Byujet hisobi va g`aznachilik


O’zbekistonda milliy valyutaga so’mning kiritilishi


Download 0.65 Mb.
bet2/7
Sana09.04.2023
Hajmi0.65 Mb.
#1347460
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
To\'xtamishov Hasan BBI-71 (2)

O’zbekistonda milliy valyutaga so’mning kiritilishi.

Milliy valyuta tizimi bir qator bosqichlarni bosib oʻtgan. Markaziy bank tomonidan 1991-1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda koʻp izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida maʼlum tajribaga ega boʻlish uchun “Soʻm-kupon” oʻtish valyutasi sifatida xizmat qildi. Ushbu yoʻnalishda yetarli tajriba toʻplangach, 1994-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi “soʻm” muomalaga kiritildi.
Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996-yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning toʻliq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida Qogʻoz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va oʻzimizda “pul ishlab chiqarish” yoʻlga qoʻyildi. Bu korxona hozirda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi. Milliy valyutamiz – soʻm mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy toʻlovlar soʻmda toʻlana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi. O'zbekiston Respublikasi Prizidentining “O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to'g'risida”gi 1994 yil 16 iyundagi farmoni bilan 1994 yilning 1 iyulidan respublika hududida yagona, cheklanmagan va qonuniy to'lov vositasi sifatida muomalaga chiqapilgan. Muomlaga 1994 yilda 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so'mlik, 1997 yil 1 martdan 200 so'mlik, 2000 yil 1iyuldan 500 so'mlik, 2001 yil. 1 sentyabrdan 1000 so'mlik banknotlar chiqarilgan. Keyinchalik, 1, 5, 10, 25, 50 so'm qiymatidagi tangalar muomalaga kiritilgan. Qimmatbaho metallar suvi yuritilgan turli qiymatdagi yubiley tangalar esa turli sanalar nishonlanishi munosabati bilan va numizmatik maqsadda chiqarilgan. Somning muomalaga kiritilishi O'zbekiston pul muomalasi va hisob –kitoblar tizimini tashkil etish hamda respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Milliy valyuta pul belgilarini muomalaga chiqarish va uning barqarorligini ta'minlashni O'zbekiston respublikasining Markaziy banki amalga oshiradi.
Faxr-iftixorimiz, ozod yurtimizning ramzlaridan biri bo‘lgan milliy valutamiz – so‘mning muomalaga kiritilgani mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lidagi g‘oyat muhim qadam bo‘ldi . So‘m hayotimizdan o‘rin egallagan kundan boshlab o‘tgan 14 yillik muddat mustaqil pul tizimini yaratish haqidagi qaror strategik jihatdan to‘g‘ri tanlanganligini va mustaqilligimizning iqtisodiy poydevorini mustahkamlashga yo‘naltirilganligini hayotning o‘zi isbotladi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 1994 yil 16 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 1994 yil 1 iyuldan so‘m muomalaga kiritildi – mamlakatimiz mustaqil valuta siyosatini yuritish imkoniga ega bo‘ldi. Bu mustaqil taraqqiyot yo‘lidan borayotgan davlatimizning oyoqqa turib olishida, siyosatu iqtisodda erkinligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

O‘zbekistonning bank sektori rubl hududining tarkibiy qismiga kirgan, uning iqtisodiyoti esa markazlashtirilgan rejalashtirish tartibiga tobe bo‘lgan vaqtlarda biz bugungidek tub o‘zgarishlarni, iqtisodiy yuksalishlarni xayolimizga ham keltira olmas edik. Sobiq markazning respublikalar bilan kelishmay pulni emissiya qilishi natijasida pul muomalasi izdan chiqqan o‘sha paytda mamlakatimizda narx-navo keskin oshib ketgani, iste’mol mollarining surunkali taqchilligi avj olganini eslasak, milliy valutamizning joriy etilgani hayotimizda qanchalik muhim ahamiyat kasb etganini yanada chuqurroq anglaymiz.
So‘mning muomalaga kiritilishi iqtisodiy mustaqillik yo‘lidagi dadil qadamlardan biri bo‘ldi. Mamlakatimiz o‘z milliy valutasining barqarorligi va mustahkamligiga kimlardandir qarz olish evaziga emas, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, mavjud zahiralardan oqilona foydalanish bilan erishdi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan milliy valutani mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan qator dasturlar izchil amalga oshirildi. Bu dasturlar so‘mning xarid narxini oshirish uchun bozorlarimizni o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, pul-kredit siyosatining izchilligini, ichki bozordagi iste’mol mollari bilan naqd pul mutanosibligini ta’minlashga qaratildi.

Faol investitsiya siyosatini yuritish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va valuta resurslaridan butun iqtisodiyot taraqqiyoti uchun poydevor bo‘lib xizmat qiluvchi hamda import o‘rnini bosadigan mahsulotlar hajmini oshiruvchi yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish salohiyatini shakllantirish yo‘lida foydalanilishi qisqa muddatlarda mashinasozlik, gaz va neftni qayta ishlash sohalarida, kimyo sanoatida yangi, yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish imkonini berdi. Transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

Ko‘rilgan bunday chora-tadbirlar natijasida yurtimiz g‘alla va neft mustaqilligiga erishdi. Ilgarilari mamlakatimizda yetishtirilgan paxta hosilini sotishdan tushgan mablag‘ning yarmidan ko‘piga don va neft mahsulotlari sotib olingan bo‘lsa (so‘m muomalaga kiritilishidan oldin O‘zbekiston chetdan yiliga 680 million AQSH dollarigacha neft mahsulotlari, 430 million dollargacha g‘alla sotib olar edi), hozir bunday mahsulotlarni eksport qilmoqda. Natijada har yili bir necha milliardlab valuta resurslari tejalmoqda. Mamlakatning eksport salohiyati oshgani sayin so‘mning qadri ham mustahkamlanmoqda.
2003 yilning 15 oktabridan O‘zbekistonda Xalqaro valuta jamg‘armasi Nizomining VIII moddasi talablari kuchga kirdi. Mana, qariyb besh yildirki, so‘mning joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha erkin almashinuvi amalda. Milliy valutamizning joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha almashtirilishi mamlakatimizda erishilgan makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish borasida yangi imkoniyatlarni yaratdi. O‘tgan vaqt so‘mimizning barqaror valutalardan biriga aylanib borayotganini tasdiqladi. Xususan, inflatsiyani jilovlashga muvaffaq bo‘lingani tufayli 2001 yilda uning yillik darajasi 26,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yilda 6,8 foizdan oshmadi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz oltin-valuta zahirasi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2007 yilda eksport hajmi 40,7 foizga ortib, importga nisbatan ancha yuqori bo‘lgani sababli oltin-valuta zahiramiz 1,5 barobar ko‘paydi. Ayni chog‘da tijorat banklariga qo‘yilgan depozitlar miqdori kundan-kunga ortmoqda.
Joriy yil boshidagi ma’lumotlarga qaraganda, 2000 yildan beri aholining tijorat banklaridagi mablag‘lari 55 baravar o‘sgan. Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 20 fevralda qabul qilingan “Tijorat banklarida aholi omonatlari shartlarini liberallashtirish hamda kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi imkoniyat va qulayliklar yaratdi. E’tiborga molik yana bir jihati shundaki, hozir qattiq valuta hisob raqamlardagi mablag‘larning so‘mdagi hisob-raqamlarga faol o‘tishi kuzatilmoqda. Bu qadamlar yurtdoshlarimizning milliy valutaga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
So‘m davlatimizning Bayroq, Gerb, Madhiya kabi ramzlari qatori milliy iftixorimiz timsollaridandir. So‘m biz uchun nafaqat to‘lov vositasi, balki xalqimizning boy tarixi, qadriyatlari, buyuk bunyodkorlik salohiyatini o‘zida aks ettirgan ma’naviy vosita sifatida ham qadrlidir. Samarqanddagi Registon maydoni, Tillakori, Sherdor madrasalari, Go‘ri Amir maqbarasi, Buxorodagi Chashmai Ayyub ansambli kabi tarixiy obidalar, poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, “Istiqlol” san’at saroyi, shuningdek, shavkatli sohibqiron bobomiz Amir Temurga o‘rnatilgan muazzam haykal tasviri tushirilgan kupuralar nafaqat mamlakatimizning iqtisodiy qudrati, balki xalqimiz ma’naviy salohiyatining yanada yuksalishiga ham xizmat qilmoqda. Qo‘liga o‘zbek so‘mini olgan har bir yurtdoshimizning qalbida unda aks etgan tasvirlar ta’sirida Vatani, bunyodkor xalqi, ajdodlar merosi bilan faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urishi shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishgani e’lon qilingach, mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada qolavergan edi. 1992 yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1993 yilning 15 noyabrida so‘m-kupon chiqarilganidan so‘ng 1 hafta o‘tib — 22 noyabrgacha gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar amal qilgan. Oziq-ovqat do‘konlari, umumiy ovqatlanish korxonalarida kuponlarning naqd pulda to‘lanishi kerak bo‘lgan hisobga yarasha qismi qaychida qirqib olingan. Bunday kuponlar 10+25=35, 50, 100, 150, 200, 350, 500, 1000, 2000, 3000, 5000 rublga yarasha kartochkalar bilan chop etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to‘lov vositasi sifatida «so‘m-kuponlar»ni muomalaga kiritish to‘g‘risida»gi 1993 yil 12 noyabrdagi №550-sonli qaroriga ko‘ra, ichki bozorni ortiqcha rubl massasidan himoyalash, aholiga pul mablag‘larini to‘lashni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 1961–1992 yillarda amalda bo‘lgan sovet rubliga 1:1 nisbatda 1993 yil 15 noyabrdan boshlab muomalaga kiritiladi. 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullarning barchasining old qismida O‘zbekiston gerbi va pul nominali, orqa qismida esa Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining surati tushirilgan edi. 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik pullar 120 x 61 mm o‘lchamda, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullar 144 x 69 mm o‘lchamda yasalgan. So‘m-kupon Angliyadagi «Harrison & Sons Ltd» bosmaxonasida chop etilgan. O‘zbekistonning amaldagi milliy valutasi so‘m — O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining 1993 yil 3 sentabrdagi №952-XII qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi PF-870 sonli farmoniga binoan, 1994 yilning 1 iyulida, o‘zigacha amalda bo‘lgan so‘m-kuponga 1:1000 nisbatda muomalaga kiritilgan.
1994 yilda muomalaga kiritilgan 100 so‘mgacha bo‘lgan jamiki qog‘oz pullar Germaniyaning «Giesecke & Devrient» firmasida chop etilgan. (Hozir bu yerda YeI valutasi — yevro ham chop etiladi). 1997 yili muomalaga kiritilgan 200 so‘mlikdan boshlab, keyingi barcha kupyuralar Toshkentdagi «Davlat belgisi» DIChB davlat korxonasida bosilmoqda. So‘m dizaynida qadimiy naqshlarga, yurtimizdagi osori atiqalar tasviriga katta e’tibor berilgan. 1 so‘mlikning orqa tarafida Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik Katta teatri, 3 so‘mlikda — Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasi, 5 so‘mlikda — O‘zbekiston milliy bog‘idagi Alisher Navoiy sharafiga o‘rnatilgan haykal va me’moriy kompozitsiya, 10 so‘mlikda — Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi, 25 so‘mlikda — Samarqanddagi «Shohi Zinda» tarixiy-me’moriy ansambli, 50 so‘mlikda Samarqanddagi Registon tarixiy-me’moriy ansambli, 100 so‘mlikda — Istiqlol saroyi (sobiq Xalqlar do‘stligi saroyi) tasvirlangan.
Keyinchalik, Toshkentda 144 x 78 mm o‘lchamda chop etilgan katta kupyuralarning dizayni o‘zgartirilgan. Old qismida O‘zbekiston Respublikasining kattalashtirilgan gerbi, orqa qismida asosan mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlar tasvirlangan. Chunonchi, 200 so‘mlikda Samarqanddagi Registon ansamblining Sherdor madrasasida tasvirlangan, quyosh orqalagan sherning ramziy tasviri, 500 so‘mlikda Toshkentda Amir Temurga o‘rnatilgan haykal, 1000 so‘mlikda Toshkentdagi Temuriylar tarixi muzeyi binosi, 5000 so‘mlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi binosi, 10000 so‘mlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati binosi tasvirlangan. So‘m qadri tushib borishi bilan past nominaldagi qog‘oz pullar muomalada ko‘proq ushlab turilishi uchun tanga ko‘rinishidagi so‘mlarga almashtirib borilgan. Jumladan, 1997 yilda ilk marta 1, 5 va 10 so‘mlik tangalar muomalaga kiritilgan. Bunday ko‘rinishdagi tanga so‘mlar 1998, 1999 yillarda ham ishlab chiqarilgan. 2000 va 2001 yillarda 1, 5 va 10 so‘mlik tangalarning hajmi kichraytirilgan va dizayni o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, po‘lat, mis va nikel qotishmali 50 so‘mlik (2001) va 100 so‘mlik (2004) tangalar ham muomalaga kiritilgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, Markaziy bank 2018 yil mobaynida mayda kupyuralarni 50, 100, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalarga almashtirish hamda 200 so‘mlik tangalarni chiqarish masalasi ko‘rib chiqadi.
Markaziy bank tomonidan turli yubiley sanalari va boshqa shaxslarga atab esdalik tanglari ham chiqarilgan. Jumladan, qimmatbaho bo‘lmagan metallar — nikel bilan qoplangan po‘latdan Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga atab 25 so‘mlik (1999), Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga atab 50 so‘mlik (2002), Toshkent shahrining 2200 yilligiga atab ikki xil 100 so‘mlik (2009), O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligiga atab 500 so‘mlik (2011) esdalik tangalari katta tirajda chiqarilgan va real muomalaga ham kiritilgan. 2001 yilda Alisher Navoiy tavalludining 560 yilliga atab 100 so‘mlik jyez tanga chiqarilgan; Tilla qoplangan qimmatbaho bo‘lmagan metallardan ishlab chiqarilgan tangalar:
1994 — Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligiga bag‘ishlangan 1 so‘mlik tanga;
1994 — O‘zbekiston Mustaqilligining 3 yilligiga bag‘ishlangan 10 so‘mlik tanga; 1999 yilda chiqarilgan «Buyuk siymolar» seriyasidagi kumush tangalar (1999):
Ularning barchasi kumushdan tayyorlangan va ramziy 100 so‘mlik qiymatga ega. Har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi 999 sifatdagi kumushdan 1000 donadan tayyorlangan. Tangalarda Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Muso al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Bobur, Amir Temur, Alisher Navoiy siymolari tasvirlangan. «O‘zbekiston mustaqilligiga 10 yil» seriyasidagi kumush tangalar (2001): Bu tangalarning ham barchasi kumushdan tayyorlangan va ramziy 100 so‘mlik qiymatga ega. Har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi 999 sifatdagi kumushdan 1000 donadan tayyorlangan. Tangalarda Toshkentdagi Alisher Navoiy haykali, Toshkentdagi Amir Temur haykali, Toshkent kuranti, Samarqanddagi Registon maydoni, Oq saroy, Oliy Majlis binosi, Temuriylar tarixi muzeyi, Toshkentdagi Mustaqillik maydonidagi monument, Toshkent tennis korti fonidagi tennischi, Milliy kurash tushayotgan polvonlar, futbol maydoni fonidagi futbolchi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi fonida mash’ala ushlagan sportchi tasvirlangan.
Bundan tashqari, turli yillarda biror seriya bilan umumlashtirilmagan, 10, 50, 100 so‘mlik kumush tangalar cheklangan muomalaga chiqarilgan. Tilla qoplangan kumush tangalar 1996 yilda — 50 so‘mlik Mustaqillikning 5 yilligiga atab, 100 so‘mlik pul Amir Temurning 660 yilligiga atab chiqarilgan. Albatta, ular keng muomalaga chiqmagan va numizmatlar kolleksiyasidan o‘rin olgan. 999 sifatdagi, 31,1 gramm sof oltindan 1997 yilda ishlab chiqarilgan cheklangan seriyadagi 100 so‘mlik tanga Amir Temurga atalgan.
Banknotning old tomoni asosan och yashil, olcha, to'q qizil va binafsha ranglardan, orqa tomoni esa, to'q qizil, yashil va havo ranglardan iborat. Banknot old tomonining yuqori qismida to'q binafsha rangli tasmada to'q binafsha rang soya tushirilgan och tusdagi "O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI" degan matn mavjud. Banknotning chap tarafida bir necha turli rangdagi giloshirlangan bezaklar fonida O'zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan. Bezaklarning o'ng tarafida o'tkir burchakli ko'p qirra shaklida naqshinkor elementlar joylashtirilgan. Chap tarafda Gerbdan sal yuqoriroqda to'rtburchak ko'rinishdagi naqsh joylashgan bo'lib, u mujassamlashtirish effektidan foydalanilgan holda banknotning orqa tomonidagi rasmga mos keladi, O'zbekiston Respublikasi Gerbi tagida lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va etti raqamdan iborat nomer joylashgan. Banknotning maxsus magnit bo'yog'i qo'shilib, qora rangda bajarilgan aynan shu nomeri biletning pastki qismidagi oq maydonda takrorlanadi. Rasmning o'ngdagi pastki burchagida naqshinkor ramka ichida och binafsha rangli "500" raqamlari bilan banknotning qiymati aks ettirilgan va uning ustiga yirik harflar bilan to'q qizil rangda "SO'M" deb yozilgan.
Banknotning chap va o'ngdagi quyi burchaklarida to'q ko'k rangli "500" raqamlari tasvirlangan bo'lib, banknotning qiymatini bildiradi. To'q qizil rangli naqshinkor ramka tagida to'g'ri to'rtburchakda "O'ZBEKISTON SO'MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO'LOVLAR UChUN O'Z QIYMATI BO'YIChA QABUL QILINIShI ShART" degan matn bir qatorga yozilgan. Banknotning naqshinkor ramkasi, "O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI" yozuvi, Gerb, chapdagi va o'ngdagi "500" raqamlari, shuningdek, banknot keng oq sathining yuqori qismida joylashgan naqsh metallografiya bosma usuli qo'llanilgan holda bajarilgan bo'lib, banknot barmoq uchlari bilan paypaslab ko'rilganida, bo'yoqning bo'rtib turganligi seziladi. Naqshinkor ramkaning o'ng tomonidagi yuqori qismida quyosh nurlari yoki yorug'likka tutib qaralgan vaqtda ko'rinadigan va yashirin bosma usulida bajarilgan "500" raqami joylashgan. Banknotning oq sathida "500" raqami uzluksiz takrorlanuvchi "O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI" degan matn yozilgan bo'lib, u chiziq ko'rinishidagi mikrobosma usulida bajarilgan va ular lupa yordamida yaxshi o'qiladi. Huddi shunday mikromatnli chiziq banknotning yuqori qismida naqshinkor ramkaning davomi sifatida joylashgan. Oq sathning yuqori qismida banknot chiqarilgan yilni ko'rsatuvchi "1999" raqamlari bor. Uning tagida kuzatish burchagiga qarab yashil rangdan to'q qizilgacha o'zgarib boruvchi naqsh mavjud. Banknot ultrabinafsha nurlar bilan yoritilganida, qog'ozga tartibsiz ravishda presslangan yashil va havo rang tolalar hamda ramkaning o'ng qismi tovlanib ko'rinadi.
O'zbekiston Respublikasi Gerbining chap tarafida uch qatorga ustma-ust joylashtirilgan turli balandlikdagi "500" raqamlari yorishib ko'rinadi. Banknot orqa tomoni markazidagi havo rang fonda to'q qizil rang bilan ot minib turgan Amir Temurning haykali tasvirlangan. Havo rang fon tusdagi nusha ko'chirishga qarshi bo'lgan "X" shaklidagi himoya belgisi turli burchakda ko'plab ingichka chiziqlardan iborat. Havo rang fon - chap va yuqori tarafdan hilpirab turuvchi tasma ko'rinishidagi giloshirlangan chiziqlar bilan hoshiyalangan. Haykalning o'ng tarafida milliy uslubda turli rangdagi naqshinkor bezak tasvirlangan. Banknotning pastki qismidagi to'g'ri to'rtburchakda to'q qizil rang bilan "O'ZBEKISTON SO'MINI QALBAKILAShTIRISh QONUNGA MUVOFIQ TA'QIB QILINADI" degan matn yozilgan.
Turli rangdagi naqshinkor elementlar fonida o'ngdagi pastki burchakda bir-birini kesib o'tuvchi "500" va "SO'M" yozuvlari mavjud. Tangirlangan sariq fonning chapki yuqori burchagida aynan shunday "500" va "SO'M" yozuvlari bor, ammo ular kichikroq o'lchamda sidirg'a to'q qizil rangda aks ettirilgan. Banknotning chapki quyi burchagidagi pastki naqshinkor ramka ustida to'q qizil rangda bajarilgan "500" raqami yirik o'lchamda yozilgan. Naqshinkor ramka, ot minib turgan Amir Temur haykali, "500" raqamlari va "SO'M" yozuvlari metallografiya bosma usuli qo'llanilgan holda bajarilgan bo'lib, banknot barmoq uchlari bilan paypaslab ko'rilganda bo'yoqning bo'rtib chiqqanligi seziladi. Banknot ultrabinafsha nurlar bilan yoritilganda, qog'ozga tartibsiz ravishda presslangan yashil va havo rang tolalar tovlanib ko'rinadi, shuningdek, naqshinkor bezak qismi hamda tangirlangan fon ajralib turadi.



  1. Download 0.65 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling