Hozirgi kunda umumiy daromadlar darajasi eng yuqori bo‘lgan Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 2021 yilda mos ravishda 30,2 hamda 24,2 mln so‘mni tashkil etgan. Umumiy daromadlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 14,8 mln so‘mni tashkil etgan. Boshqacha aytganda, o‘rtacha toshkentlik hamda o‘rtacha navoiylik respublikadagi o‘rtacha daromadga ega insondan mos ravishda 2 karra hamda 1,6 karra boyroq hisoblanadi.Toshkent shahrining aholi jon boshiga umumiy daromadlari respublikadagi aholi jon boshiga umumiy daromadlar darajasi eng past bo‘lgan hudud — Farg‘ona viloyatiga nisbatan qariyb 2,8 barobarga yuqori. 2016 yilda Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatining aholi jon boshiga umumiy daromadlari orasidagi farq 2,5 barobarni tashkil etgan. Guvohi bo‘lganimizdek, daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi farq so‘ngi yillarda oshib bormoqda.
3-rasm
Hududlarning umumiy daromadlari tarkibidan mamlakat tashqarisidan kirib kelgan pul o‘tkazmalari chiqarib tashlansa, vaziyat yanada jiddiylashadi. Daromadlari yuqori darajada shakllangan hududlarning umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi daromadlar darajasi past bo‘lgan hududlarnikiga nisbatan karrasiga kamroq. Xususan, 2021 yil holatiga Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi mos ravishda 10,6 foiz hamda 4,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida bu ko‘rsatkich 20 foizdan yuqori. Boshqacha aytganda, umumiy daromadlar tarkibidan xorijdan pul o‘tkazmalarini chiqarib tashlangan taqdirda, xususan, Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyati misolida daromadlar darajasi o‘rtasidagi tafovut 3 barobarga yetadi (pul o‘tkazmalari qo‘shib hisoblanganda farq 2,8 barobar edi). Muayyan hudud daromadlar darajasi bo‘yicha boshqa hududlardan jiddiy farq qilgan taqdirda, mazkur hududga boshqa hududlarlardan ko‘chib keluvchilar soni keskin oshishi va bu, o‘z navbatida, daromadlar darajasi bo‘yicha mavjud farqni qisqartirishi lozim. Biroq, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ichki migratsiyaga turli cheklovlar mavjud edi. Shu sababli daromadlar darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga aholining ko‘chib o‘tishida faollik kuzatilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |