Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni


Download 1.52 Mb.
bet11/22
Sana16.06.2020
Hajmi1.52 Mb.
#119409
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   22
Bog'liq
O`zbekiston tabiiy geografiyasi


Alp mintaqasi O’zbekistonda 3000-3500 m mutlaq balandlikdan boshlanadi. Bu erdagi alp o’tloqlari tagida chirindili va torfli, ishqori yuvilgan tog` o’tloq tuproqlari hosil bo’lgan. Ular qatlami juda yupqa va tutash tuproq qatlamini hosil qilmaydi. Bu mintaqada tuproq hosil bo’lish jarayoni uchun sharoit juda noqulay. Bunga haroratning pastligi, vegetastiya davrida sovuqlarning tushib turishi va shu tufayli o’simlikning kamligi va siyrakligi sabab bo’ladi.

Allyuvial tuproqlar O’zbekiston hududida qadimdan o’zlashtirib dehqonchilik qilib kelingan vohalarda tarkib topgan. Minglab yillar davomida vohalarda, shuningdek daryolarning etagida er beti 1-2 metr va undan ham qalinroq daryo oqiziqlari bilan qoplangan. Allyuval tuproqlar ana shunday joylarda vujudga kelgan. Cho’l zonasidagi allyuvial tuproqlar o’tloq, o’tloq-botqoq va allyuvial botqoq tuproqlardan iborat bo’lib, Xorazmda, Quyi Amudaryoda va Quyi Zarafshonda katta maydonga ega.Bu tuproqlar serkarbonat, chirindisi oz, faqat o’tloq-allyuvial tuproqlardagina chirindi 1-2 % etadi.

Sug`oriladigan o’tloq-allyuval tuproqlar sho’rlanmagan, qumoq, gilli erlarda esa sho’rlangan bo’ladi. Daryo qayirlaridagi o’tloq-botqoq va allyuvial-botqoq tuproqlarning hammasi sho’rlangan. Agarda tuproqda nam kamayib, u qurib qolsa (Quyi Amudaryodagi kabi), u paytda tuproq tipik cho’l tuproqqa, taqir va taqir tipli tuproqlarga aylanadi.

Allyuval tuproqlar bo’z tuproqlar mintaqasida ham uchraydi. Ular bu erda o’tloq-allyuvial, sho’rlangan o’tloq-allyuvial va allyuvial-botqoq tuproqlar deb yuritiladi. Bu tuproqlar O’rta Zarafshonda, Chirchiq-Ohangaron vodiysida, Farg`ona vodiysining sharqiy qismida katta maydonlarni egallaydi.

Hozir O’zbekistonda 4,3 mln. gektarga yaqin erda sug`orib ekin ekilmoqda. Bunday erlarda tuproqlarning tabiiy holati ancha o’zgargan. Obikor dehqonchilik qilinayotgan hududlarda (er yuzidan 2 m balandlikkacha) mikroiqlim o’zgaradi, havoning nisbiy namligi oshadi va harorati biroz pasayadi, tuproqdagi namlik rejimi, mikroflora tarkibi, chirindi miqdori va tuproq qatlami bo’yicha chirindining hamda ozuqa moddalarning taqsimlanishi, tuproq mexanik tarkibi va fizik xossalari o’zgaradi. Bu omillar, shuningdek, erni muttasil haydash va o’g`itlash kabi tadbirlarning birgalikda ta’siri oqibatida tuproqning turli qalinlikdagi o’ziga xos ustki qatlami vujudga keladi. Bu qatlam agroirrigastion qatlam deb ataladi. Binobarin qadimdan sug`orma dexqonchilik qilinadigan erlardagi tuproqlarning tabiiy tuproqlardan farqi katta bo’ladi. Bu tuproqlarni olimlar sug`oriladigan tuproqlar tipiga kiritadilar va ularni madaniy tuproqlarning alohida bir turi deb ta’riflaydilar. Sug`oriladigan bo’z, o’tloq, taqirli tuproqlar ana shular jumlasidandir.



Tuproq resurslari. O’zbekistonning yer fondidan qishloq xo’jaligida keng foydalaniladi. Respublika hududi 2001 yil 1 yanvar ma’lumotiga ko’ra 44896,9 ming gektar yer bo’lib, shundan qishloq xo’jaligi uchun yaroqli yerlar maydoni 25736 ming gektar ga teng, bu respublika yer fondining 57,9% ini tashkil etadi. O’zbekiston butun yer fondining 9,6 % ini yoki 4277,6 ming gektarni sug`orib ekin ekiladigan yerlar tashkil etadi. Sug`oriladigan yerlarning 57 % i tekislik cho’l zonasiga, qolgan 43 % i tog` oldi, tog` mintaqasiga to’g`ri keladi. Sug`orib ekin ekiladigan tuproqlarning 60 % dan ko’prog`ini avtomorf tuproqlar tashkil etadi. Mexanik tarkibiga ko’ra ularning asosiy qismi og`ir qumoqli va gilli, 10 % i yengil, 20% i esa o’rtacha mexanik tarkibli tuproqlardir. Hozirgi kunda sug`oriladigan erlarning 46 % i sho’rlangan, 8 % i suv va 15 % i shimol eroziyasiga uchragan.

O’zbekistonda 2001 yil 1 yanvari ma’lumotiga ko’ra lalmi yerlar maydoni 750,1 ming gektar. Ular yillik yog`in miqdori 200 mm dan ortiq bo’lgan hududlarda joylashgan. Lalmi yerlarning 12,1 %i tabiiy nam bilan ta’minlanmagan, 74,5 % i nam bilan to’liq ta’minlanmagan va 13,4 % nam bilan ta’minlangan.

O’zbekistonda tabiiy yaylovlar 2001 yil 1 yanvar ma’lumotlariga ko’ra 22131,1 ming gektarni tashkil etadi, shundan 87 % i suv bilan ta’minlangan. Yaylovlarda mollarni tartib-qoidalarga rioya qilmay boqish, ular sonining normadan ko’pligi, quduqlar atrofida ko’plab to’planishi, yaylovdagi butalarni va o’tlarni yoqish, xashak va o’tin uchun ko’plab qirib olinishi, cho’lni sanoatchilar tomonidan o’zlashtirishning jadallashuvi, geologlarning me’yoriga amal qilmay olib borayotgan ishlarining kengayishi, cho’lda ko’plab og`ir texnikadan foydalanish cho’l o’simliklarining kambag`allashishga, ayrim yerlarda esa o’simlik qoplami va tuproq qatlamining buzilishiga sabab, bo’lmoqda. Natijada O’zbekistonda keyingi 20 yil ichida yaylovlar mahsuldorligi 21 % ga kamaygan, buzilgan yaylov maydoni 2001 yil 1 yanvarga kelib 7356 ming gektarni tashkil etdi.

O’zbekistonda yer fondining 18,2 % i (8073,2 ming ga) o’rmon fondiga, 17 % i (7596,1 ming ga) zahiradagi yerlarga to’g`ri keladi.


Qo’shimcha: Barotov P.

O`zbekistonda turli tabiiy sharoit ta'sirida xilma-xil tuproq tiplari tashkil topgan, tuproq qoplami balandlik mintaqasi va kenglik zonasini tashkil qilib joylashadi.

Cho`l mintaqasi O`zbekistonning 61,16 % ni ishg`ol qiladi va okean sathidan 400 m gacha bo`lgan hududlarni o`z ichiga oladi. Uning tekislik qismining chekka shimoliy qismi mo`'tadil, qolgan qismi esa subtropik iqlim mintaqasiga kiradi. Cho`l mintaqasining qattiq issiq va qurg`oqchil iqlim, siyrak o`simliklari sharoitida tuproq hosil bo`lish jarayoni juda sust boradi. Cho`l tuproqlari quyidagi tiplarga bo`lingan.

I. Zonal tuproq tiplariga - Qo`ng`ir tusli sur, qumli cho`l va taqirli tuproqlar kiradi.

II. Intronzonal tuproq tiplariga -o`tloq, botqoq, sho`rxoklar va taqirlar kiradi.

III. Sug`oriladigan yerlarda o`tloq - voha, botqoqli - voha, taqirli-voha tuproqlari mavjud.

O`zbekistonning cho`l zonasi 27004 ming ga. shundan 40% maydonda qo`ng`ir tusli sur tuproqlar, 36% qumliklar, 5,4% taqirli, 3,18% qumli tuproqlar va 0,5% da taqirlar tarqalgan.

Qo`ng`ir tusli sur tuproqlar tog` oldidagi prolyuvial tekisliklarda, qadimgi qoldiq platolarda va ularning etaklarida keng tarqalgan. Uning maydoni 11,4 mln. ga shundan atigi 30 ming gektari sug`oriladi.

Taqirli tuproqlar asosan tog` oldi tekisliklarida, daryo vodiysi va deltalarida, shuningdek qumliklar orasidagi pastliklarda, qadimgi allyuvial tekisliklarda tarqalgan. Taqirli tuproqning ustki 2-6 sm qalinlikdagi qatlami darzlarga ajralgan katkaloqdan iborat bo`lib, ular ko`pincha qum bilan qoplangan bo`ladi. Bu tuproqda chirindili qatlamning qalinligi 20-30 sm ga boradi va chirindi miqdori 0,5 dan 1,0% gacha bo`lib, ayrim hollarda bu tuproqlar sho`rlangan bo`ladi.

TOG` OLDI CHO`L - DASHT VA QURUQ DASHT. O`zbekistonda tog` oldi tekisliklarini va qiyaliklarini egallagan va bo`z tuproqlar tarqalgan mintaqadir. Bo`z tuproqlar asosan och tusli, oddiy va to`q tusli bo`lib, qalin lyoss yotqiziqlari ustida paydo bo`lgan. Tarkibida chirindi ko`p bo`lmasa ham zarralari mayda bo`lib, suv va havoni yaxshi o`tkazadi. Bo`z tuproqlarning yuqori chegarasi biologik va iqlimiy sharoitga ko`ra O`zbekiston shimolida (Chirchiq vodiysida) 1200-1300 m. dan janubida 1500-1600 m. dan o`tadi. Dengiz sathidan 250-400 m. balandlikdagi joylardan bo`z tuproqlarning quyi chegarasi o`tkaziladi.

Och tusli bo`z tuproqlar yuqori cho`l zonasi bilan balandlik mintaqaning chegarasi zonasida absalyut balandligi 250-400 (300-500)metrgacha bo`lgan joylarda tarqalgan. Chimli qatlamida chirindi 2% gacha bo`lib, pastga tomon kamayib boradi. Sug`orib o`g’itlar solinsa, unumdor tuproqqa aylanib, yaxshi hosil beradi.

Tipik bo`z tuproq O`zbekistonda 300-600 m balandda bo`lgan tog` etaklaridagi baland tekisliklar, qirlar va pastak tog`larni ishg`ol etgan, ayrim joylarda 800 metr balandliklarda uchraydi. Bu tuproqda och tusliga nisbatan chirindi ko`proq 1,5-2,5% hamda chirindili ustki qatlami bir oz to`q tuslidir. Tipik bo`z tuproq mintaqasi shartli lalmi zona hisoblanadi, bu yerda shuning uchun asosan obikor dehqonchilik rivojlangan.

To`q tusli bo`z tuproq 600-1000m balandda bo`lgan tog` oldi qiyaliklarini ishgol qiladi, ba'zan 1200-1400 m da ham uchraydi. To`q tusli bo`z tuproqning yuqori qatlamida chirindi 3-4% bo`lganidan ancha to`q tusdir va chirindi tarqalgan qatlam 80-120 sm ga boradi.

O`rtacha balandlikdagi tog`larni ishgol qilgan jigar rang va qo`ng`ir tog` -o`rmon tuproq tipli mintaqa shimoliy O`zbekiston tog`larida 1000-1200 m dan boshlanadi, markaziy O`zbekistonda 2000-2200 m, janubiy O`zbekistonda 3000-3500 m balandliklargacha tarqalgan.

Jigar rang tuproq birmuncha qurg`oqchil o`rmon va butazorlar hamda o`tloq-dashtlarning tuproqlaridir. Bu tuproqning yuqori qismida chirindi ko`p bo`lganidan (15 sm gacha 4-5% ayrim paytda 8-10 % gacha boradi) u qo`ng`ir jigar rang yoki to`q qo`ng`ir tusdadir.

Qo`ng`ir tog`- o`rmon tuproqlari o`rtacha balandliklardagi ancha sernam, keng bargli o`rmon o`sadigan bir muncha balandroq yerlarida tarkib topgan bo`lib, chirindiga boyligi (yuqori gorizontda 5-9%, ba'zan 12% gacha) bilan ajralib turadi Sernam yerlarda to`q qo`ng`ir tusli tog` - o`rmon tuproqlari vujudga kelgan. Umuman bu tuproqlar ancha unumdor, chirindi miqdori ko`p. Lekin bu mintaqada relyef murakkabligidan dehqonchilik qilish cheklangan.

Baland tog` o`tloq dashtlaridagi och tusli qo`ng`ir tuproq mintaqasi O`zbekiston hududidagi eng so`ngi balandlik tuproq mintaqasidir. U 2600-3000 m dan boshlanadi. Bu mintaqada ona jinslari yer yuzaga yaqin yetganligi uchun tuproq qatlamining qalinligi 1 m dan oshmaydi. Gumus tuproqning yuqori qatlamida 5-6% tashkil etadi.

O`zbekiston hududida qadimdan o`zlashtirilib dehqonchilik qilib kelingan vohalar ko`p: Qadimgi vohalarda va daryolarning quyi qismida tuproq beti 1-2 m va undan ham qalinroq daryo oqiziqlari bilan qoplangan. Cho`l zonasidagi allyuvial tuproq o`tloq, o`tloq botqoq va botqoq-allyuvial tuproqlardan iborat bo`lib, Xorazmda quyi Amudaryo va Quyi Zarafshonda eng ko`p uchraydi. Bu tuproqlar serkarbonat, chirindisi oz. Sug`oriladigan o`tloq - allyuvial tuproqlar sho`rlanmagan, qumoq,yerlarda esa sho`rlangan bo`ladi. Daryo qayirlaridagi o`tloq-botqoq va botqoq-allyuvial tuproqlarning hammasi sho`rlangan bo`ladi.

Allyuvial tuproqlar bo`z tuproq mintaqasida ham uchraydi. Ular bu yerda o`tloq – allyuvial deb yuritiladi va ular O`rta Zarafshonda, Chirchiq - Ohangaronda, Sharqiy Farg`onada katta maydonni egaylaydi.

O`zbekistonning yer fondi qishloq xo`jaligida keng foydalaniladi. 32,3 mln. ga yer qishloq xo`jaligi, korxonalar ixtiyorida, shundan 5 mln. ga dan ortigi haydalgan va dehqonchilik qilinadi, qolgan qismi yaylov sifatida foydalaniladi. Sug`orib ekin ekiladigan yerlar 1995 yilda 4220200 gektar bo`lib, shundan 1,6 mln. ga cho`l zonasiga, qolgan qismi bo`z tuproqlar mintaqasiga to`g`ri keladi.

MA’RUZA №7

O’zbekiston o’simliklari va hayvonot dunyosi

O’ZBEKISTON O’SIMLIKLARI

O’zbekiston o’simlik dunyosi juda xilma-xil va boy. Respublikamiz hududida 146 oilaga mansub 4148 o’simlik turi mavjud bo’lib, shundan 3000 turi yovvoyi holda o’sadi, bulardan 9% i faqat O’zbekistonda uchraydigan endemik o’simliklardir.

O’zbekiston florasida Eron, Afg`oniston va O’rta dengiz bo’yi mamlakatlari florasining vakillari ko’p uchraydi. Shuningdek, shimoliy qo’shni hududlar florasining ayrim vakillari mavjud. Boshqa kontinentlarning 500 ga yaqini o’simliklari ham o’stirilmoqda.

O’zbekistonning katta qismi quruq subtropik mintaqada joylashagan. Subtropik alomatlari havo harorati rejimida aniq ko’rinmagandek, uning florasida ham uncha sezilmaydi. O’zbekistonda doimiy yashil subtropik o’simliklar yo’q. Biroq birmuncha uzoq va jazirama yoz ba’zi tropik ekinlarni etishtirishga imkon yaratadi.

Ma’lumki, O’zbekiston maydonining katta ekanligi, yer yuzasinig g`arb va shimoli-g`arbdan janubi-sharqqa hamda sharqqa tomon ko’tarila borishi natijasida shu yo’nalishda tabiat o’zgarib, balandlik mintaqalarini hosil qiladi. Ularning har birida tabiiy sharoiti, ro’y beradigan tabiiy geografik jarayonlar bir-biridan farq qiladi. Bular o’z navbatida har bir zona va mintaqada o’ziga xos o’simlik qoplamining shakillanishiga olib keladi.

O’zbekistonda balandlik mintaqalarining vujudga kelishi va ularning sabablari, ular bilan bog`liq bo’lgan qonuniyatlar akademik Q.Zokirov tomonidan 1955 yilda o’rganib chiqilgan. Olim Zarafshon tog` tizmasidagi o’simliklarni uzoq yillar davomida o’rganish natijasida bu erlarni tekislikdan baland tog`largacha quyidagi 4 ta mintaqaga-cho’l, adir, tog` va yaylovga bo’lish mumkinligini va bu atamalarni butun O’zbekiston, hatto O’rta Osiyoning janubi-g`arbiy qismi uchun ham tadbiq etish mumkinligini ko’rsatadi (9-jadval). Akademik Q.Zokirov tavsiya etgan bu balandlik mintaqalarining har biri o’ziga xos iqlim, tuproq qoplami, o’simlik va hayvonot dunyosiga ega.

9-jadval

O’zbekiston hududining balandlik mintaqalariga

bo’linishi


Mintaqalar nomi

Maydoni, ming ga

Foiz

his.


Mutlaq balandligi

Cho’l

27594,8

61,16

250 metr balandlikkacha quyi cho’l, 250-400 metr oralig`i yuqori cho’l

Adir

2479,7

9,5

400-1200 m

Tog`

961,9

2,13

800-1200 dan 2700-3000m gacha

Yaylov

701,8

1,55

2700-2800 m dan baland

Ekin ekiladigan erlar

11577,7

25,66




Jami

45115,9

100



Keyinroq akademik Q.Zokirov o’simliklarning 3 pog`onali tipologik tasnifini taklif etadi.

1.Iqlim zonasiga xos o’simliklar tiplari (majmui).

2. Iqlim tipi ichida tuproqning mexanik va kimyoviy holatiga qarab o’simliklarning o’zgarishi asosida ajratiladigan edafotiplar.

3. Edafotip ichida esa o’simliklarning o’sish holati va ekologik xususiyatiga ko’ra stenotip ajratadi.

O’zbekiston tabiatining murakkabligi-relefining va uni hosil qiluvchi tog` jinslarining, iqlim (ayniqsa gidrotermik rejim), gidrologik va gidrogeologik, tuproq sharoitlarining xilma-xilligi hamda atrofdagi hududlarning ta’siri respublikamizda nihoyatda turli xil o’simliklarning vujudga kelishiga sabab bo’lgan. Binobarin, cho’l, vodiy, to’qay, plato va tog`larda o’simlik qoplamining shakillanishi uchun geografik, ekologik sharoit bir-biriga o’xshamaydi, shu sababli bu hududlarning o’simlik qoplami bir-biridan katta farq qiladi.

O’zbekistonda o’simliklarning majmuiga qarab ajratilgan bir necha o’simlik zonalari mavjud.

O’zbekistonning tekislik qismida nihoyatda issiq va qurg`oqchil iqlim sharoitida cho’l zonasi vujudga kelgan. Bu zonada ikki xil cho’l-mo’’tadil va subtropik cho’llar ajratiladi. Bu har ikkala mintaqa uchun ham iqlimning issiqligi, qurg`oqchiligi va juda ham kontinentalligi xosdir.



Chol mintaqasi osimliklari ham xilma-xil ekologik sharoitga va o’ziga xos xususiyatlarga ega. Cho’l o’simliklarining hayoti asosan iqlim sharoitiga, xususan namlik bilan ta’minlanishi darajasiga bog`liq.

Cho’l zonasi o’simlik o’sishi uchun qanchalik noqulay bo’lmasin, u erda o’sadigan o’simlik turlari xilma-xil guruhlar vakillaridan tashkil topgan. Bular asosan kserofitlar, mezokserofit efemerlar va mezokserofit efemeroidlar guruhlaridan iborat.

O’zbekiston cho’llaridagi efemerlar jazirama issiqlar boshlanguncha o’z hayot jarayonlarini to’liq o’tib tugallaydilar (masalan, lolaqizg`aldoq, chitir, chuchmoma, gunafsha).

Efemeroid o’simliklar guruhiga yozgi jazirama issiqlik boshlanguncha vegetastiyasini davom ettiruvchi ko’p yillik o’simliklar kiradi. Iloq, lola, boychechak, yovvoyi piyoz va qo’ng`irbosh bularga misol bo’ladi.

Mezokserofit o’simliklar guruhiga yozgi jazirama issiqlar boshlanganda o’z hayotini anabioz holda, ya’ni majburiy tinim holatida o’tkazishga moslashgan o’simliklar kiradi.

Kserofit o’simliklar guruhiga quruq va issiq yoz sharoitiga moslashgan issiq yozda ham o’z vegetastiyasini davom ettiradigan o’simliklar kiradi. Ularning ildizlari juda uzun, bargalari namni kam bug`latishga moslashgan mayda bo’ladi yoki butunlay bo’lmaydi.

O’zbekistonda cho’l mintaqasi katta maydonni egallaganidan va shimoldan janubga katta masofaga cho’zilganidan hamda mutlaq balandlik har xil bo’lganidan iqlimi, o’simligi va tuproqlari ham xilma-xil. Shu sababli bu mintaqa ikki qismga: pastki cho’l va yuqori cho’lga bo’linadi.

Pastki cho’l mutlaq balandligi 250 metrgacha bo’lgan hududlarni egallaydi, o’simligi ancha turli-tuman. Bu cho’lda barg va poyalari semiz o’simliklar o’sib, ularda tuz ko’p bo’ladi. Pastki cho’lda eng ko’p tarqalgan o’simliklar qorasaksovul, cherkez, qorabaroq, sarsazan, achchibuta, boyalich, cho’g`on, karrak, arpag`on, donasho’r, xabalak, qorasho’ra, baliqko’zlardan iborat.

Yuqori cho’lga mutlaq balandligi 250-400 m bo’lgan hududlar kiradi. Ularning o’simlik dunyosi xilma-xil. O’simlik qoplamining asosini shuvoq tashkil etadi. Yuqori cho’lda eng ko’p tarqalgan o’simliklarga yovshon, quyonsuyak, qizilqandim, singren, qirqbo’in, iloq, yantoq, kavrak, isiriq, achchiqmiya, boychechak, chuchmoma, partek, yaltirboshlar kiradi.

Umuman olganda cho’l mintaqasida o’simlik qoplami siyrak, lekin nam etarli bo’lgan bahorda cho’l yamyashil tusga kiradi, efemer va efemeroidlar yer betini qoplaydi. Jazirama issiq va quruq kunlar boshlanishi bilan ular quriydi va cho’l sarg`ish ko’rinishga ega bo’ladi.

O’zbekistonda tekislik qismidagi tuproq-grunt sharoitlariga bog`liq holda turli o’simlik tiplari uchraydi. Qumli, gilli, toshloq (gipsli), sho’rxok erlar o’simliklari bir-biridan farq qiladi.

Qumli cho’llarda tuproq tarkibining 80-90 % i qumlardan iborat, u suvni yaxshi o’tkazadi. Shuning uchun qumli cho’llarda yozda tuproqning 50 sm gacha bo’lgan yuza qismi quriydi, undan pastdagi 60-120 sm qalinlikdagi qatlamida nam saqlanadi. Bu hol qumli tuproqlarda oziqa kam bo’lsa ham o’simliklarning o’sishi uchun qulay sharoit yaratadi va ularning xilma-xilligiga sabab bo’ladi. Qumli substratda o’sishga moslashgan o’simliklarni psammofitlar deyiladi. Qumli yerlarda butalardan quyonsuyak, efemeroidlardan qumni mustahkamlaydigan iloq uchraydi. Qum tepalari orasidagi pastliklarda gilli-qumli tuproqlarda qora saksovul o’sadi. Qandim, oq saksovul, cherkez mustahkamlangan qumli cho’llarda uchraydi. Ko’chma qumda selin ham keng tarqalgan. Cherkez, juzg`un, shuvoq, ba’zi joylarda yantoq ham o’sadi.

Qumli cho’llarning yaylov sifatidagi ahamiyati katta Ulardan yil davomida foydalaniladi. Bu cho’llar har gektaridan o’rta hisobda 1-2 sentnerdan xashak berishi mumkin. Cherkez alkoloidi qon bosimini pasaytirishda, sangrayquloq alkoloidi teri saratoni kasalini davolashda qo’llaniladi.

Toshloq cho’llar Ustyurtda va Markaziy Qizilqumdagi qoldiq tog`lar atrofida keng tarqalgan bo’lib, o’simligining asosini kserofit butalar va chala butalar tashkil etadi. Toshloq cho’llarda, masalan, Ustyurtda 400 ta o’simlik turi bo’lsa, shundan atigi bir nechtasigina landshaft hosil qiladi. Bular asosan burgan, shuvoq, boyalich. Ular bilan birga partek, tikanli buta-tuya, singren, karrak, seta, cho’g`on va isriq ham aralashib o’sadi. Bahorda nam etarli yillari yer yuzini efemerlar qoplab oladi. Ustyurtda yana saksovul ham uchraydi. Shuvoq, karrak, seta, cho’g`on chorva uchun yaxshi ozuqa bo’ladi. Isriqdan garmin alkoloidi olinib, undan tibbiyotda asab kasalliklarini davolash, qon bosimini pasaytirish, nafas olishni yaxshilashda foydalaniladi. Xalq tabobatida isriqdan bo’g`inlar og`riganda, sholni davolashda, nafas olishni yaxshilashda, gijjani tushirishda, tumov, asab, tutqaloq, bezgak va boshqa kasalliklarni davolashda foydalanganlar.Ustyurt o’simliklaridan yil davomida yaylov sifatida foydalanish mumkin.

Sho’rxok, sho’r va taqirli cho’llarga Aydar, Mingbuloq, Borsakelmas, Shorsoy va boshqa sho’rlangan yerlar kiradi. Sho’rxok cho’llarda galofit o’simliklar tipi asosiy o’rin tutadi. Bu erlar tuprog`ida oson eruvchi tuzlar ko’p bo’ladi. Galofit o’simliklar ko’pincha tanasi semiz bo’ladi, ularning tanasidagi tuzlar miqdori o’simlikning og`irligiga nisbatan ba’zan 45 % ni tashkil qiladi. Bunday o’simliklarning asosiy vakillari boyalich, teresken, kavrak sho’rligi juda yuqori bo’lgan erlarda, tanasi semiz sho’ragullilar-sarsazan, qorasho’ra, ko’kpek, yulug`un, sho’rajiriq, zovurlar bo’yida, qizilmiya, oqbosh yer osti suvi yuza joylarda o’sadi. Galofit o’simliklar ichida itsegak zaharli o’t bo’lib, mol emaydi. Undan anabazin alkoloidi olinadi. Anabazin sulfat qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurashda qo’llaniladi.

Taqirlarda o’simlik deyarli o’smaydi, faqat taqir yoriqlarida va atrofida siyrak holda sho’ra o’simliklari (itsegak, burgan) uchraydi.

Cho’l mintaqasining asosan lyosli jinslar tarqalgan yuqori cho’llarida (250-400 m) efemer, efemeroid va bular orasida o’sadigan cho’l o’simliklari yaxlit o’simlik qoplamini hosil qiladi. Efemerlardan qashqayo’ng`ichqa, lolaqizg`aldoq, chuchmoma, gunafsha, efemeroidlardan qo’ng`irbosh, rang (qorabosh) kabi o’simliklar seryomg`irli bahor faslida barq urib o’sib cho’lga chiroy bag`ishlaydi. Bulardan tashqari baland cho’llarda sassiq quvray, lola, gulsapsar, mingbosh, chalov, shuvoq, astragal, ba’zan isriqlar ham o’sadi. Lekin o’simliklar asosini gilli cho’llarda efemeroid-qo’ng`irbosh va rang tashkil etadi. Bo’z tuproqli efemer cho’llarning bahorgi yaylov sifatida ahamiyati katta, yog`ingarchilik ko’p bo’lgan yillarda har gektaridan 5 sentnergacha xashak yig`ib olish mumkin.

Cho’l mintaqasidagi daryo qayirlarida turang`il, tol, chirmoviq, ilonpechak, baqaterak, jiyda, na’matak, yulg`un, ching`il, qamish, qizilmiya, yantoq, sho’rajriq kabilar o’sib, to’qaylarni hosil qiladi. To’qaylar Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron daryolari qayirlarida uchraydi. Bular o’ziga xos tabiat landshaftlari bo’lib, siyrak, zax o’rmon va chakalakzorlardan iborat bo’ladi. To’qaylarning kengligi bir necha yuz metrdan bir necha kilometrgacha boradi. Keyingi yillarda yil davomida mol boqilishi, daryo suvining kamayishi va inson faoliyati bilan bog`liq boshqa omillar ta’sirida to’qaylar maydoni qisqarib bormoqda. Hozir Quyi Amudaryoda 1 mln. gektarga yaqin to’qay yerlar qurib yotibdi. To’qay o’simliklaridan qizilmiya shifobaxsh hisoblanadi.

Xulosa qilib shuni aytish lozimki, cho’l zonasi o’simligi chuqur o’rganishni, yaylov sifatida foydalanishni ilmiy asosga qo’yishni taqazo etadi.

Cho’l zonasining katta qismida qadimdan erlar o’zlashtirilib, ekin ekib kelingan, bu yerlarda yirik vohalar joylashgan. Ular o’ziga xos o’simlik dunyosiga ega. Vohalar o’simligi asosini madaniy, manzarali, tolali, oziq-ovqat, sabzavot-poliz, ziravor va boshqa o’simliklar tashkil etadi. Eng ko’p maydonni paxta egallaydi. Uning issiqsevar ingichka tolali navlari O’zbekistonning janubida yetishtiriladi. Paxta bilan beda, makkajo’xori, bug`doy, arpa, sholi almashib ekiladi.



Ozbekistonda osimliklarning balandlik mintaqalari.

Yer yuzasi mutlaq balandligi oshgan sari iqlimning o’zgarishi tog`larda o’simliklarning balandlik mintaqalanishiga olib keladi. Biz quyida balandlik mintaqalari o’simliklarini akad. Q. Zokirov tasnifi bo’yicha ko’rib chiqamiz.

Adir (tog` oldi)mintaqasi O’zbekistonda dengiz sathidan 400-500 m dan 1200 m gacha, respublika janubida 1600 m gacha bo’lgan tog` oldi tekisliklarini o’z ichiga oladi. Bu tog` oldi hududlarining relefi notekis, tuprog`i bo’z tuproq, cho’lga nisbatan yog`in birmuncha ko’p yog`adi, yer osti suvlari ko’proq, o’simliklar qoplamining asosiy qismini rang va qo’ng`irbosh tashkil etadi. Adirlarning bo’z tuproqlaridagi nam miqdori iqlim sharoitiga bog`liq bo’lganligidan vegetastiya davri uzoq davom etadigan o’simliklar uchun ancha noqulay. Adir mintaqasining o’simliklarini E.P.Korovin ikki tipga bo’ladi: efemerlar tipi va tog` dashtlari-savannalari tipi.

Efemerlar tipi adirning pastki zonasida keng tarqalgan. Asosan chala cho’l xarakteridagi o’simlik turlaridan iborat. Pastki adirlarning mutlaq balandligi 400m dan to 600-800 metrgacha boradi, tuprog`i och va oddiy bo’z tuproqlardan iborat. Asosiy o’simliklari rang va qo’ng`irbosh bo’lib, erta bahorda yashil gilam hosil qiladi. Pastki adirda efemerlardan yana no’xatak, sariq yo’ng`ichqa, yaltirbosh, lolaqizg`aldoq, chitir, kelin supurgi, momiq, ko’p yillik o’simliklardan oqquray, cho’l yalpizi, karrak, qo’ziquloq, mingbosh, qo’ypechak, qoqio’t, mayinshuvoq kabilar ham ko’p tarqalgan. Pastki adir nam bilan yarim ta’minlangan lalmidir.

Yuqori adirlarning balandligi O’zbekistonda 600-800 m dan 1000-1200 – 1600 metrgacha boradi. Bu erlarda nuroq jinslar, tub tog` jinslari er yuziga chiqib yotadi, asosan to’q bo’z tuproqlar tarqalgan.

Yuqori adirdagi o’simliklar tog` dasht-savanna o’simliklaridan iborat. Ko’pchilik mutaxassislar yuqori adir o’simliklarini «bug`doyiqli» har xil o’tlar o’sadigan quruq dasht o’simliklari tipi deb yuritadilar.

Yuqori adirda kserofit xususiyatli har xil o’tlar bo’lib, ular orasida bug`doyiq eng keng tarqalgan. Ular orasida efirli o’t-tog` yalpizi, efemeroidlar-chuchmoma, lola, shirach, murakkab guldoshlardan sariq andiz, soyabonli guldoshlardan ferullaning bir necha turi o’sadi. Yuqori adirda o’sadigan ko’p yillik o’t-yetmak ildizidan qandolatchilikda foydalaniladi. Uning ildizidagi saponin moddasi ko’pirtiradigan xususiyatga ega.

Yuqori adirda soylarda, sersuv toshloq yerlarda butalardan qo’shyaproq, zirk, na’matak; daraxtlardan bodom, ayrim joylarda pista, do’lana o’sadi. Do’lananing mevasi qandga, yog`ga boy, unda olma kislotasi ham anchagina, shuning uchun u konditer sanoatida keng ishlatiladi. Po’stlog`idan va bargidan bo’yoq olib, undan to’qimachilik sanoatida foydalaniladi. Do’lana shifobaxsh o’simlik hamdir. Uning guli, mevasidan tayyorlangan dorilar yurak faoliyatini yaxshilashda, qon bosimining ortishiga qarshi va boshqa kasalliklarni davolashda keng ishlatiladi.

Yuqori adirda lalmi ekinlar uchun nam yetarli, bu yerlarda asosan bahorikor dexqonchilik qilinadi. Yuqori adirning yaylov sifatidagi va pichan yig`ib olishdagi ahamiyati ham katta. Har gektar yerdan 10-50 stentner atrofida sifatli pichan yig`ib olish mumkin.

Adir mintaqasi asosan uzumchilik, bog`dorchilik mintaqasi hisoblanadi. U o’simlikka boyligi hamda dehqonchilik va chorvachilik uchun qulayligi bilan ajralib turadi.

Tog` mintaqasiga O’zbekistonda dengiz sathidan 1200-1600 metrdan 2700-2800 metrgacha bo’lgan balandliklar kiradi. Bu mintaqa gumid iqlimi, sersuv daryolari, jigar rang, qo’ng`ir va kul rang tuproqlari, notekis relyefi bilan adirlardan ajralib turadi. Tog` mintaqasi o’simliklari asosan tog` dashtlari, tog` keng bargli o’rmonlari, tog` igna bargli o’rmonlari o’simliklari tiplarga bo’linadi.

Tog` dashtlari tog` mintaqasining pastki va qisman o’rta qismlarini (1200-2000 m ) egallagan. Bu erlarda, asosan boshoqlilardan bug`doy, betaga, chalov, ismaloq, qaltiq, qo’ng`irbosh, ikki pallalilardan qo’ziquloq, astragal, bo’tako’z, shuvoq kabilar keng tarqalgan. Ko’p yillik efemeroidlardan lola, piyozgul, shirach, chuchmoma, boychechaklar, butalardan na’matakning bir necha turi, zirk, uchqat, tobulg`a, bodomchalar ham uchraydi. Na’matakzorlar asosan G`arbiy Tyanshan, Zarafshon, Turkiston tog`larida 1500-2000 metr balandliklarda keng tarqalgan.

O’zbekiston tog`larida bargli o’rmonlar Ugam, Piskom, Chotqol, Farg`ona va Hisor tog` tizmalarida uchraydi. Ularda asosan olma, tog`olcha, yong`oq, bodom, do’lana kabi mevali daraxtlar va, shuningdek, bir necha tur zarang, terak, tol, qayin, chetan kabilar o’sadi. Hisor tog`larida yovvoyi holda o’sadigan anor, anjir, xurmo va chilonjiyda ham uchraydi. Bargli o’rmonlarda yong`oqzorlar keng tarqalgan. Qorjantog`, Ugam, Piskom, Chotqol, Hisor tog` tizmalarida 900-1500 metr balandlikdagi sernam yonbag`irlarda ancha qalin tabiiy yong`oqzorlar mavjud. Ular relikt yong`oqzorlar bo’lib, asosan qo’ng`ir tuproqli shimoliy, shimoli-sharqiy yonbag`irlarda, soylarda hamda tog` daryolarining terrasalarida joylashgan. Yong`oq mag`zida yog`, oqsil, qand, A.V.S. vitaminlari va mikroelementlar bor. Yong`oq bargidan ta’sirchan fitonstid va efedra ajralib turadi, shu sababli yoz oylarida uning tagida yotib qolish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, O’zbekiston tog`larida olma, do’lana, zarang, terak va qayin o’rmonlari ham mavjud.

Tog` mintaqasining yuqori qismida (2000-2700 m) ignabargli o’rmonlar uchraydi. Bunday o’rmonlarda qarag`ay, pixta, qizil archa, savr archa va o’rik archa o’sadi. Qoraqarag`ay, pixta o’rmonlari Chotqol tog`larida uchraydi. Archalar dengiz sathidan 1000 m dan 2700 m gacha bo’lgan balandlikda o’sadi. Quruq toshloqli bo’z va qo’ng`ir tuproqlarda savr archa, subalp mintaqasida o’rik archa uchraydi. Eng qurg`oqchilikka chidamlisi-qizil archadir. Pastki tog`dagi siyrak archa o’rmonlari Zarafshon archasidan, yuqorida esa o’rik archadan tashkil topgan.

Archa sekin o’sadi, 40 yoshida bo’yining balandligi 2-2,5 metrga boradi. 100 yoshga kirganda archalar bo’yi Boysun tog`larida 20-25 metrga, tanasining diametri 1-1,5 metrga boradi. Archa yog`ochi qurilishda, qalam, har xil buyumlar ishlash, o’tin va pista ko’mir tayyorlashda ishlatiladi. Archaning kichik shoxlarida efir moyi bo’ladi. Shuning uchun archa bargi va yog`ochi xushbo’y hid taratib turadi. Tog` archazorlarining meliorastiya ahamiyati ham katta. Archa ostida yig`ilgan barglari yaxshi nam saqlab, yer osti suvini to’yintiradi, tuproqning yuvilishiga yo’l qo’ymaydi, seldan saqlaydi.

Archa o’rmonlari O’zbekistonda 0,5 mln. gektardan ko’proq bo’lgan. Hozir ularning ko’pi kesilib ketgan va shu kunda archa o’rmonlarining maydoni 105 ming gektarni tashkil qiladi xolos. O’zbekistondagi yog`och zahirasining 30-35 % ini tashkil qilgan archadan xalq xo’jaligida foydalanganda uni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ham qo’llash zarur. Hozirgi kunda katta archazorlar Ohangaron vodiysida, Turkiston tizmasida, Qashqadaryo va Surxondaryo havzalarining yuqori qismida mavjud. 1976 yilda Turkiston tog` tizmasining shimoliy yonbag`irlarida Jizzax xalq bog`i tashkil etilgan bo’lib, uning maydoni 56000 gektarga teng. Xalq bog`ida archazorlar muhofaza qilinadi.

Archazorda archa uncha qalin o’smaganidan quyi yarusda o’t va butalar o’sadi. Butalardan uchqat, zirk, na’matak, olg`i va boshqalar ko’p. O’t o’simliklari turlari tog` dashtlaridagiga o’xshash.

Hozirgi vaqtda barcha tog` o’rmonlari o’rmon xo’jaliklari tomonidan nazorat qilinadi va qo’riqlanadi hamda kengaytirib boriladi.

Yaylov mintaqasi O’zbekistonda 2700-2800m balandlikdan boshlanadi va doimiy qorlar zonasigacha davom etadi. Bu mintaqa o’simliklar qoplami ekologik sharoiti, iqlimi, tuprog`i va boshqa belgilariga ko’ra ikki kichik mintaqaga: quyi (subalp) va yuqori (alp) yaylovlari mintaqalariga bo’linadi. Bu mintaqaning iqlimi unda buta va darahtlarning o’sishi uchun imkon bermaydi.

Quyi yaylovga dengiz sathidan 2700-2800 metrdan to 3000-3200 metrgacha bo’lgan erlar kiradi va ular o’rtacha nam talab qiluvchi o’simliklarning ko’pligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari yer bag`irlab o’suvchi mayda daraxtlar, past bo’yli buta va chala butalar ham ko’p o’sadi. Yer yuzasini ko’pincha boshoqlilar va chim hosil qiluvchi o’simliklar qoplagan bo’ladi. Quyi yaylovda eng ko’p tarqalgan va uning uchun xos bo’lgan o’simliklar chetan, akantalimon, shashir, karrak, erqo’noq, tog`shishir, yorangul, betaga, gulizardak kabilardan iborat.

Yuqori yaylov O’zbekistonda dengiz sathidan 3000-3200 m balandlikdan boshlanib doimiy qorlargacha davom etadi. Bu erda o’simliklar qoplamining asosiy qismini kserofit o’t o’simliklar, tashkil qiladi. Shu bilan birga dasht o’simliklari, mezofit o’simliklar ham o’sadi. Navro’zo’t, arpao’t, ajriqbosh, yaylovrang yaylovning asosiy o’simliklaridir. Bu kichik mintaqada buta va daraxtlar umuman o’smaydi, lekin yostiqsimon o’simliklar uchrab turadi, tuprog`ining yuza qismi esa asosan chim hosil qilib o’suvchi o’simliklar bilan qoplangan.

Yaylov mintaqasida o’sadigan o’simliklar juda to’yimli bo’lganligi sababli yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.

Akademik Q.Z. Zokirov O’zbekiston o’simliklarini rayonlashtirish sxemasida 5qmintaqa-doimiy qorlar va muzliklarni ajratmaydi. O’simliklar tarqalishi qor chizig`i bilan chegaralanadi. Uning balandligi Piskom havzasida 3600 m, Qashqadaryoda 3820 m, To’polongda 3860 m, Sangardikda 3850 m ga teng.


Download 1.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling