Sayyor soliq tekshiruvi - Soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish.
Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish chog‘ida soliq organlari profilaktika tadbirlarini va xronometraj kuzatuvlarini amalga oshirishga, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari qo‘llanilishini tekshirishga va soliq nazoratining boshqa tadbirlarini o‘tkazishga haqli.
Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.
Sayyor soliq tekshiruvi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
Soliq to‘lovchiga sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasini topshirilgan kun sayyor soliq tekshiruvi muddatining tugashi deb hisoblanadi.
Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tasdiqlaydi.
Soliq auditi
Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditidir. Soliq auditi soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) nisbatan o‘tkaziladi.
Soliq organlari soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |