1. Induksion tokning yo'nalishi haqida. 99- rasmda tasvirlangan tajribani yana bir marta takrorlab, induksion tokning yo'nalishi magnit harakatning yo'nalishiga bog'liq bo'lishiga ishonch hosil qilamiz. Magnitni g'altakka tomon harakatlantirganda tok bir yo'nalishda, g'altakdan chiqarishda esa qarama-qarshi yo'nalishda bo'ladi.
Agar magnit yuqoriga va pastga navbatma-navbat harakatlantirilsa, ya'ni tebranishga majbur qilinsa, g'altakda o'zgaruvchan induksion tok vujudga keladi. Ya`ni magnitning bir marta to`liq tebranishida, g`altakda hosil bo`lgan tok o`z yo`nalishini bir marta o`zgartiradi. Dastavval yuqoridan pastga yo`nalgan bo`lsa, keyin pastdan yuqoriga yo`nalgan bo`ladi. O`zgaruvchan tok doimiy tokdan shunisi bilan farq qiladi. Bunga galvanometrning ko'rsatishiga qarab ishonch hosil qilish mumkin. Bunday o'zgaruvchan toklarni o'rganish uchun maxsus asboblar - ossillograflar yaratilgan. Ossillograf ekranida unga ulangan kuchlanishning vaqt bo'yicha o'zgarish grafigi ko'rinadi. Galvanometrga parallel ravishda ossillograf ulab, magnitning g'altak ichida tebranishlari vaqtida g'altakda o'zgaruvchan tok paydo bo'lishini ko'ramiz (102- rasm).
O'zgaruvchan induksion tokning texnikada keng qo'llanilshini oddiy misollarda o'rganib chiqamiz.
2. Mikrofon. Har biringiz mikrofonni ko'rgansiz va yaxshi bilasiz (103- a rasm). Mikrofon bizning tovushimizni qandaydir tarzda elektr signallarga aylantirishini hamma biladi. Lekin bu qanday ro'y beradi? Shu masalani qarab chiqamiz.
Agar mikrofondan g'ilofi olinsa, uning ichida uncha katta bo'lmagan. lekin kuchli bo'lgan halqasimon shakldagi doimiy magnitni ko'ramiz. (103- b rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |