Buxoro viloyatidagi tarixiy joylar


Buxoro amirligi tashkil topishining tarixiy omillari


Download 29.31 Kb.
bet3/5
Sana21.04.2023
Hajmi29.31 Kb.
#1368142
1   2   3   4   5
Bog'liq
Buxoro viloyatidagi tarixiy joylar

Buxoro amirligi tashkil topishining tarixiy omillari

Buxoro Turk xoqonligi tarkibida
Asosiy maqola: Turk xoqonligi
567-yilda Buxoro Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 585—586-yillarda Buxoroda Abruy qoʻzgʻoloni boʻlib, u Turk shahzodasi El Arslon tomonidan bostirilgan. Shundan soʻng Yang Soux Tegin Buxoro vohasining egasi sifatida tasdiqlandi. Undan keyin Buxoroni 589—603-yillarda uning oʻgʻli Nili boshqargan. Keyin uning oʻgʻli Bosi tegin (603—604) hukmronlik qildi[4].
603—658-yillarda Buxoro Gʻarbiy turk xoqonligiga boʻysungan Soʻgʻd mulklaridan biri boʻlgan. O. I. Smirnova Buxoro vohasining turkiy hukmdorlari VIII asrning oʻrtalarida „Hoqon pullari“ yozuvi bilan bir guruh Turk-Soʻgʻdiy tangalarini chiqargan deb hisoblaydi. VIII asr Buxoro hukmdori Tugʻshodaning ismi turkiy boʻlgan deb taxmin qilinadi
Buxorxudotlar hokimligi davrida
Asosiy maqola: Buxorxudotlar hokimligi
Buxorxudot Xunuk tasvirlangan tanga. Old tomonida toj kiygan hukmdor va orqa tomonida zardushtiylarning otashgohi tasvirlangan (VIII asr boshlari)
VII asrda, arablar istilosi arafasida Buxoro vohaning yirik maʼmuriy markaziga aylangan edi. Buxoro qalinligi 18 metrgacha boʻlgan mustahkam devorlar bilan oʻralgan diz — qalʼadan iborat boʻlgan savdo shahri edi. Bidun Buxorxudot esa «tuzilishi jihatidan Katta Ayiq yulduzlar turkumiga oʻxshab ketadigan» bir saroy ham barpo ettirgan. Hukmdor bu saroy darvozalariga oʻz ismi chekilgan temir lavhacha osib qoʻyishni ham buyurgan ekan. Bidun saroyida majusiy ibodatxona, xazina, zindon ham joylashgan edi. Uning gʻarbiy darvozasi „Registon“ deb atalardi. Negaki bu darvoza qum toʻshalgan keng maydonga olib chiqardi. Sharqiy darvoza esa „Goʻriyon“ deb atalar, ana shu «Qabriston darvozasi» ortida tabarruk qadamjo — Buxoroning afsonaviy asoschisi Siyovush qabri joylashgan edi.
Shahristondan tashqarida esa savdo va hunarmandchilik shaharchasi ham shakllangan. Mox bozori tevaragi asosiy iqtisodiy markaz edi. Uning nomi „Majusiylar ibodatxonasi“ degan maʼnodagi soʻzdan kelib chiqqan. Bu ibodatxona Shahristondan tashqarida, uning janubiy darvozalari va Roʻdi Zar anhori oraligʻida joylashgan edi. Roʻdi Zar keyinchalik Shohrud deb atala boshlagan va hozirga qadar ham u shu nom bilan yuritiladi. Shahristonning asosiy alomati boʻlmish Magʻoki Attori masjidi bugungacha saqlangan. Bu joyda bozor qadim-qadim zamonlardan to 1930-yillargacha mavjud boʻlgan.
Arablar fathidan soʻng
Arablarning Buxoroga dastlabki yurishlari oʻlja va daromad olish uchun talovchilik tarzidagi hujumlardan iborat boʻlgan.
Buxoroga islom uzil-kesil kirib kelishi VIII asr boshlarida roʻy bergan. Arab xalifaligining Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (704—715) shaharda doimiy arab qoʻshinini joylashtirdi va mavjud uylarning yarmini arablarga taqsimlab berish toʻgʻrisida buyruq chiqardi. Ayyub ibn Hasanni Buxoroning birinchi arab amiri etib tayinladi. Qutayba islomni qabul qilgan Tugʻshodani taxtga oʻtqazish bilan Buxoroda qadimiy mahalliy sulolalar hokimiyatini saqlab qoldi. Shu tarzda Buxorxudotlar oʻz oʻlkalarida arablar bilan birgalikda hukmdor boʻlib qolishdi.
Magʻoki Attori — Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi oʻrnida bunyod etilgan masjid oʻrnida Qoraxoniylar davrida, XII asrda qurilgan
Aynan Qutaybaning oʻzi 713-yili Buxoro arkida majusiylar butxonasini jome masjidga aylantirdi va shahar aholisiga 2 dirham evaziga har juma kuni ibodatga jamlanishni buyurdi. Registon maydonining shimoliy qismida esa birinchi hayit masjidi — Maʼbad (ibodat joyi) deb nomlangan darvozasi boʻlgan Namozgoh bunyod etildi. Oradan koʻp oʻtmay ana shu Namozgohning shimoliy tarafida musulmonlarning yirik xilxonasi — qabriston ham paydo boʻldi. Banu Hanzaliya masjidi (keyinchalik, chamasi, Ash-Shom deb atala boshlagan) Shahristonning janubi-gʻarbiy qismidagi nasroniylar cherkovi oʻrnida paydo boʻlgan. Aynan shu atroflarda Banu Saʼdiya masjidi joylashgan, shimoli-gʻarbiy tarafida esa Banu Qurayshiya, shimoli-sharqiy tarafida esa Banu Hamdoniya masjidlari makon tutgan. Qisqasi, arablarning quraysh, saʼd, hanzala va hamdon qabilalari Shahristonni egallab olgan edi. Shahristonning janubi-sharqiy tarafida joylashgan, Xin degan aslzoda dehqonga tegishli boʻlgan qalʼa — qoʻrgʻonni esa unga Ahmad nomini bergan Buxoroning birinchi imomi — Ayyub egallab oldi. Shahristondan tashqarida, Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi esa Magʻoki Attori masjidiga aylantirilgan edi.
Arab qabilalari Buxoro shahriga kelib joylashganidan keyin mahallalar — mavzelar oʻrtasidagi devorlar asta-sekin olib tashlandi, bir qancha vaqt oʻtib, ularning oʻrnida yangi turarjoy binolari paydo boʻldi.
715-yili Qutayba ibn Muslim vafot etdganidan keyin Buxoro arablar nazorati ostidan asta chiqa boshladi. Milodiy 728—729-yillarda sugʻdiylarning gʻarbiy turk hoqoni turkashlar hoqoni tomonidan qoʻllab-quvvatlangan kuchli qoʻzgʻoloni natijasida shahar bir yil mobaynida arablar nazoratidan tashqarida boʻldi, keyin yana ular taʼsiriga tushib qoldi.
Sharik qoʻzgʻoloni
Asosiy maqola: Sharik qoʻzgʻoloni
Dastlabki vaqtlarda Buxoroga kelib oʻrnashgan arab qabilalari 750-yili Arab xalifaligida Abbosiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelishini maʼqul koʻrishmadi, oʻsha yili Abbosiylarga qarshi Sharik ibn Shayx Maxri boshchiligida boʻlgan qoʻzgʻolon shundan dalolat beradi. Buxoroning arab hokimiyati vakillari va shahar aholisi qoʻzgʻolonchilarni qoʻllab-quvvatladi. Abu Muslim Buxoro va Samarqand hokimi Ziyod ibn Solihni Sharikka qarshi yubordi. Ibn Solih qoʻshinlari isyonni shafqatsizlarcha bostirdi. Buxoroga oʻt qoʻyildi, shahar 3 kun oʻt ichida qoldi. Asirlar shahar darvozalariga osib qoʻyildi. Buxorxudot Qutayba ibn Tugʻshoda 700 Xurosondan shimoldagi qoʻrgʻon aholisi bilan hamjihat Ziyod ibn Solih tomonida jang qildi, ammo keyinchalik u, qoʻzgʻolonni bostirishda faol qatnashganligiga qaramay, islomdan yuz oʻgirganlikda ayblanib, Abu Muslimning koʻrsatmasiga binoan qatl etildi.
Muqanna qoʻzgʻoloni
Asosiy maqola: Muqanna qoʻzgʻoloni
VIII asr 3-choragida arablar Buxoroda hukmronligi nomigagina boʻlib qolgan Buxorxudotlarni siqib chiqardi, oʻz hokimiyatini toʻliq mustahkamlab oldi. Buxorxudotlar Buxoroni Abbosiylarga qarshi oʻz kurashining tayanchi qilib olgan Hoshim ibn Hakim (Muqanna) tomonida boʻlishgan. Bu kurashga Mavoli Tagif, Yusuf Garm boshchilik qilishgan. Muqannaning buxorolik muridlari asosan Narshax qishlogʻida toʻplanishgan.
Muqanna qoʻzgʻoloni bostirilganidan keyin Musayb ibn Zuhayr hukmronligi davrida 782-yili Varaxshada Muqanna qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlagani uchun soʻnggi Buxorxudot Bunyod oʻldirildi. Binobarin, Buxoroda bir necha yuz yilliklar davomida hukmronlik qilgan Buxorxudotlar sulolasi, ayni vaqtda Buxoro tarixidagi islomgacha boʻlgan davr Bunyodning oʻlimi bilan nihoyasiga yetdi. Oʻshandan boshlab sulola yoʻqotib yuborilmagan boʻlsada, amalda siyosiy hokimiyatdan mahrum boʻldi.
Rofe ibn Lays qoʻzgʻoloni
806—810-yillarda butun Movarounnahr isyonkor amir Rofe ibn Lays qoʻliga oʻtdi. Uni Xuroson noibi Ali ibn Isoning ogʻir soliq zulmidan va poraxoʻrligidan gʻazablangan sugʻdiylar faol qoʻllab-quvvatlashdi. 809-yilda xalifa Horun ar-Rashid qoʻzgʻolonchilarga qarshi katta qoʻshin yubordi va Buxoro qamal qilindi. Buxorodagi qoʻzgʻolonga va shaharning mudofasiga Rofe ibn Laysning ukasi Bashir ibn Lays boshchilik qildi. Nihoyat, shahar zabt etildi, Bashir asir olinib, xalifaning buyrugʻiga koʻra qatl qilindi.
Tohiriylar hukmronligi davrida
Tarixdan maʼlumki, mahalliy, forslar vakillaridan biri — Tohir ibn Husayn Xuroson noibi etib tayinlangan va Xuroson hamda Movarounnahrni egallagan Tohiriylar sulolasining (821—873) asoschisi boʻlib qolgan. Soʻnggi Tohiriylardan biri Husayn ibn Tohir 874-yili Xorazmdan chiqib, Buxoro vohasi tomon yoʻl oladi va besh kunlik qamaldan keyin Buxoroni qoʻlga kiritadi. Uning qoʻshinlari tomonidan qilingan beboshlik sababli, shaharning kattagina qismi yonib ketadi, buxoroliklar qoʻzgʻolon koʻtarib, Husaynni qochishga majbur qiladilar. Undan keyin Buxoroni keyinchalik mashhur boʻlgan Somoniy amir Ismoil ibn Ahmad boshqara boshladi. Shundan nafaqat shahar, balki butun Markaziy Osiyo tarixida yangi davr boshlandi.
Buxoro o`zbek milliy davlatchiligi tarixida siyosiy va madaniy faoliyatida eng rivojlangan shaharlardan, aniqrog`i shahar davlatlaridan biri bo`lgan.
Buxoro – Sharqning mashhur qadimgi shaharlaridan biri. Arxeologik ma'lumotlaga ko`ra, Buxoro davlatchiligiga miloddan avvalgi 1-ming yillik o`rtalarida asos solingan. Uning nomi ilk o`rta asr Xitoy manbalarida turlicha (An, Ansi, Ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxuaer, Buxala, Buxoalo, Fuxu, Puxuala va boshqalar) atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo`lib, qolgani “Buxoro” so`zining xitoy tilidagi talaffuzidir. O`rta asr arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (Yangi qo`rg`on), Al-Madina as-sufriyya (Mis shahar), Fohira(Fahrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan. Buxoro atamasi sanskritcha “vixora” so`zining turk-mo`g`ulcha shakli – “buxor” (ibodatxona) dan kelib chiqqan deb taxmin qilingan. Keyingi tadqiqotlarda bu atama so`g`diycha “bug`” yoki “bax” (tangri) hamda “oro” (jamol) so`zlaridan iborat bo`lib, “tangri jamoli” degan ma'noni anglatadi, degan fikrlar hozirgi kunda ilgari surilmoqda. Haqiqatdan ham Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro va uning atrofida joylashgan yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara – hayvonot va o`simlik dunyosi betakror, ko`l va oqar suvlarga boy bo`lib, tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asaridagi noyob va qimmatbaho ma'lumotlar buni tasdiq etadi.
Buxoroning islomga qadar bo`lgan siyosiy va huquqiy tarixi xususidagi ma'lumotlar milodning 7 – 8 asrlar bilan chegaralanadi. Buxoro 6 – 8 asrlar boshida Buxorxudotlar hokimligi poytaxti edi. 709 yili uni Arab xalifaligi fath etgan, 9 – 10 asrlarda esa u Somoniylar poytaxti bo`lgan. 999 yili Qoraxoniylar, 1220 yili esa Mo`g`ullar bosib olgan. 1370 yildan boshlab Amir Temur va Temuriylar davlati, 16 asr boshidan Shayboniylar (1533 yil bu davlat poytaxti Samarqanddan Buxoroga ko`chirilishi tufayli Buxoro xonligi deb atala boshlangan) va 1533 yildan 1601 yilgacha, 1601 yildan 1753 yilgacha Ashtarxoniylar sulolasi davlatni boshqargan, 1753 yildan to 1920 yilgacha esa turkiy o`zbeklardan bo`lgan Mang`itlar sulolasi Buxoro amirligiga asos solib, ushbu davlatni o`ziga xos davlat boshqaruvi, sud va sudlov, harbiy tuzum, tashqi diplomatiya asoslariga tayanib boshqargan. So`ng ulkan Buxoro amirligi 1920 yil 28 avgust – 2 sentabrda sho`rolar tomonidan amalga oshirilgan Buxoro bosqini natijasida bosib olingan. 1920 yil 8 sentabrdan Buxoro – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR)ning poytaxti bo`lgan. 1925 yildan O`zSSR va 1991 yil 1 sentabrdan mustaqil O`zbekiston Respublikasi tarkibida.[1]
Buxoroni arxeologik jihatdan faol o`rganish ishlari 70 – 80 yillarga to`g`ri keladi. O`zbekiston FA arxeologiya institutining maxsus arxeologiya otradi (A.R.Muhammadjonov, I.Ahrorov, J.Mirzaahmedov, SH.Odilov) va O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Me'moriy yodgorliklarni ta'mirlash va asrash instituti otradi (YE.G.Nekrasova boshchiligida) tomonidn olib borilgan tadqiqotlar natijasida hozirgi Buxoro viloyati hududida miloddan avvalgi 4-3 ming yilliklardayoq ovchilik va baliqchilik bilan shug`ullangan, toshdan turli qurol va buyumlar yasash mahoratlari yuksak darajaga yetgan neolit davriga mansub qabilalar yashagani aniqlandi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Zarafshon daryosi o`zaniga yaqin yerlarga ayniqsa uning qadimgi tarmoqlari (Vobkentdaryo, Mohondaryo, Go`jayli va b.) havzalariga chorvador dehqon qabilalar kelib joylashib, ular botqoq yerlarda dehqonchilik qilish bilan birga yaylovlarda chorvachilik bilan ham mashhur bo`lganlar. Arxeologlar Qorako`l tumanidagi Zamonbobo degan joydan mazkur qabilalar manzilgohlardan birining qoldiqlarini topib o`rgandilar. Shu bois bu madaniyat fanda Zamonbobo madaniyati deb ataldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Buxoro vohasida asta-sekin sun'iy sug`orish tarmoqlari va mustahkamlangan qishloqlar vujudga kela boshlaydi. Zarafshon daryosining qadimgi tarmog`i – Shohrud bo`ylaridagi dastlabki qishloqlarning, jumladan hozirgi Buxoro o`rnida bo`lgan qishloqning barpo bo`lishi aynan shu davrga to`g`ri keladi. 1970 yillarda Buxoroning eski shahar qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Buxoroni arxeologik jihatdan o`rganish tarixida birinchi marta materik qatlamga qadar yetib borishga va madaniy qatlamlanish chuqurligi 20 metrdan ortiq ekanligini aniqlashga muvaffaq bo`lindi.
Mir Arab madrasasi yaqinidagi arxeologik qazishma chog`ida materik qatlam ustida to`q jigarrang torf qatlami (40-70 sm) borligi, uning ichida esa yovvoyi va honaki hayvonlar suyaklari qoldiqlari hamda sopol idish va buyumlar parchalari ko`p ekanligi ma'lum bo`ldi. Torf qatlami madrasa tomon tobora qalinlasha borib, bino ostiga kelganda qalinligi 7,5 metrga yetgan. Bu esa qadimda Buxoro hududidan Zarafshon daryosi tarmoqlaridan biri – ilk o`rta asr manbalarida qayd etilgan “Rudi Zar” (“Oltin Irmoq”) ning o`tganligini isbotlaydi. Arxeologik tadqiqotlar keyinchalik qurib qolgan mazkur tarmoqning har ikki qirg`og`i bo`ylab bir qancha mustahkamlangan qishloqlarning vujudga kelgani va ular Buxoroning eng qadimgi shahar o`zagini tashkil qilganini tasdiqlaydi. Shahar o`zagi 3 qism – “Oltin irmoq”ning o`ng qirg`og`ida joylashgan ark, ya'ni qal'a hamda uning o`ng va so`l qirg`oqlaridagi qishloqlardan iborat bo`lgan. Bu yerdan topilgan ko`plab ashyoviy dalillar, xususan, sopol idish va buyumlar Buxoro tarixining turli davrlari (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 3 choragidan 20 asr boshlariga qadar)ga oid bo`lib, ulardan ikkitasi miloddan avvalgi 5 asrga taalluqli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro Arkida olib borilgan qazishmalar vaqtida yana ko`plab yangi va nodir ashyoviy dalillar topildiki, ular shaharning qadimgi tarixini o`rganishda muhim ahamiyatga egadir.
Shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi bo`ylab, chunonchi, yirik arxeologik yodgorliklar – Poykend, Qo`rg`oni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Bo`ston, Qo`zimontepa, Oqsochtepa, va boshqa shahar xarobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Konimex tumanida miloddan avvalgi 6-5 asrlarga doir yodgorliklar (Chordara shahar xarobasi, Qumrabod – 1, Qumrabod – 2, Arabon – 1, Arabon – 2 nomli mustahkamlangan qishloqlar, miloddan avvalgi VI asrga oid Shodibek va Qalqonota qo`rg`onlari topib o`rganildi (1975-1977). Ulardan yuqori darajada rivojlangan hunarmandchilik va me'morchilikka doir ko`plab ashyoviy dalillar topildi. O`sha davrga taalluqli qishloqlar qoldiqlari Jondor tumanidagi Xoja-xotin, Laylakxo`r, Boshtepa, Oqtepa va boshqa joylardan ham topildi.
Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro davlatchiligi xususidagi yozma manbalarda keltirilgan ma'lumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jez davri (mil.av. 2 – ming yillikning 2 - yarmi)dayoq vujudga kelib ular sinchli yarim yerto`lalardan iborat bo`lgan (qurib qolgan Mohandaryo tarmog`i mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar uni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6-5 asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmog`lari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzlgohlar paydo bo`lgan. Miloddan avvalgi 4 asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng handaq bilan o`rab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1 ming yillik boshidan O`rta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh o`zaro birlashib va to`xtovsiz taraqqiy etib borib kattagina shaharga – Buxoro vohasining savdo-hunarmandchilik va ma'muriy markaziga aylangan.
Buxoroning Buyuk Ipak Yo`li chorrahasida joylashganligi ilk davrlardan boshlab hunarmandchilik tarmoqlari (kulolchilik, temirchilik, misgarlik, zardo`zlik, zargarlik, shishasozlik, kandakorlik, badiiy kashtachilik, va h.k.) va savdo-sotiq ishlarining rivojlanishiga turtki bo`ldi.
Rossiya istilosi davrida bir necha mayda qayta ishlash korxonalari vujudga keldi. 20 asr boshida Buxoroda 12 ta mahalla, 360dan ortiq guzar, 250dan ziyod madrasa, 390ta masjid, qariyb 150ta karvonsaroy, 350ta hovuz bo`lgan. Buxoro madrasalarida 10 mingdan ortiq talaba o`qigan. Buxoroda 1920 yillardan boshlab sanoat korxonalarining soni va salmog`i ortib bordi.
O`zbek milliy davlatchiligi tizimidagi xonliklardan biri – Buxoro xonligi bo`lib, 1533 yilgacha mamlakatning markazi – Samarqand bo`lgan. Ubaydullaxon davrida poytaxt Buxoroga ko`chirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510 yil Marv yonida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qo`shinlaridan yengilib halok bo`lganidan keyin Movarounnahr Temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qo`liga o`tadi. Lekin ko`p o`tmay Shayboniylar yana Movarounnahrni egallaganlar. Shu vaqtdan boshlab Movarounnahr butunlay Shayboniylarga tobe bo`lgan. O`sha vaqtda xonlikka hozirgi O`zbekiston va Tojikistonning katta qismi, Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda bo`laklarga bo`linib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning o`g`li Abdulazizxon, Samarqandda esa Ko`chkunchixonning o`g`li Abdulatifxon mustaqillik e'lon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmrolik qilgan. Shu yillarda shayboniy sultonlari va mahalliy mulkdorlarning hokimiyat uchun kurashi kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navro`z Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va boshqa kichik-kichik hukmdorlar mustaqil bo`lib olganlar. 1551–1556 yillarda Shayboniylar o`rtasidagi Movarounnahr uchun kurashda Iskandarxonning o`g`li Abdullaxon g`olib chiqib, Buxoro xonligida o`z hokimiyatini o`rnatgan. 1557 yildan boshlab Buxoro uzil-kesil xonlikning poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563-1583) va uning o`g`li Abdullaxon II davrida Buxoro xonligining siyosiy mavqei ortgan. Abdullaxon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Farg`ona (1583), Badaxshon (1584), Ko`lob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595-1596) ustidan o`z hukmronligini o`rnatgan; markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shu tariqa 16 asr oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan. Sharqda Qashqar bilan chegaradosh bo`lgan, g`arbiy chekkasi Orol va Kaspiy dengizi sohillarigacha borib tutashgan. Xonlikning shimoldagi chegaralari Turkiston va Sayramgacha yetib, janubda Xurosonning sharqiy qismini o`z ichiga olgan.



  1. Download 29.31 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling