «Ekosan» xalqaro ekologik va salomatlik jamg`armasining faol sa’y-harakati natijasida ijobiy siljishlar ro’y bermoqda.

Suvlarni muhofaza qilish. O’zbekistonning qurg`oqchil kontinental iqlimli cho’l, chala cho’l va tog` oldi dashtlari keng tarqalgan sharoitda suv muammosi hamisha eng jiddiy muammo bo’lib kelgan. So’nggi yarim asrda yangi-yangi cho’l massivlarining dehqonchilik uchun o’zlashtirilishi, mavjud ekin maydonlarining muttasil kengayishi, yangi-yangi suv omborlari va kanallar qurilishi bilan oqar suvlar tobora taqchilligining vujudga kelishi hamda ifloslanishi ko’plab jiddiy iqtisodiy-ijtimoiy va geoekologik muammolarni keltirib chiqardi. Xususan, Er osti suvlarini muhofaza qilishda jiddiy muammolar vujudga keldi. Mas., Farg`ona vodiysining ayrim hududlarida sizot suvlari neft bilan ifloslangan. Bu holat toza ichimlik va texnologik suv ta’minoti uchun jiddiy xavfga aylandi.

Kollektor-zovur shoxobchalaridagi ifloslangan suvlarning sho’rlik va minerallashganlik darajasi Orolbo’yi, Buxoro vohasi, Mirzacho’l va Farg`ona vodiysida tibbiy-ekologik jihatdan yo’l qo’yish mumkin bo’lgan darajadan 15 baravar ortdi.

1960-yillardan boshlab, O’rta Osiyoning eng katta suv havzasi – orol dengizi tezlik bilan quriy boshladi. Uning maydoni 1960 yilda 66,3 ming km2 bo’lgan bo’lsa, 2001 yilga kelib 21,1 ming km2 ga tushib qoldi. Suvining sho’rligi shu davr ichida 12,20/00 dan 65,10/00 gacha oshdi. Dengiz ostidan chiqib qolgan 45000 km2 dan ortiq yer qumli hamda sho’rxok cho’lga aylandi. Shu tarzda Orol dengizi bo’yida yana bir quruq cho’l vujudga kelib, dengiz suvi yuzasining qisqarishi hisobiga tobora kengayib bormoqda. Orol bo’yidagi tabiiy, geoekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat nihoyatda og`irlashib, jahon jamoatchiligini tashvishga solgan. Orol bo’yida vujudga kelgan noqulay geoekologik vaziyatni bartaraf etish muammosi vujudga keldi. Orol dengizi havzasining geoekologik holatining yomonlashgani faqat O’zbekiston emas, balki butun dunyo oldida turgan eng dolzarb geoekologik muammodir. Shuning uchun bu masalani hal qilishda Markaziy Osiyo davlatlari, boshqa xorijiy davlatlar, keng jamoatchilik, turli tashkilotlar bilan birgalikda faoliyat ko’rsatmoqdalar. Shu masala yuzasidan 1993 yilda Toshkent va Qizilo’rdada, 1994 yilda Nukus shahridagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yuqori darajadagi uchrashuvida Orol dengizi va uning atrofidagi hududlar geoekologik holatini yaxshilash maqsadida Xalqaro fond hamda Orol dengizi va Orolbo’yi mintaqasi muammolari bo’yicha davlatlararo kengash tuzish haqida qaror qabul qilindi. Unda Orol dengizi havzasidagi geoekologik holatni yaxshilashga mo’ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

1993 yil 6 mayda O’zbekistonda «Suv va suvdan foydalanish to’g`risida» qonun qabul qilindi. Unda suvdan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari aniq ko’rsatib berilgan.

Mutaxassislar O’rta Osiyo sharoitida ekinlarni sug`orishga gektariga o’rta hisobda salkam 8–10 ming m3 suv sarflanishi maqsadga muvofiq ekanligini asoslab berganlar. Amalda esa O’zbekiston xo’jaliklarida 1960–90 yillar mobaynida sug`oriladigan har gektar ekin maydoniga 17,2 ming m3 suv sarflangan, ya’ni gektariga 7,3 ming m3 suv ortiqcha sarflanib isrof qilingan.

Lekin mustaqillik yillarida paxta ekin maydonlarining qisqarishi va sug`orishda tartib o’rnatilishi natijasida har bir gektar yerda sug`orishga sariflanadigan suv miqdori ancha kamaydi. Lekin ayrim viloyatlarda hali ham sug`orish normasidan ancha ko’p (Qashqadaryo viloyatida har gektar yerga 16 ming m3, Sirdaryo viloyatida 18 ming m3) suv sarflanadi.

O’zbekistonda Orol va uning atrofi muammosidan tashqari, oqar suvlar va er osti suvlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bo’yicha ham tadbirlar amalga oshirildi.

Mamlakatda suv resurslarini muhofaza qilishning ikki asosiy yo’nalishi, ya’ni suv resurslarini tejash va ularning ifloslanishi hamda minerallashish darajasi ustidan nazorat o’rnatish birday muhim muammolardir. Suvlar sifatining yomonlashuvi aksariyat hollarda oqova, qaytarma va sanoat chiqindi suvlarining toza suvlarga qo’shib yuborilishi bilan bog`liq. Binobarin, qaytarma va oqova suvlarni tozalash dolzarb vazifadir. Tozalangan bu suvlardan ekin dalalarini sug`orish va yaylovlarga suv chiqarishda foydalanish mumkin. Sanoat korxonalarini esa aylanma suv ta’minotiga o’tkazish lozim: bunda korxona ishlatilgan suvni o’ziga kerakli darajada tozalab, undan qayta foydalanadi. Ayrim kimyo korxonalarining hozirgi texnologiya darajasida deyarli tozalab bo’lmaydigan suvlarini alohida havzaga yig`ib bug`latib yuborish maqsadga muvofiq. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda shaharlardagi vodoprovodlar bir sistemali. Buning oqibatida ichishga ham, yuvinish, kir yuvishga ham, yozda sepish va sug`orishga ham tozalangan suv sarflanadi. Toza suvni tejash uchun vodoprovodlarni 2–3 sistemali foydalanishga o’tkazish zarur.



Tuproqni muhofaza qilish.

O’zbekiston xo’jaligi uzoq yillar davomida asosan qishloq xo’jaligiga, 1-navbatda, paxta xom ashyosi etishtirishga o’ta ixtisoslashtirilishi natijasida obikor, ya’ni sug`oriladigan erlardagi tuproqlarning meliorastiya holati ancha yomon ahvolga tushib qoldi. Obikor erlarning asosiy qismi cho’l va tog` etagi chala cho’llarida tarqalganligidan ularning tuproq-meliorativ holatida sho’rlanish kuchaydi.

1960–80 yillar davomida sho’rlangan va meliorativ holati yomon erlarni ko’plab o’zlashtirish hisobiga respublikada sho’rlangan erlar maydoni ortib, hozirgi vaqtda ularning umumiy mayddoni 2,0 mln. gektarga etdi. Bu erlarning yarmiga yaqini o’rtacha va kuchli darajada sho’rlangan. Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarining erlari deyarli butunlay sho’rlangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa sho’r bosgan erlar 60–70%ni tashkil etadi. Tuproqning asosiy sifat ko’rsatkichi hisoblangan unumdorlik Sirdaryo viloyatida 30–35% pasayib ketgan. Tuproqning ishlab chiqarish imkoniyatiga putur etkazuvchi asosiy salbiy ekologik omillardan biri–suv va shamol eroziyasidir. Shamol eroziyasi, ya’ni tuproqni shamol uchirishi ro’y beradigan erlar mayddoni 2,1 mln. gektarga, suv eroziyasi ta’siridagi maydonlar esa 0,7 mln. gektarga teng. Bu salbiy jarayonlar Buxoro, Farg`ona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida ayniqsa ko’p zarar keltiradi. Mamlakatdagi 22 mln. gektar yaylovlarning 6 mln. gektari shamol, 3 mln. gektari esa suv eroziyasi ta’siridadir.

DDT, pestistididan foydalanish 1983 yilda taqiqlangan, lekin undan qishloq xo’jaligida foydalanish 1990 yilgacha davom etdi. Hozirgi vaqtda uning tuproq tarkibidagi miqdori ancha kamaygan bo’lishiga qaramay yo’l qo’yish mumkin bo’lgan miqdordan 2–3 baravar ko’p. Kimyoviy o’g`itlardan foydalanish ham juda kam ekologik samara berib kelgan; chunonchi, fosfor-kaliyli kimyoviy o’g`itlarning 30%, azotli o’g`itlarning esa 50%ni o’simliklar o’zlashtira olmay, ular tuproqlarni ifloslaydi yoki er usti va er osti suvlariga o’tib ketadi.

Mineral o’g`itlarning ko’plab ishlatilishi ham tuproqning zaharlanishiga, tuproq mikroorganizmlarining ko’plab qirilib ketishiga sabab bo’ldi.

Tuproqlar strukturasi va hosildorligini tiklash, ularni mineral o’g`itlarni normadan ortiqcha ishlatib zaharlamaslikning asosiy yo’li dehqonchilikdagi an’anaviy usullar, ya’ni organik o’g`itlardan tobora keng foydalanishga va almashlab ekishga katta e’tibor berishdan iborat.

O’zbekiston tuproqlari ekologik holatining yomonlashishiga haydalma qatlam ostida zich, berch qatlamning vujudga kelishi sabab bo’ladi. Har yili erlarni og`ir traktorlar bilan bir xil chuqurlikda, ya’ni 30 sm gacha qayta-qayta haydash zich, modda almashinuviga deyarli imkon bermaydigan berch qatlamni hosil qiladi. Erlarni chuqur shudgorlashga (haydashga) o’tish tuproqlarni muhofaza qilishdagi eng istiqbolli yo’llardan biridir.

Tuproqlar zaharlanishining oldini olishning asosiy yo’li esa zaharli ximikatlar – insektistid, gerbistid, pestistid va defoliantlardan kam foydalanib, ekinlar zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usullarni jadallik bilan joriy etishdir. Mineral o’g`itlardan, zaharli ximikatlardan me’yoridan ortiqcha foydalanish tuproqlarning tabiiy yo’l bilan tiklanishiga imkon beruvchi mikroorganizmlar, eng oddiy (mayda) organizmlar, shuningdek, chumoli, chuvalchang, kemiruvchilarning qirilib ketishiga olib keladi. Shuning uchun tuproq tirik organizmlarining qirilib ketishiga yo’l qo’ymaslik zarur.

Akademik M. Muhammadjonovning ma’lumotlariga ko’ra, zaharlanmagan 1 ga erdagi chuvalchanglar soni 5–6 mln.ga etadi. Bu jonivorlar tuproqning ona jinsini va barcha organik qoldiqlarni qayta ishlab beradi, tuproqni havodagi erkin kislorod bilan boyitadi, unda fiziologik faol moddalar hosil qiladi, tuproqni yumshatadi, undagi kimyoviy reakstiyalarga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Xullas, chuvalchanglar tuproqning suv, fizik va kimyoviy rejimiga, unumdorligiga ta’sir etib, o’simliklar undan unumli foydalanishiga sharoit yaratadi. Ekologik jihatdan nisbatan sof tuproqlarda chuvalchanglar yiliga o’z ovqat hazm qilish a’zolari orqali 300–400 tonnagacha tuproqni o’tkazib, har 8–10 yilda butun haydalma qatlamni qayta ishlab, go’yo yangilaydi.

Tuproqlar muhofazasi bilan bog`liq navbatdagi eng muhim vazifa – tuproqlar eroziyasi va cho’l chekkasidagi yerlarda (vohalarning chekkalarida) tuproqlarni qum va tuz bosishining oldini olishdan iborat. Buning uchun cho’ldagi o’simlik qoplamini asrash, qumli tuproqlarni haydaganda uning namligiga e’tibor berish, jo’yaklarni shamol yo’nalishiga ko’ndalang o’tkazish va boshqa agrotexnik qoidalarga amal qilish zarur.



Osimliklarni muhofaza qilish. O’zbekiston hududida cho’l, adir, tog` oldi, tog` va baland tog` balandlik mintaqalari o’simlik qoplami tarqalgan. Respublika hududida 4100 dan ortiq o’simlik turi bo’lib, shundan 577 tasi dorivor, 103 tasi bo’yoqli va 560 tasi efir moyli. O’simliklarning 10–12% muhofazaga muhtoj. Bundan tashqari mamlakatda, xususan. Orolbo’yida tabiatni muhofaza qilish maqsadida ihota o’rmonlari bunyod etish davom etmoqda.

So’nggi yillarda esa qurilish materiali sifatida foydalaniluvchi import yog`och keskin kamayishi munosabati bilan terakzorlar bunyod etilmoqda.

Bundan 40–45 yil muqaddam tekislikdagi daryo va soylar qayirlari ancha zich to’qay va qamishzorlar bilan qoplangan bo’lib, to’qaylarda turang`il, tol, jiyda, yulg`un kabi daraxt va butalar qalin o’sgan. Keyingi yillarda to’g`on, suv omborlari va kanallar qurilishi avj olib, daryo hamda soy suvlari keskin kamayishi, sizot suvlari sathi tobora kamayib, ularning minerallashuvi va sho’rligi ortishi natijasida bu to’qaylarning katta qism quridi (ayniqsa, quyi Amudaryoda). Respublika yaylovlarining hozirgi ahvoli ham ancha tashvishlidir. Bularning asosiy sabablari – yaylovlardan noto’g`ri foydalanish, tog` oldi va chala cho’l zonasidagi katta-katta maydonlarning asossiz ravishda haydalib, ekinlar ekilganligi, cho’lda – saksovul, tog`larda – archa kabi qimmatbaho daraxt va buta o’simliklarining ko’plab kesilib ketganligi, yaylovda qo’y, mol boqish me’yoriga amal qilmaslik, yangi erlarning o’zlashtirilishi, cho’l zonasida yangi-yangi shahar va yo’llar qurilib, yangi konlar ishga tushirilganligidir.

O’zbekistonning o’rmon fondi, asosan, tog` o’rmonlaridan iborat bo’lib, tabiatni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Ular ajoyib tabiiy manzara, o’ziga xos sog`lom mikroiqlim yaratadi, suvni saqlaydi va tuproqni eroziyadan asraydi, atrof muhitning sanitariya-gigiena holatini yaxshilaydi.

O’rmonlar respublika maydonining 5,1% ini tashkil etadi. Keyingi 30–35 yil mobaynida ekologik vaziyatning yomonlashuvi sababli O’zbekiston «qizil kitobi»ga 147 o’simlik oilasi kiritildi. Bularning ko’pi qimmatbaho dorivor o’simliklardir. Respublikamizda 1997 yilda «O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish haqida» qonun qabul qilindi.

Hayvonot dunyosini muhofaza qilish.

O’zbekiston hayvonlari o’simliklar kabi, 20-asrning 2-yarmida muhofazaga muhtoj bo’lib qoldi. Buning asosiy sabablari – aholi o’z xo’jaligi bilan barcha zonalar ichiga tobora chuqur kirib borishi, tabiiy landshaftlarning madaniy landshaftlar bilan almashinishi, hayvonlar ekologik muhitining tobora yomonlashuvi va, nihoyat, hayvonlarni ovlashning ilmiy asoslangan tartibiga qat’iy rioya etmaslikdir.

Tabiiy va ilmiy manbalarda ko’rsatilishicha, o’tgan asrning boshlarida Farbiy Tyanshan tog` tizmalarida, Janubiy O’zbekistonning Bobotog`, Ko’hitangtog`, Boysuntog`, Hisor tizmalarida soni keskin kamayib ketgan hayvonlardan ilvirs, qoplon, buxoro tog` qo’yi, ko’ksug`ur, qizil bo’ri, tyanshan oq tirnoqli ayig`i, yo’l-yo’l sirtlon, turkiston silovsini, tog` qo’ylari, qizilqum qo’yi va b.ni tez-tez uchratish mumkin edi. Endilikda bu hayvonlarning aksariyat qismi qo’riqxonalarda maxsus ko’paytirilmoqda.

O’tgan asrning o’rtalarigacha keng tarqalgan qushlardan boltayutar, dasht lochini, pushti saqoqush, birqozon, jajji oqqush, marmarchurrak, oqbosh, o’rdak, burgutning to’rt turi, qumoy, qironqora, lochin, itolg`i, bizg`aldoq juda kamayib ketdi. Ko’plab hayvonlarning ekologik makoni bo’lmish tekislikdagi to’qaylarning va tog`dagi o’rmonlarning qisqarib ketishi yovvoyi hayvonlarning qirilib ketishiga olib keldi.

O’lkadagi tabiiy ekologik sharoitning yomonlashuvi va inson omilining bevosita ta’sirida bir vaqtlar tabiatda erkin yashagan turon yo’lbarsi, qizil tulki, sirtlon, xachir kabi hayvonlar butunlay yo’qolib ketdi. O’rta Osiyo qoploni, old osiyo qoploni, chipor sirtlon (po’lta), ustyurt qo’yi, qora laylak, tuvaloq, shipun oqqushi, qum charx iloni, o’rta osiyo kobrasi, uzundum burgut kabi nodir hayvonlar butunlay tugab ketish xavfi ostida turibdi. Ustyurt qo’yi, buramashox qo’y (morxo’r), o’rta osiyo qunduzi, oqqush, yo’rg`a tuvaloq, kulanbaur, chipor kaltakesak kabi hayvonlarning ham tugab ketish xavfi kuchli. Keyingi vaqtda afg`on maynasining ko’payib ketishi oqibatida bulbul, qaldirg`och, chittak, xatto chumchuqlar ham ancha kamayib ketdi.

1997 yilda O’zbekistonda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish haqida» qonun qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 y. 1 apreldagi 139-son qarori bilan «Biologik rang-baranglikni saqlashning milliy strategiyasi va harakatlar rejasi» ishlab chiqildi.

O’zbekiston «qizil kitobi»ga umurtqali hayvonlarning nodir va yo’qolib ketish xavfi ostida bo’lgan jami 63 turi va kenja turi kiritilgan bo’lib, ular orasida 22 tur sutemizuvchi hayvon, 31 tur qush, 5 tur sudralib yuruvchi hayvon va 5 tur baliq bor.

Qo’riqxona, milliy bog` va buyurtma qo’riqxonalar. 1993 yilda «Maxus muhofaza qilinadigan hududlar to’g`risida» qonun qabul qilindi. Unda bunday hududlarni aniqlash, ularni tartibga solish, muhofaza qilish qonun-qoidalari qayd qilingan. O’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularning nodir va tugab borayotgan turlarini saqlab qolishda, sonini ko’paytirishda qo’riqxona, milliy bog` va buyurtma qo’riqxonalar ahamiyati kattadir. qo’riqlanadigan erlarning umumiy maydoni 2 mln. gektardan ortiq. Mamlakatda 9 qo’riqxona bo’lib, 5 tasi – tog`da, 2 tasi – daryo qayiridagi to’qayda va 1 tasi cho’l landshaftlarida joylashgan. Bular Chotqol tog`-o’rmon, Zomin, Qizilqum, Bodayto’qay, Nurota, Zarafshon, Hisor, Surxondaryo, Kitob qo’riqxonalaridir. Bu qo’riqxonalarda bioekologik tadqiqotlar olib boriladi.

Qo’riqxonalardan tashqari kamayib ketayotgan o’simlik va hayvon turlarini saqlab qolish va tiklash maqsadida 9 ta buyurtma qo’riqxona barpo etilgan. Bular Arnasoy, Qorako’l, Sayg`oq, Sudoch’e, Sarimish, Qoraqir, Qarnobcho’l, Qo’shrabot, dengizko’l buyurtma qo’riqxonalar bo’lib, ularda qishlovga uchib keluvchi yirik qushlardan – o’rdak, g`oz, birqozon, oqqush, suv qushlaridan o’rdak, g`oz, qoravoy, flamingo (qizilg`oz) himoya ostiga olingan.

Alohida ekologik, tarixiy va nafosat ahamiyatiga ega bo’lgan, shu bilan birga tabiatni muhofaza qilish, rekreastiya, ilmiy, madaniy, ma’rifiy maqsadlarda foydalanishga mo’ljallangan alohida muhofaza etiladigan ob’ektlarni o’zida qamrab olgan milliy bog`lar ham tashkil etilgan. Bundan milliy bog`lar hozircha 2 ta: Zomin milliy bog` (maydoni 241,1 km2) bilan Ugom-Chotqol milliy bog`i (5745,9 km2) ajoyib iqlimli sermanzara landshaftlari aholining dam olib, xordiq chiqarishi, sport turizmi mashg`ulotlari bilan shug`ullanishi uchun juda qulaydir. Unda bargli siyrak tog` o’rmonlari, butazorlar, archazorlar, subalp o’tloqlari tabiiy komplekslari va ularda yashaydigan noyob hayvonlar muhofaza qilinadi, ilmiy ishlar olib boriladi.

Tabiat ob’ektlari muhofazasi.

Tabiatning noyob, diqqatga sazovor ob’ektlariga g`orlar, ajoyib shaklli qoyalar, daralar, sharsharalar, yer qatlamlari ochilib qolgan joylar, sharsharalar, o’ziga xos buloqlar, katta yoshli daraxtlar kiritiladi. Tabiatning bunday ob’ektlari ilmiy, rekreastiya, turizm, sayohat, nafosat maqsadlarida o’rganiladi va muhofaza qilinadi. Tabiatning go’zal, rang-barang, havo va suvi musaffo, tabiati shifobaxsh landshaftlari ham maxsus muhofaza qilinadi. Chunki bunday landshaftlarni asil holida saqlab qolib, muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlar va ekologik muvozanatning vaqt davomidagi qonuniy o’zgarishlarini tadqiq qilish jihatidan ham muhim ahamiyatga egadir.

O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhoaza qilish davlat qo’mitasi respublika hududida 400 dan ortiq tabiat yodgorligini hisobga olgan. Bulardan 80 ga yaqini jonsiz tabiat yodgorliklaridir. Jonsiz tabiat yodgorliklari orasida xilma-xil karst relefi shakllari, shu jumladan, arxeologik ahamiyatga ega bo’lgan g`orlar va ungurlar, shuningdek nodir buloqlar, sharsharalar, ilmiy jihatdan katta ahamiyatga ega bo’lgan qoyalar va geologik ochilmalarni muhofaza qilish muhim vazifalardan hisoblanadi. Sayrobdagi qadimiy chinor, Boysundagi Chorchinor, odamlarning qadimgi ajdodi topilgan Teshiktosh g`ori, Xo’jakentdagi qoyaga chizilgan rasmlar, Chinor, Amir Temur g`ori, Qirqqiz, Odamtosh, «Dinazavrlar jangi» qoyalari va boshqalar shular jumlasidan. Ularning betakror, sehrli va maftunkor manzaralari jiddiy muhofazaga muhtojdir.

Qo’shimcha: Barotov P.
Tabiat bilan jamiyatning o`zaro munosabati murakkab jarayon bo`lib, u zamon va makonda tez o`zgaruvchandir. Inson tabiat boyliklaridan qancha ko`p foydalansa, tabiat ham unga shuncha "tashvish" keltiradi.

Tabiat boyliklarini maxsuldorligini va tabiiy sharoitini inson uchun qulayligini saqlab qolish uchun ulardan extiyojga yarasha, me'yorida foydalanishni hamma joyda amalga oshirish, tabiatini izchillik bilan boyitib borish, uning komponentlari o`rtasidagi tabiiy o`zaro muvozanatni barqaror saqlab turish zarur. Shundagina tabiat bilan inson o`rtasidagi o`zaro munosabat ijobiy tusga ega bo`ladi.

O`zbekistonning mustaqillikka erishishi tabiat muhofazasi muammolarini jadal va katta mas'uliyat bilan hal qilishda yangi bosqich ochdi. Konstitutsiyamizda "Yer, yer osti boyliklari, suv, o`simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir" deb mustahkamlab qo`yildi. Bundan tashqari 1992 yil 9 dekabrda O`zbekiston Oliy kengashi O`zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida" qonunini qabul qildi. Endilikda ekologik muammolar hukumatning doimiy nazoratida, bu soxada ilk muvofaqqiyatlar ko`lga qiritilmoqda.

ATMOSFERA HAVOSINI MUHOFAZA QILISH. Atrof muhitning ekologik holati va hududlar ekologik muvozanatining buzilishi ko`p jihatdan atmosfera havosining tarkibiga hamda uning turli ishlab chiqarishlar ta'siridagi salbiy o`zgarishlariga bog`liqdir.

O`zbekiston hududining o`ziga xos tabiiy xususiyatlari uni ekologik xo`jalik rayonlariga ajratish va har bir rayon yer usti atmosfera havosining ifloslanish potensialini aniqlashga imkon berdi. Respublika hududida atmosfera havosining ifloslanish potensiali 2,4 dan 3,3 gacha o`zgarishi qayd qilindi. Atmosfera havosining ifloslanish darajasining kattaligi (3,0-3,3) Chirchiq-Ohangaron va Farg`ona vodiysida kuzatiladi.

Bunga sabab bu yerdagi hududiy ishlab chiqarish majmualari nisbatan rivojlanganligida, avtotransport harakatining ko`pligi tog`-kon sanoatining salbiy ta'siri va qishloq xo`jaligida zararli ximikatlardan ortiqcha foydalanishdir. O`zbekistonda 1994 yilda atmosfera havosiga chiqarilgan jami chiqindilarning miqdori 264 mln. tonnani tashkil qilgan bo`lib, uning 0,9 mln. tonnasi sanoat korxonalari chiqindisi, 1,4 mln. tonnasini transport vositalaridan chiqqan ifloslovchi moddalar tashkil qilgan. Chunonchi Toshkentda atmosfera havosining ifloslanishida shahar transportining hissasi 80% dan ortiqdir.

O`zbekistonda atmosfera havosining ifloslanishi yirik sanoat tutunlari bilan birga shamol yo`nalishi mintaqalariga ham to`g`ri keladi. (Masalan, Chirchiq-Toshkent, Angren-Ohangaron, Nurobod-Olmaliq-Bo`ka va b.) Olmaliq, Angren, Farg`ona, Qarshi kabi shaharlar havosi eng ko`p ifloslangan shaharlardir. Keyingi yillarda O`zbekistonda atmosfera havosining tozaligini saqlash bo`yicha birmuncha ijobiy ishlar kuzatilmoqda.



SUVLARNI MUHOFAZA QILISH. Keyingi yillarda O`zbekistonda oqar suvlarning taqchilligini ortishi va ifloslanishi jiddiy saqlash ijtimoiy va ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Hozirda Sirdaryo suvini Uchqo`rgondan, Amudaryo suvini Termizdan quyida ichib bo`lmaydi, chunki sanoat oqava suvining 60-70% ni tozalanmasdan toza suv havzalariga tashlanmoqda.

Respublikada zovur tarmoqlarining bir yillik oqimi 23-25 km3 bo`lib, ularning sho`rlik va minerallashganlik darajasi Orol bo`yi, Buxoro vohasi, Mirzacho`l va Farg`ona vodiysida tibbiy - ekologik jihatdan yo`l qo`yish mumkin darajadan 3-5 barobar ortiqligi aniqlangan.

O`zbekistonda oqar suvlar va yer osti suvlaridan ham oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bo`yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

TUPROQNI MUHOFAZA QILISH. O`zbekistonda sobiq Sovet davrida paxta yakka hokimligi natijasida obikor yerlardagi tuproqlarning meliorativ holati yomonlashdi, cho`l va tog` etagi chala cho`llarida tuproqning sho`rlanishi kuchaydi. 1995 yilda O`zbekistonda 4220,2 ming ga sug`oriladigan yerlarning 2277,3 ming gektari har xil darajada sho`rlangan yerlardan iborat bo`lgan. Shundan 628,0 ming gektari o`rtacha, 165,6 ming gektari kuchli va juda kuchli darajada sho`rlangan Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarining yerlari deyarli butunlay sho`rlangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa sho`r bosgan yerlar 60-70% ni tashkil etadi.

O`zbekistonda tuproqni ishlab chiqarish imkoniyatiga putur yetqazuvchi asosiy salbiy ekologik omillardan biri-suv va shamol eroziyasidir. Shamol eroziyasi ta'siridagi maydonlar Respublikamizda 2,1 mln. gektarni, suv eroziyasi ta'siridagisi esa 1422 ming gektarni tashkil etadi. Bu salbiy jarayon Farg`ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlariga ayniqsa ko`p zarar keltirmoqda.

O`zbekistonda mineral o`g`itlarning, pestisitlarning (1994 yilda 14,8 kg/ga bo`lgan) defolyantlarning ishlatilishi ham tuproqning zararlanishiga , tuproq mikroorganizmlarining ko`plab qirilib ketishiga sabab bo`lgan.

Olimlarning ma'lumotlariga ko`ra , zaharlanmagan 1 ga yerdagi chuvalchanglar soni 5-6 mln. ga yetadi. Bu jonivorlar tuproqning suv fizik va kimyoviy rejimiga unumdorligiga ta'sir etib, o`simliklarni undan unumli foydalanishiga sharoit yaratadi.



O`simliklarni muhofaza qilish. Respublikamizda akademik K. Zokirov tavsiya etgan cho`l, adir, tog` va yaylov mintaqalarning har biri o`ziga xos iqlim, tuproq qoplami, o`simlik va hayvonot dunyosiga ega. O`zbekistonda 4000 dan ortiq o`simlik turi bo`lib, shundan 10-12% muhofazaga muhtoj.

Keyingi yillarda tekislikdagi daryo va soylar, qayirlaridagi ancha zich bo`lgan to`qaylarning maydoni odamzotning ta'sirida keskin kamayib ketdi. Respublikadagi mavjud 22,8 mln. ga yaylovlarning ahvoli ham tashvishlidir. Bularning asosiy sabablari -yaylovlardan noto`g`ri foydalanish, tog` oldi va adir zonasidagi katta - katta maydonlarni asossiz ravishda haydalib, ekinlar ekilganligi, cho`lda saksovul, tog`larda archa kabi ko`plab qimmatbaho daraxt va buta o`simliklarning ko`plab kesilib ketganligi, yaylovda qo`y boqish me'yoriga amal qilmaslik yangi yerlarni o`zlashtirish va yangi shahar va yo`llar qurilish va aholi zichligining ortishidir. Hozir O`zbekistonda 50- yillarga nisbatan yaylovlar maydoni 6,5 mln. gektarga qisqargan. O`zbekistonning o`rmon fondi tabiatni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga egadir. Ular ajoyib manzara yaratadi, o`ziga xos sog`lom mikroiqlim yaratadi, suvni tejaydi va tuproqni eroziyadan asraydi, atrof - muhitning sanitariya gigiyena holatini yaxshilaydi. Hozir Respublikamizda o`rmonli yerlar 3,7 mln. ga atrofida bo`lib, uning 1,8 mln. gektarga yaqini daraxtlar bilan qoplangan.

Respublikamizda o`simlik qoplami muhofazasi bo`yicha ilmiy ishlar qilinmoqda. O`zbekiston “Qizil kitobi”ga yo`qolib ketishi xavfi bo`lgan o`simliklarning 42 oila , 11 avlodga kiruvchi 301 turi kiritilgan. Ularning ko`pi qimmatbaho dorivor o`simliklardir.

Hayvonot dunyosini muhofaza qilish. O`zbekiston hayvonlari ham keyingi o`n yil ichida muhofazaga muhtoj bo`lib qoldi. Buning asosiy sabablari-aholi o`z xo`jaligi bilan barcha zonalar ichiga tobora chuqur kirib borishi, tabiiy landshaftlarni madaniysi bilan almashinishi, hayvonlar ekologik muhitining tobora yomonlashuvi va nihoyat hayvonlarning ovlashning ilmiy asoslangan tartibiga qat’iy rioya etmaslik hamda bu boradagi nazoratning sustligidir.

Manbalarda ko`rsatilishicha XIX asrning ikkinchi yarmida G`arbiy Tyanshan tog` tizmalarida, Bobotog`, Ko`hitangtog`, Boysuntog`, Hisor tizmalarida hozir soni keskin kamayib ketgan hayvonlardan ilvirs, qoplon, Buxoro tog` qo`yi, ko`ksug`ur, Qizil bo`ri, Tyanshan oq tirnoqli ayig`i, yo`l-yo`l sirtlon, Turkiston silovsini , tog` qo`ylari , Qizilqum qo`yi va boshqalarni tez-tez uchratish mumkin edi. Endilikda bu hayvonlarning aksariyat qismi qo`riqxonalarda va zakazniklarda maxsus ko`paytirilmoqda.

Hatto asrimiz boshida keng tarqalgan qushlardan boltayutar, dasht lochini, pushti sakoqush, jajji oqqush, o`rdak, burgutning 4 turi, qumoy, qiron Qora lochin, itolgi, bizg`aldoq juda kamayib ketdi. Ko`plab hayvonlarning ekologik makoni bo`lmish tekislikdagi to`qaylarning va tog`dagi o`rmonlarning juda qisqarib ketishi yovvoyi hayvonlar qirilib ketishiga olib keldi. O`lkadagi tabiiy ekologik sharoitning yomonlashuvi va inson omilining bevosita ta'sirida bir vaqtlar tabiatda erkin yashagan Turon yo`lbarsi, Qizilto`ti, sirtlon, xachir kabi hayvonlar butunlay yo`qolib ketdi. O`rta Osiyo qoploni, Old Osiyo qoploni, chipor sirtlon, Ustyurt qo`yi, Qora laylak, tuvaloq, qum charx iloni, O`rta Osiyo kobrasi, uzundum burgut kabi nodir hayvonlar butunlay tugab ketish xavfi ostida turibdi. O`zbekiston "Qizil kitobi" ga umurtqali hayvonlarning nodir va yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan jami 63 turi va kenja turi kiritilgan bo`lib, ular orasida 22 tur sutemizuvchi hayvon, 31 tur qush, 5 tur sudralib yuruvchi hayvon va 5 tur baliq bor.

Qo`riqxona va zakazniklar. O`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularning nodir va tugab borayotgan turlarini saqlab qolish, sonini ko`paytirishda qo`riqxona, zakaznik va xalq xiyobonlarining ahamiyati kattadir. Qo`riqlanadigan yerlaning umumiy maydoni 2 mln. ga dan ortiq. Respublikada alohida qo`riqlanadigan 14 tabiiy - hududiy ob'yekt, shu jumladan Chotqol biosfera Qo`riqxonasi, Buxoro jayron pitomnigi, Hisor davlat Qo`riqxonasi, Badayto`qay Qo`riqxonasi, Qorako`l maxsus pitomnigi, Zomin milliy xiyoboni, Zomin Qo`riqxonasi, Nurota Qo`riqxonasi, Zarafshon Qo`riqxonasi, Surxon Qo`riqxonasi, Ugom-Chotqol tabiat milliy xiyoboni, Qizilqum Qo`riqxonasi, Aydar o`rmon-suv xo`jaligi, Sayxun o`rmon-suv xo`jaligi bor. Bu ob'yektlarda bioekologik tadqiqotlar olib boriladi.

Qo`riqxonalardan tashqari kamayib ketayotgan o`simlik va hay vonot turlarini saqlab qolish va tiklash maqsadida 10 ga yaqin zakazniklar barpo etildi.



Yer osti boyliklarini muhofaza qilish. Respublikada tog`-kon sanoatidan foydalanishda muntazam yo`l qo`yib kelingan xatolar quyidagi asosiy salbiy ekologik oqibatlarga olib keldi: 1) Tog` kon sanoati rayonlaridagi tabiiy landshaftlarning buzilishi izdan chiqishiga; 2) Atrof - muhit ekologik holatining yomonlashuviga; 3) Qazilma boyliklaridan nooqilona, samarasiz foydalanishga.

1995 yilga qadar boyliklar O`zbekiston hududida 675 ta foydali qazilma konlari va 1000 ta ishlab chiqarishga kiritilayotgan konlarda 92 xildan ortiq xom ashyo turlari aniqlangan. Shular asosida 650 dan ortiq tog`-kon korxonalari: shaxtalar, neft va gaz quduqlari, konlar faoliyat ko`rsatadilar. Hozir O`zbekistonda 2700ta konlar va istiqbolda ochilishi lozim bo`lgan konlar aniqlangan. Respublikada har 0,5 ming km2 maydonga bittadan foydali qazilma bilan shug`ullanuvchi korxona to`g`ri keladi. Bu esa haddan ziyod ortiqdir.

Qazilma boyliklardan tejab-tergab foydalanmasligi (Angrenda) rudalarni qazib olish va boyitishda isrofgarchiliklar (Olmaliqda 20-30%ga yetadi) hamon kuzatilmoqda.

Tog`-kon rayonlarida tabiiy landshaftlarning buzilishi kuzatilmoqda va tashlandiq landshaftlar vujudga kelmoqda. Respublikada tog`-kon chiqindilar 10 ming ga maydonni band etadi.



Nodir landshaftlar va tabiat yodg`orliklarini muhofaza qilish. O`zbekiston tabiatining so`lim va sermanzaraligi, havo va suvining musaffo hamda shifobaxshligi, ajoyib sharsharalar, qoya, g`or va o`rmonda joylashgan maskanlarning mavjudligi, ularni atrof-muhit bilan yaxlit landshaftlar sifatida saqlab qolishni taqazo etadi. Landshaftlarni asli holida, ya'ni o`zgarmagan holida saqlab qolib, muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlar va ekologik muvozanatning vaqt davomidagi qonuniy o`zgarishlarini tadqiq qilish nuqtai nazardan ham katta ahamiyatga ega.

Hozirgi paytda Respublikada atrof muhofaza qilish va tabiiy zahiralardan oqilona foydalanish bo`yicha 2005 yilgacha mo`ljallangan davlat dasturi ishlab chiqilgan. Unda Respublikada ekologik vaziyatni sog`lomlashtirish, yirik shaharlar va shahar aglomeratsiyalari kabilarda ekologik keskinlikka barham berish yo`llari belgilangan.



O`zbekiston tabiiy muhitini qishloq xo`jaligi maqsadida geoekologik tahlil qilish.

O`zbekiston qishloq xo`jaligida tabiiy muhit va tabiat resurslaridan oqilona foydalanish muammosi asosiy Geoekologik muammolardan biri bo`lib qolmoqda.

Iqlim, yer usti va yer osti suvlari, landshaft resurslari kabi tabiiy omillar birgalikda tabiiy va madaniy o`simliklarning rivojlanishi uchun Geoekologik muhitni hosil qiladi. Ular birgalikda u yoki bu hududdagi qishloq xo`jaligining o`ziga xos xususiyatlari mazmunini aniqlab beradi. Binobarin, O`zbekiston sharoitidagi sug`oriladigan, shuningdek sug`orilmaydigan va yaylov xo`jaliklarida qishloq xo`jaligi nuqtai - nazardan tabiiy vaziyatni Geoekologik tahlil qilish zarur.

Geoekologik muhitning landshaft tahlili. Endilikda hududiy tabiiy -geografik tahlil xalq xo`jaligida keng qo`llanilmoqda va samarali amaliy natijalar bermoqda.

Ayniqsa, qishloq xo`jalik tarmoqlarini joylashtirish masalalarini yechishda undan keng va to`liq foydalanish imkoniyati bor. Landshaft asosiga ega bo`lgan tabiiy geografik rayonlashtirish kartasi qishloq xo`jalik ishlab chiqarish uchun tabiiy muhitga oid zaruriy ma'lumotlarini beradi. Tabiiy muhitning yaroqligini aniqlashda asosiy tabiat komponentlari emas, balki bir xil tabiiy sharoitga ega bo`lgan va tabiiy hududlarning mazmunini tashkil etuvchi landshaftlarning tipologik komplekslaridir. Ular landshaft sharoitidan nisbatan bir xil bo`lgan joylardir. Binobarin, bunday joylar qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta'sir etadigan relyef, tuproq va o`simlik qoplamiga, ya'ni muayyan tabiat komponentlariga asoslanib ham ajratiladi.

Yuqorida aytilganlarni hisobga olib, dehqonchilikka tadbiq qilish orqali landshaftlarni bonitirovka qilinadi. Bunda landshaftlar juda past, o`rtacha sifatli, o`rtacha sifatlidan past va yuqori sifatli tabiiy komplekslarga birlashtiriladi.

Bonitirovka (lotincha yuqori sifatli demakdir)- qishloq xo`jaligida yerlarni iqtisodiy baholashda zarur hisoblangan tadbir. Muayyan sharoitda landshaftlarning yuqori sifatiy xususiyatlarini anglatadi.

Tekislikdagi cho`l zonasidan tortib to baland tog`larning glyasial-nival zonalarigacha uchraydigan past sifatli landshaftlar dehqonchilikda yaroqsiz bo`lsada, yaylov chorvachiligi uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Allyuvial, allyuvial - delta, prolyuvial – allyuvial tekisliklarning tabiiy komplekslari o`rtacha sifatlidan yuqori landshaft sinfni tashkil etib, qishloq xo`jaligi o`zlashtirilishida eng qulay sharoitga egadir Landshaft komplekslarini o`rganishda va ularni sinf va kichik sinflarga guruhlariga ajratishda qiyosiy geografik asos bo`lgan bunday yondoshuv o`z mohiyatiga ko`ra kompleksdir.

Agroiqlimiy tahlil. Iqlimning asosiy resurslaridan hisoblangan termik va namlik resurslari u yoki bu qishloq xo`jalik ekinlarining rivojlanishi va hosildorligiga katta ta'sir etadi. Shularni hisobga olib L. N. Babushkin Turon provinsiyasi hududida beshta termik zonalarni ajratadi. Jazirama issiq, harorat yig`indisi 4900 gr. dan ortiq (ingichka tolali paxta novlarining tarqalishi ehtimoli bor bo`lgan zonalar: issiq harorat yig`indisi 4000 dan 4900 gr. gacha o`rtacha va tez pishar paxta navlarining tarqalishi ehtimoli bor bo`lgan zonalar): iliq harorat yig`indisi 2800 dan 4000 gacha (uzumchilik yetishtirilishi mumkin bo`lgan zonalar): salqin harorat yig`indisi 1000-2800 gradusgacha (boshoqli don ekinlar zonasi) va harorat yig`indisi 1000 gr. dan kam bo`lgan (baland tog`larning dehqonchiliksiz zonalari) sovuq zona.

Chorvachilik uchun iqlimni baholashda quyidagilar hisobga olinadi:

1. Noqulay iqlimiy holatlar (ertangi sovuq, kuchli yomg`ir, ho`l qor, kuchli shamollar va h. k. ) Ularni hayvonlar sog`ligiga ta'siri.

2. Tuproq yuzasini qurish vaqti bu yaylov o`simligini qurish vaqtini belgilaydi.

3. +5 izotermasini o`tish vaqti, chunki molni yaylovga haydash shu izoterma kuzatilgan kundan boshlanadi.

4. Yaylovlarning mahsuldor, hosildorligi.

5. Relyefi (parchalanganligi, qiyaligi va x. )

III. Landshaft asosida termik zonalar bilan tabiiy namlik (atmosfera yog`in-sochinlari) zonalarini birgalikda solishtirish (tahlil qilish) quyidagilarni aniqlash imkonini beradi: 1) paxtachilik, uzumchilik va boshoqli don ekinlari talab qiladigan issiqlik ko`rsatkichiga yaqin bo`lgan termik resurslar, lekin faqat sun'iy sug`orish sharoitida yetishtiriladigan ekinli maydonlar (issiqlik va iliq, lekin juda quruq sarhadlar): 2)termik resurslarga binoan faqat sug`orib yetishtiriladigan ekinlar: (paxtachilik, uzumchilik) va mavjud namlik yog`in-sochin resurslaridan foydalaniladigan kam issiqsevar (boshoqli don) ekinli maydonlar (issiq va iliq, lekin qurg`oqchil hududlar):

3) Issiqsevar ekinlarni yetishtirishda termik resurslarning yetishmasligi sababli yaroqsiz, lekin faqat yog`in-sochin resurslarining chegaralanganligi sababli sug`orib yetishtiriladigan donli ekinlarga yaroqli maydonlar (salqin, lekin qurg`oqchil sarhadlar): 4) termik resurslarning yetarli emasligidan issiqsevar o`simliklarni yetishtirishda yaroqsiz lekin mavjud tabiiy namlik yog`in-sochin resurslariga binoan boshoqli don ekinlari uchun yaroqli bo`lgan maydonlar (salqin, lekin qurg`oqchil yoki namli hududlar): 5)tabiiy atmosfera namliklari bilan yetarli darajada ta'minlanganligiga hatto kam issiqsevar boshoqli don ekinlariga ham yaroqsiz maydonlar (sovuq sarhadlar).

Ammo hududning landshaft xususiyatlariga bog`liq holda barcha joy tiplari ilmiy asosli natijalarga tayanmaganligi sababli jumhuriyatning barcha zonalaridagi tabiiy potensialidan yetarli darajada oqilona foydalanilmayapti. Vaholanki, cho`ldan baland tog` va glisial - nival tipgacha tarqalgan rang-barang tabiiy komplekslarni o`zida mujassamlashtirgan landshaft kartasi sug`orma va lalmikor dehqonchilikni va yaylov chorvachiligini hozirda va istiqbolda rejalashtirish uchun geografik asos bo`lib xizmat qilishi mumkin edi.



Download 1.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling